Ma’ruzalar matni



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə15/22
tarix07.01.2024
ölçüsü1,1 Mb.
#202472
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   22
ma\'ruza (1) (1)

ASOSIY ADABIYOTLAR
1. Karimov I.A. Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch. - T.: Ma'naviyat, 2008.
2. "Adabiyotga e'tibor - ma'naviyatga, kelajakka e'tibor". O‘zAS gaz.2009 yil, 3 iyul.
3. Karimov N., Mamajonov S., Nazarov B., Normatov U., Sharafiddinov O. XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi. Oliy o‘quv yurtlari uchun darslik. T., "O‘qituvchi" nashriyoti. 1999.
4. Sanjar Sodiq. Yangi o‘zbek adabiyoti tarixi. Darslik. T., "Universitet", 2005.
Qo‘shimcha adabiyotlar:
1. Karimov N. XX asr adabiyoti manzaralari. – T.: O’zbekiston, 2008.


SAID AHMAD HAYOTI VA IJODI


Reja
S.Ahmad romanlarida realistik hayot tasviri. “Ufq” trilogiyasi - o‘zbek xalqining milliy turmush tarzi va mehnatkash xalq hayotini ifodalovchi asar. Said Ahmad-hikoyanavis, dramaturg. Adib ijodida istiqlol davri imkoniyatlarining aks etishi. Said Ahmad satirik va yumoristik asarlar ustasi. Prozada tragik fojelikning lirik ifodasi.
Kalit so‘zlar: "Toshkent", "Pedagogika instituti", "Surgun", "Tortiq", "Qadrdon dalalar", " Hukm", "Sud", "Cho‘l burguti", "Cho‘l shamollari", "Xazina", "Turnalar", "Oydin kechalar", "Iqbol chiroqlari", "Chevara", "Kolbasa qori", "Ufq", "Jimjitlik", "Kelinlar qo‘zg‘oloni", "Farmonbibi arazladi", "Kuyov", "Topganlarim va yo‘qotganlarim", "Prozaning shoiri".
SAID AHMAD (1920-2008)
Said Ahmad o‘zining rang-barang hikoyalari, publitsistik maqolalari, realistik qissayu romanlari, xushchaqchaq komediyalari bilan hozirgi zamon o‘zbek adabiyotida munosib o‘rin egallaydi. U, ayniqsa, satira va yumor ustasi sifatida mashhur.
Said Ahmad Husanxo‘jayev 1920 yilda Toshkent shahrida tug‘ildi. U Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika oliy ilmgohida ta'lim oldi (1938-1941). U adabiyotimizga avvalo jurnalist-ocherkchi sifatida kirib keldi. Adibning unib-o‘sishida matbuot muhim rol o‘ynadi. U "Yosh leninchi", "Qizil O‘zbekiston" gazetalarida, "Mushtum", "Sharq yulduzi" jurnallarida, O‘zbekiston radio komitetida xizmat qildi.
Said Ahmad avvalo hikoyanavis sifatida tanildi. 1940 yilda uning birinchi hikoyalar to‘plami - "Tortiq" yuzaga keldi.
Ko‘plab hikoyalarni o‘z ichiga olgan bu to‘plamni Said Ahmad "mashq" deydi. Lekin yoshlarning ustozi bo‘lmish Abdulla Qahhor buni qattiq tanqid ostiga oladi. U: "Said Ahmad qo‘liga tambur olibmi, qulog‘ini burashiga, parda bosishiga, chertishiga qaraganda tuzuk bir mashq chala oladiganga o‘xshaydi, lekin hali mashq chalgani yo‘q. "Tortiq"dagi hamma hikoyalar shuni ko‘rsatadi" - deydi. Shuningdek, Abdulla Qahhor yozuvchining o‘z yozganiga mas'uliyatsizlik bilan yondoshgani, hikoyada hech qanday mazmun-maqsad yo‘qligini, hikoyalarning "bema'ni", "so‘z bo‘tqasi" bo‘lib qolganini ta'kidlaydi. Qisqasi, yosh ijodkorning adabiyotga kirib kelishi mana shunday boshlandi. Bu davrlarda u yana "Qadrdon dalalar" qissasini yozadi. Mana shular yozuvchi ijodining birinchi bosqichi mahsullari hisoblanadi (30-yillar oxiri-40-yillar boshi).
Said Ahmad ijodiy yo‘lining ikkinchi bosqichi 1956 yillardan boshlanadi. Yozuvchi bu davrda bir qator hikoyalar yaratdi. Ularni mazmuniga ko‘ra ikki guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruh hikoyalarda ("Ko‘klam chechaklari", "Ko‘klam taronalari", "Xazina", "Iqbol chiroqlari") lirizm kuchlidir. Bularda yozuvchi ishchilar hayotida uchrovchi turli voqealarni, asosan urushning odamlar turish-turmushida, qalbida qoldirgan achchiq izlarini aks ettirar ekan, o‘quvchi emotsiyalarini qo‘zqatib yuboradi. Jumladan, "Turnalar" hikoyasidagi Sobir otaning boshidan kechirganlari, farzand dog‘i tug‘dirgan azobu iztiroblari, urushdan jabr ko‘rgan butun kishilar, ota-onalarning, ayniqsa, dilidagi bitmas yarasi edi. "Ko‘klam chechaklari" hikoyasida ham Said Ahmad urush tufayli to‘shakka mixlanib qolgan bemorning o‘y-xayollari (axir u erkak edi, ayoli qiynalib pul topayotgan bir paytda to‘shakka mixlanib, shipga tikilib yotishni also xohlamasdi), uning xotini qalbidagi ayollarga xos his-tuyg‘ularning jo‘shqinligi, bahoriyligi, shu bilan birga o‘z oilasiga vafodorligini ifodalab, kitobxon qalbiga osonlikcha yo‘l topa oladi.
Ikkinchi guruh hikoyalarda hajviy ruh asosiy o‘ringa chiqadi. "Cho‘l burguti", "Cho‘l shamollari" turkum hikoyalari, "Hindcha o‘yin", "Kuchukcha", "Kolbasa qori", "O‘rik domla" kabi asarlari shular jumlasidandir. Bu hikoyalardagi xalqimizga xos so‘z o‘yinlari, askiya va mubolag‘alar asar tilini nihoyatda jozibador qiladi. Yozuvchining "Begona", "Xanka va Tanka", "Mening do‘stim Boboyev" kabi hajviy hikoyalarida hayotda uchrab turuvchi manmanlik, ig‘vogarlik, ko‘zbo‘yamachilik singari illatlar ustalik bilan fosh etiladi. Said Ahmad kichik hajviy asarlari bilan o‘zbek radio va televideniyesida quvnoq miniatyuralar teatriga asos soldi.
1964 yilda yaratilgan "Ufq" romani yozuvchi ijodiy yo‘lidagi ikkinchi bosqichning eng katta yutug‘i bo‘ldi. Bu roman trilogiya bo‘lib "Qirq besh kun", "Hijron kunlarida", "Ufq bo‘sag‘asida" nomli qismlardan iborat. Unda ijodkor qishloq kishilarining urush yillarida front orqasida ko‘rsatgan mehnat qahramonliklari, o‘zbek xalqiga xos bag‘ri kenglik va oriyatlilik, fidoyilik va mehnatsevarlik kabi fazilatlarni aks ettirgan. Roman shunchalik muvaffaqiyatli chiqdiki, bir paytlar yosh yozuvchini qattiq tanqid qilgan Abdulla Qahhor 1965 yili o‘zining "Ilhom va mahorat samarasi" nomli maqolasida asarni quyidagicha ijobiy baholadi: "Said Ahmad bundan ko‘p yillar muqaddam qo‘liga tanburini olib chertganida qo‘li kelishganini ko‘rib, yaxshi sozanda bo‘lib, yaxshi-yaxshi mashqlar chalishini orzu qilgan edik. Shu orzu ushalib kelayotibdi. "Ufq" uning ilhom va mahorat bilan chalgan mashqidir".
Said Ahmad ijodiy yo‘lidagi uchinchi bosqich uning ijodkor sifatidagi yetuklik davridir. Bu ayniqsa uning 1988 yilda yaratgan "Jimjitlik" romanida yaqqol ko‘rindi. Asarda turg‘unlik davri illatlari jamiyatning zaif tomonlari, rahbarlarning o‘z obro‘larini suiiste’mol qilishlari, bu yo‘ldagi adolatsizligu poraxo‘rliklar fosh etiladi. "Jimjitlik" romani turg‘unlik yillarini kengroq va ko‘ptomonlama qamrab olganligi, umumiy ruhini ochib berishga qaratilganligi bilan ajralib turadi. Asosiy e’tiborini davr mohiyatini ochishga qaratgani uchun ham muallif romaniga "Jimjitlik" degan ramziy nom qo‘ygan.
Romanning asosiy voqealari 80-yillarning boshlarida Qashqadaryo vohasidagi qishloqlarda sodir bo‘ladi. Xuddi shu davrda asar qahramonlaridan Tolibjon qariyb yigirma yillik judolikdan so‘ng ona qishlog‘iga qaytadi va uning quchog‘ida xotirjam yashamoqchi bo‘ladi. Tolibjon qanday odam? U nega jimjitlik qidirib qoldi? Bu savollarga javob qaytarish uchun muallif Tolibjonning qishlog‘ida qanday kishilar yashashini, ularning ma'naviy ildizlari qayerlarga borib taqalishini turli xildagi chekinishlar va afsonalar vositasida ko‘z o‘ngimizda namoyon qiladi. U Kiyiksovdi momo to‘g‘risidagi afsona yordamida qishloq kishilarining tarixiy ildizlarini go‘yo asrlar qa'ridan qazib chiqargandek va bizga ko‘rsatgandek bo‘ladi. Afsonaga ko‘ra qadim zamonlarda bir kampir xalqini vabodan qutqarishga harakat qilgan. O‘zaro janglarda xalq qirilib ketgach, u kiyiklarni parvarishlab, odamlaru hayvonlarning pokiza mehru muhabbatiga sazovor bo‘lgan hamda Kiyiksovdi momo nomini olgan. Afsona bilan tanishib, biz Tolibjonning pokiza qalbli insonparvar kishilar avlodidan ekanligini anglaymiz. Agar afsona romanning asosiy voqealariga uzviyroq bog‘langanda va uning Tolibjon ruhiga ta'siri yaxshiroq ochilganda, biz qahramonning qishloqqa kelgandagi ma'naviy holatini aniqroq tasavvur qilgan bo‘lardik. Qanday bo‘lmasin, afsona yordamida Tolibjonning palagi toza inson ekanligiga ishora qilgach, yozuvchi bizni bunga ishontirishga va qahramonning jimjitlik izlashi sabablarini badiiy tahlil etishga intiladi. Shuning uchun u Tolibjonning qariyb yigirma yillik hayotini chekinishlar vositasida go‘yo tasavvur ko‘zgusidan o‘tkazadi. Ko‘zguga tikilar ekanmiz, go‘yo ko‘z o‘ngimizdan turg‘unlik davrining dahshatlari, illatlari birma-bir o‘tgandek bo‘ladi. Oynai jahonda go‘yo Tolibjon dastlab aspiranturani tugatgan, bilimli obkom xodimi sifatida namoyon bo‘ladi va katta yig‘inda jumhuriyat rahbari Shavkat Rahimov oldida hayotimizdagi hamda uning faoliyatidagi nuqsonlarni tanqid qilib nutq so‘zlaydi. Haqiqatni aytgani uchun u uzoq muddatga chet elga ishga jo‘natib yuboriladi. U yerda Tolibjon xotinidan, o‘g‘lidan judo bo‘ladi. O‘zi esa kasallik changalidan zo‘rg‘a qutulib qoladi.
Shu tariqa romanda turg‘unlik yillaridagi illatlarning bosh sabablaridan biri haqiqatning bo‘g‘ilishi ekanligi to‘g‘risidagi g‘oya ilgari suriladi va u voqealarning keyingi rivoji yordamida dalillana boradi. Ular davomida, avvalo, Tolibjonning ko‘plab insoniy fazilatlari ochiladi. Xususan, Shavkat Rahimovga munosabatida Tolibjonning to‘g‘riso‘zligi, Jayrona bilan yaqinligida samimiy insoniy tuyg‘ular egasi ekanligi, yangi charx yasashida aqlining teranligi, kitoblarini qishloqqa va yiqqan pullarini qarindoshlariga berishida beqiyos saxovati, ota-onasidan ajragan Azizbekni ko‘rib ezilishlarida o‘ta nozik qalbi yaqqol anglashiladi. Yozuvchi qahramonini mutlaqo benuqson qilib tasvirlamaydi. Ko‘plab yuksak fazilatlariga qaramay, Tolibjon haqiqatgo‘yligi tufayli qarshisidan chiqqan g‘ovlar oldida go‘yo dovdirab qoladi va nohaqliklarga qarshi qanday kurashishni bilmaydi. Buni Jayrona ochiqdan-ochiq uning yuziga aytadi:
- Tolibjon aka, - deydi Jayrona, - siz kurashga yaramaydigan, irodasi bo‘sh odam ekansiz... Siz bir marta bosh ko‘tarib yerparchin bo‘ldingiz. Ikkinchi bosh ko‘tarishga yuragingiz dov bermay qo‘ydi. Taqdirga tan berib, o‘zga yurtlarda sarson bo‘lib yuribsiz. Zo‘ravonlikka qarshi bosh ko‘tarishga ojizlik qilib qolgansiz... Men sizga qoyil emasman. Erkak odam olov bo‘lib yashashi kerak. Butun irodasini, kuchini, aqlini o‘zining haq ekanligini isbot qilishga sarflashi kerak.
Romanning g‘oyaviy falsafasidan ayon bo‘lishicha, xuddi mana shunday ojizlik, haqsizliklarga qarshilik ko‘rsata olmaslik, ya'ni odamlarning kurashga noqobil qilib qo‘yilganligi turg‘unlik illatlarining ildiz otishiga yo‘l ochgan jiddiy sabablardan hisoblanadi.
Romanda odamlarni kurashga ojiz qilib qo‘ygan, haqiqatning ayovsiz bo‘qilishiga sabab bo‘lgan omillar juda keng tahlil qilingan. Buning uchun yozuvchi Mirvali va Shavkat Rahimov obrazlarini keng ko‘lamli oynai jahon ko‘zgusida namoyon qilgan. Mirvali qarshimizda xuddi Tolibjon bilan yonma-yon turgandek, uning singari yaxshi ishlarga ham qodirdek, lekin mohiyatan butunlay uning aksi, zidi bo‘lgan bir qiyofada gavdalanadi. Yozuvchi sovxoz direktori Mirvalini go‘yo Tolibjon bilan parallel ravishda va o‘zaro muqoyasa qilgan holda tasvirlab bergandek ko‘rinadi. Natijada, tasvirdan Tolibjondan farqli holda, Mirvali insoniy qiyofasini butunlay yo‘qotgan, shafqatsizlikda, yovuzlikda shaytonga dars beradigan, jirkanch bir mahluq qiyofasida ko‘rinadi. Buni dalillovchi voqealar romanda juda ko‘p. Chunonchi, Mirvali Bodomgul, Sedona kabi ayollarni yo‘ldan urib, oilalarining yostig‘ini quritgan, boyligidan va sirlaridan xabardor bo‘lgani uchun Asqarali va Rasulbekni o‘z qo‘li bilan o‘ldirgan; manman degan generalni dog‘da qoldirgan; zo‘rlik bilan otini tortib olib, Erali chavandozni jinni qilib qo‘ygan... Nihoyat, Mirvali o‘z sirlaridan ogoh bo‘lgan Jayronani yo‘qotishga urinib, Tolibjonning o‘limiga sababchi bo‘ladi.
Roman falsafasidan ayon bo‘lishicha, bunday dahshatlarning ildizlari turg‘unlik yillaridagi jamiyatga rahbarlikda mavjud bo‘lgan illatlarga borib taqaladi. Ularning mujassami sifatida romanda Shavkat Rahimov va "o‘zbek paxtakorlarining otasi" qiyofalari chiziladi. Bu chizgilarda biz Shavkat Rahimovning deyarli har doim Mirvalini qo‘llab-quvvatlab turganligini, o‘zboshimchaliklarini bilgani holda yovuzliklar sari boshlaganini, katta unvonlar olib berganligini ravshan ko‘ramiz. Ayniqsa, Tolibjonni olomon ichida tanib, Shavkat Rahimovning uni qishloqdan badarg‘a qilishga fatvo berishi kitobxonni larzaga soladi va haqiqatning asl bo‘g‘uvchilari kimlar ekanligini aniq tasavvur qilishiga imkon tug‘diradi.
Roman g‘oyaviy falsafasidan anglashilishicha, jamiyatdagi illatlarning ildizlari rahbarlikning eng yuqori, ya'ni markaziy qatlamlariga borib taqaladi, chunki Shavkat Rahimovning qing‘ir ishlarini, haqsizliklarini, qo‘shib yozishlarini eng oliy rahbar, ya'ni "o‘zbek paxtakorlarining otasi" mohir dirijyordek o‘z tayoqchasi bilan boshqarib, yo‘naltirib turadi. Bunga hayron bo‘lgan Jayrona: "Biz qaysi mamlakatda yashayapmiz? Kimga ishonsa bo‘ladi? Kimga ishonish kerak? Bu marazlardan qachon qutulamiz?" - degan savollar olovida qovriladi.
Muallif falsafasiga ko‘ra bunday holning abadiy davom etishi mumkin emas, chunki Said Ahmad ko‘p marta qayd qilganidek, inson tobutga qarab emas, beshikka qarab yashaydi. Shuningdek, u oyoq ostiga qarab emas, balki olis ufqlarni ko‘zlab olg‘a intiladi. Roman qahramoni Tolibjon ham oqibatda "bu notinch XX asrda jimjitlik qidirish... telbalik ekaniga" iqror bo‘ladi. Turg‘unlik cheksiz davom eta olmasligining sabablaridan biri shundaki, bizning jamiyatimizda haqiqat, adolat va ezgulik uchun kurashchilarni butunlay yo‘qotib bo‘lmaydi. Ularning yorqin timsoli sifatida romanda Jayrona siymosi nur sochib turadi. Uning siymosi shuning uchun nurliki, Jayronaning boshi "toshlarga urilib yorilmagan, hech kimga egilmagan", mashaqqatli hayotiga esa sira "nopoklik aralashmagan". Jayrona siymosini nurlantirgan bu fazilatlarni muallif ko‘plab juda qiziqarli voqealarda ro‘yobga chiqaradi. Chunonchi, o‘zga yurtlarda o‘lim bilan olishib yotgan Tolibjonni Jayrona yechintirib-kiyintirishdan, yuvintirishdan tortinmaydi; Mirvalining tog‘lar orasidagi yashirin uyasidan uni fosh qiladigan hujjatlarni olib, yo‘l topib qochishga muvaffaq bo‘ladi. Eng muhimi, Jayrona o‘zining ko‘pqirrali bilimlariga, dunyo kezib, orttirgan tajribalariga ishonib, hech narsadan hayiqmaydi va haqiqat uchun kurash yo‘lidan aslo chekinmaydi. Tanqidchilikda uning ayrim xatti-harakatlari, ayniqsa, Mirvalining qarorgohidan qochishi juda ham ishonarli chiqmaganligi qayd qilindi. To‘g‘ri, ayrim ishonilishi qiyin o‘rinlar bo‘lishi mumkin. Lekin shuni tan olish zarurki, yozuvchi Jayronaning deyarli har bir xatti-harakatini imkon boricha mukammal dalillab borishga intilgan. Balki shuning uchundir, romanda Jayrona timsolida hozirgi o‘zbek ayolining yorqin, jozibador, samimiyatga to‘liq va kurashchan qiyofasi gavdalangan. Mana shunday qahramonlarning xatti-harakatlari natija bera boshlaganligi va roman oxiridagi qator voqealar, xususan, "o‘zbek paxtakorlari otasi"ning o‘limi, Shavkat Rahimovning talvasaga tushishi va Mirvalining tubsiz jarlikka qulashi turg‘unlikning umri tugab borayotganidan dalolat beradi.
Shu tariqa romanda turg‘unlik jamiyatimiz tarixida o‘tkinchi hodisa ekanligi, xalqimiz uning illatlaridan poklanib, adolatli hayot tomon yo‘l olishi muqarrarligi haqidagi g‘oya ancha ishonarli ifodalangan. Ba'zi kam-ko‘stlari bo‘lmaganda, roman adabiyotimizda yana ham kattaroq hodisa darajasiga ko‘tarilishi mumkin edi. Bunday nuqsonlardan biri asarda qahramonlarning ruhiy olami hamma yerda ham bir xilda teran ochilmaganligidir. Fikrimizning dalili sifatida Tolibjonning ruhiy olami tahlilini eslash kifoya. Tolibjon Mirvalining o‘zboshimchaligidan, qing‘ir ishlaridan, yovuzligidan norozi bo‘lib, ko‘p marta uning oldiga boradi, lekin har gal ham deyarli hech narsa deyolmaydi, jiddiyroq harakat ham qila olmaydi. Xuddi shuningdek, o‘smir Azizbek o‘z yoshiga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘p narsalardan xabardor bo‘ladi va xuddi katta kishilardek fikr yuritadi. Ayniqsa, uning onasining nopok ishlari to‘g‘risidagi gaplari g‘ayritabiiy tuyuladi.
Ijodkor tarjima ishlari bilan faol shug‘ullangan. U B.Polevoy, A.Musatov, O.Gonchar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Said Ahmadning hayotdagi yana bir yutug‘i shundaki, taqdir unga Saida Zunnunovadek bir ijodkor ayolni umr yo‘ldoshi qildi. Yozuvchi qatag‘onga uchragan yillarda Saida opaga ko‘p jabr-zulmlar, sitamlar o‘tkazilgan bo‘lsa-da, u o‘z umr yo‘ldoshiga sadoqatli bo‘lib qoldi. Shu sababli ham bu ayol buyuk ehtirom sohibasidir.
Said Ahmad o‘zining quvnoq, orombaxsh hikoyalari va salmoqli romanlari bilan o‘zbek prozasi rivojlanishiga katta hissa qo‘shib kelayotgan ilg‘or yozuvchidir.
S a v o l l a r
1. Qaysi yozuvchi Said Ahmadning "Tortiq" nomli birinchi hikoyalar to‘plamiga taqriz yozib, uni keskin tanqid qilgan?
2. Said Ahmad uzoq yillar mobaynida badiiy ijodda qaysi yozuvchilar izidan borishga harakat qilgan?
3. Said Ahmad qaysi hikoyasining janrini "doston" deb belgilagan?
4. Said Ahmadning qaysi hikoyasi keyinchalik mashhur komediyasi yaratilishiga asos bo‘lgan?
5. Said Ahmadning "Ufq" asari boshqa o‘zbek romanlaridan o‘zining qaysi xususiyatiga ko‘ra farqlanadi?
6. Said Ahmadning qaysi asarida Ch.Aytmatov, V.Rasputin nasridagi urushdan qochgan shaxs timsolini eslatuvchi qahramon bor?
7. Qaysi asar Said Ahmadning badiiy ijod sohasida erishgan eng jiddiy muvaffaqiyati hisoblanadi?
8. Said Ahmadning "Kelinlar qo‘zg‘oloni" komediyasida qaysi sahna eng ta'sirchan va yorqin chiqqan?

Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   22




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin