Sodda kesim bir so`z bilan ifodalanadi: 1.Sen bahorni sog`inmadingmu? 2. Majlis shunga qaror qildi. Qo`shma, juft, takroriy so`z, ibora bilan ifodalangan kesim ham sodda kesim deyiladi. Chunki u yaxlit holda bitta so`z yoki unga teng hodisa.
Murakkab kesim birdan ortiq so`z bilan ifodalanadi: 1.Ayozli kunlar birin-ketin o`tib borayotir. Murakkab kesim tarkibidagi ikkinchi so`z ko`makchi fe’l, bog`lama, nisbiy so`z bo`lishi ham mumkin. Murakkab kesimga misol: a) birikmali: Bu kun biz uchun og`ir kun; O`zbekiston – kelajagi buyuk davlat; b) to`liqsiz fe’lli so`z: Anjir kulchaday yirik va holvaytarday yumshoq edi; d) ko`makchili so`z:Hammasi sen uchun, Dilovar uchun; e) bog`lamali: (q. Bog`lama) Bunday odamlarni nodon hisoblashadi; f) ko`makchi fe’lli: Hamma ham xalqiga xizmat qilgisi keladi. Murakkab ot-kesim quyidagi xususiyatga ega: a) ot/sifat/son/olmosh/ravish+"bo`lmoq" fe’li yoki to`liqsiz fe’l: Mehnat qancha qiyin bo`lsa, noni shuncha shirin bo`ladi; b)yo`q/bor/oz/ko`p/zarur/lozim/kerak+bo`lmoq fe’li yoki to`liqsiz fe’li: Uzoqda ko`ringan sharpa bir zumda yo`q bo`ldi; d) harakat nomi+kerak/lozim/shart/darkor: Choyxona yangi solingan qishki binoga ko`chib kirishi va bayramda ochilishi kerak edi. Ega. Gapdagi xabarning kim yoki nima haqida ekanligini bildirib, kesimga tobe bo`lgan bo`lak – ega. Ega kim, nima, qayer so`rog`iga javob bo`ladi: Kishilar (kim) Hakimani va boshqa qizlarni maqtashdi. O`tloqda bedana (nima) ko`p. Atrof (qayer?) jimjit. Ega bosh kelishikda bo`ladi va ifodalanishi, odatda, quyidagicha: 1) ot: Shamol gul hidlarini atrofga taratdi; 2) olmosh: Ular to`garak mashg`ulotiga muntazam qatnashadi; 3) harakat nomi: O`qish tugadi; 4) otlashgan (sifat, son, sifatdosh, ravish, taqlid) so`z: Yaxshilar (sifat) ko`paysin, yomon qolmasin. Ikkovimiz (son) dala aylandik. Bilgan (sifatdosh) bilganin ishlar, bilmagan (sifatdosh) barmog`in tishlar. Ko`plar (ravish) qatnashdi. Uzoqdan to`plarning gumbur-gumburi (taqlid) eshitilardi; 5) ibora: Uning yuziga oyoq qo`yish axloqimizga zid; 6) kengaygan birikma: Otlarning otxonaga olib o`tilmagani Ziyodillani taajjublantirdi. Ba’zan teng aloqadagi bir necha so`z ham butunicha yoki bo`lak-bo`lak ravishda ega bo`lib kelishi mumkin: Otam bilan akam bozorga ketishdi. Ba’zan ega chiqish kelishigidagi so`z bilan ham ifodalanishi mumkin. Bunda haqiqiy ega tushirilgan, undan oldin kelayotgan chiqish kelishigidagi so`z ega vazifasini ifodalaydigan bo`lib qoladi: Unda ham bu kitobdan bor. Bu gapdagi haqiqiy egani tiklash mumkin: Unda ham bu kitobdan biri bor tarzida.
Hamma gapda ega qatnashavermaydi. Shu nuqtai nazardan gap egali va egasiz gapga bo`linadi. (q. Gap).
Ega bilan kesimning shaxs-sonda mosligi. Ega bilan kesimning shaxs-sonda mosligini ikkiga bo`lib o`rganish mumkin: a) shaxsda moslik; b) sonda moslik. Shaxsda moslik. Ega va kesim bir-biri bilan shaxsda hamma vaqt mos bo`ladi: Biz maktab jamoat ishida faol qatnashamiz. Nutqda Hayron bo`lasan kishi tarzidagi gap qo`llanadi. Bu gapda ega va kesim shaxsda moslashmagan: ega (kishi) III, kesim esa II shaxsda. Bu – kam uchraydigan hodisa. Sonda moslik. Bunda quyidagi holat muhim: a) fe’l-kesim I va II shaxsda ega bilan hamma vaqt sonda mos bo`ladi: Biz yordam berdik; b) kesim III shaxsda ega bilan hamma vaqt sonda moslashavermaydi: 1) kishini bildirgan III shaxsdagi ega bilan fe’l-kesim sonda mos bo`ladi: Dehqonlar ishni boshlab yubordilar; 2) ko`plikdagi kishini emas, narsa-buyumni bildirsa, fe’l-kesim, odatda, ega bilan sonda moslashmay, birlikda ishlatiladi: Kitoblar olindi; 3) ot-kesim ko`plikdagi ega bilan ko`pincha moslashmaydi: Uyda akam, opam va singlim bor edi; 4) gapda eganing aniqlovchisi miqdor son bilan ifodalansa, kesim va ega birlik shaklida bo`ladi: Uchta qiz yordamga keldi. Ega va kesim mosligini yuzaga keltirishda ohang muhim o`rin tutadi: 1.Yer xazina – suv oltin. 2. Qo`l - yaratuvchi. 3.Bu – maktab, do`stim. Ega bilan kesim orasida tirening ishlatilishi. Quyidagi holatda ega bilan kesim orasiga tire qo`yiladi: 1) gapning kesimi bosh kelishikdagi ot bilan ifodalanib, bog`lama yoki kesimlik qo`shimchasi bo`lmasa: Toshkent – go`zal shahar; 2) gapning egasi yoki kesimi yoxud ikkisi ham harakat nomi bilan ifodalansa va bog`lama bo`lmasa: Kulish – umrni uzaytirish vositasi; 3) gapning egasi yoki kesimi birikma bilan ifodalanib, tenglik, o`xshatish, kabi ma’noni bildirsa va bog`lama bo`lmasa: Yaxshi qiz – yoqadagi qunduz; 4) ega yoki kesim ko`rsatish olmoshi yoxud miqdor son bilan ifodalanib, alohida ajratib ko`rsatilsa, bog`lama yoki kesimlik qo`shimchasi bo`lmasa: 1.Ana shu – mening uyim. 2.Uch karra uch – to`qqiz; 5) ega bilan kesim bu, u, mana bu so`zi bilan ajratilganda tire shu so`zdan oldin qo`yiladi: Istiqlol – bu o`zbek xalqining azaliy orzusi. Quyidagi holatda ega bilan kesim orasiga tire qo`yilishi lozimdek bo`lsa ham, qo`yilmaydi: 1) ega kishilik olmoshi bilan ifodalangan bo`lsa va bog`lama bo`lmasa ham: U tajribali iqtisodchi; 2) kesim bosh kelishikdan boshqa kelishik qo`shimchasini olgan bo`lsa: Butun umidimiz sendan; 3) ega bilan kesim o`rtasida ham yordamchi so`zi bo`lsa: Men ham kichik paxtakor; 4) kesim sifat, son (miqdor sondan tashqari), ravish bilan ifodalansa: 1.Shahrimiz go`zal. 2.Kitoblar soni beshta. 3.Mening orzularim ko`p. 5) ta’kidlash uchun yuklama qo`llanganda: 1.Men ham talaba. 2.Yer xazinami? 3.Bu kitob-ku? Ba’zan ta’kidni kuchaytirish uchun kesimlik qo`shimchasi bo`lishiga qaramay, egadan keyin tire qo`yilishi mumkin: Adabiyot — hayotning badiiy ifodasidir. Kesimni shakllantiruvchi va uni ega bilan bog`lovchi ko`makchi fe’l, to`liqsiz fe’l (edi, ekan, emish) va shuningdek, bo`lmoq, hisoblanmoq, sanalmoq, deyilmoq kabi vaqtincha lug`aviy ma’nosini yo`qotgan ayrim mustaqil so`z, kerak, lozim, zarur, shart, darkor kabi modal ma’noli so`z – bog`lama. Mustaqil so`z -moq, -(i)sh qo`shimchali harakat nomi bilan kelib kesim tarkibida qatnashganda kesimlik so`zi ham deyiladi. Ular yuqorida aytilgan ot (shart), modal (kerak, zarur, lozim, darkor, mumkin, muhim) turkumiga tegishli bo`lishi mumkin.
Kesim ot, sifat, son, olmosh va bor, yo`q so`zi bilan yoki turli modal, undov bilan ifodalansa, ega bilan moslashtirish uchun bog`lamadan foydalanamiz: a) -dir: Tamagirlik bilan topilgan eng kichik narsa ham bebaqodir. b) to`liqsiz fe’l: Shu shaharning mevasi erurmiz. Deydilar: sog`liq hayot bergan ehson ekan. d) bo`ldi, qildi, etdi yordamchi fe’li: Harom mol kishini halok etadi. Kecha biz bakovul bo`ldik. O`qituvchimiz majlis qildi; e) ayrim mustaqil fe’l: Muallim ulug` zot sanaladi. Ozodlik buyuk ne’mat hisoblanadi. Bosh harf imlosi – 1995- yil 24- avgustda qabul qilingan “O`zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning 66–74- paragraflarini o`z ichiga oluvchi bosh harf bilan yozish haqidagi imlo qoidasi to`plami.
Bosh harflar quyidagi hollarda ishlatiladi: 1) kishining ismi, ota ismi, familiyasi, taxallusi, ramziy atoqli oti bosh harf bilan boshlanadi: Dilbar, O`rinova, Muhabbat Majidovna, Azamat Shuhrat o`g`li, Hamza Hakimzoda, Muhammadsharif So`fizoda, Mannon Otaboy, Navoiy, Furqat; Yelpig`ichxon, Salomjon Alikov kabi; 2) joy nomi bosh harf bilan boshlanadi: Andijon, Yangiyo`l (shaharlar), Naymancha, Buloqboshi (qishloq), Bodomzor, Chig`atoy (mahallalar), Zavraq (dara), Yorqoq (yaylov), Qoratog`, Pomir (tog`), Oqtepa, Uchtepa (tepa), Zarafshon,