Erlix modelining asosiy mazmuni. Isaak Erlix – amerikalik mashhur iqtisodchilardan biri, 1938- yilda tug‘ilgan. 2000-yilgacha Buffalodagi Nyu-York davlat universiteti Iqtisodiyot departamentiga rahbarlik qilgan. Uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari xufyona iqtisodiyot, uning kelib chiqish sabablari, jamiyatda avj olish, jinoyat va jazo o‘rtasidagi korrelyatsiya, jamiyatda yuzaga chiqadigan korrupsiya va qonunlar o‘rtasidagi bog‘liqlik va shu kabi sohalar bo‘lgan. U shuningdek, inson kapitalini jiddiy tadqiq etgan, Chikago universiteti tomonidan nashr etiladigan Inson Kapitali jurnalining asoschilaridan va asosiy moliyalashtiruvchilaridan biri hisoblanadi. Uning eng muhim asarlaridan biri “Crime, the punishment and the market for offences” ya’ni “Jinoyat, jazo va jinoyatchilik bozori” deb nomlangan bo‘lib, bu asarda u shu sohaga doir “Erlix modeli” deb nom olgan nazariyani chuqur tadqiq etgan.
Erlix jinoyatchilik bozorida asosan quyidagi 5 ta faktorni alohida ajratib ko‘rsatadi:
a) 4 toifadagi ishtirokchilar
• Tartibbuzar va jinoyatchilar
• Jabrlanuvchi va qurbonlar
• Noqonuniy tovarlar va xizmatlarning istemolchilari
• Qonun ustuvorligini taminlovchilar,
b) Har bir toifa vakillarining jinoyat sodir etishdan oldingi va keyingi prognozlari (tahlillari)
c) Aholining jinoyatchilikdan himoyalanishi
d) Jinoyatchilikni oldini olish uchun ijtimoiy himoya choralari
e) Yuqoridagi faktorlarning o‘zaro muvozanatga erishish uchun bir-biri tomon harakati (talab va taklif asosida)
Erlixning tadqiqot ob’ektlari Erlix jamiyatda noqonuniy faoliyatlarni kelib chiqishida quyidagi ko‘rsatkichlar orasidagi bog‘liqlikni tadqiq etgan:
1. Jinoyat qilishga shaylangan shaxsning shu faoliyatdan ko‘zlagan daromadi;
2. Jazodan qochish va noqonuniy faoliyat jarayonida o‘zini-o‘zi himoya qilish xarajatlari;
3. Alternativ tarzda qonuniy faoliyat orqali shu sohadan olishi mumkin bo‘lgan daromad;
4. Noqonuniy faoliyat davrida qo‘lga tushish ehtimolligi;
5. Noqonuniy faoliyat olib bormoqchi bo‘lgan shaxsning faoliyat nuqtai nazaridan bilimi va ko‘nikmasi.