Nutq samaradorligiga salbiy ta'sir etadigan holatlar O'qituvchi nutqi samaradorligi uning to'g'ri tashkil etilishiga bog'liqdir. Ayrim holatlar nutq ta'sirchanligiga salbiy ta'sir etadi. Ular quyidagilardir:
1) Sinonimlardan o'rinli foydalana bilmaslik. O'qituvchi hikoyasi davomida bir xil so'zlardan tez-tez foydalanishi nutqning noto'g'ri tuzilganligidan darak beradi. Bunday holat ko'pincha dialoglarni bayon etishda uchraydi. Masalan, «dedi», «aytdi» kabi kesimlardan tez-tez foydalanish holatlari uchraydi. Bu so'zlar o'rniga «fikr bildirdi», «ma'lum qildi», «aytdi», «so'radi», «javob berdi» kabi tarzdagi sinonimlardan foydalanish nutqni boyitadi va ta'sirchanligini oshiradi.
2) Shevaga xos bo'lgan so'zlardan foydalanish. Bu holat ham o'qituvchi faoliyatida uchraydigan asosiy kamchiliklardan biri bo’lib, bu o'quvchilarning nutqini oshirishga salbiy ta'sir etadi. O'qituvchi shevaga xos bo'lgan so'zlardan umuman foydalanmasligi lozim.
3) Noo'rin so'zlarni tez-tez takrorlash. Masalan, «xo'sh», «misol uchun», «aytaylik» kabi qator so'zlar o'qituvchilar nutqida ko'p uchraydi. Bu holat ham nutq samaradorligini kamaytirish bilan birga o'quvchilarni chalg'itadi. Ya'ni o'quvchilar beixtiyor o'qituvchi nutqidagi noo'rin so'zlarni hisoblash bilan mashg'ul bo'la boshlaydilar. Bu esa o'z-o'zidan ularni nutqning asosiy mazmunidan chalg'itadi.
4) Tavtologiya – bir o'rinda bir xil ma'noli so'zlardan foydalanish. Masalan, «Bir xil ma'noli sinonim so'zlar». Bu o'rindagi sinonimlar – bir xil ma'noli so'zlarni ifodalaydi. Yoki «esdalik suvenirlar». «Suvenir» - so'zi esdalik sovg'a ma'nosini anglatadi. Bunday so'zlar o'quvchilarni so'zlarning asl ma'nosidan chalg'itishi mumkin.
O'qituvchi nutqining kommunikativ sifatlari O'qituvchi mantiqiyligini ta'minlaydigan to'g'rilik, aniqlik, mantiqiylik, ifodalilik, boylik soflik kabi qator sifatlar mavjud bo'lib, ularning barchasini o'zida mujassamlashtirgan nutq madaniy hisoblanadi. Har qanday nutqning asosiy maqsadi muayyan axborotni tinglovchiga etkazish, shu yo'l bilan unga ta'sir qilishdan iborat bo'lib, mazkur sifatlarning jami nutqning ta'sirchanligini yuzaga keltiradi.