Ma’ruzalar matni



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə11/22
tarix07.01.2024
ölçüsü1,1 Mb.
#202472
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   22
ma\'ruza (1) (1)

Qo‘shimcha adabiyotlar:
Abdulla Qahhor. Asarlar. Besh jildlik. T., G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti. 1987-1989.


MIRTEMIR HAYOTI VA IJODI


Reja
Shoir ijodida davr ziddiyatlarining tasviri. Shoir ijodida tabiat lirikasi. Mirtemir - tarjimon. Shoir she’riyatida shaxsiy kechinmalar ifodasining lirik tasviri. Mirtemir ijodida an'anaviylik va novatorlik. Mirtemir she’riyatida xalqona chizgilar.
Kalit so‘zlar: "Turkiston", "Iqon", "Shu'lalar qo‘ynida", "Qo‘nqir mavjlar kuychisi", "Onaginam", "Otliq askar", "Seni, bolaligim...", "Chanqoqlik", "Yali-yali", "Tanburim tovushi", "Qiz", "Lolazordan o‘tganda", "Vabo", "Qora ko‘zli", "Boq ko‘cha", "Kipriklarim", "Men seni", "Qoraqalpoq daftari", "Toshbu", "Surat", "Yodgorlik", "Ona obrazi", "Poytaxt timsoli", "Tog‘day tayanchim".
MIRTEMIR (1910-1978)
Mirtemir hozirgi zamon o‘zbek she’riyatining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan ardoqli lirik shoirdir. Komil Yashin ta'kidlaganidek, Mirtemir XX asr o‘zbek she’riyatining tamal toshini qo‘ygan ustoz, oqsoqol shoirlarimizdan. U g‘oyatda mehnatkash, jafokash, xassos, bilimdon, kamtar so‘z san’atkoridir. Vatanparvar shoir klassik adabiyotimizning barhayot an’analarini, xalq og‘zaki ijodini chuqur o‘rganib, hozirgi o‘zbek adabiyotini boyitdi, yuksaklikka ko‘tarishda zo‘r kuch sarf etdi.
Mirtemir Tursun o‘g‘li 1910 yili Qozog‘iston Respublikasi Turkiston shahrining Iqon qishloqida tug‘ildi. U ibtidoiy eski maktabni bitirgach, 1921-1923 yillarda Toshkentdagi "Almaiy" nomidagi bolalar namuna ish maktabida tarbiyalandi. Mirtemir 1925 yili Erlar bilim yurtiga o‘qishga kirib, uni 1929 yilda tamomladi. So‘ngra O‘zbekiston Davlat Pedagogika akademiyasida tahsil oldi.
Mirtemir adabiyotga 20-yillarning o‘rtalarida kirib keldi. Uning birinchi she’ri "Tanburim tovushi" 1926 yilda "Yosh leninchi" gazetasida bosilib chiqdi. Shundan so‘ng shoirning qalami yarim asrdan ziyodroq vaqt mobaynida bir nafas ham yozishdan to‘xtamadi.
Mirtemir oz muddat oliy maktablarda dars beradi, muharririyatlarda xodim, teatrlarda adabiy emakdosh, Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi, nashriyotlarda muharrir bo‘lib ishlaydi. Shoirning birinchi she’rlar to‘plami "Shu'lalar qo‘ynida" nomi bilan 1928 yilda chop etilgan. Unda Vatan madhi, mehnat gashti, yosh zamondoshlarning ma'naviy dunyosi asosiy mavzu sifatida tarannum etiladi. Bu to‘plam o‘z davrida she’riyatimizda quvonchli voqea bo‘ldi. Qo‘limizdagi to‘plam, - degan edi Sotti Husayn mazkur kitobga yozgan so‘zboshisida, - o‘zbek adabiyotiga yangi qo‘zg‘alon, yangi umidlar bag‘ishlaydi. "Shu'lalar qo‘ynida"gi sochmalardan haqiqatan kurash, isyon, zafar taronalarini tinglab olarsiz"...
Mirtemirning "Zafar" (1929), "Qaynashlarim" (1932), "Bong" (1932), "Ochlar o‘lkasida" (1936), "Poytaxt" (1936), "O‘ch" (1943), "Tanlangan she’rlar" (1947), "Tanlangan asarlar" (1958), "She’rlar" (1961, 1964), "Yangi she’rlar" (1967), "Qush tili" (1970), "Tingla hayot" (1974), "Kipriklarim" (1976), "Izlayman" (1976), "Yodgorlik" (1978) kabi to‘plamlari adibning sermahsul ijodkor ekanidan dalolat beradi.
Mirtemir ijodining dastlabki davridanoq izlanuvchan shoir sifatida tanildi. U davrimizning mohiyati keng ko‘lamli ekanini, uni ifodalash uchun esa yangi-yangi poetik shakllar zarurligini yaxshi tushundi. Shuning uchun ham u ko‘proq sochma she’rlarga murojaat qildi. Ularda qalbini to‘ldirgan, tinchlik bermagan hislarni ifodalashga urindi:
Tun singari asta bosib keladi,
Suv singari sarin jilib keladi.
Tog‘ yeliday shoshqin esib keladi.
Ko‘l mavji singari tinib keladi.
Naqadar mung yotar bu pardalarda,
O‘tgan umrning ohi zorimi?
Qushlar chirqillamas tol panalarda,
Usta barmoqlarning ko‘ring korini...
Shoir ijodiy kamoloti uning "O‘ylar", "Qizqaldoq", "Qoya", "Mening bolaligim", "Bog‘imning chechaklari" , "Lolazordan o‘tganda", "Quyoshning zabti" kabi lirik she’rlarida yanada aniq ko‘rinadi. Bu she’rlar shiraga to‘lgan, chuqur umumlashmalarga boy bo‘lib, 30-yillarning ikkinchi yarmidagi o‘zbek lirikasi rivojiga qo‘shilgan katta hissa hisoblanadi.
Mirtemirning urush yillarida yaratilgan "Vabo", "O‘ch", "Bu - mening Vatanim", "Ona shahar", "Dengiz bo‘yida", "Mard yigit yoring bo‘lay", "Tillo", "Ko‘zlarim yo‘lingda" kabi she’rlarida dushmanga nafrat hislari jangovar ruhda ifodalangan.
Mirtemir she’riyati allaqachon xalq qalbiga ko‘chib, uning yangroq qo‘shiqiga aylanib ketgan:
Kuylar navqiron naslim,
Salqin soy qirg‘oqida.
Sayr etar mening asrim
Maydonida, bog‘ida.
Suhbatim soz, xushvaqtim,
Har go‘shada yor vasli.
Olisdan solaman razm,
Kulsam, ayni ishq fasli.
Kuylar navqiron asrim.
Yosh avlod qalbida tug‘yon urgan tuyg‘ularni namoyon etuvchi bu jo‘shqin misralar "Kuylar yigirma yoshim" qo‘shig‘idan olingan. Unda yoshlikning shodliklari-yu, quvonchlari, ezgu orzular umidi bilan yo‘g‘rilgan orziqishlari-yu, entikishlari, muhabbatga intiq qalb nidolari baralla jaranglaydi. Shu bilan birga qo‘shiqda bu sadolar go‘yo XX asrning suronli inqilobiy voqealari hamda ulkan tarixiy hodisalari ruhi bilan yo‘g‘rilib, yangroq tantanavorlik kasb etadi. Bunday purma'nolik va ohangdorlikning sabablaridan biri shundaki, qo‘shiqni xassos shoir Mirtemir yigirma yoshida emas, balki ancha keyin, ya'ni yetuklik choqida, ayni mahoratining yuksaklikka ko‘tarilgan pallasida yaratgan. Mirtemirning teran mazmunga va katta ta'sirchanlik qudratiga ega bo‘lgan bunday qo‘shiqlari talaygina bo‘lib, ular tinimsiz izlanishning, badiiylik cho‘qqilari sari intilishning samarasi hisoblanadi.
Mirtemir qo‘shiqchilik sohasida o‘z yo‘lini qidirar ekan, eng buyuk san’atkorlarning go‘zal an’analari izidan bordi. U, ayniqsa, she’riyat va qo‘shiq mulkining sultoni Alisher Navoiy an’analarini o‘zi uchun muqaddas deb bildi. Navoiydan, Saryomiydan Mirtemir qofiya, radif oldi va ularni yangi mazmun, yangi ruh bilan boyitdi. Natijada, "Yali-yali" deb atalgan sho‘x va nafis qo‘shiq maydonga keldi. Bu qo‘shiq Mirtemir ona yurt tabiatining sodiq shaydosi, dono bilimdoni va mohir kuychisi ekanligini ko‘rsatdi. Nozik qalamda chizilgan tabiat manzarasi qo‘shiqda qirq besh kun ichida deyarli butun Farg‘ona vodiysini kesib o‘tuvchi kanal qazigan xalqning qahramonligini madh etuvchi vositaga aylanadi:
Dasht yuziga yurdi elim qahramon,
Qudrati zo‘r - topmag‘usi tog‘ omon:
Baxt suvini ochg‘usi u begumon,
Bo‘ston o‘lur, suvga qonib har tomon.
To‘lqinidan mehru vafo, yali-yali.
Bo‘ylarida suxsur uchar, g‘oz uchar,
Qirg‘ovul, oqquvlar etib noz uchar,
Bulbul o‘qir, nag‘ma xushovoz uchar,
Qishni quvib, ko‘klam uchar, yoz uchar,
Ko‘kka to‘lar savt-sado, yali-yali.
Qo‘shiqlarda Mirtemir so‘zdan go‘yo rassom bo‘yog‘i kabi foydalanib, rangin tabiat manzaralarini gavdalantirar ekan, ularni har doim inson qalbi bilan uzviy bog‘liqlikda jonlantiradi. Oqibatda biz qo‘shiqlar orqali inson ruhining nihoyatda nozik va ko‘z ilg‘ashi qiyin bo‘lgan qirralari, talpinishlari, intilishlar, ya'ni hissiyotning oqar daryodek harakati bilan tanishamiz. Bu daryoda muhabbat tuyg‘usi eng qudratli to‘lqin singari mavjlanib turadi. Ha, Mirtemir qo‘shiqlarining aksariyati muhabbat haqida bo‘lib, ular bu umrboqiy tuyg‘uning son-sanoqsiz jilvalari-yu jilolarini, hayratomuz qudrati-yu tengsiz go‘zalligini zargarona tizilgan so‘zlar marjoni vositasida yuzaga chiqaradi. Oddiy so‘zlar tizmasida ulkan hayot haqiqatini ta'sirchan ifodalashdek san’atkorlikka Mirtemir o‘z qo‘shiqlarida jonlantirish, istiora, sifatlash, o‘xshatish, mubolag‘a singari majozlardan g‘oyatda o‘rinli foydalanish orqali erishdi. Bunga iqror bo‘lmoq uchun "Bir go‘zal" qo‘shig‘idagi quyidagi misralarni eslash kifoya:
Deydilarkim, shahrimda bir go‘zal bormish,
Har oqshom boqqa kirib mani so‘rarmish.
Izlarimni topolmay ohlar urarmish -
Gir-gir yurarmish, hayron bo‘larmish.
O‘ltirib yaproqlar-la suhbat qurarmish,
Ishq uchun osmas kimsa meni, deb dorga -
Ba'zan qo‘lin cho‘zarmish mungli dutorga,
Sog‘liqlar tilar emish olisda yorga,
Asl xushtorga, hajrida zorga...
Salomlar yo‘llar emish bu intizorga.
Bu misralarda go‘zal bilan suhbat qurgan yaproqlarning jonlantirilishiga, "mungli dutor" kabi sifatlashlarning ajib jozibadorlik kasb etishiga duch kelamiz va ularning inson ruhidagi o‘ta nozik to‘lg‘anishlarni ifodalovchi vositalarga aylanganligini anglaymiz. Shunday tasviriy vositalar tufayli biz shoir qo‘shiqlarida sevgilisidan ayrilgan go‘zalning yaproqlar bilan suhbat qurishiga, tomoshaga kelgan osmonning o‘ynashiga, beparvo oshiq yigitning osmondagi yulduzlarni sanab yetmoqchi bo‘lganligiga hayron qolmaymiz. Xuddi shu san’atkorlik oqibatida Mirtemir qo‘shiqlari katta ishontirish quvvati va samimiyat kasb etadi.
Eng ulug‘vor ijtimoiy-tarixiy voqealar, genial shaxslar yoki ona xalq, Vatan haqida yozganda ham, Mirtemir doim samimiy bo‘lib qoladi. Ya'ni u o‘z qo‘shiqlarida balandparvoz hayqiriqlarga, tantanavor shiorlarga, osmono‘par na'ralarga deyarli o‘rin bermaydi. U o‘z qo‘shiqlarida insonning ezgu tuyg‘ularini samimiy kuylash bilan bir qatorda, kishilar iztirobidan, ma'naviy olamning azobu alamlariga to‘liq onlaridan, fojialar girdobidan, qayg‘u-hasratlar po‘rtanasidan ham ko‘z yummaydi. Inson qalbi yonishlarining, qovrilishlarining sirlarini faqat Mirtemir lirik qahramonining bitta o‘zi biladi. O‘zining pinhoniy tuyg‘ularini lirik qahramon mana bunday ayon qiladi:
Qulog‘imda yangrar doim bir nido,
Xo‘rsinaman, ko‘z yoshimni silaman.
Shu nidoga ne sababdan jon fido -
Bitta o‘zim bilaman.
Yuragimda yonar bir o‘t betutun,
Go‘yo der: qovuraman, tilaman.
Dosh beraman nechun hanuz men beun -
Bitta o‘zim bilaman.
Bu misralarda lirik qahramon o‘z sirlarini oshkor ayon qilmasa-da, nozik kechinmalari oqimidan tinglovchi ular hayotdagi illatlarning, xatorliklarning, tubanliklarning, razilliklarning oqibati ekanligini anglaydi. Shu tariqa Mirtemir o‘z qo‘shiqlari orqali bizni turmushning murakkab tomonlari to‘g‘risida o‘ylashga majbur etadi va hayot haqida bo‘yalmagan, yaltiratilmagan, mukammal tasavvur tug‘dirishga intiladi. Hayot haqiqatini teran, ta'sirchan va nafis obrazlarda ifodalashi tufayli Mirtemirning "Kuylar yigirma yoshim", "Yali-yali", "Bir go‘zal", "Men seni", "O‘ynasin", "Bitta o‘zim bilaman", "Meni yod et", "Jonon o‘ynasin", "Barno qo‘shig‘i", "Ona orzusi", "El qo‘shiqi", "Qarqaralik", "Bog‘ ko‘cha" singari qo‘shiqlari shoirning o‘nlab she’riy kitoblari, dostonlari va dramalari kabi madaniy turmushimizda sezilarli voqea bo‘lib qoldi. Ular san’atimiz xazinasidan o‘rin olishining yana bir sababi shundaki, bu qo‘shiqlarga G‘anijon Toshmatov, Faxriddin Sodiqov, Muhammadjon Mirzayev, Imomjon Ikromov, Mutal Burhonov singari yetuk san’atkorlar kuy bastaladilar va Faxriddin Umarov, Mahbuba Hasanova, Kommuna Ismoilova, Hadya Yusupova kabi xushovoz xonandalar ijro etdilar. Demak, zargarona so‘z san’ati, ulkan bastakorlik iste’dodi va yuksak xonandalik mahorati o‘zaro birlashib, Mirtemir qo‘shiqlariga umrboqiylik baxsh etdi. Bu qo‘shiqlar umrboqiyligini ta'minlagan muhim omillardan yana biri ularning deyarli barchasida go‘zallikning tasdiqlanishi hisoblanadi. Hayot illatlaridan, murakkabliklaridan ko‘z yummagan bo‘lsa-da, shoir Mirtemir qo‘shiqlarining aksariyatida turmushning nurli tomonlarini ulug‘ladi, inson muhabbatini tengsiz go‘zal tuyg‘u sifatida madh etdi va ularni ardoqlashga, yod etishga chaqirdi. Bu qo‘shiqlarning yosh avlod ruhida nafosat tuyg‘usini tarbiyalashdek muqaddas ishga xizmat qilishi shubhasizdir, chunki ulug‘ rus yozuvchisi F.M.Dostoyevskiy aytganidek, go‘zallik olamni qutqaradigan, insoniyatni yuksakliklarga ko‘taradigan qudratli omil hisoblanadi.
Mirtemir dostonchilikda ham samarali ijod qilgan. Chunonchi, "Bong", "Barot", "Agronom", "Jang", "Xidir", "Nomus", "Ajdar", "Ochlar o‘lkasida", "Suv qizi", "Dilkusho", "Oysanamning to‘yida", "Qo‘zi", "Farg‘ona" singari katta-kichik dostonlar Mirtemir qalamiga mansubdir. Afsuski, hukmron mafkuraning kuchli tazyiqi ostida yaratilganligi va badiiy jihatdan nomukammalligi sababli bu dostonlarning aksariyati adabiyotda sezilarli hodisa darajasiga ko‘tarilmadi.
Urushdan keyingi yillar Mirtemir uchun yanada samaraliroq ijod davri bo‘ldi. Xuddi shu yillarda uning tarjimonlik san’ati butun borlig‘i bilan o‘zligini namoyish qildi. O‘zbek kitobxoni shoirning katta mehnati tufayli A.S.Pushkinning ertaklari, M.Yu.Lermontovning she’rlari, N.A.Nekrasovning "Rusiyada kim yaxshi yashaydi?", M.Gorkiyning "Bo‘ron qushi haqida qo‘shiq" kabi o‘lmas asarlarni o‘z ona tilida o‘qishga muyassar bo‘ldi. Bulardan tashqari Mirtemir qirg‘iz eposi "Manas"ni, Uyg‘un bilan hamkorlikda qoraqalpoq eposi "Qirq qiz"ni, Maqsud Shayxzoda bilan hamkorlikda gruzin shoiri Shota Rustavelining "Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon" dostonini o‘zbek tiliga o‘girdi.
Bugina emas, u Genrix Geyne, Ejen Pote, Abay, Berdaq, Nozim Hikmat, A.Tvardovskiy, Pablo Neruda kabi shoirlarning asarlarini ham o‘zbek tiliga tarjima qildi. Bu tarjimalarda asl nusxaning asosiy xususiyatlari, milliy ruh saqlanib qolgan.
Mirtemirning she’riyat sohasidagi tinimsiz mehnatlari natijasida "Qoraqalpoq daftari" (1956-1957) turkumi yuzaga keldi. Turkumda ko‘zga tashlanib turadigan asosiy xususiyat - bu shoirni mohir haykaltaroshday bir-ikki xarakterli chizgi, o‘ta o‘rinli topilgan poetik detallar bilan salmoqli va mag‘rur obrazlar yaratish qobiliyatidir. Mazkur to‘plamga "Surat" nomli kichik lirik qissa ham kiritilgan. Qissa Mirtemirning inson ruhini butun murakkabligi bilan tasvirlay olishi, "qalb dialektikasi"ga chuqur kira olishidan dalolat beradi. Asar yaxlit syujet asosiga qurilmagan. U qahramonning kechinmalarini ifodalovchi alohida-alohida kichik lavhalardan tashkil topgan. Ammo bu lavhalardagi his-tuyg‘u shu qadar tiniq, tabiiy ifodalanganki, shu orqali uning hayot yo‘li ham, boshiga tushgan og‘ir sinovlar ham, ma'naviy go‘zalligi ham to‘liq yoritib berilgan:
Na oltin, na javohir edim...
Armonli bir yosh shoir edim.
Zuhro bo‘lmasang ham chiroyda,
Men ishqingda naq Tohir edim...
...Gunohim ne? - Jangda bo‘lganim,
Qon kechganim, yuz bor o‘lganim.
Diydoringni unutolmayin,
O‘limlardan hatlab ketganim...
Lirik qahramon suratga tikilib, undan muhabbatiga vafo va sadoqatni so‘roqlaydi. Uning qo‘ynida to‘rt yil asralgan surat esa jim. Undan ko‘zlari qiyg‘och, sochlari sumbul, tarqoq, zap qiyilgan qalam qoshli go‘zal beun boqadi. Uning ko‘zlarida bevafolik nash'asi o‘zini namoyon qiladi. Qalbi o‘ksigan yigit "Evoh, qanday zil yuk bo‘ynimda, Seni asrab to‘rt yil qo‘ynimda..." - deya beun, sassiz faryod chekadi:
Ham nafratim, ham ayanchim bor,
Yurak - ikki dardga mubtalo.
G‘amzalar... oh, bekor-ku, bekor...
Qayta og‘ir bo‘ldi bu balo!
Ko‘rmay desam, ko‘zim ko‘r emas,
Yurmay desam, oyog‘im butun,
Ammo yurak ortiq jo‘r emas,
Xayollarga bo‘laman tutqun.
"Surat" og‘ir hayot yo‘lini kechirgan, "o‘lkalar hatlab" o‘tgan, urush olovida toblanib ulg‘aygan kishining qalb nidosiday jaranglaydi. Bundan tashqari, qoraqalpoq hayotiga bag‘ishlangan "Amu qg‘irg‘oqlari", "Oysanamning to‘yida", asarlarini yaratadi. "Qirq qiz"ni Uyg‘un bilan hamkorlikda tarjima qiladi.
Mirtemir bir umr hayot haqiqatiga, go‘zalligiga ishondi va ularga talpinib yashadi. Shoir 1978 yilda Toshkentda olamdan o‘tdi.
Adib Uyg‘un ta'kidlaganidek, "Mirtemir she’riyatimizning haqiqiy ma'nodagi bobodehqoni, zahmatkash, ulkan shoirlaridan biri" bo‘lib qoldi.
S a v o l l a r
1. 30-yillar boshida Mirtemir qaysi sababga ko‘ra qamalgan?
2. Mirtemir she’riyatida qaysi tashbehlar ko‘proq uchraydi?
3. Qaysi doston Mirtemirning badiiy ijodda erishgan eng jiddiy yutug‘i hisoblanadi?
4. Yozuvchi Ch.Aytmatov Mirtemirning qaysi xizmatini tarjimachilik sohasidagi eng jiddiy muvaffaqiyati sifatida baholagan?

Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   22




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin