Umumiy didaktikaning predmeti dars o`tish (o`qituvchi faoliyati) va bilim olish (o`quvchining o`rganish faoliyati)ning o`zaro bog`liqligi va aloqadorligi hisoblanadi.
Umumiy didaktikadan tashqari xususiy didaktikalar yoki alohida fanlar bo`ycha ta’lim metodikasi deb ataluvchi didaktikalar ham mavjud.
Ularning mazmuni ta’limning ma’lum bosqchlarida u yoki bu fanlarni o`rganish va ta’lim berishning nazariy asoslarini belgilaydi. Har bir o`qituvchi didaktika asoslarini puxta bilishi va ularga tayangan holda faoliyatni tashkil etishi zarur.
Didaktika predmetini aniqlash bo`ycha turli qarashlar ilgari surilgan. qarashlarning turlicha bo`lishi didaktikaning metodologik kategoriyalarini aniq ajratilmaganligi bilan bog`liq.
Ko`pchilik olimlar ta’lim ob’ekti deb o`qitish jarayonining maqsadi, mazmuni, qonuniyatlari, metodlari va tamoyillarini ko`rsatadilar.
Didaktika ta’limni ijtimoiy tajribani berish vositasi sifatida e’tirof etadi.
Darhaqiqat, o`qish, o`rganishi ta’lim jarayonining ajralmas xususiyatidir. Ta’limga psixologiya nuqtai nazaridan yondashilsa, ushbu munosabatning ustuvorligiga shubha qolmaydi. Biroq, ta’limga pedagogik, ya’ni, ijtimoiy tajribani berish, o`rgatish nuqtai nazaridan qaralsa faoliyat uchun asosiy sanaluvchi munosabat – ikki shaxs (o`quvchi va o`qituvchi) o`rtasidagi munosabatlar yetakchi o`rin egallashi lozim ekanligi anglanadi.
Didaktikaning vazifalari quyidagilardan iborat: - ta’lim jarayonlari va ularni amalga oshirish shartlarini ta’riflash va tushuntirish;
- ta’lim jarayonini yanada mukammal tashkil etish, ya’ni, ta’lim tizimlari va texnologiyalarini ishlab chiqish;
- ta’lim jarayoni uchun xos bo`lgan umumiy qonuniyatlarni aniqlash, omillarini tahlil qilish va ta’riflash.
Didaktika nazariy va bir vaqtning o`zida me’yoriy-amaliy fan. Didaktikaning ilmiy-nazariy vazifasi ta’limning mavjud jarayonlarini o`rganish, uning turli jihatlari o`rtasidagi bog`liqliklar, ularning mohiyatini ochib berish, rivojlanish tendensiyalari va kelajagini aniqlashdan iboratdir.
O`zlashtirilgan nazariy bilimlar ta’lim amaliyotini yo`naltirish, ta’limini jamiyat tomonidan qo`yilayotgan ijtimoiy talablarga muvofiq takomillashtirishga imkon beradi. Ta’lim mazmunini anglab olish, ta’lim tamoyillari, ta’lim metod va vositalarini qo`llash me’yorlarini aniqlash asosida didaktika amaliy-me’yoriy hamda tashkiliy-texnologik vazifani bajaradi.