Mavzu yuzasidan tayanch iboralar
Pedagogika, ta’lim, tarbiya, ma’lumot, bilim, ko‘nikma, malaka, kategoriya, usul, surdopedagogika, oligofrenopedagogika, tiflopedagogika, ekspriment, statistika.
Nazorat uchun savollar
Jismoniy tarbiya va sport pedagogika fani nimani o‘rganadi?
Jismoniy tarbiya va sport pedagogika fanining vazifalari nimalardan iborat?
Jismoniy tarbiya va sport pedagogika fanining tarmoqlari haqida tushuncha bering?
Jismoniy tarbiya va sport pedagogikaning paydo bo‘lishi va rivojlanish tarixi haqida tushuncha bering?
Jismoniy tarbiya va sport pedagogika fanining metodologik asosi nima?
Jismoniy tarbiya va sport pedagogikasining ta’lim-tarbiya jarayonida muhim metodlarni qo‘llashning ahamiyati nimada deb uylaysiz.
Ta’lim va tarbiyaning birligi deganda nimani tushunasiz?
Jismoniy tarbiya va sport pedagogika asosiy ilmiy tadqiqot metodlarini tushuntiring?
Shaxsni shakllantirish jarayonida sport pedagogikasining ahamiyati nima?
2-MAVZU. SHAXS SHAKLLANISHIDA JISMONIY TARBIYA VA SPORTNING AHAMIYATI
2.1. Shaxsni shakllantirish jarayonida sport pedagogikasining ahamiyati.
Rivojlanish iborasi eng avvalo inson tanasi (gavda) a’zolarining ilk holati va uning o‘sish (rivojlanishi) darajasi bilan bog‘liqdir. Bu asosan biologik, fiziologik, biokimyoviy, psixologik, jismoniy tarbiya kabi keng qamrovli tabiiy va maxsus jarayonlarning hosilasidir.
Rivojlanish - inson organizmidagi miqdor va sifat o‘zgarishlari jarayonidir. Rivojlanish natijasi - insonni biologik tur va ijtimoiy mavjudot sifatida voyaga yetishi. Insondagi biologik tur jismoniy rivojlanish bilan tavsiflanadi, morfologik, bioximik, fiziologik o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi.
Ijtimoiy rivojlanish esa, psixologik, ma’naviy, aqliy rivojlanishda ko‘rinadi. Agar inson, uni ongli, mustaqil faoliyatga layoqatli deb atashga imkon beruvchi darajada rivojlasa, uni shaxs deb ataydilar. Inson shaxs bo‘lib tug‘ilmaydi, balki rivojlanish jarayonida shaxs bo‘lib yetishadi. Shaxs tushunchasi - bu insonning ijtimoiy tavsifnomasi, u ijtimoiy munosabatlar, boshqa odamlar bilan muloqot qilish ta’sirida shakllangan xususiyatlarini ko‘rsatadi. Shaxs sifatida inson ijtimoiy tizimda maqsadga yo‘naltirilgan va puxta o‘ylab chiqilgan tarbiya yordamida shakllanadi. Shaxs, bir tomondan - ijtimoiy tajribani o‘zlashtirishi orqali, ikkinchi tomondan, - jamiyatga moddiy va ma’naviy boyliklarni berishi orqali aniqlanadi.
Shaxs bo‘lish uchun, inson faoliyatda va amalda tabiat in’om etgan va hayot hamda tarbiya orqali shakllangan o‘z ichki xususiyatlarini ko‘rsata olishi lozim.
Insonning rivojlanishi - o‘ta murakkab, uzoq davom etuvchi va ziddiyatli jarayon. Bizning organizmimizda butun hayotimiz davomida o‘zgarishlar bo‘lib turadi, lekin asosan insonning jismoniy va ichki dunyosi bolalik va o‘smirlik chog‘larida faol o‘zgaradi. Rivojlanish miqdoriy o‘zgarishlarning oddiy yigindisi va pastdan yuqoriga bo‘lgan to‘g‘ri chiziqli harakat emas. Bu jarayonning e’tiborli tomoni - shaxsning jismoniy, psixik va ma’naviy tomonlarini miqdoriy o‘zgarishlarga o‘tishi. Insonning rivojlanishi tabiiy boshqarib bo‘lmaydigan jarayondir, rivojlanish hayot shart-sharoitlariga bog‘liq emas. Hayotga juda sekin ko‘nikadigan hayvonlardan farqli ravishda inson yashash uchun kerakli vositalarni o‘z mehnati bilan yaratadi.
“Individ” nima? Bola ma’lum yoshga qadar “individ” sanaladi. Individ (lotincha “individium” so‘zidan olingan bo‘lib, “bo‘linmas”, “alohida shaxs”, “yagona” ma’nolarini anglatadi) xatti-harakatlarini shartli refleks yordamidagina tashkil eta oluvchi biologik mavjudotdir.
Individuallik esa shaxsning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘lib, uning namoyon bo‘lishi tarbiya jarayonini amalga oshirishda bola shaxsini puxta o‘rganish, uning yashash sharoitlaridan yetarli darajada xabardor bo‘lish va ularning hisobga olinishini taqozo etadi. Individual yondashuv o‘quvchilarning aqliy qobiliyatlari, bilishga bo‘lgan qiziqish hamda iste’dodini namoyon etishda muhim ahamiyatga ega. Bola harakatlari ongli, ijtimoiy munosabatlar jarayonidagi ishtiroki natijasida shakllana boradi.
Kadrlar tayyorlash milliy modelida shaxs kadrlar tayyorlash tizimining bosh sub’ekti va ob’ekti, ta’lim quyidagi xizmatlarining iste’molchisi va ularni amalga oshiruvchi sifatida ta’riflanadi. Kadrlar tayyorlash quyidagi davlat siyosati insonni intellektual va ma’naviy-axlohiy jihatdan tarbiyalash, uning har tomonlama rivojlangan shaxs sifatida namoyon bo‘lishiga erishishni nazarda tutadi. Mazkur ijtimoiy talabning amalga oshirilishi har bir fuqaroning bilim olish, ijodiy qobiliyatini namoyon etish, intellektual jihatdan rivojlanishi hamda muayyan kasb yo‘nalishi bo‘yicha mehnat qilish huquqini kafolatlaydi.
O‘quvchi yoshlarni aqliy va jismoniy jihatdan rivojlantirish va hayot-turmushga layoqatli bo‘lib yetishishida barcha fanlar kabi jismoniy tarbiya fani, sport turlari, sayohatlar, xalq milliy o‘yinlari muhim o‘rin tutadi.
Jismoniy rivojlanish deganda tananing barcha a’zolari sog‘lom, harakatlarni ixcham va tez bajarishini tushuniladi. Bu o‘z navbatida chaqqonlik, epchillik, kuchlilik, chidamlilik, egiluvchanlik kabi qator jismoniy sifatlardan tarkib topadi. Ular ertalabki gimnastika, jismoniy tarbiya darslari, sport mashg‘ulotlari (trenirovka), sport musobaqalariga tayyorgarlik va unda qatnashish yo‘llari bilan rivoj topadi.
Jismoniy jihatdan rivojlanish, barkamol avlod bo‘lib yetishishida inson tanasidagi barcha faoliyatlar (funksiya) va ularni tarbiyalash pedagogik jihatdan muhim ahamiyatga egadir. Jismoniy rivojlanishning shiddatli (keskin) davri, maktabgacha yoshdagi va kichik maktab yoshidagi davrga to‘g‘ri keladi va butun maktab yoshi davri davomida davom etadi.
Amaliyotda jismoniy rivojlanganlik ko‘rsatkichlari degan iboraga duch kelamiz. Bu inson badanining a’zolarini bichimi o‘lchami bo‘lib, shug‘ullanuvchilarni yoki individning jismoniy rivojlanishi haqidagi antropometrik ma’lumotlar tarzida ro‘yxatga olinadi.
Jisman rivojlanishning yo‘nalishi, xarakteri, darajasi, shuningdek, inson o‘zida kamol toptiradigan fazilatlari va qobiliyatlari turmush sharoiti va tarbiyaga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Jisman rivojlanish qonunlarini egallash, ulardan o‘z jismi tarbiyasi maqsadlarida foydalanish – jismoniy tarbiya nazariyasi va amaliyotining muhim vazifasidir. Jamiyatdagi ijtimoiy sharoit jismoniy rivojlanishini hal qiluvchi omilidir. Omillar orasida mehnat bilan tarbiya jarayonining roli, ayniqsa jismoniy tarbiyaning roli muhimdir. Jisman rivojlanishga erishish uchun “jismoniy tarbiya” deb atalmish maxsus yo‘naltirilgan va tashkil qilingan faoliyatdan foydalana boshlandi.
Jismoniy tarbiya – pedagogik jarayon bo‘lib, inson organizmini morfologik va funksional jihatdan takomillashtirishga, uning hayoti uchun muhim bo‘lgan asosiy harakat malakasini, mahoratini, ular bilan bog‘liq bo‘lgan bilimlarni shakllantirish va yaxshilashga qaratilgan.
Pestalotsi bolalarning “vujudini tarbiyalash”ni astoydil yoqlab chiqqan. P.F. Lesgaft jismoniy bilim berishni, jismoniy tarbiyaning kengaytirilgan ma’nosi deb tushuntirgan. Lekin Lesgaftning jismoniy tarbiya haqidagi ta’limotning asosiy g‘oyasi tom ma’nodagi jismoniy ta’lim g‘oyasi edi.
P.F. Lesgaft jismoniy tarbiya jarayonida bolalar ayrim harakatlarni ajratib olishlari va ularni o‘zaro taqqoslashni, ularni ongli ravishda boshqarishni va to‘siqlarga moslashtirishni, bu to‘siqlarni iloji boricha chaqqonlik va qat’iyat bilan o‘tishni (yengishni), boshqacha qilib aytganda, iloji boricha kamroq vaqt mobaynida oz mehnat sarflangan holda, ongli ravishda eng ko‘p jismoniy ish qilishni, yohud ko‘rkam va g‘ayrat bilan harakat qilishni o‘rganishlari kerak, deb hisoblardi. Bu yerda gap, bir tomondan, to‘g‘ri harakat ko‘nikmalarini hosil qilish haqida, ikkinchi tomondan, harakatlarni bajarishga ongli munosabatda bo‘lish negizida ko‘nikmalardan turli hayotiy vaziyatning turli tasavvur hamda mahoratni qaror toptirish haqidagi bormoqda.
Jismoniy tarbiya jarayonida hamisha ham tarbiyaviy, ham ta’limiy elementlarning mavjudligi uni bir butun pedagogik jarayon deb qarashga olib keladi. Qayd qilingan elementlar qo‘yilgan vazifaga qarab, har biri alohida ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.
Jismoniy tarbiya – abadiy kategoriyadir, shu ma’nodaki tarbiyaning bu yo‘nalishi jamiyat paydo bo‘lgandan beri mavjud bo‘lib, bunday tuzum ham ijtimoiy ishlab chiqarishning va inson hayotining zaruriy shartlaridan biri sifatida davom etaveradi (A.D. Novikov, 1959 yil).
Jismoniy tarbiyaning ijtimoiy hodisa sifatida o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, bu asosan jamiyatda inson jismoniy qobiliyatlarini rivojlantiruvchi vosita sifatida xizmat qila olishligi va ayni paytda uning ma’naviy kamolotiga ham kuchli ta’sir ko‘rsata olishligidadir. Mazkur xususiyat jismoniy tarbiyaning barchaga barobar umumiy qo‘llaydigan xususiy belgisidir. Lekin jamiyatning real hayotida konkret tarixiy sharoitlardan tashqarida bo‘lgan jismoniy tarbiya umuman yo‘q. Har bir ijtimoiy - iqtisodiy formatsiyada jismoniy tarbiyani amalga oshirishning konkret tarixiy tipi rivoj topadi.
Jismoniy tarbiyada sport tayyorgarligi, organizmning funksional imkoniyatlarini takomillashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan, yuqori sport natijasi kishilarning jismoniy tayyorgarligini baholash kriteriyasiga aylanadi va jismoniy tarbiyaga mo‘ljal sifatida juda keng ko‘lamda qo‘llaniladi.
Tadqiqotchilar insonning rivojlanishini o‘rganib chiqib, bir tomondan - rivojlanish jarayoni va uning natijalari o‘rtasidagi qonuniy aloqalar, ikkinchi tomondan - ularga ta’sir etuvchi sabablarni ifodalovchi qator muhim bog‘liqliklarni aniqladilar. Rivojlanish omillarini tahlil qilish antik (antichnie) olimlardan boshlangan. Pedagogika va psixologiyada maktab o‘quvchilarining rivojlanishini o‘rganishda P.P.Blonskiy, S.L.Rubinshteyn, L.S.Vigotskiy, G.S.Kostyuk sezilarli natijalarga erishganlar. Uzoq davom etgan tadqiqotlar umumiy qonuniyatni insonni rivojlanishi ichki va tashqi shart-sharoitlarga bog‘liqligini ochib beradi. Ichki sharoitlarga organizmning fiziologik va psixik xossalari kiradi. Tashqi sharoitlar - bu inson yashayotgan va rivojlanayotgan muhit. Tashqi muhitning o‘zaro ta’siri jarayonida insonning ichki dunyosi o‘zgaradi, yangi o‘zaro munosabatlar shakllanadi, bu esa o‘z navbatida o‘zgarishlarga olib keladi va bu benihoya davom etaveradi. Tashqi va ichki, ob’ektiv va sub’ektiv munosabat turlicha bo‘ladi, u shaxsning hayotiy faoliyatining turli shakllardagi ko‘rinishi va rivojlanishining turli bosqichlariga bog‘liq.
Dostları ilə paylaş: |