I. Bolalarni estetik didni o’stiradigan vositalar bilan tanishtiruvchi metodlar: Namoyish metodi – maktabgacha ta‟lim yoshidagi bolalarga “o‟rganilayotgan ob‟ektning harakat dinamikasini ochish, predmetning tashqi ko‟rinishi, ichki tuzilishi haqida ma‟lumot berish maqsadida qo‟llaniladigan metod”. Maktabgacha ta‟lim muassasalarida bolalarni estetik faoliyat ko‟nikmalariga ega bo‟lishi uchun tarbiyachi ma‟lum harakatni bevosita bajarib ko‟rsatish jarayonida uning mazmunini yoritib beradi. Odatda, tarbiyalanuvchilar muayyan harakatni tarbiyachi bilan birgalikda bajaradi. Harakatlarni birgalikda bajarish hali atrofborliqni to‟liq anglab yetmagan bolalarni rag‟batlantirish bilan birga jarayonni tashkil qilishga bo‟lgan qiziqishini rivojlantiradi.
Pedagogik kuzatish – aniq maqsad asosida tarbiyalanuvchilarning estetik faoliyatni tashkil qilish jarayonidagi amaliy xatti-harakatlarini uzluksiz, izchil va tizimli nazorat qilib borishni ta‟minlovchi metod. “Pedagogik kuzatishning samarasi quyidagi shartlarga muvofiq taminlanadi: kuzatuv jarayonida aniq maqsadga egalik; kuzatishni tizimli ravishda yo‟lga qo‟yish; kuzatishning har bir bosqichida muayyan vazifalarni hal etish; har bir holatning mohiyatini sinchiklab o‟rganish; xulosa chiqarishga shoshilmaslik”.
Tushuntirish– tarbiyalanuvchilarga estetik faoliyatni tashkil etishda bajariladigan xatti-harakatlarning mazmunini og‟zaki bayon orqali ochib berish, yoritishga qaratilgan metod. “Bu metod hikoyaga nisbatan birmuncha keng qo‟llaniladi. Undan odatda nazariy materiallar hamda murakkab masalalarni o‟rganishda foydalaniladi. Tushuntirish jarayonida o‟quv materialining bir qadar qiyin unsurlari ko‟zga tashlanadi va shu asosda materialning mohiyati ochib beriladi. Tushuntirish samarasi ko‟p hollarda o‟qituvchining ko‟rgazmali vositalardan oqilona foydalanishiga bog‟liq bo‟ladi”.
Tahlil – maktabgacha ta‟lim muassasalarida bolalarning estetik faoliyatni tashkil qilishdagi faolligi, bu jarayonga ishtiyoq bilan kirishishi, estetik qiymatga mahsulotni yaratishga bo‟lgan intilishi darajasini ifodalovchi ko‟rsatkich yoki xulosalarni ularning mazmuniga ko‟ra tekshirish, nazariy jihatdan o‟rganish va baholash. Tahlil natijalariga ko‟ra maktabgacha yoshdagi bolalarni ijodiy faoliyatga jalb qilish istiqboli belgilanadi, tarbiyachilarning bu boradagi pedagogik harakatlari rejalashtiriladi.