1.1. ONA TILI DARSLARIDA O‘QUVCHILARGA GRAMMATIK TUSHUNCHALARNI O‘RGATIB BORISHNING AHAMIYATI
Ma’rifatparvar olim Abdulla Avloniy bundan yuz yillar avval aytgan “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir” degan iborasi ayni kunda ham o‘z qimmatini yo‘qotgan emas. Darhaqiqat, dunyo bilan bo‘ylashishimiz uchun yoshlarimizning ta’lim-tarbiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Ona tili ta’limidagi bunday muammoni hal etishning asosiy yechimi darsliklar masalasini tubdan isloh qilish, ulardagi ilmiy-nazariy faktlardagi nomutanosibliklarni bartaraf etish, oddiydan murakkabga tamoyili asosida grammatik qoidalarni bosqichma bosqich, uzviyligini ta’minlagan holda o‘quvchi ongiga singdirishdan iboratdir.
Ta’limda o‘rgangan nazariy bilimlarini o‘quvchi amalda qo‘llagandagina ona tili ta’limi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erisha oladi.
Bugungi kunda ona tili ta’limi oldida turgan dolzarb masalalardan biri darsliklarda grammatik tushunchalarning chalkash holda berilishidir. Darsliklarni yaratish va ularni ta’lim sohasiga joriy etishda uzviylikning ma’lum darajada uzilib qolgani yuqoridagi kabi muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Dars va didaktik materiallar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanishning cheklanganligi esa ta’lim sifatining past bo‘lishiga olib keladigan salbiy jihatlardan biri hisoblanadi. Pedagogika ensiklopediyasida dars va didaktik material atamalariga quyidagicha ta’rif beriladi:
Dars – (arabcha – saboq, ma’ruza).
uzluksiz ta’lim muassasalarida amalga oshiriladigan ta’limning asosiy shakli;
o‘quv ishlarining asosiy tashkiliy shakli, mantiqiy tugallangan, yaxlit o‘quvtarbiyaviy jarayonning aniq vaqt bilan chegaralangan qismi.
Didaktik material – o‘quvchilarning yozma va og‘zaki nutqi, tovush va harflarni idrok etish, so‘zlarni o‘z o‘rnida qo‘llagan holda matn tuzish, nutq ko‘nikmalari, idroki, xotirasi, nutq tovushlarini tinglash va harflarni ko‘rib idrok eta olish layoqati, tafakkurini shakllantirish va muntazam rivojlantirish, ular nutqida uchraydigan xatolarni bartaraf etishga qaratilgan didaktik materiallar ustida ishlash imkonini beradigan topshiriqlarni ifodalovchi tushuncha.
Yuqoridagi fikrlardan ma’lum bo‘ladiki, darsliklarda berilishi lozim bo‘lgan asosiy didaktik materiallar o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirishga, lug‘at boyligini oshirishga, so‘zlarni nutq vaziyatidan kelib chiqqan holda eng maqbulini tanlab qo‘llay olish malakalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim.
Tan olib aytish kerakki, hozirgi zamon o‘quvchisida na og‘zaki va na yozma nutq malakalarini yuqori darajada deb bo‘lmaydi. Bunga asosiy sabab sifatida ijtimoiy hayotimizda gadjetlar, har xil messenjerlar, ijtimoiy tarmoqlardagi avtomatik sozlamalar biz uchun “muloqot”ni amalga oshirayotganini keltirishimiz mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p vaqtini o‘tkazayotgan yosh avlod savodsizlikning ilk pog‘onasiga ham aynan ijtimoiy tarmoqlar orqali kirib kelyapti.
O‘z aqidalariga ko‘ra tejamlilik tamoyiliga rioya etayotgan o‘quvchi yoshlarimiz savodsizlik botqog‘iga tobora chuqur sho‘ngib borayotganlariga ahamiyat berishmayotgani achinarli hol.
Mana shunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, ular yuzasidan tegishli choratadbirlarni ishlab chiqish va dars jarayoniga tatbiq etish ham ayni damda ona tili o‘qitish metodikasi fani oldida ko‘ndalang turgan dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
O‘quvchilarning imloviy savodxonligini oshirish borasida quyidagicha topshiriqlarni darsliklar tarkibiga kiritishni tavsiya etgan bo‘lardik:
1-topshiriq. Quyida berilgan so‘zlar orasidan xato yozilgan so‘zlarni imlo qoidasiga muvofiq to‘g‘rilab yozing.
Tasurot, inshoat, hayol, xayot, charxfalak, iptido, tarannum, dasyor, tanavul, mutola.
Taassurot, inshoot, xayol, hayot, charxpalak, ibtido, dastyor, mutolaa.
O‘quvchilar bu topshiriqni bajarish jarayonida har bir so‘zni imlo lug‘atidan qidirib topadilar, ularning imlosi yuzasidan aniq bir to‘xtamga keladilar. O‘quvchi o‘zi izlab topgan ma’lumotni yillar davomida eshitganidan ko‘ra ko‘proq yodida saqlaydi.
2-topshiriq. Yuqorida keltirilgan so‘zlarning ona tilimizga qaysi tildan kirib kelganligini aniqlab, quyidagi jadvalga joylashtiring.
Arab tilidan o‘zlashgan so‘zlar
|
Fors-tojik tilidan o‘zlashgan so‘zlar
|
Taassurot, inshoot, xayol, hayot, ibtido, tarannum, mutolaa.
|
Charxpalak, dastyor.
|
Yuqorida berilgan topshiriqni bajarish asnosida o‘quvchilarning kognitivpragmatik qobiliyatlarini rivojlantirish, ularni ijodiy izlanishga da’vat etish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga o‘quvchilar o‘zbek tili leksikasining boyish manbalari yuzasidan grammatik tushunchaga ham ega bo‘ladilar.
3-topshiriq. Yuqoridagi so‘zlarning ma’nolarini “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobidan izlab toping. Ularning ma’nolari orasidan hozirgi kunda eng ko‘p qo‘llaniladigan dominant ma’nosi yuzasidan o‘z fikrlaringizni bayon eting.
Taassurot – ta’sirchanlik, hassoslik; g‘am-anduh, xafagarchilik. Ko‘rilgan, his etilgan hodisa, kishi yoki narsa to‘g‘risida ko‘ngilda, xotirada qolgan iz, tug‘ilgan fikr va his-tuyg‘ular majmui.
Bu so‘zning hozirgi kunda ko‘rilgan, his etilgan hodisa, kishi yoki narsa to‘g‘risida ko‘ngilda, xotirada qolgan iz, tug‘ilgan fikr va his-tuyg‘ular majmui ma’nosi keng qo‘llaniladi.
Qolgan so‘zlar ham xuddi shu yo‘sinda izohlanadi. Ularning ma’nolaridagi torayish va kengayish hodisalari tahlil etiladi. Bu topshiriq o‘quvchilarning so‘z boyligini oshirishga xizmat qiladi. Nutq jarayonida so‘zlardan mantiqan to‘g‘ri va maqsadli foydalana olish ko‘nikmalarini shakllantiradi.
4-topshiriq. Yuqorida keltirilgan so‘zlarni boshqa so‘zlar bilan kengaytirib, so‘z birikmalarini hosil qiling.
Iliq taassurot, gidrotexnik inshoot, xayol qilmoq, o‘simliklar hayoti, charxpalakning g‘irch-g‘irchi va b.
O‘quvchiga bunday topshiriqlarni berish jarayonida ularning ham grammatik, ham nutqiy bilimlari sinovdan o‘tkaziladi. Hosil qilingan so‘z birikmalari orasida xayol qilmoq so‘zi mavjud.
Ayrim o‘quvchilarning bunday xatoliklarga yo‘l qo‘yishi juda ko‘p uchraydigan holat. Sababi o‘quvchida nazariy bilimlarning yetishmasligi, qo‘shma so‘z va so‘z birikmasining farqiga bormaslikdir.
Qo‘shma fe’l va so‘z birikmasi shakliy jihatdan bir-biriga o‘xshaydi. Ikkalasi ham ikki so‘zning mazmun va grammatik jihatdan birikishidan hosil bo‘ladi va ikkisi ham tushunchani ifodalaydi. Lekin qo‘shma so‘z nutqqa tayyor holda kirib kelishi va ma’lum tushuncha yuzasidan umumiy ma’no ifodalashiga ko‘ra so‘z birikmasidan farq qiladi.
So‘z birikmasi esa nutqiy hodisa, ya’ni u nutq jarayonida hosil bo‘ladi. So‘zga nisbatan aniq tushunchani ifodalaydi. O‘quvchiga bunday nazariy ma’lumotlarni tushuntirishda faqat ilmiy jihatdan yondashmay, yuqoridagi kabi topshiriqlar orqali mavzuning mohiyati ochib berilsa, fanga nisbatan kompetensiyaviylikning samaraliroq amalga oshirilishiga zamin yaratgan bo‘lar edi.
Bu topshiriq yana shunisi bilan ham ahamiyatliki, o‘quvchi so‘z birikmasini hosil qilish jarayonida so‘zlarning valentlik nazariyasi bilan ham yaqindan tanishadi. Har bir so‘z o‘z ma’nosi doirasida birikish imkoniyatiga ega bo‘lgan boshqa so‘zlar bilan leksik-semantik maydonni hosil qilishi yuzasidan ham nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ladi.
Yozma nutq o‘ta murakkab faoliyat turi hisoblanadi.
Chunki bu faoliyat turida yozishga qo‘shimcha ravishda eshitish, so‘zni his etish, idrok qilish, esda saqlash kabi bir qancha murakkab psixik jarayonlar ham amalga oshiriladi. o‘zbek tilidagi ayrim so‘zlar eshitilganiday yozilmaydi. Ularni, albatta, morfologik yozuv qoidasiga binoan yozishimiz shart. Bu jihatdan o‘quvchi yetarlicha orfogragik bilimga ega bo‘lishi talab etiladi.
Darsliklarda o‘quvchilarning yozma nutqini rivojlantirishga qaratilgan mashqlarni ta’limiy funksiyalariga ko‘ra 4 guruhga ajratish mumkin:
Fonetik jarayonlarni rivojlantirish uchun tanlanadigan mashqlar;
Aniq artikulyatsiya va maktabda muvaffaqiyatli o‘qish uchun zarur bo‘lgan tovushni hosil qiluvchi mashqlar;
Nutqni harakatlantiruvchi kichik motorikani rivojlantirish jarayoni;
Harfl arni obrazli tasavvur qilish va ko‘rib idrok etishga o‘rgatuvchi mashqlar
Dostları ilə paylaş: |