Soliq solinadigan baza Aksiz solig‘ining stavkalari mutlaq summada (qat’iy) belgilangan aksiz to‘lanadigan tovarlar bo‘yicha soliq solinadigan baza aksiz to‘lanadigan tovarlarning naturada ifodalangan hajmi asosida aniqlanadi.
Aksiz solig‘ining stavkalari foizlarda (advalor) belgilangan ishlab chiqarilayotgan aksiz to‘lanadigan tovarlar bo‘yicha, agar ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, realizatsiya qilingan aksiz to‘lanadigan tovarlarning aksiz solig‘i hamda qo‘shilgan qiymat solig‘i kiritilmagan qiymati soliq solinadigan bazadir..
Ish haqi hisobiga, hisoblab chiqarilgan dividendlar hisobiga, bepul yoki boshqa tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) ayirboshlash uchun beriladigan aksiz to‘lanadigan tovarlar bo‘yicha, shuningdek tovarlar tannarxidan past narxlarda realizatsiya qilingan taqdirda soliq to‘lovchi tovarlarni topshirish paytida uning haqiqiy tannarxidan kam bo‘lmagan darajada belgilaydigan narx asosida hisoblangan qiymat soliq solinadigan bazadir.
Qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallardan ishlab chiqarilgan aksiz to‘lanadigan tovarlar bo‘yicha soliq solinadigan baza aksiz to‘lanadigan tovarlarni ishlab chiqarishga doir ishlar qiymatini hamda qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallar qiymatini o‘z ichiga oladi.
Aksiz solig‘ining stavkalari foizlarda (advalor) belgilangan import qilinayotgan aksiz to‘lanadigan tovarlar bo‘yicha soliq solinadigan baza bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadigan bojxona qiymati asosida belgilanadi.
Soliq solinadigan bazaga tuzatish kiritish Soliq solinadigan bazaga quyidagi hollarda soliq to‘lovchida tuzatish kiritiladi:
tovarlar to‘liq yoki qisman qaytarilganda;
bitim shartlari o‘zgartirilganda;
baholar o‘zgarganda, sotib oluvchi siylovdan (skidkadan) foydalanganda.
Soliq solinadigan bazaga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tuzatishni kiritish bir yillik muddat doirasida, kafolat muddati belgilangan tovarlar bo‘yicha esa kafolat muddati doirasida amalga oshiriladi.
Soliq solinadigan bazaga tuzatish kiritish ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq yangi hisobvaraq-faktura yoki ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hol yuz berganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan daromadga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda tuzatish kiritish ko‘rsatilgan hollar yuz bergan soliq davrida amalga oshiriladi.