SEMENTOBETON QOPLAMALARDAGI DEFORMATSIYA CHOKLARINI TA’MIRLASHDA Sementobeton qoplamalardagi deformatsiya choklarini ta’mirlashda, katta yoriqlarni ta’mirlagandagidek texnologiya qo‘llanadi. Bunda kompressor, pnevmo asboblar, bitum quygichlar ishlatiladi (11.3-rasm). Ba’zi mamlakatlarda yoriqlarni epoksid smolali qum aralashma bilan yopiladi. G‘ovaklar, mayda o‘yiqlar, plitalarning sho‘ralash joylari, sement va polimerbeton qorishma, suyuq shisha asosidagi qorishmalar bilan tuzatiladi. Beton etarli darajada qotgunicha uchastkada transport qatnovini to‘xtatish mumkin bo‘lganda, sementbeton qorishma qo‘llanadi. Ba’zi hollarda asfaltbeton qorishma ham ishlatish mumkin.
Ishni tashkil qilish prinsiplari. Yo‘llarni saqlash va ularni ta’mirlash ishlarining o‘ziga xos xususiyatlari mavjud: xilma-xillik (saqlashdagi oddiy ishlardan tortib to ta’mirdagi eng murakkab ishlargacha); yo‘ldan foydalanish tashkilot (TYXPTFDK) lari (keyingi o‘rinlarda korxona deb ataladi) xizmat ko‘rsatadigan yo‘l tarmoqlarining turkumlari va ish hajmlari bir xil emasligi; ob’ektlarni o‘zaro uzoqligi; grunt, gidrotexnik, gidrogeologik va iqlim sharoitlariga bog‘liqligi; ishlarning mavsumiyligi; korxona bo‘g‘inlarining har xil moddiy-texnik ta’minlanganligi; resurslarning cheklanganligi va x.k dan iborat.
Joriy tamirlash – yil davomida yo‘llarning butun uzunligi bo‘yicha, yo‘l va yo‘l inshootlaridagi konstruktiv elementlarning kichik hajmdagi buzilishlarini tuzatish va ularni paydo bo‘lmaslik choralarini ko‘rish ishlarini bajarishdan iborat.
Joriy tamirlash ishlari, yo‘llarning kilometr o‘lchov birligida rejalashtiriladi. Joriy tamirlashning vazifasi yo‘l qoplamasidagi, yo‘l ko‘tarmasidagi, suv qochirish tizimidagi, sun’iy inshootlardagi, mustahkamlovchi, himoyalovchi inshootlardagi, paromda o‘tish joylaridagi, yo‘l xo‘jalik korxonalari va infratuzilmalar imoratlaridagi, yo‘l jihozlaridagi, dam olish joylari va tarixiy obidalarga borish yo‘llaridagi, tutashmalar va o‘tish joylaridagi doimiy yuzaga keluvchi kichik buzilishlarni bartaraf qilishdan, yo‘l konstruktiv elementlarini va sun’iy inshootlar qarovini amalga oshirish va ularni toshqinlar, muz ko‘chishlari va boshqa tabiiy ofatlardan saqlash bo‘yicha ehtiyot choralari hisobga olingan holda ishlarni amalga oshirishdan iborat.