Aksiz to‘lanadigan tovarlar eksportini tasdiqlash Aksiz to‘lanadigan tovarlar eksportini tasdiqlovchi hujjatlar quyidagilardir:
eksport qilinadigan aksiz to‘lanadigan tovarlarni yetkazib berish uchun tuzilgan kontrakt;
tovarlarni eksport rejimida chiqarishni amalga oshiruvchi bojxona organining belgisi qo‘yilgan bojxona yuk deklaratsiyasi
O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidagi o‘tkazish punktida joylashgan bojxona organining tovarlar tayinlangan mamlakatga jo‘natilganligini tasdiqlovchi belgisi qo‘yilgan tovarga ilova qilinadigan hujjatlar.
Aksiz to‘lanadigan tovarlar ro‘yxati va aksiz solig‘i stavkalari Aksiz to‘lanadigan tovarlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadi.
Aksiz solig‘i stavkalari tovarning qiymatiga nisbatan foizlarda (advalor) va (yoki) naturada ifodalangan o‘lchov birligiga mutlaq summada (qat’iy) belgilanadi.
Soliqni hisoblab chiqarish tartibi. Aksiz solig‘ini hisoblab chiqarish Soliq Kodeksining 232-moddasiga muvofiq aniqlanadigan soliq solinadigan bazadan va aksiz solig‘ining belgilangan stavkalaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Soliqdan chegirma. Soliq Kodeksining 236-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan aksiz solig‘ining summasi ushbu moddada belgilangan chegirma summasiga kamaytiriladi.
Aksiz to‘lanadigan tovarlar olinayotganda yoki O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga import qilinayotganda, agar mazkur tovarlardan keyinchalik aksiz to‘lanadigan tovarlar ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida foydalanilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘langan aksiz solig‘i summasi chegirib tashlanadi.
Aksiz to‘lanadigan tovar (xom ashyo) yetkazib beruvchilar mazkur tovar (xom ashyo) bo‘yicha aksiz solig‘i summasini hisobvaraq-fakturada ajratib ko‘rsatishlari kerak. Olinayotgan aksiz to‘lanadigan tovar (xom ashyo) bo‘yicha aksiz solig‘i summasi hisobvaraq-fakturada ajratib ko‘rsatilmagan bo‘lsa, aksiz solig‘ining mazkur summasi chegirib tashlanmaydi.
Chegirma soliq davrida realizatsiya qilingan aksiz to‘lanadigan tovarlar hajmiga to‘g‘ri keladigan aksiz to‘lanadigan tovar (xom ashyo) hajmidan kelib chiqqan holda aniqlangan aksiz solig‘ining hisobvaraq-fakturada yoki bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilgan summasiga nisbatan amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning qoidalari qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallardan tayyorlangan aksiz to‘lanadigan tovarlar topshirilayotganda ham qayta ishlashga berilgan aksiz to‘lanadigan xom ashyo va materiallarning mulkdori aksiz solig‘i to‘laganligini tasdiqlashi sharti bilan qo‘llaniladi.