Birinchi xususiyat: harakat zarur tarkibiy qism sifatida maqsad qo‘yish va uni ushlab qolish ko‘rinishidagi ong aktini o‘z ichiga oladi.
Ikkinchi xususiyat: harakat – bu bir vaqtning o‘zida hulqatvor akti ham bo‘lib hisoblanadi .
Shunday qilib, faoliyat nazariyasi avvalgi konsepsiyalardan (bixeviorizm) tafovutlari ko‘rsatilgan birlamchi ikki xususiyatlarining ong va hulqatvorning uzluksiz birligini tan olishidan iborat.
Uchinchi, juda muhim xususiyat: faoliyat nazariyasi faollik tamoyilini «harakat»tushunchasi orqali ta’sirchanlik tamoyiliga qarama-qarshi qo‘ygan holda tasdiqlaydi.
To‘rtinchi xususiyat: harakat tushunchasi odam faoliyatini ijtimoiy va jismli dunyoga «olib chiqadi».
Harakat doimo maqsad bilan bog‘liq bo‘ladi. Maqsad harakatni belgilaydi, harakat esa maqsadning amalga oshishini ta’minlaydi. Maqsadning xususiyati orqali harakat xususiyatini aniqlash mumkin. Muolaja – bu faoliyat bajarilishining navbatdagi quyiroq darajasi. Muolaja deb, harakat bajarilishining usuliga aytiladi. Masalan, ikkita ikki xonali sonlarni ko‘paytirish amalini xotirada va misolni ustuncha shaklida yozgan holda echish mumkin. Bu bir xildagi matematik misolning ikki turlicha usuli yoki ikki xil amal bo‘ladi.
Faoliyat nazariyasida ma’lum sharoitlardan ko‘zlangan maqsad masala deb ataladi. Masala echish jarayonini tasvirlashda ularni amalga oshiruvchi harakatlarni ham, muolajalarni ham ko‘rsatish lozim.
Muolajalarning asosiy xossasi ularning kamroq anglanganligi yoki umuman anglanmaganligidan iborat. Bu xossalari bilan muolajalar ongli maqsadni ham, harakatning bajarilishini nazorat qilishni ham belgilab beradigan harakatlardan tamomila farq qiladi.
Muolajalar ikki turga bo‘linadi: ba’zilari adaptatsiya, moslashish, bevosita taqlid qilish yordamida yuzaga keladi; boshqalari harakatlarni avtomatlashtirish vositasida paydo bo‘ladi. Birinchi turdagi muolajalar anglanmaydi, ularni ongimizda, hatto, maxsus vositalar yordamida ham hosil qilish mumkin emas. Ikkinchi tur muolajalar ong chegarasida joylashadi. Ular osongina dolzarb anglanuvchilarga aylanishi mumkin
Faoliyat tuzilishidagi eng quyi daraja – psixofiziologik vazifalarni ko‘rib chiqamiz. Faoliyat nazariyasida bu vazifalarga psixik jarayonlarning fiziologik ta’minoti kiradi. Ularga odam organizmiga xos bo‘lgan his etish, o‘tmish taassurotlarining qoldiqlarini hosil qilish va qayd etish layoqatlari, motor layoqati va boshqalar kiradi. Mos ravishda sensor, mnemik, motor vazifalar haqida so‘z yuritish mumkin. Bu darajaga shuningdek, asab tizimi morfologiyasida mustahkam o‘rin tutgan tug‘ma va hayotning birinchi oylarida yuzaga keladigan mexanizlar kiradi. Barcha layoqat va mexanizmlar insonga tug‘ilishi bilanoq beriladi, ya’ni ular irsiyat tomonidan belgilangan bo‘ladi.
Psixofiziologik vazifalar psixik vazifalarni amalga oshirish uchun faoliyat vositalarini zarur dastlabki shart-sharoitlar bilan ta’minlaydi. Masalan, biror ma’lumotni xotiramizda saqlab qolish uchun tez va sifatli yodda saqlab qolishning maxsus usullaridan foydalanamiz. Lekin agarda biz yodda saqlab qolish layoqatidan iborat mnemik vazifalarga ega bo‘lmaganimizda, bu faoliyatni amalga oshira olmagan bo‘lardik. Mnemik vazifalar tug‘ma bo‘ladi. Bola tug‘ilishi bilanoq katta miqdordagi ma’lumotni yodida saqlay boshlaydi. Dastlab, bu oddiy axborot bo‘lib, keyinchalik rivojlanish jarayonida xotirada saqlanishi zarur bo‘lgan axborot hajmidan tashqari, yodda saqlashning sifat ko‘rsatkichlari ham o‘zgaradi.
«Korsakov sindromi» deb ataladigan (uni ilk marotaba o‘rgangan mashhur rossiyalik psixiatr S.S. Korsakov nomi bilan) xotira kasalligi mavjud. Bunda aynan mnemik vazifa oqsaydi. Bu kasallikda voqealar, hatto, bir necha daqiqa avval sodir bo‘lganlari ham umuman yodda saqlanib qolmaydi. Bunday bemorlar, masalan, shifokor bilan kuniga bir necha marta salomlashib, bugun ovqatlanganmi yoki yo‘qmi, eslamasligi ham mumkin. Bir bemor onasiga kitobiy asarning o‘ziga yoqib qolgan parchasini hozirgina o‘qib berganini yodidan chiqarib yuborib, beto‘xtov o‘qib berardi va, shu asnoda bir necha o‘n martalab takrorlardi.
Istalgan faoliyat tuzilishida ichki va tashqi tarkibiy qismlarni ajratish mumkin. Ichki tarkibiy qismlarga markaziy asab tizimi tomonidan boshqariladigan faoliyatlarda ishtirok etadigan anatomik va fiziologik tuzilmalar hamda jarayonlar, shuningdek, faoliyatni boshqarishga taalluqli psixologik jarayonlar va holatlar kiradi. Tashqi tarkibiy qismlarga esa faoliyatni amaliyotda bajarish bilan bog‘liq turli harakatlarni kiritish mumkin (N.A. Bernshteyn).
Faoliyatning taraqqiy etib va o‘zgarib borishi bilan tashqi tarkibiy qismlarning ichkilariga tizimli o‘tishi amalga oshiriladi. Bunda interiorizatsiya, avtomatizatsiya va eksteriorizatsiya ham kuzatiladi.
Faoliyatning va uni tashkil etuvchi predmetli harakatlarning aynan nimalarga yunaltirilganiga qarab, avvalo tashqi va ichki faoliyat farqlanadi. Tashqi faoliyat shaxsni o‘rab turgan tashqi muhit va undagi narsa va hodisalarni o‘zgartirishga qaratilgan faoliyat bo‘lsa, ichki faoliyat - birinchi navbatda aqliy faoliyat bo‘lib, u sof psixologik jarayonlarning kechishidan kelib chiqadi. Kelib chiqishi nuqtai nazaridan ichki - aqliy, psixik faoliyat tashqi predmetli faoliyatdan kelib chiqadiAqliy harakatlar - shaxsning ongli tarzda, ichki psixologik mexanizmlar vositasida amalga oshiradigan turli-tuman harakatlaridir. Eksperimental tarzda shu narsa isbot qilinganki, bunday harakatlar doimo motor harakatlarni ham o‘z ichiga oladi. Bunday harakatlar quyidagi ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin: