Katta maktab yoshi davri (o‘spirinlik davri 16 - 18 yosh.). - yuqori sinfga o‘tgan o‘spirin psixologiyasini o‘ziga xosligi shundaki, u hozirgi paytini, buguni va ertasini kelajak nuqtai nazaridan qabul qiladi. Aynan shu davrga kelib, o‘spirin turli kasblarga qiziqa boshlaydi.
O‘spirinlik yoshidagi o‘quvchilarda uzoq muddatli va tizimli ta’lim natijasida fikrlash, tanqidiy fikrlash rivojlanadi, dunyoqarashi shakllanadi, bilimlarning hajmi kengayadi. O‘qish va kasb tanlashning ijtimoiy ma’nosini to‘liq anglaydi. Ularning bilishga, sportga va boshqa narsalarga bo‘lgan qiziqishlari qat’iy xarakter kasb etadi.
Bu yoshda bilishga oid jarayonlar (idrok, xotira, tafakkur, nutq, hayol) yanada rivojlanadi. O‘spirinlar o‘z tuyg‘ularini boshqarishga va ularni tashqi namoyon bo‘lishini tartibga solishga qodir bo‘ladilar. Bu yoshda iroda ham ancha mustahkamlanadi, sabr - toqat va o‘zini tuta bilishlik rivojlanadi, o‘zi ustida ishlaydi, turli asarlar bilan tanishadi.
Xarakterli xususiyatlaridan yana biri - o‘spirin o‘ziga - o‘zi baho berishga intiladi, unda xushmuomalalik, odoblilik kabi axloqiy sifatlar takomillashib boradi.
O‘qituvchi va tarbiyachilar, o‘quvchilarni o‘qish, mehnat, o‘yin va sport faoliyatlarini, ularning aqliy va jismoniy rivojlanganlik darajasini o‘rganib borishi kerak. Bu ma’lumotlar o‘quvchilarga pedagogik ta’sir o‘tkazish uchun zarurdir.
Tarbiyaviy ta’sirlar samarasi kishining ta’sirchanligi yoki tarbiyaga beriluvchanligiga bevosita bog‘liq bo‘lib, u shaxsning ijtimoiy tabiatiga ko‘ra juda yuqori darajada bo‘ladi. Yoshi oshib borgan sari tarbiyaga ta’sirchanlik o‘zgarib boradi. Bola qanchalik kichik bo‘lsa, uning tarbiyaga beriluvchanligi shunchalik yuqori bo‘ladi, bolaligida tarbiyalangan fazilatlarni katta yoshda buzish ancha qiyin, deb hisoblagan edi K.D.Ushinskiy.
Shuning uchun ham shaxsni shakllantirish, bolaga ta’lim berish uchun ilk yoshdan maksimal foydalanish zarur. Tarbiyada individual xususiyatlarni va pedagogik ta’sirlarga bo‘ysunishini hisobga olish kerak.
Shunday qilib, individual xususiyatlar yosh xususiyatlar bilan mustahkam aloqada bo‘ladi.
16-18 yoshdagi umumta’lim maktabi, akademik, kasb-hunar litseylari va kollejlarning o‘quvchilari organizmi yoshi ulg‘aygan sari baquvvatlashadi. Jismoniy tarbiya esa bu jarayonini yanada kuchaytirishga yo‘naltiriladi. Jismoniy mashqlar bilan tizimli shug‘ullanish ta’lim tizimining shu yoshdagilarida ish qobiliyatini yaxshilash, asosiy harakat faoliyatlari uchun chidamlilik zahiralarini oshirish, o‘z tanasini boshqara olish, kuch, tezkorlik, chaqqonlik va boshqa har tomonlama jismonan garmonik tarbiya alomatlarini chuqurlashtirishga e’tiborni qaratadi.
Organizm o‘sib borar ekan uning funksional imkoniyatlarini oshib borishi ham tabiiy. Oldin egallangan harakat malakalari zahirasi bazasida yangi, keyin egallanishi lozim bo‘lgan harakat malakalari uchun poydevor yaratiladi. Bu yoshdagilarda ularning jismoniy madaniyat sohasidagi bilimlarni boyitish, sport trenirovkasi asoslari, sportchini o‘z - o‘zini nazorat qilishi qoidalariga o‘rgatish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
16-18 yoshdagilar uchun jismoniy tarbiya vositasi qilib asosiy gimnastika (kichik yoshdagilarga nisbatan og‘irroq mashqlar bilan), tanani boshqarish mashqlari, “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testi mashqlari, to‘siqlardan oshish, jamoa bo‘lib o‘ynaladigan harakatli o‘yinlar (osonlashtirilgan qoida) va boshqalar olinadi. Bu yoshda sport o‘yinlariga, gimnastika, yengil atletika, rolikli kon`kida yurish, yugurishdek sport turlarida bolalar yuqori natijalariga erishishlari mumkin. Bulardan tashqari ularda turistik poxodlar, piyoda yurish, krosslar hamda dalada o‘ynaladigan va harbiylashtirilgan o‘yinlar o‘tkazilishi mumkin.