Vasl bog`i ichra sendek shohi zolim ko`rmadim, Ishq ko`yida o`zimdek notavone topmadim. (Navoiy)
baytidagi vasl, ishq so`zidagi l va q undoshi mustaqil hijoni tashkil etadi.
«Dahnoma» – XV asrda yashagan shoir Yusuf Amiriyning qalamiga mansub, eski o`zbek adabiy tilining nodir namunasi. Uning XVI asr boshlarida ko`chirilgan yagona nusxasi Britaniya muzeyida saqlanadi. Asar nomachilik an’analariga qat’iy rioya qilingan holda yozilgan, shoh Ulug`bekning akasi Boysung`ur Mirzoga bag`ishlangan. Asar tilining ravonligi va sujetining pishiqligi bilan ajralib turadi. Noma asosini ma’shuq va oshiqning bir-biriga yo`llagan maktublari tashkil etadi. Asardan ayrim parchalar “O`zbek adabiyoti” kitobining birinchi tomiga kiritilgan. 1987- yili G`afur G`ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida chop etilgan “Muborak maktublar” deb nomlangan majmuaga H.Muxtorova tomonidan tayyorlangan nusxasi kiritilgan.
Daraja shakli – belgining bir-biriga qiyosiy munosabatini ko`rsatuvchi shakl. Belgi bildiradigan so`zlarda ba’zan belgi darajalab ko`rsatiladi: katta, kattaroq, juda katta. Belgini darajalab ko`rsatuvchi maxsus morfologik, leksik vositalar mavjud, ular daraja kategoriyasi ostida birlashadi. Belgi bildiradigan so`zlarga, asosan sifat (shirin, shirinroq, juda shirin) va ravish (sekin, sekinroq, nihoyatda sekin), qisman sifatdosh (eskirgan, biroz eskirgan, juda eskirgan) va ravishdosh (kulib, kulibroq, rosa kulib) xos. Darajaning to`rt shakli ajratiladi.
1.Oddiy daraja – belgining me’yorda ekanligini bildiradi: qizil, shirin, nordon. 2.Orttirma daraja – belgining me’yordan ortiq ekanini bildiradi. Quyidagi yo`llar bilan hosil qilinadi: 1) oddiy daraja shaklidagi sifat oldidan eng, tim, jiqqa, liq, to`q, g`oyat, nihoyatda, juda, rosa, zap, bag`oyat, hammadan so`zlarini qo`shish bilan: juda qiziq, eng katta; 2) oddiy daraja shaklidagi sifatning birinchi bo`g`inini ajratib (ba’zan tovush o`zgarishi mumkin) juftlash yo`li bilan: bus-butun, kap-katta, yam-yashil, sip-silliq, to`ppa-to`g`ri, tep-tekis; 3) urg`u berish bilan: qaaari, maayda, uzuun; 4) ayrim sifatlarni chiqish kelishigida juftlash bilan: kattadan katta, shirindan shirin, azizdan aziz. 3. Qiyosiy daraja – belgining me’yordan biroz kam ekanligini qiyosan ifodalaydi. Maxsus shakli – roq: Nomus jondan ham qimmatliroq (F.Shiller).
4. Ozaytirma daraja – belgining me’yordan kam ekanligini bildiradi. Quyidagi yo`llar bilan hosil qilinadi: 1) oddiy daraja shaklidagi sifat oldidan sal, biroz, xiyla, picha, uncha, u qadar, birmuncha, nim so`zlarini qo`shish bilan; 2) -(i)sh, -(i)mtir shakllarini qo`shish bilan: qoramtir, ko`kish, ko`kimtir.
Uslubiy belgilari. -(i)sh, -(i)mtir shakllari faqat rang-tus bildiruvchi sifatlarni darajalab ko`rsatadi. Hatto rang-tus sifatlarining ham barchasiga qo`shila olmaydi: qora, ko`k, yashil va boshqalar.
Imlosi. Sifat oldidan qo`shilib, daraja hosil qilishda ishtirok etadigan sal, biroz, xiyla, picha, uncha, u qadar, birmuncha, eng, tim, jiqqa, liq, to`q, g`oyat, nihoyatda, juda, rosa, zap, bag`oyat, hammadan so`zlari doimo keyingi so`zdan ajratib yoziladi: biroz kichik, juda uzun bundan mustasno. Fors-tojik tilidan o`zlashgan bu so`z keyingi so`zga qo`shilib yoziladi: nimpushti, nimyashil. Davlat tili – ma’lum davlat hududida rasmiy aloqaaralashuv vositasi bo`lgan til.
Barcha davlat hujjati davlat tilida yoziladi, yig`in, anjuman va qurultoy shu tilda olib boriladi. 1989-yil 21-oktabrda o`zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi va 1990-yil 19-fevralda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan «Davlat tili to`g`risida»gi 30 moddadan iborat Qonun qabul qilindi. Bu haqda O`zbekiston Asosiy Qonunining 4 moddasida, «Davlat tili to`g`risida»gi Qonunning 1 moddasida shunday deyilgan: «O`zbekiston Respublikasining davlat tili o`zbek tilidir». Shuning uchun ham mamlakatimiz fuqarolari har yili 21- oktabrni til bayrami sifatida nishonlaydi. Qonun O`zbekiston xalqi sobiq Sho`ro davlati tarkibida bo`lgan vaqtda qabul qilinganligi sababli mustaqillik qo`lga kiritilgandan keyin uni qayta ko`rib chiqish zarurati paydo bo`ldi. Shuning uchun 1995yil 21dekabrda yangi tahrirdagi «Davlat tili to`g`risida»gi Qonun qabul qilindi. Avvalgi 30 moddadan iborat Qonunning 11 moddasi chiqarilib, 5 modda yangidan qo`shildi. Natijada u 24 moddadan iborat bo`ldi.
«Devonu lug`oti-t-turk» (“Turkiy so`zlar devoni”) – Mahmud Koshg`ariyning turkiy tillar haqidagi qomusiy asari. Bu asarda XI asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda va G`arbiy Xitoy hududida istiqomat qilgan turkiy urug` va qabilalar, ularning ijtimoiy ahvoli, tili, tarixi, jo`g`rofiyasi, metrologiyasi va astronomiyasiga oid qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirilgan. O`zbek tilshunosligi fani Koshg`ariyning «Devonu lug`otit turk» asari bilan boshlanadi. Asarning Namangan, Vena va Qohira nusxalari mavjud.
Asar haqida ilk ma’lumot bergan kishi fransuz sharqshunosi J.Amadi edi. Kitobning 1439-yilda Hirotda uyg`ur yozuvida ko`chirilgan bir nusxasi qator sarguzashtlar bilan Istanbulga kelib qoladi. Bu asar ilk marta 1914-yilda Turkiyaning Diyorbakir shahrida topilgan. 319 sahifadan iborat bu asar hozir Istanbulda saqlanadi. Bu nusxa “Devonu lug`otit turk” yozilgandan 200 yil keyin (1266-yilda) kotib Muhammad ibn Abu Bakr ibn Fotih al-Soviy al-Damashqiy tomonidan ko`chirilgan. Yevropalik kitob jalloblari qo`liga o`tib, Vena saroy kutubxonasiga tushadi. Qohira nusxasi 1896- yilda Qohirada, Namangan nusxasi 1913- yilda Namanganda topilgan.
«Devonu lug`otit turk» uch tomdan iborat, 1915–17-yillarda Istanbul shahrida nashr etilgan. Shu nashr asosida K.Brokkelman bu asarni 1928-yilda nemischa tarjimada nashr qildi. 1939- yilda Anqarada Basim Atalay tarjimasida turk tilida bosildi. Olim S.Mutallibov devon tarjimasi ustida samarali ishlab, 1960–63-yillar davomida uch tomda o`zbek tilida nashr qildi.
Koshg`ariyning asari kirish va lug`at qismidan iborat. Kirish qismida muallif «Devon»ning yaratilish sabablari, o`z ish uslubi, asarning tuzilishi, turkcha so`zlarning tuzilishida qo`llaniladigan harflar haqida, kitobda aytilgan va aytilmagan narsalar haqida, turkiy tabaqalar va qabilalarning bayoni, turk tilining xususiyatlari, tilda va lahjalarda bo`ladigan farqlar haqida fikr yuritadi. Har bir so`zning ma’nolari (polisemiya, omonim, antonim, arxaik so`zlar) chuqur tahlil qilinadi, ayrim so`zlarning etimologiyasi beriladi. Tovushlar tahlili ancha mukammal. Unli va undosh fonemalar, cho`ziq va qisqa unlilar farqlanadi, tildagi fonetik hodisa va qonunuyatlar ochib beriladi. Morfologiya qismida so`zlar arab tilshunosligi an’analariga ko`ra uchga ajratiladi: fe’l, ism, bog`lovchi. So`zlarning yasalish va bog`lanish xususiyatlari ko`rsatiladi.
Asarning lug`at qismida 7500 so`z sakkiz bo`limda izohlanadi. Koshg`ariy turkiy tillar qurilishini tasvirlashda qiyosiy usuldan foydalanib, tilshunoslikda qiyosiy-tarixiy metodning asoschilaridan biri bo`lib qoldi.
Dialektal lug`at o`zbek tilining dialekt va shevalariga xos bo`lgan leksik birliklarni qayd qiladi. Bunday lug`atlar umuman o`zbek tilining barcha shevalariga xos so`zlarni yoki ma’lum bir sheva so`zlarini izohlashga mo`ljallangan bo`lishi mumkin. 1971- yilda mualliflar jamoasi tomonidan «Fan» nashriyotida chop etilgan «O`zbek xalq shevalari lug`ati»ni bunga misol qilib keltirish mumkin. Lug`atdan misol keltiramiz:
Egalik shakli – tilimizda ismlarga qo`shilib, asos qismda ifodalangan narsa, belgi, xususiyat, harakat-holatning uch shaxsdan biriga qarashliligini bildiradigan shakllar tizimi. Egalik shakli predmethodisaning qaysi shaxs va songa qarashli ekanligini bildirib, o`zi birikkan bosh so`zni qaratqich kelishigidagi ergash so`zga bog`laydi: mening kitobim. Ergash so`z bo`lmaganda ham egalik shakli narsaning kimga tegishliligini ko`rsatadi: (mening) Ukam keldi.
Egalik qo`shimchasi unli yoki undosh bilan tugagan so`zga qo`shilishiga qarab ikkitadan fonetik variantga ega: