9-ma'ruza: Metalmas materiallar; kompozit materiallari Ma'ruzaning rejasi:
1. Polimer va metallarning birikmalaridan hosil bo`lgan konstruksiyalar.
2. Metallopolimer konstruksiyalarda adgeziyali bog`lanishning tabiati.
3. Polimerlarning metallarga bo`lgan adgeziyani boshqarish usullari.
4. Polimer qoplamalarining antifrik xossalariga modifikatsiyalashni ta'siri.
Tayanch so`zlar va iboralar:
Polimer, kompozitsion material, shina, keramika, rezina, kauchuk, shina rezinasi.
Vatanimizning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash, xalqimizning borgan sari ortib
borayotgan talablarini yanada to`laroq qondirmoq uchun sanoatni va qishlok xo`jaligini katta
odimlar bilan rivojlantirish lozim. Ishlab chiqarish texnikasini takomillashtirish esa yangi
materiallarni tobora ko`proq yaratish va ularni ishlab chiqarishning yangi texnologiyasini
yaratishni talab etadi.
Hozirgi zamon sanoatida va qishloq xo`jaligida ishlatiladigan mashinalar juda ko`p
ishqalanish yuzalariga (sirtlariga) ega bo`lib, ularning anchagina qismi kuchlar ta'sir etuvchi
sharoitlarda ishlaydi. Ishqalanish juftlarini takomillashtirish mavjud materiallarni
modifikasiyalash va yangi materiallarni, xususan, polimerlarni qo`llash hisobiga bo`lishi
mumkin. Laboratoriya izlanishlari va antifriksion polimer materiallarining qo`llanishdagi
tajribalar ko`rsatdiki, eng iqtisodiy samaradorlik va texnologik jihatdan qulaylik ularni qoplama
sifatida qo`llashda erishilar ekan. Masalan, mashina va mexanizmlarning ishqalanish
juftlarida polikaproamid (kapron) qoplama ko`p tarqalgan. Bunday qoplamalar metallni
qizdirilgan yuzasiga poroshok holidagi polimerni purkash yo`li bilan olinadi.
Shunday qilib, har xil fizik- ximik, elektr va mexanik xususiyatlarga ega bo`lgan yuqori
molekulyar birikmalarni (polimerlarni) sanoat miqyosida ishlab chiqarish, mashinasozlikning
progressiv texnologiyasini tashkil etishga mashina va mexanizmlarning tannarxini va solishtirma
og`irligini kamaytirishga, shuningdek, sanoat estetikasi talablarini tobora to`laroq qondirishga
yordam beradi. Polimerlarda mujassamlangan mexanik, antifriksion, elektroizolyatsiya,
antikorrizion va shunga o`xshash muhim xossalar ularni mashina qismlarida qora va rangli
metallarni, shuningdek ularning qimmatbaho qotishmalarini qisman almashtirishga imkon
beradi. Bu sohada Belorusda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko`rsatdki, bunday materiallar
ishqalanishda ishlatiladigan an'anaviy babbit, bronza, cho`yan kabi materiallar bilan bemalol
bellasha olar ekan.
Poroshok holidagi polimer materiallaridan qoplama olish nisbatan yangi yo`nalishdir. Bu
yo`nalishning vujudga kelishi va uning rivojlanishi polimer ishlab chiqarishning juda tez o`sishi,
shundan ishlab chiqarish maxsulotlarini korroziyadan saqlash va ularga dekarativ ko`rinish
berish kabi talablarning taqozosida kelib chiqadi. Masalan, sobiq Sovet ittifoqida 15 yil
mobaynida (1950-1965 y.) polimer ishlab chiqarish 75 ming tonnadan 871 ming tonnaga
ko`tarilgan bo`lsa,. AQShda xuddi shu davr mobaynida 1.1 million tonnadan 5,6 million
tonnagacha ko`paytirildi. Birinchi marotaba polimer qoplama bundan 20 yil avval gaz - alangali
usulda olingan edi. Shundan buyon qoplama olish usullari rivojlanib kelayotir. Masalan, AQSh
da qoplama olish bilan 1959 yilda 20 ta eng yirik firmalar shug`ullangan bo`lsa, hozir ularning
soni 100 dan oshib ketdi. Sobiq Sovet Ittifoqida ilmiy tekshirish institutlarida, korxonalarda va
konstruktorlik byurolarida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida yuzlab korxonalarda
qoplama olish usullari juda keng qo`llanila boshlangan.