Boshlang‘ich sinflarda ona tili darslarining turlari va ularga qo’yiladigan talablar.Darsning umumiy tasnifi. Maktabda dars o’quv-tarbiya jarayonini tashkil qilishning asosiy shakli hisoblanadi. Dars ta’lim-tarbiyani amalga oshirishning eng qulay va eng zarur omilidir.
Darsga qo’yiladigan umumiy talablar quyidagilar:
1. Ta’limiy talab. Har bir dars o’quvchiga qandaydir bilim berishi lozim. Har bir darsning asosiy maqsadi ham shu.
2. Tarbiyaviy talab. Bu har jihatdan komil shaxsni tarbiyalash demakdir.
3. Didaktik talablar. Bu o’qituvchiga darsni to’g‘ri tashkil qilish: dars maqsadlarini, turini to’g‘ri belgilash, darsdagi u yoki bu materialni o’quvchilarga etkazib berish uslub va usullarini to’g‘ri tanlash, o’quvchilar bilimini tekshirish va baholash shakllari aniqlab olish demakdir.
4. Psixologik talablar. Bu talab shuni nazarda tutadiki, o’qituvchi o’z o’quvchilarining xarakter-xususiyatini qanchalik darajada yaxshi bilishi judda katta ahamiyatga ega. O’z o’quvchilarining psixologik xususiyatlarini yaxshi bilgan o’qituvchigina to’laqonli dars uyushtirishi mumkin.
5. Gigienik talablar. Bu o’quvchilar salomatligi haqida qayg‘urish demakdir. Sinfda yorug‘lik, toza havo har doim etarli bo’lishi lozim.
Boshqa fanlar kabi, ona tili o’qitishning samaraliligi darsning sifatiga bevosita bog‘liqdir.
Darsga qo’yilgan umumdidaktik talablar pedagogik adabiyotlarda keng yoritilgan. Ularni ona tili o’rgatishga tatbiq qilib, metodik aniqliklar kiritilsa, ona tili darslariga qo’yilgan talablar quyidagicha bo’ladi:
I. Yangi bilim berish, ularni nutq praktikasiga tatbiq etish va o’quvchilarni tarbiyalash bir butun jarayondir. Darsda o’quvchilarning o’quv faoliyatini tashkil etishga, foydalaniladigan til materialining g‘oyaviy-siyosiy, estetik va badiiy qimmatli bo’lishiga, tilni o’rganish jarayonida bolalarda dunyoqarash elementlarini shakllantirishga alohida ahamiyat berish zarur. Ijodiy izlanish muhiti yaratilgan darslardagina zarur axloqiy sifatlar tarbiyalanadi.