Kattalarning namunasi – tarbiyachilar, ota-onalar va boshqa katta yoshli kishilarning estetik faoliyatni tashkil etish – rasm chizish, she‟r yoki qo‟shiq aytish, applikatsiya yasash, tabiat go‟zalligi hamda turmush estetikasidan bahra olishda bolalarga ibrat ko‟rsatishga qaratilgan metod.
II. Bolalarda badiiy faoliyat ko’nikmalarini shakllantiruvchi metodlar: Namoyish metodi. Ushbu metod to‟g‟risida yuqorida ma‟lumot berib o‟tildi. Ayni o‟rinda namoyish metodining bolalarda badiiy faoliyat ko‟nikmalarini shakllantirishdagi ahamiyati xususida qisqacha to‟xtalib o‟tiladi. Maktabgacha ta‟lim muassasalarida bolalarni estetik faoliyat ko‟nikmalariga ega bo‟lishi uchun tarbiyachi ma‟lum harakatni bevosita bajarib ko‟rsatishib, bolalarni ana shu harakatlarni takrorkashga undaydi. Tarbiyalanuvchilarning tarbiyachi
boshchiligida ko‟rsatilgan harakatni birgalikda bajarishlari ham jarayonning zavqli bo‟lishini ta‟minlaydi, ham ularda ma‟lum ko‟nikmani hosil qiladi.
Mashq – aqliy yoki amaliy (jismoniy) harakatlarni bajarish ko‟nikmalarini egallash yo‟lidagi ko‟p marta takrorlanishlar bo‟lib, mashqsiz ko‟nikma, malakalarni shakllantirish mumkin emas. Mashqlar og‟zaki, yozma, gradikaviy (texnik jarayonlar mohiyatini ifodalash), ijtimoiy-foydali, jismoniy va boshqa turlarga bo‟linadi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni estetik tarbiyalash jarayonida bajariladigan mashqlar ular tomonidan ma‟lum harakat ko‟nikmalarini, masalan, rasm (aylana, uchburchak, to‟rtburchak, yulduzcha, uycha rasmi), qo‟shiq aytish (past, o‟rta va baland notalarda kuylash), she‟r (ifodali) o‟qish, raqs (maxsus) harakatlarini bajarish, yasash (applikatsiya yoki tabiiy va qoldiq materiallardan o‟yinchoqlar yasash), modellashtirish (simdan o‟yinchoq mashinani modellashtirish) ko‟nikmalarining samarali o‟zlashtirilishiga imkon yaratadi. Mashqlarning doimiy, izchil olib borilishi 6-7 yoshli bolalarda ma‟lum harakatlarni bajarish ko‟nikmalarining malakaga aylanishini ta‟minlaydi.
Tushuntirish – tarbiyalanuvchilarga estetik faoliyatni tashkil etishda bajariladigan xatti-harakatlarning mazmunini ham og‟zaki, ham amaliy tarzda ochib berish, yoritishga xizmat qiladigan metod. Bu jarayonda tarbiyachining tushuntirishi ko‟rgazmali tushuntirish xarakteriga ega bo‟ladi.