Falsafa va fan:
Falsafa va aniq fanlar o‘zining dastlabki qadamlaridanoq bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lib kelgan. Qadimgi jamiyatlarda diniy-mifologik (afsonaviy) tasavvurlar, falsafiy g‘oyalar va empirik ilmiy bilimlar bir biridan ajratilmagan, sinkret (qorishgan holda) yagona, birini boshqasidan ajratib bo‘lmaydigan darajada edi. Keyinchalik rivojlanish mobaynida falsafa va fan hali talaygina umumiylikni saqlagan holda o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘la boshlaydi.
Fan o‘zining yetuk shakliga sanoat revolyusiyasi davridan erisha boshlaydi, ba’zi ilmiy fanlar esa faqat XIX-XX asrlardangina shakllana boshladi. Shu sababli ko‘pgina zamonaviy ilmiy g‘oyalar o‘zining dastlabki shaklida falsafiy qarashlar ta’sirida ishlab chiqilgan. Bu, masalan, atom, Quyosh tizimining tabiiy kelib chiqishi, sinergetika va boshqalar to‘g‘risidagi g‘oyalarga tegishli.
Falsafa fan doirasida olingan dalillarni inobatga olmasligi mumkin emas. Bundan tashqari falsafaning o‘zi u yoki bu davrda tabiatshunoslikning u yoki bu ideallarini ko‘zda tutadi. Masalan, XVII-XVIII asrlarda mexanikaning yetakchi ilmiy fan sifatida shakllanishi mazkur davrda yevropa falsafasining mexanistik shakliga sabab bo‘ldi. Deyarli barcha, hattoki inson va jamiyatda yuz berayotgan jarayonlar ham mexanika qonunlari asosida sharhlandi. Bugungi kunda falsafa o‘z g‘oyalarini tabiat va jamiyat to‘g‘risidagi fanlarda kechayotgan jarayonlarsiz rivojlantira olmaydi.
Falsafa va fanning o‘zaro munosabatlaridagi yana bir jihati falsafa ilmiy bilishdagi turli soha yutuqlarini muvofiqlashtiradi, umumlashtiradi va ularni imkon qadar umumlashtirgan falsafiy kategoriyalarda aks ettiradi.
Falsafaning muammolari:
Falsafiy muammolarning o‘ziga xos xususiyati, uning ikki tomonlama tabiatga egaligidadir. Bir tomondan, har bir tarixiy vaqt oralig‘ida ular mazkur davrning o‘ziga xos jihatlari bilan bog‘liq holda muayyan - tarixiy shaklga ega bo‘ladi. Masalan, G‘arbiy Yevropa o‘rta asr madaniyatida hukmronlik qilgan din va diniy institutlar ilohiyotga doir muammolarga bo‘ysunadigan falsafiy muammolarni belgiladi. XVII-XVIII asrlarda Yevropa fanida mexanikaning birinchi o‘ringa chikishi falsafiy muammolarga mexanik nuqtai nazardan qarashni keltirib chiqarib, o‘sha davr falsafasining shunga mos tarzda shakllanishiga sabab bo‘lgan edi. Yoki ilk islom falsafasidagi (masalan, iroda erkinligi haqidagi jabariylar va qadariylar o‘rtasidagi) bahs haqida gapirish mumkinki, bu xalifalar hokimiyatining qo‘llab-quvvatlash yoki unga qarama-qarshi turish kabi siyosiy jarayonlarga borib taqalar edi.
Boshqa tomondan, falsafiy muammolar borliqning asosiy masalalariga taalluqli bo‘lganligidan ular «abadiy» muammolar deb ataladigan tub masalalariga mansubdir. Falsafiy muammolarning «abadiy»ligi, ularni hal qilib bo‘lmasligi va ularni hal qilish befoydaligini anglatmaydi. U barcha davr va barcha avlodlar uchun muammoni uzil-kesil hal qilib bo‘lmasligini bildiradi. Har bir tarixiy davr, insonlarning har bir yangi avlodi uchun bu muammolar qaytadan tug‘iladi. Masalan, haqiqiy bilimga erishish muammosi yoki qadriyatlar muammosini olaylik. Ular turli tarixiy davrlarda mazkur davrning o‘ziga xos ijtimoiy jarayonlariga bog‘liq holda har xil mazmun bilan to‘ldirilgan. Ular insonning dunyoga bo‘lgan asosiy (bilishga va qadriyatlarga doir) munosabatlariga taalluqli bo‘lib, hamisha zaruriy ravishda bashariyat oldida yangi ko‘rinishda albatta paydo bo‘ladi. Bilish va taraqqiyot tabiatining cheksizligi tufayli insoniyat hamisha haqiqatga erishishga oshiqadi, yangi orzularni ro‘yobga chiqarish va qidirish yo‘llarini takomillashtirishga intiladi, hamisha eski va yangi qadriyatlar to‘g‘risidagi savollarga duch keladi. Agar XIX asr nemis faylasufi Ye.Dyuring aytganidek, shunday lahza yetib kelsaki, unda bashariyat o‘zini hamma narsani biladigan va endi bilmaydigan narsasi qolmagan hamda «oxirgi mutlaq haqiqat» erishdim deb hisoblasa, unda u ma’naviy mukammallikka intilmay qo‘yadi va yangi orzularni qidirishni behuda mashg‘ulot deb biladi va ehtimolki, bu bilan bashariyatning ma’naviy o‘limi yaqinlashgadi.
Barcha falsafiy muammolarni uchta asosiy guruhga taqsimlash va quyidagi savollar bilan ifodalash mumkin:
Dunyo nima?
Inson nima?
Dunyo bilan inson o‘rtasidagi munosabatlar nimadan iborat?
Agar biz har qanday falsafiy muammoni oladigan bo‘lsak, u albatta mana shu uchta falsafiy masaladan bittasiga dahldordir.
Dostları ilə paylaş: |