12-ma\'ruza. Iqtisodiy ta\'limotlar tarixi fanidan
2. Urushdan keyingi institutsionalizm (XX a. 40–70-y.) Institutsionalistlar asta-sekin boshqa iqtisodiy maktablar talqin qila boshlagan iqtisodiy muammolarni tahlil qila boshladilar. Lekin bunda ular o’z tahlilini har xil siyosiy, ijtimoiy, madaniy institutlarni hisobga olgan holda olib bordilar. Asosiy e‘tibor ijtimoiy samaradorlik va ijtimoiy xarajatlar tushunchalariga berila boshladi.
a) “Yangi industrial jamiyat” konsepsiyasi
Ikkinchi Jahon urushidan keyin sof institutsionalizm biroz susaydi, ammo Jon Kennet Gelbreyt (1909-yil) asarlarida birmuncha o’zgargan shaklda qayta tiklandi. Uning ‘Yangi industrial jamiyat’ nomli asosiy asari iqtisodiyotda ‘texnostruktura’ning tahlili va roliga bag’ishlangan.
J.K.Gelbreyt fikri bo’yicha, hozirgi zamon bozor iqtisodiyoti xattiharakati murakkab texnikalarni ishlab chiqaruvchi yirik korporatsiyalar bilan aniqlanadi. Zamonaviy korporatsiyalarda real iqtisodiy hokimiyat kapital egalariga emas va hatto menejerlarga ham emas, balki texnologik bilim egalari – texnostrukturaga tegishli bo’ladi. Texnostruktura vakillari ishlab chiqarish to’g’risida o’ziga xos professional bilimga va qaror qabul qilish uchun zarur bo’lgan axborotlarga ega. Albatta, rasmiy jihatdan muhim qarorlar, qoidaga ko’ra kompaniyaning yetakchi menejerlari – direktor va uning o’rinbosarlarining alohida huquqi hisoblanadi. Lekin barcha qarorlarni qabul qilish deyarli 100 foiz axborotlarga bog’liq. Axborotlar esa texnostruktura ‘nazorati’ ostida bo’ladi.
Texnostrukturaning hukmronlik qilish sababini J.K. Gelbreyt tarixiy o’xshashlik nuqtayi nazaridan asoslab berishga harakat qiladi. Industrial jamiyatgacha bo’lgan davrda asosiy ishlab chiqarish omili yer hisoblangan, negaki, u ancha noyob resurs sifatida bo’lgan. Shuning uchun real hokimiyat yer egalariga qarashli bo’lgan. Buyuk geografik kashfiyotlar va sanoat to’ntarilishi natijasida yer resurslari o’zining noyoblik xususiyatini yo’qotadi va ishlab chiqarishning hal qiluvchi omili kapital kelib chiqadi. Hokimiyat kapital egalari qo’liga o’tadi. Zamonaviy jamiyatda eng noyob resurs – axborot, fan-texnika bilimi.
Shuning uchun real hokimiyat texnostruktura qo’lida bo’ladi.
T.Veblen o’z nazariyasida – texnokratiya jamiyatda oldingi qatorlarda bo’lishi kerak, deb aytgan bo’lsa, J.K. Gelbreyt esa, u amalga oshirildi, deb tasdiqlaydi.
Hozirgi zamon bozor iqtisodiyotining barcha eng muhim hodisalarini J.K.Gelbreyt zamonaviy texnika taraqqiyotining to’g’ridan to’g’ri va bevosita natijasi, deb tushuntiradi. Texnika va texnologiya uning fikriga ko’ra hozirgi zamon kapitalizmi uchun xarakterli bo’lgan yangi iqtisodiy belgilarni vujudga keltiradi. Ulardan eng muhimi rejalashtirishdir. Korporatsiyalarni boshqaruvchi texnostruktura ularning ish faoliyatini bir necha yil oldinga rejalashtiradi. Rejalashtirish va bitimlar tizimi (xomashyo, asbob-ukunalar, ilmiy va konstruktorlik ishlanmalarini yetkazib berish bo’yicha) barqarorlikni keltirib chiqaradi, raqobatni esa bartaraf etadi. Chunki reja raqobat bilan unchalik
‘chiqisha olmaydi’. Shuning uchun hozirgi zamon iqtisodiyotida muttasil va har tomonlama korporatsiyalararo shartnomalar tuzuladiki, ular bozorning boshqarilib turilishini, barqaror bo’lishini ta‘minlaydi. Stixiyali bozor va erkin raqobat faqat darsliklarda qolib ketadi, zamonaviy rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyoti esa, uzoq muddatli rejalashtirish asosida texnostruktura bilan boshqarilib turiladi.
J.K. Gelbreyt o’zining keyingi asarlarida texnostrukturaga nisbatan tanqidiy fikrlarni bildirgan. U texnostrukturani ‘bozor tizimini’ ekspluatatsiya qilishda (mayda va o’rta biznesni), davlat amaldorlari bilan qo’shilib ketishda, qurollanish ketidan quvishda, tabiiy resurslardan foydalanishdagi isrofgarchilikda, bozorga ta‘sir ko’rsatishning monopolistik uslublarini qo’llashda aybladi. Yirik korporatsiyalar davlat mashinasi bilan uzviy bog’langan va undan naf ko’radi: qulay buyurtmalarni va soliq imtiyozlarini oladi, raqobat kurashida siyosiy mexanizmlardan foydalanadi. J.K. Gelbreyt davlat va jamiyat tomonidan texnostruktura faoliyati tartibga solinib turilishini qayd qilib o’tadi.
U shuningdek, mayda va o’rta tadbirkorlikni va ijtimoiy texnostrukturani (uy-joy qurilishini, ijtimoiy transportni, tibbiy xizmatni, qishloq xo’jaligini, san‘atni) davlatning qo’llab-quvvatlashini talab qilib chiqdi. ‘Bozor tizimida’ bahoni va ish haqini bevosita tartiblash uning fikricha, tadbirkorlarda va ishchilarda kelgusidagi baho va daromadlarga bo’lgan ishonchini uyg’otadi. Bu ishlab chiqarish va xususiy investitsiyalarning barqarorlashuviga olib keladi. Davlatning aralashuvi, eng avvalo, ‘bozor tizimi’ zarar ko’radigan inflyatsiyani to’xtatish uchun ham zarur. Hukumat korporatsiyalar bilan nufuzli kasaba uyushmalarining o’zaro ta‘sir ko’rsatish jarayoniga aralashuvi va yirik biznesdagi baho va mehnat haqi darajasini bevosita nazorat qilib turishi kerak.
b) Konvergensiya konsepsiyasi
Nobel mukofoti sohibi, gollandiyalik olim Yan Tinbergen XX asrning 60-yillari ilgari surgan konvergensiya konsepsiyasi ko’pchilik iqtisodchilar tomonidan qo’llab-quvvatlandi. Ushbu konsepsiyaga ko’ra kapitalizm bilan sotsializm rivojlana borgan sari har ikkalasida o’xshash belgilar yuzaga keladi (kapitalizmda rejali ish roli oshib boradi, sotsializmda bozor munosabatlari rivojlanadi), tafovutlar asta-sekin yo’qolib boradi. Ishlab chiqarish sharoitlari, madaniyat va fantexnikaning rivojlanishi umumiy taraqqiyot natijasida har ikkalasida tobora bir xillashib boradi. Kapitalizm ham, sotsializm ham ayni bir xil muammolarni hal qilishga, ularni hal etishning bir xil uslublarini qo’llashga intiladi.
Yan Tinbergan hozirgi paytda hech qayerda ‘sof kapitalizm’ yo’q, deb hisoblaydi. Bu borada fikr yuritgan J.K. Gelbreyt texnika taraqqiyotini kapitalizm va sotsializmning yaqinlashuvi negizi sifatida ilgari suradi. U konvergensiya moyilligini yirik ishlab chiqarishning o’sishida, jami talabning davlat tomonidan tartibga solinib turishi va hokazolarda ko’radi. ‘Biz, deb xulosa qiladi Gelbreyt, – go’yo turlicha bo’lgan ikkita industrial tizimning konvergensiyasi hamma eng muhim sohalarda sodir bo’layotganligini ko’rib turibmiz’.
Iqtisodiyotni davlat yo’li bilan tartibga solib turishni birinchi o’ringa qo’ygan A.Bergson ‘har ikkala tizim unchalik xilma-xil emas va keyinchalik ular o’rtasidagi tafovut yanada ko’proq kamayib borishi mumkin’, deb yozadi.
Amerika sotsiologi P.Sorokin barcha asosiy yo’nalishlar bo’yicha – tabiatshunoslik va texnika, ijtimoiy fanlar, maorif, san‘at, din, nikoh va oila, iqtisodiy tizim, ijtimoiy munosabatlar, siyosiy tizim sohalarida kapitalizm bilan sotsializmning yaqinlashuvini targ’ib qiladi. Uning fikricha, kapitalizm va sotsializmning o’zaro konvergensiyasi oqibatida ulardan farq qiladigan qandaydir oraliq jamiyat yuzaga keladi.
v) «Xalq kapitalizmi»
Ikkinchi Jahon urushidan keyin institutsionistlar o’zlari oldin taklif qilgan ‘boshqaruvchilar inqilobi’ va ‘jamoa kapitalizmi’ konsepsiyalarini davom ettirdilar. Mazkur konsepsiyaga binoan hozirgi zamon g’arb mamlakatlarida hokimiyat ayrim shaxslar qo’lida emas, balki jamoalar, eng avvalo, texnokratlar va menejerlar qo’lida bo’ladi. Bu mulkning juda ko’p mayda aksionerlar o’rtasida bo’linib ketishi bilan va ishlab chiqarish jarayonining qiyinlashishi bilan bog’liq. Institutsionalistlar tomonidan ishlab chiqilgan iqtisodiy fandagi boshqa yo’nalish – iqtisodiy rivojlanish nazariyasidir. Bunda asosiy e‘tibor iqtisodiy o’sishning texnikaviy-xo’jalik omillari (texnikaning rivojlanish darajasi, ijtimoiy mahsulotdagi investitsiyalar ulushi va b.)ga qaratilgan.
XX asrning 40-yillari ‘xalq kapitalizmi’ konsepsiyasi shakllandi, unda XIX asr oxiridan boshlab kapitalistik tizimda yuz bergan o’zgarishlar qayd etiladi. Yirik korporatsiyalar va davlat tomonidan bozorning tartibga solinib turilishi bozordagi beqarorlikni va ortiqcha ishlab chiqarish inqirozini bartaraf etishga imkon beradi. Aksiyalarning keng tarzda tarqalishi yollanma ishchilarni kapital egalariga aylantiradi, bu hol asta-sekin kapitalistlar bilan yollanma ishchilar o’rtasidagi qarama-qarshilikka barham beradi. Davlatning faol qayta taqsimlash siyosati, keng aholi qatlamining mulkchilikda va kichik biznesda qatnashishi, yuqori iqtisodiy o’sish sur‘atlari tufayli umumiy farovonlik darajasining oshishi – bular hammasi ijtimoiy guruhlar o’rtasidagi tafovutni yo’qotadi, sinfiy ixtilof asosini bartaraf etadi.
Mazkur o’zgarishlar jamiyatning ijtimoiy-psixologik holatiga ijobiy ta‘sir ko’rsatdi va iqtisodiy rivojlanishga imkoniyat yaratib berdi. Bu xususida R.Xeylbruner tasdiqlaganidek: ‘kapitalizm yangi tizim tufayli ancha diqqatga sazovor va hech qachon boshidan kechirmagan uzoq muddatli iqtisodiy o’sish yo’liga o’tdi… Ushbu tizim tufayli sanoati rivojlangan mamlakatlarda aholining keng qatlamini o’z ichiga olgan mislsiz gullab-yashnash qo’lga kiritildi’.
g) ‘Industrial jamiyatdan keyingi jamiyat’
XX asr 60-yillarining oxiriga kelib aholi turmush darajasining o’sishi, xizmat ko’rsatish sohasining va iqtisodiyotda axborot sektorining roli kuchayib borishi bilan jahon iqtisodiy adabiyotlarida ‘Industrial jamiyatdan keyingi jamiyat’ konsepsiyasi keng tarqala boshladi.
Amerika sotsiologi Deniel Bell (1919) hozirgi zamon ijtimoiy tizimini asosiy harakatlantiruvchi va qayta tashkil etuvchi kuch fantexnika inqilobi, deb hisoblaydi. Fan-texnika inqilobi ta‘sirida iqtisodiy jarayonlarda, mulkchilik munosabatlarida, hokimiyatning tuzilishida, madaniyat, ma‘naviyat va mafkura sohasida juda katta o’zgarishlar amalga oshiriladi. ‘Industrial jamiyatdan keyingi jamiyat’ tizimining o’ziga xosligi shundan iboratki, u eng avvalo – xizmat ko’rsatish jamiyati bo’lib, aholining ko’pchiligi shu sohada ish bilan band bo’ladi. Bu jamiyat yana shu bilan ifodalanadiki, iqtisodiyot ‘uyg’unlashgan xarakter’ kasb etadi, uning rivojlanish sur‘ati oshadi, umumiy farovonlik, aholi jon boshiga to’g’ri keladigan daromadlarning yuksak darajasi ta‘minlandi, axborot hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Axborot umumxalq boyligi hisoblanadi, uni monopollashtirish juda qiyin. Agar industrial jamiyatning asosiy muammosi sanoat korporatsiyalarining ishini tashkil qilish hisoblansa, unda industrial jamiyatdan keyingi jamiyatning asosiy xo’jalik muammosi ―axborot iqtisodiyoti‖ uchun mahsulot yaratuvchi – universitetlar va ilmiytadqiqot markazlari faoliyatini tashkil qilish hisoblanadi. Insonning jamiyatdagi o’rni, mavqeyi va nufuzi endi uning mulkiy boyligidan ko’ra, uning malakasi va bilim darajasiga ko’proq bog’liq bo’ladi.
Haqiqatan ham jamiyatda xizmat ko’rsatish va axborot sohasining yuksak darajada rivojlanishi bunday jamiyatda sifat o’zgarishlar yuz berganligidan dalolat beradi.