MUSTAQILLIK DAVRI O‘ZBEK ADABIYOTNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI.
REJA:
Istiqlol davri o‘zbek she’riyatining taraqqiyot tamoyillari. Mustaqillik davri ijodkorlarining she’riyatida milliy ruh va an’analar. Hozirgi o‘zbek she’riyatining janriy xususiyatlari. Qissachilikning janriy takomili. Hozirgi o‘zbek romanchiligidagi janriy izlanishlar. 0‘zbek adabiyotida modem adabiyoti. Milliylik va haqchillik.
TAYANCH IBORALAR:
Yangi tipdagi adabiyotning vujudga kelishidagi ichki va tashqi omillar. Yetakchi kontseptsiya va tamoyillarni, shakllanish va rivojlanish jarayonlarini ilmiy-nazariy yo‘sinda o‘rganish masalalari.
Milliy istiqlol davri adabiyoti fani mustaqillik mevasi hisoblanadi. O‘z nomidan ham ko‘rinib turibdiki, mazkur fan O‘zbekiston respublikasi mustaqillik odimlarini tashlay boshlagan davr adabiy hayoti haqida ma’lumot beradi.
Biz o‘rganayotgan mana shu fan murakkab, ziddiyatli asrning oxirgi 20 yilini o‘z ichiga olgan. Bu davr XX asrning eng badbaxt, qabih va eng xayrli, umidbaxsh yillari hisoblanadi. Bu davrning badbaxtligi va qabihligi shundaki, SSSR deb atalgan qizil imperiyaning mustamlakachilik zanjirlari yanada tarang tortildi, millatni kamsitish, uni yo‘qotishga intilish, rus shovinizmi har qachongidan kuchaydi, tilimiz kamsitildi, dinimiz tahqirlandi, xuquqimiz cheklandi, tariximiz qoralandi, nomiusimiz oyoq-osti qilindi.
80-yillarda xalqimiz boshiga «paxta ishi» nomi bilan 3-qatag‘on tegirmoni ishga solindi. 22 ming odam qamoqqa olindi. Bu davrning xayrli va umidbaxshligi shundaki, SSSR deb atalgan sotsialistik jamiyatning tayanchi parchalandi, uning tarkibidagi 15 respublika mustaqil bo‘lib ajralib chiqdi. Ammo bu jarayon osonlik bilan kechmadi. Dastlab Boltiqbo‘yi respublikalari qurbonlar berish evaziga qiyinchilik bilan mustaqillik e’lon qildilar. Mustamlaka o‘lkalarning shirin noniga, tayyor mahsulotlariga, tekin qul-ishchi kuchiga o‘rgangan sovet hukumati ularni osongina qo‘ldan chiqarishni istamadi. Qadimdan tanish usullarni ishga solib, bu hududga armiya olib kirdi. Ammo g‘isht qolipdan ko‘chgan edi. Eston, Litva, Latviya xalqlarini istiqlol yo‘lidan qaytarib bo‘lmadi.
80-yillarning o‘rtalarida boshlangan «qayta qurish», oshkoralik va flyuralizm kompaniyasi xalqimizning ham ko‘zini ochdi. Shu yillarda jamiyat hayotida shiddatli o‘zgarishlar ro‘y berdi. SSSR parchalandi, sotsializm barham topdi. KPSS tugatildi, mamlakat hayotida iqtisodiy tanglik yuzaga keldi.
O‘zbekistonda 80-yillarning o‘rtalaridan boshlab, mustaqillikning tamal toshlarini o‘qish uchun harakat boshlandi. Bu harakat, ayniqsa, mamlakatimizga I.Karimov rahbarlik qila boshlagan yillardan kuchli rivojlandi. Avvalo xalqimizning ongini uyg‘otish kerak edi. Birinchi qadam til masalasidan boshlandi: 1989 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. 2-qadam siyosiy maydonda tashlandi: hali SSSR mavjudligidayoq O‘zbekistonning boshqaruv tizimida prezidentlik lavozimi yo‘lga qo‘yildi; I.A.Karimov O‘zbekiston respublikasining Prezidenti etib saylandi. Bu juda jasorat, mustaqililik yo‘lidagi dadil siyosiy qadam edi.
Davrlashtirish o‘zbek adabiyotshunosligining eng murakkab, eng dolzarb muammolaridan sanaladi. Davrlashtirishning quyidagi tamoyillari mavjud:
Dinastik
Adabiy oqimlar, madaniy hodisalar bilan bog‘liq
Asrlar bo‘yicha, yillar bo‘yicha davrlashtirish
Tarixiy (mamlakatda ro‘y bergan eng muhim siyosiy voqea-hodisalarga asoslagan)
Adabiy-nazariy (badiiy adabiyotning o‘ziga xos xususiyatlariga ko‘ra).
Adabiyot tarixini davrlashtirish asosan asrlar bo‘yicha davrlashtirish tamoyiliga asoslangan. Buning o‘ziga xos sabablari bor. Bu sabablar ham ob’ektiv, ham sub’ektiv asoslarga ega. Ob’ektivligi shundaki, hali adabiyotshunosligimizda uzoq asrlik adabiyotimiz tarixining o‘ziga xos adabiy-estetik xususiyatlari tadqiq etilib, fan isteomoliga kiritilmagan. Sub’ektiv sabab shundan iboratki, sovet davrida adabiy jarayonni siyosiy voqea- hodisalar bilan bog‘lab davrlashtirish kompartiya manfaatlariga mos tushardi. Shuning oqibati o‘laroq, yagona organizm bo‘lgan o‘zbek adabiyoti ham (ikki) 2 katta davrga bo‘lingan edi.
O‘zbek adabiyoti tarixi–1917 yil 6.XI.
O‘zbek sovet adabiyoti–(1917 yil 7.XI keyin)
Ana shu 2-bosqich sovet davri adabiyoti to‘lig‘icha tarixiy tamoyilga asoslanib davrlashtirilgan. Natijada taraqqiyot bosqichlarini atashda tutiriq bo‘lmadi, siyosiy voqealarning shamoli ularni tez-tez o‘zgartirib turdi. Davrlashtirish muammosi bir necha bor (1976 yil Boku, 1983 yil Samarqand) muhokama etilgan, ammo KP belgilangan doiradan chiqarishning iloji bo‘lmagan.
Nihoyat, istiqloldan so‘ng adabiyotshunoslik fani o‘zini erkin his qildi, tarixi, buguni va ertasiga yangicha nigoh tashladi. Endi davrlashtirishda adabiy-estetik tamoyilga asoslandi. Bunga ko‘ra adabiyotimizning yangilanish jarayonni 1917 yildan emas, balki ancha oldin, ya’ni rus chorizmi istilosi davridan boshlanishi ma’qul deb topildi. Bu bosqich 1860 yillardan to 1940 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Bu davr «Milliy uyg‘onish davri adabiyoti» deb nomlanadi.
1940 yildan 60-yillar oralig‘ida sovet hukumati va KPning qattiq g‘o‘rllik bilan olib borgan siyosati tufayli adabiyotimizning gullari poymol etildi. Haybarakallachi ijodkorlar etishtirildi. Ular sotsialistik tuzumga, sovet turmush tarziga, KP siyosatiga moslashtirildi. Shuning uchun bu jarayonni shartli ravishda moslashuv davri deb atash maqsadga muvofiqdir. Yozuvchilar anjumanlarida ham, partiya se’zdlarida, rasmiy hukumat qarorlari orqali ham adabiyotga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilib, ijodiy qoliplar (metod, sotsrealizm, mavzu, qahramon va h.k.) ishlab chiqilavergach, o‘z-o‘zidan «sokinlik davri» (60-80) boshlandi.
Hozirgi o‘zbek adabiyotining yangilanish jarayonni XIX asr o‘rtalarida boshlangan. Bu davrda Markaziy Osiyo uch xonlikka bo‘lingan, bir-biri bilan o‘zaro jiqqamusht olishayotgan, iqtisodda tanglik avjiga chiqqan edi. Ularning o‘zaro kelishmovchiligi chet dushmanlarimizga juda qo‘l keldi. Sharqdan Angliya, G‘arbdan Russiya tishini qayrab turar edi. Russiya fotixlik otini ertaroq qamchiladi. XIX asrning birinchi yarmidan boshlab savdogarlar, ilmiy ekspeditsiyalar niqobi ostida josuslarini yuborib, O‘zbekistonni iqlimi, hayot tarzi, xarakteri, xarbiy tayyorgarligi, er osti va er usti boyliklarini obdon o‘rgandi. 50-yil o‘rtalaridan bemalol bostirib kira boshladi. Xonliklar esa birlashmadi, tomoshabin bo‘lib, aksincha ruslarni gijgijlab turdilar. Shunday qilib XIX asrning 70-yillariga kelib, Qo‘qon xonligi tugatildi. Xiva va Buxoro Rusiyaga qaram bo‘lib qoldi. Jahon afkor ommasiga Toshkent o‘z ixtiyori bilan qo‘shildi degan soxta hujjatlar tayyorlandi. (Bu haqda «Toshkentlik Solihboy oxunning general Chernyaevga javobi», M. Solihning «Tarixi jadidai Toshkand» asarlarini o‘qiishga tavsiya etiladi.)
Turkistonda og‘ir mustamlakachilik davri boshlandi. Xalq ikki tomonlama zulm iskanjasiga tushdi. Adabiyot uning og‘irini engil, ruhini ko‘tarishning yo‘llarini izlay boshladi. An’anaviy yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi kurash aniq timsollar orqali ifodalana boshladi. Hajviyotning roli kuchaydi. Maorifatparvarlik mavzusi yangi mazmun kasb etdi. Russiya orqali evropaga yuzma-yuz bo‘lgan xalqimiz ziyolilari xalqni savodli qilish, fan va texnikani egallashga chaqira boshladi. Ma’rifatparvarlik targ‘ibot shaklidan amaliy faoliyat darajasiga ko‘tarila boshlandi.
Bu davrda adabiyotga Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Avaz O‘tar, Anbar Otin singari marifatparvar ijodkorlar kirib keldilar. Bu shoirlar ko‘p asrlik tajribaga ega bo‘lgan satiraning yangilanishiga katta hissa qo‘shdilar. Muqimiy va Zavqiy hajviyotning aniq adresli bo‘lishini taominladilar. Muqimiyning «Tanobchilar», «Hajvi Viktor», «Hajvi ko‘r Ashurboy hoji», «To‘yi iqon bacha», «Hajvi ahli rasta», «Qoralar falsafasi» shular jumlasidandir. Bu aholining mahalliy va bosqinchi boy-amaldorlarga nisbatan nafratini qo‘zg‘ay boshladi. Natijada Dukchi eshon, Po‘latxon, Namoz botir qo‘zg‘olonlari ro‘y berdi. Oxiri 1916 yilda xalq milliy-ozodlik qo‘zg‘oloniga ko‘tarildi.
Xalq ongida milliy uyg‘onish jarayonni yuz bera boshladi. Chunki XIX asrning 90-yillarida Turkistonga kirib kelgan jadidchilik harakati o‘z faoliyatini birinchi galda marifatdan, xalq ongini ilm nuri bilan ravshan qilishdan boshladi. Zero, savodsiz xalqni savodli qilmasdan, o‘z xaq-xuquqini biladigan qilib tarbiyalamsadan turib siyosiy vazifalarni amalga oshirib bo‘lmasdi. Shuning uchun jadidlar, avvalo, yangi usulda maktablar ochib, yoshlarni o‘qitishga katta e’tibor berdilar. Faqat amalda emas, balki badiiy adabiyotda ham ilm olishga targ‘ib qila boshladilar. Shunday qilib jadid adabiyotining asosiy mavzusi va muammosi ma’rifatparvarlik bo‘lib qoldi.
Xullas, o‘zbek adabiyotining vujudga kelishi jadidchilik harakati bilan bog‘liqdir. Bu adabiyotning shakllanishidan darak beruvchi belgilar sifatida yangi g‘oyalar va janrlar paydo bo‘la boshladi. Eng avvalo, nasrda yangilanish belgilari paydo bo‘ldi. Masalan, hikoyalar orzu-havasni ifodalovchi romantik tasvirdan realistik yo‘nalishga ko‘chdi. Hamza, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabilar hikoya janrini ham shaklan, ham mazmunan yangilashga katta ulush qo‘shdilar. Hikoyalarning mavzusi marifat, g‘oyasi o‘zlikni anglash bo‘lib qoldi.
Nasriy turning g‘oyat operativ janri publitsistika vujudga keldi va yuksak parvoz qildi. Publitsistika taraqqiyotida Behbudiy, Mirmuhsin Shermuhamedov, Avloniy, Munvvar qori, Hamza, Fitrat kabilar katta rol’ o‘ynadilar. Birgina Behbudiyning o‘zi 200dan ziyod maqola e’lon qilganligi ma’lum. Jadidchilik harakatining namoyondalari tomonidan nashr qilingan «Xurshid», «Taraqqiy», «Sadoi Turkiston», «Oyina», «Al-isloh» gazeta va jurnallari o‘zbek publitsistikasining ilk namunalari ko‘plab chop etdi. Bu davr publitsistikasida faol ijod qilganlardan biri Mirmuhsin Shermuhamedov bo‘lib, uning maqolalari ijtimoiy ruhining o‘tkirligi, mavzusining dolzarbligi, g‘oyasining millatparvarligi, kamchiliklarni keskin fosh etishi, islohotga davatkorligi bilan ajralib turadi. Masalan, 1917 y. 25.IV «Turon» gazetasida bosilgan «Tarixiy ikki voqea» sarlavhali o‘tkir publitsistik maqolasida ma’rifat dushmanlarini qattiq tanqid ostiga oladi. Islom dinining quvvati hisoblangan Buxorodagi shunday kishilarning ba’zilarini «Buxoro mikroblari» deb atadi. Ma’lumki, bu paytda Buxoroda amirlik boshqaruvi hukmron bo‘lib, garchi amir Said Olimxon Buxoro jadidlari bilan hamkorlikka rozi bo‘lsa-da, din arboblari yangilanishga jiddiy qarshilik ko‘rsatardilar. Shu boisdan maqola katta shov-shuvga sabab bo‘ldi, muallif dinsizlikda ayblanib, sazoyi qilindi.
XX asr adabiyotining yana bir yangilanishi roman janrinning paydo bo‘lishi bilan bog‘liqdir. Asr boshlaridanoq roman yaratishga ishtiyoq kuchaydi. Hamza o‘z tarjimai holida yozishicha, 1908 yildayoq «Haqiqat kimda?» nomli roman yozgan. 1914 yilda yana bir asarini «Yangi saodat yoxud milliy roman» deb atadi. Shu yili Mirmuhsinning «Befarzand Ochildiboy» romani yaratildi. Biroq mazkur asarlarning birontasi ham roman janri talablariga javob berolmaydi. Ularni jadid adabiyoti vakillari roman yaratish yo‘lidagi ishtiyoqlari, intilishi deb baholash kerak. Haqiqiy roman asrimizning 20-yillarida A.Qodiriy tomonidan yaratildi. qissa janrini vujudga keltirish borasida ham sayi-harakatlar bo‘ldi. Janrning I-namunasi sifatida M.Mo‘minjon o‘g‘lining «eski maktab turmushi yoki Tolib» 1915 y. Qissasini ko‘rsatish mumkin. Keyinroq bu janrda Fitratning «Hind sayyohi», Qodiriyning «Kalvak mahzumning xotira daftaridan», S.Ayniyning «Odina», M.M.Toshqinning «Turmush urinishlari» kabi qissalari vujudga keldi.
Yangilanish jarayonni ayniqsa, she’riyatda jiddiy kechdi. O‘zbek mumtoz adabiyotidan ham, vazn, ham shakl, ham mazmun, ham til va uslub, ham g‘oyaviy jihatdan tubdan farq qiluvchi sheriyat vujudga kela boshladi. She’riyat xalqni milliy uyg‘otishning asosiy jarchisiga aylandi. Bu borada Avloniy, Fitrat, Hamza, Qodiriy, Cho‘lponlar muhim rol’ o‘ynadilar.
Yangi o‘zbek adabiyotida mutlaqo yangi adabiy tur-drama dunyoga keldi va teng xuquqli a’zo sifatida uning bag‘ridan mustahkam o‘rin oldi. Jadidlar xalqning ko‘zini ochish yo‘llaridan biri sifatida teatr sanoatiga katta e’tibor berdilar. O‘zbek dramaturgiyasining 1- namunasi sifatida Behbudiyning «Padarkush» 1911 y. dramasi tilga olinadi. Uning ta’sirida qisqa muddatda o‘ndan ziyod dramalar vujudga keldi, butun bir dramaturglar avlodi etishib chiqdi. Abdulrauf Shahidiyning «Mahramlar», Nusratullaxo‘ja Qudratillaxo‘janing «To‘y», Qodiriyning «Baxtsiz kuyov», A.Badriyning «Axmoq», «Juvonmarg», Hoji Muinning «Ko‘knori», «Eski maktab – yangi maktab», Avloniyning «Advokatlik osonmi?», «Pinak», Hamzaning «Zaharli hayot» dramalari shular jumlasidandir. Shunisi e’tiborga loyiqki, bu asarlar dramatik turning har uch janrida dunyoga keldi. Bu adabiy faktlarning barchasi XX asr boshlaridayoq istiqlol davri o‘zbek adabiyotining tamal toshi mustahkam qo‘yilganligini isbotlaydi.
Nihoyat, biz o‘rganayotgan hozirgi davr (1991) boshlandi. Bu davr turlicha nomlar bilan ataldi va endilikda istiqlol davri adabiyoti atamasi to‘la huquq bilan iste’molga kirdi. Biz asosan, shu davr adabiyotini o‘rganamiz, ammo kechagi kunimiz bilan chambarchas bog‘liq holda. Hozirgi adabiy jarayon o‘zining janrlar ko‘lami kengayganligi, ya’ni xususiyat kasb etganligi, mavzu yangiligi, xarakterning mukammallashganligi bilan ajralib turadi. Chunki bu davr da adabiyotida haqiqatan ham o‘ziga xos o‘zgarishlar, shakliy-uslubiy yangilanishlar, ijodiy erkinlik alozida ahamiyat kasb etmoqda.
Yangilanib borayotgan istiqlol davri adabiyotining asosiy xususiyatlari quyidagilardan iboratdir:
1. Istiqlol davri adabiyotining ilk bosqichida o‘zbek ijodkorlari yangicha uslub va mahorat sirlarini o‘zlashtirish maqsadida g‘arb adabiyoti anoanlariga ko‘proq murojaat qildilar. Natijada A.Kamyu, F.Kafka, G. Garsiya Markez, Kavabata kabi san’atkorlarining absurt bema’ni, mantiqsiz asarlariga taqlid kuchaydi. Ular ko‘plab tarjima qilindi. G‘arb adabiyotining ta’siri ma’lum ma’no da ham ijobiy, ham salbiy natijalar berdi.
2. Shu ta’sir oqibatida o‘zbek adabiyotiga modernizm oqimi kirib keldi. Menimcha, adabiyotda paydo bo‘ladigan turli «izm»lardan cho‘chimaslik kerak. Bu aslida izlanish jarayonidir, agar u ijobiy natijalar bersa, kashfiyot darajasidagi asarlar yaratiladi. Ayni paytda beparvo ham bo‘lmaslik lozim. Yoshlar o‘rtasida taqlidchilik paydo bo‘lishi ham mumkin. Ma’lumki, sovet davrida yagona sotsialistik metod hukmronlik qilardi. Natijada bir qolipdagi asarlar paydo bo‘ldi. O‘sha davrda modern adabiyoti ham, boshqa oqimga oid asarlar ham zararli deb baholanib, adabiy jarayonga yaqinlashtirilmagan. Bu borada izlanishlar olib borganlar esa keskin tanqid qilingan. Aslida «modern» so‘zi yangi degan asl ma’nosidan tashqari katta falsafiy-psixologik oqim bo‘lib, shaxs va shaxs «men»i uning mohiyati va mag‘zini tashkil etadi. U insonning ong oqimini tasvirlashga ko‘proq e’tibor beradi.
3. 90-yillarga kelib, yana buyuk Sharq adabiyoti an’analari, mumtoz adabiyotimiz, qadimgi yodgorliklar, mif va afsonalar, asotirlar va rivoyatlarga qiziqish kuchaydi. Endi adabiy asarlarda mumtoz turkiy xalqlar adabiyotining barhayot an’analari, islomiy qadriyatlar keng o‘rin ola boshladi. Sharq adabiyoti an’analariga tayanish, avvalo, milliy o‘zlikni anglashga olib kelyapti. Badiiy adabiyotda tasvirlangan shaxs o‘z manfaatlarini qo‘hna an’analardan, ajdodlari qadriyatlaridan ustun qo‘ya olmaydi. G‘arb, modern adabiyotida esa aynan buning aksidir. Sharq adabiyoti aynan ana shu an’analarga sodiqligi, ularni boyitishi, novatorlarcha davom ettirishi bilan g‘arb adabiyotidan farqlanadi.
4. Chorak kam bir asrlik sovet davri adabiyotiga yangicha nuqtai nazar bilan qarash tamoyili paydo bo‘ldi. To‘g‘ri, bu davr adabiyoti xazinasini butunlay inkor etib, undan voz kechishni taklif qiluvchilar ham chiqdi. Ammo bu mumkin emas. Aslida sovet davri adabiyotining ulkan namoyondalari kommunistik g‘oyaning otashin targ‘ibotchilari bo‘lgan, ular shunga majbur kilingan. G‘.G‘ulom, Oybek, Uygun, A.Qahhor, H. Olimjon, M.Shayxzoda, Mirtemirlarning badiiy xazinasidan faqat kamchilik qidirmaslik kerak. Ular ijodida mangulikka daxldor oltinu javohirlar talaygina. Xullas, bu davr adabiyotini xolis, tanqidiy nuqtai nazardan qrganish, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratish, ularning tub sabablarini ochish davri keldi.
5. Ijod erkinligiga katta imkon tug‘ildi. Adabiyotning barcha tur va janrlarida hayotni ro‘y-rost, butun murakkabligi bilan tasvirlashga, ijtimoiy-ma’naviy adolatsizlikka xo‘rlik va qullik sharoitida yashagan, ma’nan majruh bo‘lgan inson tasviriga e’tibor kuchaydi. Ch.Aytmatov ta’biri bilan aytganda, «Adabiyot hamisha insonparvarlikka xizmat qilib kelgan»ligini amalda isbotlashga kirishdi. Aslida sovet davri adabiyoti davrida ham mehnatkash inson adabiyotining asosiy bosh qahramoni hisoblanardi. Biroq unda bu inson faoliyatining tashqi omillari–hayotga, mehnatga, hatto muhabbatga ham kommunistik munosabati, siyosatga faol aralashuvi, kommunist bo‘lishi shart bo‘lib, shu tomonlari birinchi o‘ringa qo‘yilardi. Shu talablarga javob berolmagan asar noma’qul hisoblanardi. Endilikda inson ruhiyati, surati va siyrati bor holicha, butun murakkabligicha mukammalligi bilan ifodalanish bosqichiga kirdi.
6. Shu asnoda qahramonlar tasvirida ilgari mavjud bo‘lgan ijobiy va salbiy tushunchalarni anglatuvchi qoliplar barham topdi. Endilikda asar qahramonlari o‘zining butun fazilatu qusurlari bilan mukammal inson sifatida namoyon bo‘lmoqda.
7. Badiiy adabiyotga ruhoniy kayfiyat–islom ma’naviyati kirib keldi. Diniy qadriyatlar, imon va e’tiqodni ulug‘lovchi ko‘plab badiiy asarlar yaratildi. Xalqimiz bunday yangilanishni sog‘inib qolgan ekan, juda xayrixohlik bilan kutib oldi. Albagga, bu sog‘inch ehtiyojini qondirish uchun lirik qahramonlarning faqat «olloh-hudo» deb oh-voh chekaverishlarini ifodalash kamlik qiladi. Uning ruhiyati, ma’naviyati, botiniy dunyosi to‘laroq ochilmog‘i lozim.
8. Adabiyotda to‘la ma’noda ijodiy erkinlik ro‘yobga chiqdi. Yozuvchi uchun taqiqlangan mavzu va muammo qolmadi. Ijodkor hohlagan mavzu va muammoni ko‘tarib chiqishi mumkin, faqat u xalqni yomonlikka targ‘ib etmasa, jamiyatga, umumiy maqsadlarimizga qarshi bo‘lmasa bas.
9. Bu davr adabiyotida yangi-tragikomediya janri dunyoga keldi.
0. Badiiy adabiyotni yanada rivojlantirish uchun respublikamizda ko‘plab mukofotlar ta’sis etildi va ular xalqaro ahamiyatga ega bo‘lib qoldi. Masalan, M.Qoshg‘ariy, A.Yassaviy, A.Navoiy, A.Qodiriy, Cho‘lpon nomidagi mukofotlar shular jumlasidandir.
11. Mustaqillik sharofati bilan «Vatan», «Hurriyat», «Yozuvchi», «Milliy tiklanish» kabi gazetalar, «Sirli olam», «Tafakkur», «Jahon adabiyoti» singari jurnallar nashr qilina boshlandi.
12. Har yili mustaqillik bayrami arafasida talay ijodkorlarga unvon va mukofotlar berilmoqda.
NAZORAT SAVOLLARI:
«Milliy istiqlol davri adabiyoti» kursining mazmuni nimadan iborat?
Kursning maqsadi va vazifasini aniqlang.
XX asr so‘nggi choragidagi shart-sharoit haqida gapiring.
Mustaqillikning ilk odimlari nimada ko‘rinadi?
Yangicha tafakkur o‘zlikni anglash haqida nima deya olasiz?
Hozirgi davr adabiyoti qanday kontseptsiyaga asoslangan?
Davrlashtirishning qanday printsiplari bor?
Jahon va o‘zbek adabiyotining aloqalari nimalarda ko‘rinadi?
Modern adabiyotining o‘ziga xosligi nimada?
An’anaviylik va ong oqimi deganda nimani tushunasiz?
Asosiy va qo‘shimcha o‘quv adabiyotlar hamda axborot manbalari
Asosiy adabiyotlar:
1. Mumtoz adabiyoti namunalari. 1,2-jild. Nashrga tayyorlovchilar:
2. Boltaboyev, N.Rahmonov. O‘zMU nashriyoti. 2003.
3. R.Orzibekov. O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi. T.: Fan, 2006.
4. Mirzayev S. XX asr o‘zbek adabiyoti. -T.: Yangi asr avlodi, 2004.
5. B.Qosimov. Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti. - T.: 2006.
Dostları ilə paylaş: |