366-mashq. Matnni o‘qing. Gaplarning kesimini topib, fe’l kesim va ot kesim guruhlariga ajratib yozing.
Ko‘cha yuziga katta, dang‘illama uy tushgan-u, hali bitmagan edi. Ko‘chadan o‘tganlar: “Yaxshi uy bo‘larkan-u…” deyishar, uning ko‘pdan beri chala yotganini ko‘rib: “Biroq ko‘chaning husnini buzib turgani yomon bo‘libdi-da”, – deb achinardilar.
Bilmasangiz bilib oling, ko‘cha husnini buzib turgan bu uy Husanlarniki edi. Mana, bugun uyning kam-ko‘stini tuzatish uchun hasharchilar kelishgan. Ular orasida kechagina Husanning o‘zi borib chaqirib kelgan Iso bobo ham bor. Iso bobo shu qishloqda imorat ustasi. U kamgap, o‘nta gapirganingda zo‘rg‘a bitta og‘iz ochib javob qaytaradi. Xushi kelib tursa, sergap bo‘lib ketadigan odati ham bor. Boshqa hasharchilar tomda o‘zlari bilan o‘zlari ovora. Ular deyarli yoshlar edi. Nima ham bo‘ldi-yu, hasharchilar o‘z o‘g‘illarini maqtay ketishdi. Biri o‘g‘lini odobli desa, biri o‘g‘lini qo‘rqmas, kuchli deb maqtar edi. Ba’zan ular tomdan:
– Nima deysiz, Iso bobo, shundaymi? – deyishsa, Iso bobo ham hech mulohazaga bormay, ensasi qotib:
– Shunday! – deb qo‘ya qolardi. (N. Fozilov)
367-mashq. Gaplardagi kesimni aniqlab, sodda kesim va murakkab kesimga ajratib yozing. Murakkab kesimlarni murakkab fe’l kesim va murakkab ot kesimga ajratib, tuzilishini tushuntiring.
1. Bu yer bo‘lsa dengiz sathidan ikki-uch ming metr baland, havo ancha siyrak. (S. Anorboyev) 2. Ertalab soat yettilarda yotoqxona oldiga usti yopiq yuk mashinasi keldi. (S. Siyoyev) 3. Charos allaqanday o‘ychan, jizzaki bo‘lib qoldi. (O‘. Hoshimov) 4. Baland, serbezak shiftda, oltin suvi yugurtirilgan kuchli zanjirda kattakon qandil hisobsiz chiroqlari bilan gavharday tovlanib turar edi. (M. Ismoiliy) 5. Ahmad Husayn yana bir necha kun uydan qo‘zg‘almadi. Uning ermagi yolg‘iz kitoblar bo‘ldi. (Oybek) 6. Omon mustaqil fikrli, cho‘rtkesar, uzoqni ko‘ra oladigan, tadbirkor, yaxshi do‘st edi. (S. Karomatov) 6. Biroq hayotning ravon yo‘lidan ko‘ra so‘qmog‘i ko‘p. (S. Karomatov) 7. Yer! Qanday boysan, saxiysan, go‘zalsan. (R. Fayziy) 8. Qimirlagan jon yo‘q emish. Behishtday bir olam emish. (T. Murod) 9. Sharofatxon bir katta kosada semiz qo‘y go‘shtidan pishirilgan sho‘rvadan keltirdi. (Oybek)10. Qishloqda birovdan kaltak eyish azal-azaldan er yigit uchun or sanaladi. (N. Norqobilov) 11. Saroy vaziri podsho huzurida o‘zini sokin va betakalluf tutgan hakimni birinchi marotaba ko‘rishi edi. (M. Osim) 12. Arra ham qilichdekkina ekan. (X. To‘xtaboyev) 13. Boshlang‘ich ta’lim bilimlar poydevori hisoblanadi. (“Fan va turmush” jurnalidan) 14. O‘qish tugarmidi? O‘la-o‘lguncha o‘qish kerak. (Uyg‘un)
Dostları ilə paylaş: |