Hisob-kitobni taqdim etish tartibi. Aksiz solig‘ining hisob-kitobi soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga yilning har choragida, soliq davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari bo‘yicha esa yillik moliyaviy hisobot topshiriladigan muddatda taqdim etiladi.
Soliq to‘lash tartibi Soliq to‘lovchilar soliq davri mobaynida joriy to‘lovlarni kiritish orqali aksiz solig‘ini to‘laydilar.
Aksiz solig‘i bo‘yicha joriy to‘lovlarning summasini aniqlash uchun soliq to‘lovchilar joriy soliq davri birinchi oyining 10-kunigacha davlat soliq xizmati organiga joriy soliq davri uchun aksiz to‘lanadigan tovarlarni realizatsiya qilishning taxmin qilinayotgan hajmi hamda aksiz solig‘ining belgilangan stavkasidan kelib chiqib hisoblangan aksiz solig‘ining summasi haqida ma’lumotnoma taqdim etadilar.
Aksiz solig‘i bo‘yicha joriy to‘lovlar har oyning 25-kunidan kechiktirmay yil choragi bo‘yicha aksiz solig‘i summasining uchdan bir qismi miqdorida to‘lanadi.
Aksiz to‘lanadigan tovarlarni realizatsiya qilishning taxmin qilinayotgan hajmidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan aksiz solig‘i summasi soliq davri uchun byudjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan aksiz solig‘i summasiga nisbatan 10 foizdan ko‘proq kamaytirilgan taqdirda, davlat soliq xizmati organi joriy to‘lovlarni byudjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan aksiz solig‘ining haqiqiy summasidan kelib chiqib pena hisoblagan holda qayta hisoblashga haqli.
Aksiz solig‘ini to‘lash hisob-kitoblarni topshirish muddatlaridan kechiktirmay amalga oshiriladi. Import qilinadigan tovarlar bo‘yicha aksiz solig‘ini to‘lash bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
Qarang: BKning 108-moddasi Aksiz markalari bilan tamg‘alanishi lozim bo‘lgan import qilinadigan aksiz to‘lanadigan tovarlar bo‘yicha aksiz solig‘i aksiz markalari olinguniga qadar to‘lanadi.