1. Shaxs haqida tushuncha. Koʻpgina fanlar shaxsni, odamni oʻrganadi.
Psixologiya shaxsning maʼnaviy qiyofasi, uning psixik jarayonida, hatti-harakatlari va xulq atvorida aks etadigan tomonlarini oʻrganadi.
Lekin shuni unutmaslik lozimki, shaxs tushunchasi bir butun, yaxlit tushunchadir.
Odamning maʼnaviy qiyofasini chuqur bilish uchun uning faqat psixik xususiyatlarini oʻrganishnigina emas, balki shaxsning jamiyat aʼzosi sifatidagi, jamoat arbobi, xodim sifatidagi xususiyatlarini va shu kabi tomonlarini ham yaxshi tasavvur etish zarur.
Ayniqsa, har qanday psixik jarayonni yoki shaxsning ayrim xususiyatlarini, masalan:
kuzatuvchanlik, iroda, xarakter va shu kabilarni, umuman, uning maʼnaviy qiyofasi xarakteristikasi bilan bogʻlamay turib oʻrganib boʻlmaydi.
Shaxsni oʻrganish – juda murakkab faoliyat.
Shaxs tushunchasi psixologiyada eng koʻp qoʻllaniladigan termin hisoblanadi.
Odam shaxs boʻlib tugʻilmaydi, balki ijtimoiy taraqqiyot jarayonida shaxs sifatida shakllanib boradi.
Shaxs psixologiyasini aniq tarixiy sharoitlaridan, oʻzi mansub boʻlgan jamiyatdan, undagi egallangan mavqeidan ajratib olgan holda tushunish ham mumkin emas.
Inson shaxs sifatida faqat jamiyatda, jamoada shakllanadi va
boshqa kishilar bilan muloqotda oʻzini namoyon qiladi.
shaxs bu – jamiyatdagi oʻzining oʻzligini anglovchi, uning layoqatli aʼzosi sifatidagi insonning psixologik qiyofasidir.
Psixik qiyofa shaxsning alohida xususiyatlari bilangina emas, balki umumiy sifatlari – xarakteri va qobiliyatlari bilan yoʻnalganligi, eʼtiqodi taʼsiri ostida boʻlgan psixik jarayonlar va holatlarning oʻziga xosligini belgilovchi tugʻma zehn va tajribadan tashkil topadi.
Aniqlanishicha, hayotiy tajriba orttirila borishi bilan shaxsning oʻzini oʻzi belgilashi, oʻz hayotining maʼnosini anglab yetishi, real hayotiy rejalarning shakllanishi, kelgusidagi hayotiy yoʻlining prognoz qilinishi va shu kabilar yuz beradi.
Ijtimoiy muhit shaxs xulq-atvorini maʼlum maʼnoda boshqarib, muvofiqlashtirib turishga yordam beradi.