Ko‘rgazmali metod - o‘quv axborotni ko‘rgazmali tasviriy namoyish qilish, uzatish va ko‘rish orqali qabul qilish metodidir. Insonning tashqi olamni sezishining eng muhim organlari – ko‘z va quloqdir. Miyaga axborot 80 foizi ko‘z va quloq retseptorlari orqali tushadi hamda tasvirlash, ma’lumotlar olish operatsiyalari 80 foizi shular orqali qilinadi. Shulardan ta’lim-tarbiya jarayonida ko‘rgazmali metod katta ahamiyatga ekanligini xulosa chiqarishimiz mumkin. Ko‘rgazmali metod – bu o‘quv jarayonida, o‘quv nazariy va amaliy ishlarda ko‘rgazmali vositalardan foydalanish, ularni biron narsani tasvirlash va bilim-malakalarni mustahkamlashda ishlatishdir. Uning besh turlari mavjud:
Tabiiy – o‘quv jarayonda o‘simlik va hayvonot olamidan, odam tanasidan olgan ko‘rsatkichlardan o‘quv ishlarda foydalanish;
Moddiy - texnik anjom va inshootlar o‘zi, real asbob-uskunalar, dastgoh, tayyor mahsulotlar va jihozlardan foydalanish;
Tasviriy - o‘quv jarayonda plakatlar, model va mulyajlar, maket va chizmalardagi jihozlar, auditoriya doskasi, doska-stend, doska-bloknot, tarqatmali didaktik materiallar, ishchi varaqalari, nazorat (test) varaqalari, ma’ruza matnlari, jadvallar, yo‘l-yo‘riq xaritalari, topshiriq kartochlaridan foydalanish;
Nashr qilingan – barcha chop etilgan o‘quv va ko‘rgazmali materiallar, darslik va boshqa o‘quv qo‘llanmalar kabi kitoblardan foydalanish;
Texnik - radio va televizorlar, audio-videoapparatlar, kompьyuterlar va ular yordamida eshitish va ko‘rsatishga tayyor disklar, kassetalar, kino va videofil`mlar, slaydlar, mul`timediadan foydalanish.
O‘qituvchi mavzuni tushuntirishda, amaliy, seminar va laboratoriya mashg‘ulotlarni o‘tkazishda ko‘rgazma sifatida, yoki bir xil hollarda o‘rganilayotgan fan bo‘yicha aniq ko‘rgazma sifatida, yangi axborotlarni berishda ko‘rgazmali metod juda qulaydir. O‘quv jarayonida ko‘rgazmali metodni qo‘llashda didaktik qonunlarga muvofiq bo‘lishi darkor, shu metodni qo‘llash maqsadga erishish yo‘lidir. O‘quvchi-talabalarga savollar berilib, ko‘rgazmali metod orqali, masalan, mul`timedia slaydlari ko‘rishga beriladi va har bir kadrni anglab olishda muntazam, ketma-ket tahliliy savollar beriladi, muammolar qo‘yiladi, o‘quvchi-talabalar sobit qadam vazifalarni bajarishadi. O‘qishga berilgan usullarini ko‘rsatish vaqtida o‘qituvchi ularning diqqati va qiziqishini ko‘rsatilayotgan narsaga qaratishi, ularni o‘qish harakatlarini faol va ongli ravishda o‘zlashtirishga undaydi.
O‘qitishning amaliy ishlar metodi. Bu metod o‘quv axborotlarni amaliy mehnat harakatlari orqali berish bilan mashqlar, amaliy, seminar va laboratoriya ishlari, mustaqil ishlar, tajribali-amaliy ishlar, o‘yinlar va taqlidli vaziyatlar hosil qilish, kuzatuv va hokazolarni o‘z ichiga olib, qo‘yilgan masalalarni yechishga qaratilgan. Didaktik vazifalarga bog‘liq holda amaliy metodning bir necha turlari qo‘llaniladi:
- bilimlarni hosil qilish, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish, bilimlarni qo‘llash, mustahkamlash, bilim, ko‘nikma, malakalarni tekshirish.
Amaliy metod ko‘pincha o‘ziga xos mazmuniga ko‘ra aniqlanadi:
ko‘p komponentli o‘quv tuzilma, ob`ektlarni turli xil amaliy yo‘nalishlarda o‘rganish;
o‘quv materialining keng qamrovligini, o‘quvchi-talaba turli xil usullarda bilim-malakalarni qabul qilishi;
o‘quv ishlar mehnat va kasb ta’limi bilan o‘zaro aloqadorligi;
o‘quv materialni keng qamrovligi, tajribaviy izlanish soni va sifati jihatidan bilim-malakalarni amaliy o‘rganish;
o‘quv materiali mazmuniga yangi texnologiyalarni kiritish, mahalliy shart-sharoitni aks ettirish.
Mashq amaliy metodning asosiy turlaridan hisoblanadi. Mashq o‘tkazishning asosiy maqsadi o‘qitish jarayonida o‘quvchi-talabalar fanlar bo‘yicha egallagan bilimlarini amaliyotda qo‘llay bilishni o‘rgatishdir. Mashqlar bilim-malakalarni mustahkamlash jarayonida hosil bo‘ladigan masalalarni yechish uchun qo‘llaniladi. Bunday mashqlar hayoti va faoliyatida sodir bo‘ladigan jarayonlarga yoshlarni tayyorlaydi. Mashqlarni o‘tkazish uchun jarayon hosil qilish kerak bo‘ladi. Masalan, o‘quvchi-talabalarning jismoniy tarbiya va sport tayyorgarligini hayotiy holatlarda hosil bo‘lishini sodir qilishi ayni muddaodir. Bunday jarayonlarni texnologik vazifa sifatida berish mumkin. O‘quvchi berilgan vazifani o‘rganib, nima sababdan jismoniy rivojlanishi, jismoniy rivojlanishining kelib chiqishi, maqsad qo‘yish va yechimini topishi, aniqlashi kerak bo‘ladi. Bu vazifalar ta’lim oluvchilarga ikki usulda berilishi mumkin: savol va javoblar bilan va savollarning o‘zi. Birinchi usuldagi mashqda aniq jarayonni muhokamasi va texnologik jarayonlarni o‘rganadi. Bu usullardagi vazifalar o‘qitishning boshlang‘ich bosqichlarida qo‘llaniladi. Ta’lim oluvchilarni ko‘nikmasi oshgan sari ularning diqqatini mustaqil ishlab chiqarishda hosil bo‘ladigan jarayonlarni o‘rganishga qaratish lozim. Bunda ikkinchi usuldagi vazifalardan foydalanish kerak bo‘ladi. Ko‘nikma va malaka mashqlar orqali hosil qilinadi. Mashq bu - harakatlarni ko‘p marotaba takrorlashdir. Ta’limdagi mashqlar bir tizimda olib borilishi zarur. Mashqlar tizimida aloqadorliklar bor, masalan o‘rganilayotgan mehnat faoliyatini to‘g‘ri bajarish, uning aniqligi, ishda aniqbir tezlikka ega bo‘lish, mustaqillikni shakllantirish, mehnatga badiiy yondashish. Mashqlar tuzilmasiga ikki tomonlama yondashish mumkin.
birinchidan - didaktik maqsad: malakasini shakllantirish bo‘yicha mashqlar, boshlang‘ich ko‘nikmalarni shakllantirish mashqlari.
ikkinchidan - mazmuniy: mehnat harakatlarini bajarish, mehnat jarayonlarini bajarish bo‘yicha mashqlar, texnologik jarayonni boshqarish bo‘yicha mashqlar o‘tkazish.
Haqiqatdan ham, bilim-malakalarni egallash uchun yangi o‘quv vazifalarini bosqichma-bosqich bajarish orqali yangi maqsadlarga ham erishish mumkin. Bu esa - mashq o‘tkazishning muhim belgisidir. Amaliy metod usullarini bajarish sohasidagi mashqlar o‘quv ko‘nikma va malakalarni tarkib toptirish hamda mustahkamlash maqsadida muayyan harakatlarni ko‘p marta takrorlash bilan ajralib turadi.
Amaliy va laboratoriya ishlar amaliy metodining turlaridan hisoblanadi. Ta’limda amaliy va laboratoriya ishlari nazariya va amaliy o‘qitishni tashkil qilishda muhimdir. Ular ishlash jarayoni, tuzilishi, kamchiligi, boshqarishni amaliy o‘rganish uchun o‘tkaziladi va shu bo‘yicha xulosalarni evristik yakuniy suhbat orqali chiqariladi. Ta’limning amaliy metodiga muammoli usulni ham kiritish mumkin. Muammoli vaziyatlar fanlarning real materiallari va ta’limida kelib chiqadi:
O‘quvchi-talabalar egallagan bilimlarini o‘zlariga notanish bo‘lgan sharoitlarda amaliy qo‘llash;
Ularni shunday sharoitga qo‘yish kerakki, egallagan bilimlari oldiga qo‘yilgan masalani yechishi uchun ham yetarli emasligini ongli tushunishi.
Bunda o‘quvchi-talabalarning bilimlari mustahkamlanadi, bilish, malaka, ko‘nikma shakllanadi va hayoti va faoliyatida ham o‘z bilim-malakalarini qo‘llay olishiga yordam beradi.
Amaliy va laboratoriya ishlarining turlari:
o‘quv predmetini, uning xossasi, mahsulotlarini kuzatish va tahlil qilish;
o‘quv mehnat turi (mashina, mexanizm, asboblar)ni kuzatish va asbobini o‘rnatish va ishlatish.
Amaliy metodiga seminar darslar ham kiradi. O‘quvchi-talabalar seminar mavzusi bo‘yicha mustaqil uy vazifalarini tayyorlab kelishadi va seminarda shu tayyorlab kelgan matnlari bilan so‘zga chiqadi va ko‘rgazmalari qurollardan, asboblardan, jihozlardan foydalanib tushuntirib beradi. Amaliy mashg‘ulotlardan seminarlar farqi – bunda o‘quvchi-talaba shu ma’ruzaning mavzudagi mustaqil ishni tayyorlashda ma’ruzada yechilmagan masalalarini izlash va topib olishga urinadi va o‘z so‘ziga bularni bayon qiladi. O‘quvchi-talabalarning ichki va tashqi faolligini oshirish uchun turli xil o‘yinlardan foydalaniladi. Didaktik o‘yinlar ko‘p qo‘llaniladi. Bular “bumerang” va “ariqcha”, “kichik tanlov”lar, “kim epchilu - kim chaqqon”, “aqliy kurashlar”, “buzilgan telefon”, “taqlid qilgan vaziyat”lar va h.k..
Amaliy ishlarda integrativ darslar ham keng qo‘llanilmoqda. Bu darslarda ikki yoki bir necha fanlarning mavzulari o‘rtasidagi aloqadorlik o‘rganiladi. Masalan, jismoniy tarbiya va matematika (jismoniy tarbiya va sportda hisoblash turlari), jismoniy tarbiya va fizika (odam tashqi ko‘rinishining fizik tomonlari), jismoniy tarbiya va kimyo (odam organizmida kimyo jarayonlari), jismoniy tarbiya va biologiya (odam biologik o‘sishi qonuniyatlariga rioya qiluvchi jismoniy tarbiya usullari), jismoniy tarbiya va fiziologiya (odam fiziologik ko‘rinishi va o‘sishi qonuniyatlariga rioya qiluvchi jismoniy tarbiya usullari), jismoniy tarbiya va anatomiya (odam tanasining tuzilishi), jismoniy tarbiya va psixologiya (odam aqliy va ruhiy o‘sishi qonuniyatlariga rioya qiluvchi jismoniy tarbiya usullari), jismoniy tarbiya va tarix (jahon sport va olimpiya o‘yinlari tarixi), jismoniy tarbiya va adabiyot (yunon va o‘zbek mifologiyasi), jismoniy tarbiya va gigiena (odam tanasi va ruhiyatiga ta’sir etuvchi ozodalik), jismoniy tarbiya va madaniyat (jismoniy tarbiya madaniyatning bir turi hisobida) aloqalarni ta’lim jarayonda o‘rnatsa bo‘ladi. Bunday darslar ayrim hollarda mavzularni fanlar o‘rtasidagi bog‘liqlik orqali tushuntiriladi va ta’lim oluvchilarning fanni, mavzuni o‘rganish bo‘yicha qiziqishi ortishiga xizmat qiladi. Jismoniy tarbiya va boshqa fanlar o‘rtasidagi integratsion bog‘liqlik butun darajada (masalan, o‘rta maxsus kasb-xunar ta’lim mussasalarda “Jismoniy madaniyat” kursida ”Odam organizmida kimyo jarayonlari” mavzusi mavjud) yoki qisman darajada, fanlararo aloqadorlik, integratsiya shakli bo‘lib, fanlar mazmunidagi umumiy elementlar ko‘riladi va didaktik sintez orqali umumiy ob’ekt o‘rganiladi, amalga oshiriladi (masalan, jismoniy tarbiya darslarida albatta, majburiy tarzda anatomiya fanidan odam tanasining tuzilishi to‘g‘risidagi bilimlar o‘zlashtiriladi).
Amaliy metod o‘quvchi-talabalarning o‘quv bilish faoliyati faolligi darsdan tashqari ishlarda ham intilishiga oid bilim-malakalarini rivojlantirish orqali amalga oshiriladi. Darsdan tashqari amaliy ishlar - tanlovlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, uchrashuvlar, namunali ishlar ko‘rgazmasi, mehnat va ijodiy to‘garaklari sport seksiyalarida yaqqol ko‘rinadi.
Amaliy metodning ta’limdagi asosiy maqsadi shu soha bo‘yicha bilim va malakalarni shakllantirishdir. Shu asosiy maqsadga bosqichma-bosqich erishiladi.
Quyida amaliy ishlar tushunchasini ochib beruvchi mezon ko‘rsatkichlari keltirilgan:
bajarilayotgan ishning sifati - talablarni bajarish, me’yor va ko‘rsatkichlarga mos kelishi, ijobiy natijalar olish;
vazifa, topshiriq bajarishini tashkil qilish - belgilangan vaqtda bajarish; vaqtdan to‘g‘ri foydalanish, ish vaqtida tejamkor bo‘lish;
mustaqil ish turini tanlashni bilish, ishning yuqori sifatini ta’minlash, to‘g‘ri xulosalar chiqarish, o‘z-o‘zini boshqarishni ishda tashkil qilish, mehnat madaniyati - o‘z mehnatini, ishini rejalashtirish, yangi texnologiya bilan ishlay olish, yuqori intizom, bilimlarni ishda qo‘llay bilish, mehnat faoliyatini va ish joyini tashkil qilish;
mehnatda ijobiy yutuqlarga intilish va qobiliyatini o‘stirish;
mehnat faoliyati har tomonlama jihatlardan tahlil qilish va umumlashtirishdir.
Amaliy metod orqali o‘quvchi-talabalar mehnat faoliyatini aniq va ravshan ko‘rishadi, hamda ish jarayonida mashqlar o‘tkazish bilan o‘zlarining mehnat faoliyatlari bilan taqqoslay oladilar. Ularda o‘quv mehnat faoliyati ko‘rsatilayotgan narsalarni o‘rganib olishi, ularni to‘liq tushunishi, qismlarni o‘rganishi bilan faollik paydo bo‘ladi. Shuning uchun o‘qituvchi o‘z faoliyatida bilim va malakalarni sekinlik bilan ko‘rsatib, tuzilmalarni bo‘laklarga bo‘lib, har birini alohida tushuntirib, ko‘rsatib berishi, harakat turlarini takrorlab turib, uni qayta-qayta ko‘rsatish kerak.
Amaliy metod deganda mustaqil ishlash tushunchasi ham ifodalanadi. Mustaqil ishlash o‘quv vazifa va topshiriqlarni bajarishdan mashqlar jarayonida hosil qilingan o‘quv va mehnat ko‘nikma va malakalarini to‘la-to‘kis shakllantirish, yanada takomillashtirish va mustahkamlash maqsadida foydalaniladi. Mustaqil ishlarga muammoli ma’ruza, ijodiy, modellashtirish, ilmiy tadqiqot ishlari kiradi.
Kuzatuv amaliy metodning metodi bo‘lib, o‘qituvchi rahbarligida va vazifalar bo‘yicha o‘tkazishadi. Vazifada kuzatishning maqsadi qo‘yiladi, ularni olib borish ketma-ketligi, qo‘yilgan savollari, kuzatuv ketma-ketligi, mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar, ularni yechish yo‘llari, kimga murojaat qilish, xulosalarni qanday to‘ldirish kerakligigi ko‘rsatiladi, tushuntirib beriladi.
Ikkinchi guruh metodlari “O‘quvchi-talaba o‘zlashtirish darajasi bo‘yicha” degan metodlar ta’lim jarayonida o‘quvchi-talabalarning o‘qish maqsadida hatti-xarakatlarini bildiradi. Bu guruh ichiga:
Reproduktiv metod
Produktiv metod;
Ijodiy metod kiradi.
O‘quvchi-talabalarning bilim va malakalarini shakllantirish, mustahkamlash, rivojlantirishda ularning o‘zlashtirish darajasini aniqlab olish muhim ahamiyatga egadir. Ma’lumki, o‘quvchi-talabalar hammalari birdek va bir ko‘rinishda fanlarni o‘zlashtira olmaydilar. Ularning birinchi guruhi - o‘quv materialni faqat taqlid qilishi bilan o‘zlashtirishi mumkin (taqlid qilish, o‘xshatish darajasi), ikkinchi guruhi - namunaga, misolga qarab o‘zlari uni ozmuncha to‘ldirishga, o‘zgartirishga undaydilar va o‘quv materialni ana shunday o‘zlashtirishlari mumkin (namunaga qarab ishlash darajasi), uchinchi guruhi - shu narsa, hodisa, vaziyatdan mantiqiy xulosa chiqaradilar va shu xulosa bo‘yicha boshqa bir ishlarni bajarishlari mumkin, shuning bilan o‘quv materialni ana shunday o‘zlashtirishlari mumkin (mantiqiy xulosa darajasi). Shuning uchun ham o‘quvchi-talabalar uchun berilgan o‘quv ishlarni, hamma mashqlarni uchta asosiy metod ichlariga sig‘dirish kerak va ularni quyidagi me’yorda keltirish mumkin: reproduktiv (taqlid qilish, o‘xshatish darajasida bo‘lgan o‘quvchi-talabalar uchun), produktiv (namunaga qarab ishlash darajasida bo‘lgan o‘quvchi-talabalar uchun) ijodiy (mantiqiy xulosa darajasida bo‘lgan o‘quvchi-talabalar uchun).