O‘qitishning induktiv va deduktiv metodiga tasnif bering.
Ta’limida ko‘rgazmali metodlardan foydalanish va ularning ahamiyatini ko‘rsating.
Ta’limda faol va interfaol metodlar va ularning ahamiyatini izohlab bering.
2-MODUL.JISMONIY TARBIYA ASOSLARI 6-MAVZU.TARBIYA MAZMUNI VA UNING JISMONIY TARBIYA VA SPORTDAGI AHAMIYATI
6.1.Tarbiya mazmuni Tarbiya nazariyasi pedagogika fanining tarkibiy qismi bo‘lib, tarbiyaviy jarayon mazmuni, shakl, metod, vosita va usullari hamda uni tashkil etish muammolarini o‘rganadi. Yosh avlodni tarbiyalashda nimalarga e’tibor qaratmoq lozim? Bunday masalalarni hal etishda avvalo mamlakatimizda siyosiy-ijtimoiy sohalarda yuz berayotgan islohotlar mohiyatini chuqur va atroflicha mushohada qilib olishga to‘g‘ri keladi. Chunki davr ham, inson tarbiyasi ham o‘zgarib bormoqda. Ayniqsa, XXI asr insoniyat tarixida komp`yuter davri bo‘lib kirib keldi. Biroq, fan - texnika qanchalik jadal rivojlanib, jamiyat hayotida muhim joy olib, ishlab chiqarish jarayonlarini tezlashuviga qanchalik samarali ta’sir etmasin, tarbiya nazariyasida shaxsni komil etib tarbiyalash, bu borada Markaziy Osiyo mutafakkirlari, xalq pedagogikasi hamda jahon pedagogikasining ilg‘or fikrlariga tayanib ish ko‘rish zarur bo‘ladi. Yoshlarni barkamol inson qilib tarbiyalashda birinchi navbatda sharq mutafakkirlarining qimmatli ma’naviy meroslari muhim dasturi amaliy ahamiyatiga ega bo‘ladi. Muhammad al-Xorazmiy, Abu Nasr Farobiy, Abu Ali Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad al-Farg‘oniy, Imom Ismoil al-Buxoriy, Ahmad Yassaviy, Bahovuddin Nahshband, Amir Temur, Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek, Alisher Navoy va Zahiriddin Muhammad Bobur singari olamga mashhur allomalarining ijtimoiy, siyosiy va falsafiy qarashlari barcha zamonlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. O‘z o‘tmish madaniy merosini chuqur o‘rganmagan va e’zozlamagan, ajdod-avlodlari bosib o‘tgan tarixiy yo‘lni idrok etmagan, milliy mustaqillik yo‘lida jon fido qilgan buyuk ajdodlar faoliyatidan xabardor bo‘lmagan inson o‘zligini hech hachon anglab yetolmaydi.
O‘tmish madaniy merosini o‘rganish murakkab jarayoni sanaladi. Madaniy merosi namunalari va ularda ilgari surilgan ezgu g‘oyalarni yosh avlod ongiga singdirish uzluksiz, izchil, tizimli hamda maqsadga muvofiq amalga oshirilishi zarur.
Tarbiya - muayyan, aniq maqsad hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida yosh avlodni har tomonlama o‘stirish, uning ongi, xulq-atvori va dunyoqarashini tarkib toptirish jarayonidir. Turli zamon va makonda ijtimoiy tarbiya mohiyatan turlicha ifodalab kelingan bo‘lib, uning mazmuni ijtimoiy maqsadlardan kelib chiqib asoslangan.