SAFED BULON Qadimgi Fargʻona xalqlari oʻzining koʻp asrlik tarixida muqaddas ziyoratgohlar bilan bogʻliq rang-barang marosimlar tizimini yaratibgina qolmay uning ijrochi amaliyotchisiga aylandi. Garchi muqaddas ziyoratgohlardagi marosimlarning baʼzi birlari hayotdagi ulkan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy oʻzgarishlar, ayniqsa, ilmiy-texnika inqilobi taʼsirida asta-sekin yoʻqolib, ayrimlari oʻzgarishlarga uchragan boʻlsa-da, biroq ularning barchasi qanday gʻoyaviy yoʻnalishda boʻlganligidan qatʼiy nazar xalqning amaliy faoliyatida oʻtmishda va hozirgi kunda qoʻllanilib kelinayotganligi bilan katta tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega. Shu boisdan ham biz ziyoratgohlardagi marosimlarni intensive oʻrganishimiz va ular haqida maʼlumot toʻplashimiz, ilmiy asosda tadqiq etishimiz lozim. Darhaqiqat, ziyoratgohlardagi marosim va urf-odatlarni izchil oʻrganish xalq tarixini oʻrganishning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Busiz hozirgi farovon hayotimiz, gumanistik gʻoyalar bilan sugʻorilgan yangi marosimlarimizning mohiyatini toʻgʻri baholay olishimiz mushkul. Oʻzbek milliy maʼnaviy qadriyatlarining tayanch ustunlaridan biri boʻlgan muqaddas qadamjo va va ziyoratgohlarning mental tafakkur shakllanishiga taʼsiri hamda alohida tadqiqot manbai sifatida oʻzbek mentilitetining tarixiy shakllanish ildizlarini ochib berishda muhim oʻrin tutadi. Koʻrinib turibdiki, muqaddas ziyoratgohlar kishilardagi oliy tuygʻularni shakllantirishda muhim rol oʻynagan. Muqaddas joylarni ziyorat qilish odamlarni jaholatdan uzoqlashishga, insofli-diyonatli boʻlishga, oʻzidan faqat yaxshilik qoldirish singari hayrli ishlarga chorlagan. Ularda tarbiya, odob-axloq, oʻzaro doʻstona munosabatlar, qarindosh, ota-ona va farzandlarining haq- huquqlari, mehr-oqibat, halollik, adolat singari insoniy qadriyatlarni ulugʻlashga undab kelgan. Mozorlar oldindan oʻtish axloq-odobi toʻgʻrisida “Alpomish” dostonida quyidagi taʼrif keltiriladi: “Vaqt-bevaqt kishi bir mozorning qabatidan oʻtsa, chap oyogʻini uzangidan chiqarib, mozordagi odamlarning haqiga duo qilib oʻtsa, bul ham saxiy, agar kim mozordan oʻtganda, chap oyogʻini uzangidan chiqarmay, mozorotning haqiga duo qilmay oʻtsa, bul ham baxil ekan”.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonda ziyoratgohlar bilan bogʻliq koʻplab nasabnomalar va shajaralar topilmoqda. Bu avvalo Oʻzbekiston xalqining milliy madaniy meroslariga boʻlgan eʼtiborida yaqqol koʻzga tashlanadi. Bir necha oʻn yillar mobaynida yashirib saqlab kelingan mazkur hujjatlarni mustaqillik tufayli keng jamotchillikka havola etishning imkoniyati tugʻildi. Shu paytga qadar yoʻqolgan deb qaralgan nasabnoma va shajarlarni nafaqat koʻrish balki ulardan foydalanish uchun ham shart– sharoitlar vujudga keldi.
Islom dini ulamolari hamda tasavvuf tariqati namoyondalari bilan bogʻliq ziyoratgohlar nafaqat Fargʻona vodiysida, balki Oʻrta Osiyodagi islom dini tarixini oʻrganishda ham muhim tadqiqot obyekti boʻlib xizmat qiladi. Shu bilan birga muqaddas ziyoratgohlar toʻgʻrisidagi tadqiqotlar oʻzbek xalqining anʼanaviy madaniyatining tarixiy asoslari, taraqqiyot yoʻllari hamda tendensiyalarini oydinlashtirish bilan birgalikda oʻsha xalqning turmush tarzini yaqindan yoritishga ham koʻmak beradi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, Fargʻona vodiysidagi koʻplab ziyoratgohlar Paygʻambar sahobalari; 2) Yassaviya, Naqshbandiya, Qodiriya singari sufiylik tariqati namoyondalari; 3) Davlat arbobolari va diniy
Axborotchilarning keltirgan maʼlumotlariga koʻra, har bir hududda joylashgan mozorlarda dafn etilgan avliyolar oʻzaro ota – oʻgʻil, er–xotin, opa–uka singari qarindoshlik singari rishtalar bilan bogʻliq boʻlib, koʻp hollarda ular yetti azizlar jumlasiga kiruvchi mozorlar sifatida eʼzozlab kelingan. Ularni barchasini “Katta yurish” davrida kelganliklari taʼkidlanadi. “Katta yurish” toʻgʻrisidagi rivoyatlar Oʻrta Osiyoning turli hududlarida – Dashti Qipchoqda (Abu Bakr Siddiq boshchiligida) Sirdaryo boʻylarida (Muhammad al-Hanafiyaning uch avlodi boshchiligida), Sharqiy Turkistonda (Imom Jafar Sodiq boshchiligida)3 mashhur boʻlgan. Chunonchi ikkinchi va uchinchi rivoyatlar bevosita Fargʻona vodiysi bilan bogʻliqdir. Biroq bu rivoyatlar bir-biridan mazmunan farq qiladi. Fargʻona vodiysi ziyoratgohlari haqidagi dastlabki maʼlumotlar X asrdan boshlab musulmon tarixchilarining asarlarida qayd etiladi. Jumladan, Abu Jafar Narshaxiyning 944-yilda yozilgan “Buxoro tarixi” kitobida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, Movarounnahrga kelgan arab lashkarboshisi Qutayba ibn Muslim (659-715) Fargʻona vodiysida dafn etilgan. Garchand, Qutayba Movarounnahrda begunoh xalqlarning qonini toʻkib, oʻzining shafqatsizligi bilan shuhrat qozongan boʻlsa-da, vaqt oʻtishi bilan uning qabri ziyoratgoh sifatida eʼzozlana boshlaganligini Narshaxiy keltirgan maʼlumotlardan koʻrish mumkin: “Qutaybaning qabri Fargʻonada mashhur boʻlib, u “Raboti Sarhang” degan joyda, Koh deb ataladigan bir qishloqda oʻrnatilgan. Viloyatlardan odamlar ziyorat uchun hamisha u yerga borib turadilar”.12 Narshaxiy bilan bir davrda yashab oʻtgan Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Abubakr al Maqdisiyning (947–1000) “Ahsan at-taqosim fi maʼrifat al aqolim” asarida Fargʻona vodiysidagi Hazrat Ayyub bilan bogʻliq Ayyub chashmasi (hozirda Qirgʻiziston respublikasi, Jalolobod viloyati)ni mavjudligini tilga olib oʻtgan5. Taʼkidlab oʻtish joizki, Fargʻona vodiysi, jumladan, Fargʻona viloyatida joylashgan mozorlar bilan bogʻliq yozma manbalar (nasabnoma, shajara, silsila, vaqfnoma, yorliq)ning koʻpchiligi afsonaviy voqealarni oʻz ichiga oladi. XVI asrdan XIX asrgacha avloddan–avlodga oʻtib kelgan bir oilaga tegishli bunday hujjatlar toʻplami (Koroskon xoʻjalari Namangan) A.Juvonmardiyev tomonidan nashr etilgan1 . Bu xildagi manbalarning koʻpchiligi XVIII–XIX asrlarda yozilgan. Jumladan, muallifi nomaʼlum boʻlgan nasr va nazm uslubida yozilgan “Ravzat al–ansob” asarida ham Shohimardon qishlogʻidagi hazrat Ali mozori toʻgʻrisida baʼzi bir maʼlumotlar mavjud. Shuningdek, 1898-yili
Andijon qoʻzgʻoloniga rahbarlik qilgan Dukchi eshon hayotiga oid “Dukchi eshon manoqibi” asarida ham Xoʻjam Podshoh (Quva tumani) haqida maʼlumotlar bayon etilgan3. Umuman olganda mahalliy adabiyotlarda Fargʻona vodiysidagi mozorlar toʻgʻrisida maʼlumotlar keng yoritib berilmagan. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Respublikalari chegarasida, Namangan shahridan 55 chaqirim uzoqlikda, Podsho ota va Chanachsoy daryolari tutashgan joydagi Archa togʻning gʻarbiy yonbagʻrida Safed Bulon qishlogʻi joylashgan. Rivoyatlarga koʻra, mazkur qishloqda islomni Fargʻonaga yoyishda shahid boʻlgan 2700 sahobaning mozorlari boʻlib, bu toʻgʻrisida hatto birinchi marta XIII asr oxiri XIV asr boshlarida yashagan Jamol Qarshiyning “Mulxaqot as-suroh” (“As-surohga ilova”) nomi bilan mashhur boʻlgan asarida ham tilga olanadi: “Aytishlaricha, Sapid Bulon kofirlar bilan gʻazot qilib shahid boʻlgan 2800 sahoba va tobeʼyinlarning joyidir. Amir al moʻminin Usmon ibn Affon roziyallohu anhu ularni yuborgan edi va Muhammad ibn Jarirni amir etib tayinladi. Ularning barchasi din yoʻlida shahid boʻldilar”4. Akademik V.V.Bartold (1869-1930) oʻzining “Moʻgʻullar davrida Turkiston” asarida bu haqda shuday maʼlumot keltiradi: “Fargʻona faqat IX asrda musulmonlar tarafidan istilo etilgan boʻlsa ham, oʻsha vaqtda Fargʻonadagi Ayyub paygʻambar qabri maʼlum edi. Saped degan oʻrunda 2700 (shahidlar soni turlicha koʻrsatiladi gʻ muallif) asʼhob va tobeinlarning qabrlari borligi rivoyat etiladir. Ular xalifa Usmon zamonida Muhammad ibn Jarir raisligi ostida bu yerga yuborilgan boʻlib, hammasi
ham kofirlar bilan urushda oʻlganlar. Kosonsoy vodiysida Saped buland ismi bilan bu oʻrin hozir ham bor”.
XIX oxirida Kosonsoyga kelgan rassom Sherbina Kramarenko Safed Bulon yodgorligini va unda ziyoratchilarning koʻpligidan taajjubga tushgan edi. Sherbina Kramarenko oʻsha vaqtdayoq mazkur yodgorlik toʻgʻrisida koʻrgan va eshitganlarini 1896-yili chop etilgan “Zodchiy” nomli jurnalda chop ettirib Safed Bulon toʻgʻrisidaga quyidagi rivoyatni keltiradi: “Bundan 710-yil oldin Makkadan Muhammad paygʻambarning avlodi Muhammadning ikki qizini olgan Usmon Zunnuraynning oʻgʻli Shoh Jarir kelgan edi. Islomni yoya turib Shoh Jarir atorofiga koʻplab maslakdoshlarini yiqqan vaqt qandaydir islomni tarqalishiga qarshi boʻlgan Karvonbas va Iqshit (Ixshid) oʻz qoʻshini bilan Muhammad paygʻambar ummatlariga hujum qilib, 2700 odamni boshinini tanasidan judo qilgan. Shoh Jarir esa Makkaga qochishga muyassar boʻladi. Barcha oʻldirilganlarni bitta chuqurga koʻmadilar. Jazolanishdan qoʻrqqanlari uchun hech kim ular uchun yigʻlamaydilar. Biroq bir qora ayol dushmandan qoʻrqmay Muhammadning dini uchun halok boʻlganlar haqiga yigʻlab duolar oʻqiydi. Dushmanlar uni ushlamoqchi boʻladilar va qachonki unga yaqinlashganlarida qora ayol birdaniga oqqa aylanadi. Buni koʻrganlar hayratga tushadi. Xalq oʻsha ayolni avliyolardan deb bilib, forschasiga “Safed Bulon”, yaʼni “oq ayol” deb ataganlar. Shu joyda keyinchalik qishloq paydo boʻlgan va oʻsha avliyo ayolning sharafiga “Safed Bulon” deb ataganlar. Mazkur voqeadan keyin oradan 40 yil oʻtgach, bu yerga Shoh Jarirning oʻgʻli – Shoh Fazl kelib islomni yoygan va 15 yil shu yerda yashagan va unga atab 600-yil oldin mozor qurganlar”1. Safed Bulon mozorining qadimdan aholi orasida mashhurligi oʻz vaqtida Qoʻqon xonlarining ham diqqat-eʼtiborini tortgan edi. Shu sababdan bu yerga Qoʻqon xonlarini ziyoratga kelishlari oʻziga xos anʼanaga aylangan. XIX asrning birinchi yarmida yashab oʻtgan Muhammad Hakimxontoʻraning “Muntaxab at-tavorix” (“Tarixdan saylanma kitob”) asarida Safed Bulon ziyoratgohi alohida eʼtibor bilan tilga olinadi. Unga koʻra, Qoʻqon xoni Amir Umarxon (1785-1822) 1818-yili Safed Bulon mozorini ziyoratiga tashrif buyurgan2 : “Ertasiga ul tengi yoʻq goʻzal manzildan otlanib Safed bilol mavzesiga yetishdik. U yerda qadimda koʻp shahidlar oʻtishgan. Juda bir tarovatli va yoqimli soʻlim maskan. Oʻsha kuniyoq amir ulugʻlar qabri ziyoratini bajo aylashga kirishib, nazru niyozlar berdi va kambagʻal miskinlarga sadaqalar ulashdi.13
Mullo Niyoz Muhammad Hoʻqandiyning “Tarixi Shohruhiy” asarida keltirilishicha, 1842-yili Sheralixon Qoʻqon xonligi taxtiga chiqishidan oldin Safed Bulonda oq kigizga oʻtqazilib xon etib koʻtarilgan2 . Yana bir tarixchi Ziyovuddin Maxdum (Mahzuniy)ning “Fargʻona xonlari tarixi” asarida Sheralixonning xotini malika Yorqinoyim, yaʼni Hokim oyim (1868-yilda vafot etgan) ham Safed Bulon ziyoratiga kelishni xush koʻrganligi taʼkidlanadi.
Qadim zamonlardan Safed bulon yodgorligi toʻgʻrisidagi rivoyatlar, undagi koʻhna mahobatli mozorlar, kishini oʻziga jalb qiluvchi qabr usti qayroq toshlari va soʻlim tabiati har qanday ziyoratchini xotirasida unutilmas taassurot qoldirib kelgan. Shu sababdan tadqiqotchilar tomonidan qator ilmiy maqolalar chop etilgan. Maʼlumki, Safed bulon majmuasi bir nechta ziyoratgohlarni oʻz ichiga olgan va ularning har biri mazkur ziyoratgohning uzviy ajralmas qismiga aylangan boʻlib quyidagilardan iborat:
1.Muslim ibn Abdulloh qabri.
2.Taxt-i sangin.
3. Kallaxona.
4.Safed-Bulon qabri.
5.Xamirturush toshi.
6. Nosir ibn Ahmad qabri.
6. Shox Fazl maqbarasi
7. Qirgʻin masjidi.
8. Ota-bola Xoʻja Alamdor qabri.
9. Archamozor (Arafot togʻi deb ataluvchi adirlikdagi ziyoratgoh).
Safed Bulonga kelgan har bir ziyoratchi uchun yuqori nomlari qayd etilgan barcha qabrlarning ziyorat qilishi asrlar davomida anʼanaga aylangan. Bu yerga Zarkent, Ozak, Shilvi, Mamay, Qizil-yozi, Koʻkyor, Moʻgʻul qishloqlari mayyitlarni dafn etganlar. Aholining uzoq yerlardan mayitni olib kelishlarining ham oʻziga xos sabablaridan biri shuki, Safed Bulon tarixidan voqif boʻlganlarning barchasi umri oxirida shu yerda dafn etilishini oʻzlariga sharaf deb bilganlar. Bunga oʻxshash misollar juda koʻp. Masalan, Qusam ibn Abbos (Shohizinda) ziyoratgohining mashhurligi tufayli, bu yerdagi qabristonga Samarqandning eng chekka qishloqlaridan ham marhumlarni olib kelib dafn etganlar1. Chunki aholi tasavvurida Qusam ibn Abbos (Shohizinda)ning fayzli mozorining yaqinida dafn etilish ham sharafli deb qaralgan. Shu sababdan ham Sohibqiron Amir Temur oʻz yaqinlarini aynan Shohizinda ziyoratgohida dafn ettirganligi bejiz emas.
Fikrimizcha, shu sababdan ham Safed Bulondek mashhur muqaddas ziyoratgoh ijod ahlining nazaridan chetda qolmagan va bu toʻgʻrisidagi arab va fors tilida bitilgan tarixiy qissalarni yozilganligi ehtimoldan xoli emas. Afsuski hozirgi kunga qadar bu kabi asarlarning barchasi yetib kelmagan. Bundan Shoh Hakim Xolis tomonidan 1811-yilda yozilgan “Safed Bulon qissasi”, yoxud “Shoh Jarir jangnomasi” qissani mustasnodir.
Shoh Hakim Xolisning “Shoh Jarir jangnomasi” qissasi oʻz atalishidan koʻrinib turibdiki, asar Fargʻona vodiysiga islomni targʻib qilish uchun kelgan dastlabki islom lashkarlari tarixi haqidadir. Xoʻsh, Shoh Jarir oʻzi kim? “Safed Bulon qissasi”da aytilishicha, Muhammad alayhissalom Usmon (r.a.)ga3 qizi Gulsum vafotidan soʻng katta qizi Zaynabni turmushga beradilar va shu qizidan bir farzand tugʻilib ismini Muhammad Jarir deb ataydilar (qissada Shoh Jarir, Shohi Jarir, Shoh Jalil deb ham ataladi). “Safed Bulon qissasi”ga koʻra, xalifa Umar (r.a.)4 davrida koʻplab islomga kirishni istamagan kimsalar Fargʻonaga borib oʻziga joy topadilar (Marv, Xorazm, Buxoro va Samarqandda musulmonchilik bir qadar oʻrin topgan edi) va u yerdagi oz sonli musulmonlarga qarshi bosh koʻtaradilar. Fargʻonadagi musulmon ahli bundan koʻp aziyat chekkach oxirul- amr Madinaga musulmonlari amiri boʻlgan xalifa hazrat Ali karramallohu vajhahu (ul zotning yuzini Alloh mukarram qilsin) huzuriga koʻmak soʻrab kishisini yuboradilar va hazrat Ali (k.v.) 5 fargʻonalik musulmonlar arzini tinglab sahobalardan biri Abdulloh ibn Omirni shu yerga joʻnatadi. Shu oʻrinda arablarnining harbiy yurishlari toʻgʻrisida ayrim voqealarga toʻxtalib oʻtsak. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, arablar 651-yili Marv shahrini egallashgach, Oʻrta Osiyoga tez-tez hujumlar uyushtirib turganlar. 654-yili arablarning Maymurgʻ va Soʻgʻdga hujum qilganliklari yozma manbalarda tilga olinadi. 667-yili esa arab qoʻshinlari Chagʻoniyon (Surxondaryoning oʻrta oqimidagi viloyat)hujum uyushtirib, bu yerdagi mahalliy Eftalitlar sulolasiga qattiq zarba beradilar. Oʻsha vaqtda arablar Oʻrta Osiyoga qilinajak yurishlarga tayyorgarlik koʻrish uchun 50 ming arab oilasini Basra va Kufa shaharlaridan Xurosonga1 koʻchirib kelishgan edi. Ushbu maʼlumotlarni keltirishimizning sababi shuki, hazrat Ali(k.v.) xalifaligi davrida arab lashkarlari Oʻrta Osiyo hududulariga yaqin yerlarga oʻzlarini dastlabki harbiy yurishlarini uyushtira boshlaganlar. Bu esa oʻz navbatida Abduloh ibn Omir singari
sahobalarni Oʻrta Osiyoga kelganliklari toʻgʻrisidagi rivoyatlarni paydo boʻlishi olib kelganligi ehtimoldan xoli emas. “Safed Bulon qissasi” da naql etilishicha, Abdulloh Omir Turkistonga kelib musulmonlar osoyishtalik topgan bir payt, yaʼni
hijratning qirqinchi (milodiy 661) yilida Abdurahmon ibn Muljam Kufa masjidida hazrat Ali (k.v.)ni shahid etadi. Hazrat Ali(k.v.) shahodatidan soʻng uning tarafdorlari oʻgʻli Imom Hasan(r.a.)ni xalifa qiladilar. Lekin Imom Hasan Muoviya bilan barobar kelib boʻlmasligini tushunib, 7 oydan soʻng hukumatni Muoviyaga topshiradi. Shu davrdan boshlab milodiy 750-yilga qadar arablarning Quraysh qabilasining Umayya urugʻidan boʻlgan asoschisi Muoviya 1 tomonidan Umaviylar sulolasi hukmronligi boshlanadi. Milodiy 669-yili Imom Hasan ibn Ali ayoli tomonidan zaharlab oʻldiriladi. Oʻsha vaqtda xalifalik taxtida oʻtirgan Muoviya tiriklik vaqtidayoq oʻgʻli Yazidni valiahd deb eʼlon qiladi va milodiy 680-yili vafot etadi. Yazid ibn Muoviya otasining oʻrniga oʻtirgan vaqti Makka va Kufa ahli gʻazabga keladi va Imom Husayn(r.a.)ga “Yaziddan bezormiz, sizni xalifa qilurmiz”, degan mazmunda xat yuboradilar. Imom Husayn(r.a.) oʻsha zahoti Bayt ahli va oʻzlarga yaqin boʻlgan yetmish nafar kishi bilan Makkadan Kufaga qarab yoʻl oladi. Bundan xabar topgan Yazid Imom Husayn(r.a.)ga qarshi lashkar yuboradi. Yazid lashkari Karbalo yaqinida Imom Husayn(r.a.) bilan roʻbaroʻ keladi. Tengsiz jangda Imom Husayn (oʻgʻli Imom Zayn-al-Obiddindan boʻlak) odamlarining barchasi, Imom Husayn (r.a.)ning oʻzi ham halok boʻladi.
“Safed Bulon qissasi”da aytilishicha, Abdulloh Omir bu voqealarni eshitib Turkistonda qoladi. Qissada keltirilishicha, bu vaqtda musulmonlar Madinada sahobalardan boʻlgan Ukrima2 (Ikrima)ga musulmonlar amiri boʻlishini iltimos qiladilar. Biroq Ukrima bu taklifga rozi boʻlmay boshqa bir taklifni kiritadi. Uning ushbu taklifi barchaga xush kelgach yigʻilganlar ichidan Qusam ibn Abbos (r.a.)3
turib jangda har biri ming kishiga teng keladigan uch ming kishisi hamda ularga jabduqlari borligini, barchasi safarga tayyorligini aytgach, Anbasa4 ham Ukrima ham har birida uch mingdan kishini borligi maʼlum qilishadi. Ular shundan soʻng Shoh Jarirga boshchiligida yurishga otlanadilar.
Fargʻona vodiysiga arablarning ilk bor yurishlari Qutayba ibn Muslimdan bir muncha oldin yuz berganligi haqida rivoyatlar ham mavjud. Ayrim oʻrta asr tarixchilari ularni xulafoi roshiddin davrida yuz berganligini taʼkidlaydilar va shu sababdan Fargʻona vodiysidagi ziyoragohlarni Muhammad (s.a.v.)ning safdoshlari nomi bilan bogʻlaydilar. Jumladan bu holatni tarixchi olim Sh.Kamoliddinov quyidagicha izohlaydi: “Hadislarga koʻra, Muhammad paygʻambar (s.a.v.) Oʻrta Osiyoning mintaqasiga, xususan Samarqand shahriga katta ahamiyat bergan boʻlib, oʻzining sahobalariga bu shaharni va u joylashgan mamlakatni, yaʼni Turkistonni fath qilishga daʼvat qilgan va ragʻbatlantirgan. Bizning davrimizgacha Oʻrta Osiyoning turli qismlarida sahobalarning va tobeʼinlarning shahid boʻlganliklari haqida koʻplab rivoyatlar va ularning dafn etilgan joylari saqlanib qolgan. Bu hadislar va xalq rivoyatlari, shuningdek sahobalarning mozori asosli ravishda shunday xulosaga kelishga imkon beradiki, Muhammad paygʻambarning ayrim sahobalari, balki haqiqatda ham arablarning Oʻrta Osiyoga qilgan ilk harbiy yurishlarida ishtirok etganlar yoki har holda, buni oʻzlarining burchi deb bilganlar.
Maʼlumki, Muhammad(s.a.v)ning safdoshlari u zot bilan muloqotda boʻlgan yoxud yurishlarda qatnashgan kishilar sahobalar (tarafdorlar) deb atalgan. Keyinchalik Muhammad (s.a.v.)ni loaqal bir marotaba, garchi goʻdaklik chogʻida boʻlsa ham koʻrgan barcha kishilar sahobalar deb atala boshlangan. Sahobalar Arabistondan tashqaridagi oʻlkalarni fath etishga kirishgan ilk musulmon qoʻshinining oʻzagini va eng sobitqadam, qatʼiyatli qismini tashkil etgan. Sahobalarning oliy qatlami muhojirlar va ansorlardan iborat boʻlgan. Ular dastlabki xalifalarni saylashga taʼsir koʻrsatganlar, ularni noiblik va oliy darajadagi lashkarboshilik mansabiga tayyorlashgan. Sahoba erkaklarning umumiy miqdori xalifa Umar (r.a.) davrida 10 ming kishini tashkil etgan.14
Sahobalardan keyin ularning ishini davom ettirgan ilohiyotchilar qatlami tobeʼin (tobelar, izdosh)lar deb atalgan boʻlib, undan keying davrdagi ilohiyotchilar tobeʼinlarning tobeʼinlari, yaʼni taba tobeʼin deb atalgan. Sahoba va tobeʼinlarga boʻlgan hurmat va keyinchalik ularning qabrlarini eʼzozlashga va ularning fazilatlari haqida asarlar paydo boʻlishiga olib keldi. Fargʻona vodiysidagi islom dinining dastlabki vaqtdagi jangchilari nomi bilan bogʻliq qadamjolar oʻrta asrlardayoq xalq tomonidan ziyoratgoh sifatida muqaddaslashtirilgan. Bularning aksariyati Muhammad paygʻambar (s.a.v.)ning asʼhoblari, musulmon dunyosidagi mashhur zotlar Saʼd ibn Abu Vaqqos, Abdurahmon ibn Afv, hazrat Akkosha, hasti Muʼoz ibn Jabal1 , hazrati Bilol, Uvays Qaraniy singari sahobalar nomi bilan bogʻliq ziyoratgohlarni kiritish mumkin. Garchand ularni, Fargʻona vodiysida boʻlganliklari tarixiy haqiqatga toʻgʻri kelmasagʻda, biroq islom targʻibotchilari dastlabki vaqtlarda bu zotlarning nomlaridan mahalliy diniy eʼtiqodlarga qarshi kurashda keng foydalanganlar. Oqibatda, islomdan oldingi muqaddas joylar oʻrnida musulmon avliyolari bilan bogʻliq mozorlar paydo boʻlgan. Birgina misol. Koʻhna Quva shahristonida XX asr boshlariga qadar Bilol ota mozori boʻlgan. Bu mozor aynan arablar istilosi davrida buzib tashlangan koʻhandiz, yaʼni arki gʻ aʼloning oʻrnida joylashgan edi. Arkning buzib tashlanganligi haqida X asrda yashab oʻtgan arab sayyohlarining asarlarida ham maʼlumotlar uchraydi4. Biroq bu muhimi emas. 1963-yili koʻhandizda arxeologik qazishmalarni olib borgan V.A. Bulatova bu yerda IX-XI asrlarga mansub qabrlarni aniqlagan edi.Tarixchi Tabariy oʻzining tarixiy asarida Qubo (Quva) shahri atroflarida arablar bilan quvaliklar oʻrtasida boʻlib, oʻtgan jangler haqida maʼlumot beradi. Demak, bu qabrlar aholi oʻrtasida qadimgi davrlarda musulmonlar va gʻayridinlar oʻrtasidagi jangda oʻldirilgan shahidlar qabri degan qarashlarni keltirib chiqargan va bu oʻz navbatida
bu yerda keyingi davrlarda muqaddas mozorning paydo boʻlishida muhim ahamiyat kasb etganligi ehtimoldan xoli emas. Bu xildagi rivoyatga asoslangan maʼlumotlar keyinchalik Qoʻqon xonlari tomonidan ziyoratgohlarga berilgan vaqfnomalarda ham oʻz aksini topgan. Jumladan, Qoʻqon xoni Amir Umarxon (1785-1822) tomonidan Margʻilon shahridagi Pur Siddiq mozoriga berilgan vaqfnomada bayon etilishicha, xalifa Usmon davrida sahobai kibor va tobeʼin nomdorlardan Fargʻona diyoriga yuboriladi. U vaqtlarda bu sarzamindagi kishilar mugʻlar toifasidan boʻlib otashparast edilar. Jangda otashparastlar jangchilar soni jihatidan islom qoʻshinlaridan ustun keladilar. Hidoyat yoʻliga kirgizmoqchi boʻlgan sahoba va tobeʼinlarni dushman daryo oʻrtasida qatl etadilar.
Albatta bunday maʼlumotlarga koʻzimiz tushgan zamon biz bunday maʼlumotlar nari borsa ikki yoxud uch asr oldin paydo boʻlgan deyishimiz ham mumkin. Biroq X–XI asrdayoq fargʻonaliklar orasida sahobalarning Fargʻonaga kelganliklari toʻgʻrisida qarashlar mavjud boʻlganligini oʻsha davrga oid yozma manbalar ham tasdiqlaydi. Fikrimizning yaqqol dalilli sifatida XI asrning mashhur olimi, tilshunos Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asarida keltirilgan ushbu maʼlumotlariga eʼtibor beraylik: “Buquq – buqoq tomoqning ikki tarafi teri bilan goʻsht orasida paydo boʻladigan yelim, goʻsht kasali. Fargʻona bilan Shikni shaharlarida bir qancha odamlar bu dardga yoʻliqqanlar, bu dard doim ularning bolalariga ham oʻtadi. Baʼzilariniki koʻkragini koʻrolmas darajada boʻladi. Men ulardan kasal sirini soʻraganimda shunday javob bergan edilar: “Bobolarimiz gʻoyat baland tovushli kofirlar ekan. Sahobalar bilan jang qildilar. Otalarimiz ularga kuch bilan bostirib boribdilar, chaqiribdilar. Musulmonlar ularning tovushlaridan hayajonga tushibdilar. Bu voqea Hazrati Umarga eshitildi. Hazrati Umar ularni qargʻadi. Natijada ularning boʻgʻizlarida shu dard paydo boʻldi. Ularga meros boʻlib qoldi. Hozir ular orasida biror baland ovoz kishilik topilmaydi”. Xalifa Umar (r.a.) va xalifa Usmon (r.a.) davrida arablarning Oʻrta Osiyoga islom dinini targʻib qilish uchun kelganliklari va ularni shu yerda yashab qolganliklari toʻgʻrisida toʻgʻrisida yozma manbalarda maʼlumotlar deyarli uchramaydi. Ammo musulmon agiologiyasi (musulmon avliyolarining hayotlari haqida toʻqib chiqarilgan rivoyatlar)da keltirilgan maʼlumotlarda buning aksini koʻrish mumkin. Masalan, oʻzbek shoiri, tilshunos, maʼrifatparvar olim Isʼhoqxon Junaydulloxoʻja oʻgʻli Ibrat (1862-1937 yy.) oʻzining “Tarixi Fargʻona” asarida, Hazrat Ali zamonida arab lashkarlari Fargʻonaga kelganliklari bayon etiladi: “Avalli hazrat Ali zamonlarida, Kaʼb ulgʻaxbor3 manoqiblarida masturdirki, hazrati Kaʼb ulgʻaxbor bosh boʻlib, necha ming sahobalar bilan kelganlarida Fargʻona shaharlarida moʻgʻuliyalar ilan muhorab qilib,qalmoqlar gʻolib boʻlub, qaytib ketgan ekanlar”. Ibratning shayx Kaʼb al-Axborni Fargʻonaga kelganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlari buxorolik tarixchi Mirzo Salimbekning (1851-1930) “Hikoyati shayxi piri kibor Kaʼb al-Axbor” nomli qissasidan ham oʻrin olgan. Fargʻona vodiysida sodir boʻlgan janglarda shahid boʻlgan musulmonlar toʻgʻrisida “Nasabnomayi Mavlono Sayfiddin Oʻrung Qoʻyloqiy” qoʻlyozmasida ham shu singari maʼlumotlar mavjud. Unda keltirilishicha, hazrat Ali(k.v.)ning Bibi Xanifadan tugʻilgan oʻgʻli Muhammad Hanafiyaning (637-700) farzandlari Shoh Abdurahmon, Shoh Mansur va hazrat Porsinshoh sahobalar va tobeʼin hamda taba tobyeinlar bilan birgalikda Movarounnahr xalqini islomga kirgizish uchun kelganlar va ularning qoʻshini toʻrt qismga boʻlinib ketadi. Shoh Mansur, Hazrat Porsinshoh hamda Abdulloh ibn Maʼoz Jabal Xisor, Qorategin, Mastcho, Margʻinon va Oʻsh ahlini islom diniga kirgizadilar va ularning uchalasi shu yerda shahodatlikka erishadilar. Jumladan, Abdulloh ibn Muoz Jabal Margʻilon atrofidagi choʻlda shahid boʻlib, shu yerga dafn etilgan boʻlsa, Shoh Mansur Margʻilon shahrida dafn etiladi. Shoh Mansurning shahid boʻlish tarixi quyidagicha tasvirlangan: “Hazrat Shoh Mansur ibn Muhammad al-Hanafiya Koson viloyatida tarso podshohlar Oʻtamish Sariq va Toʻlmish sariq bilan boʻlgan jangda shahid boʻldilar. Uning boshini bu ikki tarso podshohlar kesib olib, haqorat qilishga amr qildilar. Shunda hazrat Shoh Mansur oʻrinlaridan turdi va kofirlar qoʻlidan boshini olib gʻoyib boʻldilar. Hazratning bu karomatlaridan qoʻrquvga tushgan baʼzi bir kofirlar Kosondan chiqib Xoʻjand sari qochdilar”. Nasabnomada keltirilishicha, shu tarzda Hazrat Shoh Mansur shahid boʻlib, Margʻilonda orom topgan. Albatta mazkur maʼlumotlar tarixiy haqiqatdan bir muncha yiroq. Chunki arablarning Movarounnahrga ilk yurishlari islomda “Xulafoi roshidin” (“toʻgʻri yoʻldan boruvchi xalifalar”), Movarounnahrda choryorlar deb atalgan dastlabki toʻrt xalifadan keyingi davrlarda sodir boʻlgan. Biroq muqaddas joylar (qadamjolar, ziyoratgohlar) atrofida markazlashgan “ommaviy”, “xalq islomi” haqida hikoya qiluvchi yozma hujjatlarda bu voqealar aynan “xulafoi roshidin” davri bilan bogʻliq tarzda talqin etiladi. Binobarin, muqaddas joylarni ziyorat qilgani kelgan hatto mahalliy aholi ham bu yerga kim va qachon qanday qilib dafn etilganligini va u Paygʻambarning qaysi bir asʼhobi ekanligini ishonch bilan ayta olmaydi. Bunday muqaddas joylarga xizmat qiluvchi xodimlar har doim bir xil javoblarni aytishga urinadilar. Birinchisi – ha, bu u chindan ham “Arabistonda” halok boʻlgan. Biroq uning jasadi tarafdorlari tomonidan olib kelinib bu yerdagi maqbaraga dafn etilgan, yoxud – ushbu joyda u shahid boʻlgan va uning qoni toʻkilgan. Shundan soʻng uning jasadini yuvishib, Arabistonga olib ketganlar (koʻp
hollarda Madinadagi al–Baqiʼ qabristoniga deb koʻrsatiladi). Odatda jasad ortilgan oq tuya va uni yetti joyga toʻxtab oʻtganligi va shundan soʻng din yoʻlida shahid boʻlganlarning qabrlari paydo boʻlganligi yoki yettita tobut tayyorlanib, turli oʻlkalarga yuborilganligi hamda shu tarzda bir kishi nomi bilan bogʻliq koʻplab ziyoratgohlarni paydo boʻlganligi haqidagi rivoyat keltiriladi. Ikkinchi javob – bu avliyoning qadamjoyidir. Bu yerning qadamjoy ekanligi bir xudojoʻy kishini tushida bashorat boʻlgan yoki qaysidir kitobda oʻqib aniqlangan. Bunday javoblarning koʻp variantligi oʻz navbatida kitobiy musulmonlar tomonidan aytilajak tanqidlaridan saqlab qoladi. Boshqa bir jihati – oddiylik, yaʼni kishilarni oʻzlariga munosib boʻlgan tarixni istaganliklaridir1. Keltirilgan maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, Fargʻona vodiysida bir asrdan ziyod vaqt davomida boʻlib oʻtgan kurashlar tufayli oʻz davrining mashhur jangchilari va ular bilan birga kelgan islom dini targʻibotchilari halok boʻlganlar. Shu sababdan Oʻrta Osiyoning boshqa joylarida boʻlgani kabi Fargʻona vodiysida ham koʻplab shahidlar koʻmilgan “Mashhad” deb nomlanuvchi muqaddas mozorlar paydo boʻlganligi shubhasiz. Afsuski, ularning kim ekanligi vaqt oʻtishi bilan unutilib, faqatgina ularga xos Mashhad nomi bilangina bizning kunlargacha yetib kelgan koʻrinadi. Masalan, biz Fargʻona viloyati Beshariq tumani hududidagi ziyoratgohlarni oʻrganish chogʻida oʻnga yaqin geografik jihatdan yaqin boʻlgan tumanlardagi ziyoratgohlarga ham eʼtiborimizni qaratdik. Qizigʻi shundaki, qoʻshni hududlardagi ziyoratgohlarda ham arablarning kelishi bilan bogʻliq rivoyatlar hanuzgacha saqlanib qolgan. Shu oʻrinda Beshariqqa qoʻshni hudud boʻlmish Asht tumani (Tojikiston Respublikasi Soʻgʻd viloyati) nomining kelib chiqishi tarixiga eʼtibor beraylik. Elshunos olima L.A.Chvыrning keltirgan maʼlumotlariga koʻra, Asht toʻgʻrisidagi rivoyatlaridan birida keltirishicha, Qutayba ibn Muslim Asht soyi darasidagi Alojin deb atalgan joyga kelganidan soʻng jangler tugab ortga qaytadi. Ammo u bilan kelgan sakkiz sahoba shu yerda qolib, mahalliy xalqni islom diniga kirgizadilar. Oradan yillar oʻtib ular shu yerda olamdan oʻtadilar. Aholi ushbu sakkiz sahobani bir joyga dafn etadilar. Yillar oʻtib ularni qabri “Mozor Hasht Sahoba” nomi bilan mashhur boʻladi. Shu tarzda keyinchalik “Hasht sahoba” soʻzidan hozirgi Asht nomi kelib chiqqan emish.
Shuni taʼkidlab oʻtish joizki, Beshariq hududiga yaqin boʻlgan barcha tumanlarda xuddi Imom Abdulloh va Muhammad Boqir mozori kabi Hazrat Ali avlodlari nomi bilan bogʻliq ziyoratgohlarni mavjudligi ham bu zaminda Hazrat Ali(k.v.) avlodlarini mashhadlari qadimdan mavjud ekanligini koʻrsatadi. Masalan, Isfara tumanidan (Tojikiston Respublikasi, Soʻgʻd viloyati) 21 km janubda joylashgan Chorkoʻh qishlogʻidagi Hazrat Shoh mozorini olaylik. Maqbara X asrlarda yogʻochdan barpo etilgan boʻlib, hozirga qadar yaxshi saqlanib qolgan. Rivoyatlarga koʻra, bu yerda Hazrat Alining oʻgʻli Imom Husaynning avlodlaridan biri shahzoda Abulqosim dafn etilgan. Sharqshunos S. Xmelniskiyning taʼkidlashicha, ushbu ziyoratgohga VIII asr oxiri IX asr boshlarida islom dini uchun olib borilgan janglarda shahid boʻlgan Hazrat Ali avlodlaridan biri dafn etilgan.
Bu singari Sayyid Battol Gʻoziy, Qora yozi bobo, Xoʻja Hasan Nuri, Imom ota (Zayn al-Obiddin) ziyoratgohlari Beshariqqa yaqin boʻlgan Oʻzbekiston, Uchkoʻprik (Fargʻona viloyati), Pop tumani (Namangan viloyati)da ham mavjud. Mazkur ziyoratgohlar bilan bogʻliq rivoyatlarning mavzusi deyarli bir hil boʻlib, ularda islom dinini yoyish uchun Madinadan kelgan Paygʻambar (s.a.v.) avlodlaridan biri jangda gʻoyib boʻladi. Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlogʻidagi mashhur Shayxi Zinda Ali mozori ham shular jumlasidandir. Maʼlumotlarga koʻra, bu yerdagi gʻorga IX asr boshlarida musulmonchilik ilmi va tartiblarini targʻib qilganlardan biri, yaʼni Hazrat Ali xonadoniga mansub Shayxi Zinda Ali ismli avliyo tiriklayin kirib gʻoyib boʻlgan ekan. Shuningdek, Sayyid Battol Gʻoziy (Uchkoʻprik tumani) mozorini olaylik. Xalq orasida Shahid buva nomi bilan mashhur boʻlgan mazkur ziyoratgoh toʻgʻrisida turli rivoyatlar saqlanib qolgan. Rivoyatlardan birida keltirilishicha, Sayyid Battol Gʻoziy degan pahlavon yigit musulmonchilik yoʻlida matonatli kurashlar olib boribdi. Yigit Qoʻrgʻonchaning sohilga tutash joyiga kelib, bir lahza orom olishga tutinibdigʻyu, pinakka ketibdi. Gʻayrilar (dushmanlar) uni axtarib kelayotganidan xabar topgan hukmdorning kichik xotini olmadek kesakni otib, mehri tushgan pahlavonni ogoh etibdi. Shunda gʻaroyib voqea sodir boʻlibdi. Yigit bir seskanib uygʻonibdigʻyu, gʻoyib boʻlibdi. Keyin odamlar bu joyni aziz tutib, Tangri suygan islom fidoyisiga
ramziy qabr koʻtargan ekanlar.
Biz yuqorida bejiz Sayyid Battol Gʻoziy ziyoratgohi xususida soʻz ochmadik. Chunki tarixda Sayyid Battol Gʻoziy laqabi bilan shuhrat qozongan Sayid Jaʼfar ibn Sayyid Husayn 739-yilda Vizantiyaga qarshi boʻlgan urushda halok boʻlib Rum zaminida dafn qilingan boʻlsa-da, uning nomi bilan bogʻliq ziyoratgoh Oʻrta Osiyoda, jumladan Fargʻona vodiysida ham uchraydi. Buning sabablaridan biri shuki, Sayyid Battol Gʻoziy nomi oʻrta asrlarda nomi juda mashhur boʻlgan. Rivoyatlarga koʻra, u makr va hiyla bilan Vizantiya imperatoridan Konstantinopol (hozirgi Stambul)ning yarmini olgan ekan.
Maʼlumotlarga koʻra, Sayyid Battol Gʻoziyning hozirgi vaqtdagi qabri Turkiyaning Eski shahrida joylashgan boʻlib, ushbu mozorga XX asrning boshlarida ham Oʻrta Osiyodan ziyoratchilar toʻxtovsiz kelib turgan2. Xuddi shunday nom bilan ataluvchi ziyoratgoh Sharqiy Turkistonning Oqsu shahrida ham mavjud boʻlgan. Bu haqda Moʻso Sayramiy(1836-1917) oʻzining “Tarixi Hamidi” asarida quyidagilarni bayon qiladi:
“Oqsu zaminida Mavlono Jaloliddin Kiytaki degan bir oliy ziyoratgoh bor. Bu Oykoʻl degan joyda. Bu zotni Xoja Abu Hafiz Kabir Buxoriy quddusira azizning nevaralaridan edi deydilar... Yana Imom Battol Gʻoziy nomliq bir buzrukvorning oliy maqomliq ziyoratgohi bor. Bu zotning ismi shariflari imom Abdurahmon Alaviy, yaʼni Hazrat Ali karramallohu vajhahuning oʻgʻli Imom Muhammad al-Hanafiyaning toʻrtinchi nevarasi deyilgan. Buning mohiyati Xudovandi olamning oʻziga maʼlum”.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, Sayyid Battol Gʻoziy ham xuddi hazrat Imom Abdulloh Bohir bilan bir davrda yashab oʻtgan. Shunday ekan VIII asrning birinchi yarmida Fargʻona vodiysida arab qoʻshinlari bilan yuz bergan voqealar silsilasida mashhur islom dini targʻibotchilarining nomi, jumladan Hazrat Ali (k.v.) avlodlarining obroʻ-eʼtiboridan foydalanish tufayli ular bilan bogʻliq ziyoratgohlar paydo boʻlganligi ehtimoldan xoli emas. Keyinchalik bu holat xalq ogʻzaki ijodida ham,
tarixiy dostonlarda ham, jumladan “Safed Bulon qissasi”da oʻz ifodasini topgan.Shu oʻrinda arab tarixchisi Johizning (775–868) maʼlumotlari ahamiyatga molikdir. Unga koʻra, IX asrdayoq fargʻonalik arablar mahalliy aholidan koʻrinishi bilan farq qilmagan. Al-Johiz bu oʻrinda VIII asrlarda Fargʻonaga islomni olib kelgan arablarning avlodini nazarda tutgan. Koʻrinib turibdiki, VIII asrlardan boshlab Fargʻona vodiysiga islomni olib kelgan arablar bu yerda mahalliy aholi bilan yaqin boʻlish uchun chindan ham fargʻonalik qizlarga uylanganlar va tez orada ular shu yerning mahalliy xalq vakillariga aylanganlar.
Binobarin, Balazuriyning “Kitob futux al-buldon” (“Mamlakatlarning zarb etilishi haqidagi kitob”) asarida bu haqda jumladan quyidagilarni bayon etadi:”Menga al-Umariy Xaysama ibn al-Adiydan aytgan edi. U boʻlsa ibn Ayyashadan eshitgan ekan, shul toʻgʻridakim Qutayba Movarounnahrga, hatto Shosh va Fargʻonaga arablarni koʻchirib olib kelgan ekan”. Tarixiy manbalarda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, arab xalifaligi qoʻshinlari bilan fargʻonaliklar oʻrtasida bir asrdan ziyod vaqt mobaynida kurash borgan. Biz yuqorida 712-yildi Qutayba ibn Muslimni Fargʻonaga ilk yurishi sodir boʻlganligini yozgan edik. 715-yilda Qutayba ibn Muslim yangitdan Fargʻonaga yurish qiladi. Sababi, fargʻonaliklarning arablarga qarshi yangi qoʻzgʻoloni va arab noibining oʻldirilgani edi. Qutayba uchun Fargʻonaga yurishi hayotdagi eng soʻnggi yurish boʻladi. U xalifa Sulaymonga (715–717-y.y.) qarshi isyon koʻtarganlikda ayblanadi. Shu sababdan jangchilari va barcha qarindoshlari bilan birgalikda uni Fargʻonada qatl etiladi. Hozirda Qutayba nomi bilan bogʻliq ziyoratgoh Andijon viloyati Jalaquduq
tumani, Soʻfi qishloqda joylashgan boʻlib Shoh Qutayba nomi bilan mashhurdir.
Mahalliy aholining aytishicha, ushbu mozorga arab qoʻshinlarining lashkarboshisi Qutayba ibn Muslim va uning uch oʻgʻli dafn qilingan ekan. Rivoyatga koʻra, Qutayba ibn Muslim bu yerda kofirlarning podshohi boʻlmish Gulunch Kilinchning qizi Sulton Enaga uylanib 3 ta oʻgʻil koʻrgan va keyinchalik oʻz askari tomonidan oʻldirilguniga qadar, 7 yil shu yerda yashagan ekan. Mazkur ziyoratgoh joylashgan qabriston nomi Qilich mozor (eski nomi – Gurunch) deb ataladi. Qabristonning oʻrtasida Qutayba ibn Muslimning qabri joylashgan boʻlib, atrofida 3 nafar oʻgʻli va 2 nafar nomi nomaʼlum aziz-avliyoning qabrlari hamda muqaddas suv chiqadigan qayragʻoch daraxt mavjud. Qutayba ibn Muslimning mozori yaqinida “Xoʻja mozor”, “Qirgʻiz mozor”, “Oʻzbek mozor”, “Qoraqalpoq mozori”, “Qashqar mozor” singari ziyoratgohlar mavjud. Shu oʻrinda islom lashkarboshisi Qutayba bilan bogʻliq rivoyatlar eʼtiborga molikdir. Rivoyatga koʻra, Raboti Sarxang degan qalʼa yaqinida otashparast hukmdor Kulunj (yoki Kulish) va Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi islom lashkarlari oʻrtasida jang boʻladi. Qalʼaning mustahkamligi tufayli Qutayba qoʻshinlari uzoq muddatga qadar qalʼani
qamal qilishga majbur boʻladilar.
Kunlarning birida Kulunjning qizi malika Sultonbegim tushida iymon keltirib musulmon boʻladi va u musulmonlarning qoni behuda toʻkilmasligi uchun ularga qalʼani qay tariqa qoʻlga kiritish yoʻlini maʼlum qiladi. Shu tarzda Qutayba qalʼani qoʻlga kiritadi va malika Sultonbegim (Sulton Ena)ga uylanadi. Rivoyatda Qutayba ibn Muslim Sultonbegim bilan birga yetti yil yashab, uch oʻgʻil koʻrganligi, ulardan biri Baxmalpoʻsh degan nom olganligi aytiladi. Qizigʻi shundaki, Qutaybaning oʻlimidan soʻng uning dushmanlari malika Sultonbegimni ham joniga qasd qilishmoqchi boʻladilar. Dushman taʼqibidan qochayotib Sulton begim tepalik oldida Allohga iltijo qilib, uni dushmanlar taʼqibidan xalos qilishini soʻraydi. Moʻjiza yuz berib, u adirlik orasida gʻoyib boʻladi. Hozirda xuddi shu joyda Sulton Begim mozori mavjud.15
Taʼkidlab oʻtish kerakki, Shoh Qutayba mozori islom lashkarboshisi Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy (660–715) bilan bogʻliq boʻlsada, xalq orasida Shoh Qutayba hazrat Alining oʻzidir degan qarashlar saqlanib qolganligini yerlik aholi bilan olib borgan suhbatlar chogʻimizda amin boʻldik. Fikrimizning dalili sifatida “Shoh Qutayba Koʻkbuloqiy Andijoniy” nasabnomasida keltirilgan maʼlumotlar bunga misol boʻla oladi. Mazkur qoʻlyozmada keltirilishicha, Qutayba ibn Muslim ota tarafidan Ali ibn Abu Tolibning uchinchi avlodi ekanligi aytiladi. Garchand mazkur maʼlumotlar haqiqatdan yiroq boʻlsa-da, Qutayba ibn Muslimning Fargʻona vodiysidagi olib borgan harbiy harakatlarini ham keyinchalik hazrat Aliga nisbatan berib kelingan boʻlsa kerak. Bu esa davrlar oʻtishi bilan hazrat Ali va Qutayba oʻrtasida qarindoshchilik rishtalari mavjudligi toʻgʻrisidagi tushunchalarni keltirib chiqarganligi ehtimoldan xoli emas. Qolaversa, axborotchilarning aytishlaricha, ular keksalardan “Qutayba bu Alidir” degan soʻzlarni eshitganliklarini taʼkidlaydilar. Nima boʻlganda ham, hazrat Ali toʻgʻrisida afsona va rivoyatlarning paydo boʻlish zamirida arablarning Fargʻona vodiysiga islomning ilk davrlarida qilgan harbiy yurishlari ham muhim ahamiyat
kasb etgan koʻrinadi.
Tarixdan maʼlumki, Qutaybaning oʻlimidan soʻng, fargʻonaliklarm arablarni vodiy hududidan surib chiqarganlar. Fargʻona yana mahalliy hukumdorlar qoʻliga oʻtib, bir necha yil davomida arablar bu yerlarga kelmaydilar. Lekin bu hol uzoq vaqt davom etmaydi. Bu vaqtlarda Fargʻonada Alutar baʼzi manbalarda “Tarabanda” yoki “At-Tar” deb, xitoy manbalarida boʻlsa, “Alyaoda” deb koʻrsatilgan hukmdor hukmronlik qilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Xuroson noibi Said al-Xarashiy 722-yiliningFargʻonaga qilgan yurishi vaqtida Alutardan katta miqdordagi oʻlpon toʻlashni talab qiladi. Fargʻona hukumdori unga soʻragan miqdordagi oʻlponni toʻlaydi. Biroq, u Xuroson noibidan qoʻrqqanligidan emas, balki maʼlum bir harbiy maqsadlarni koʻzda tutgan holda bu ishni amalga oshiradi.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, Said al-Harashiy Fargʻonadan Samarqandga qaytib ketayotgan paytida uning karvoniga Alutar boshchiligidagi 50 mingdan iborat Fargʻona qoʻshinlari tunda toʻsatdan hujum qilib, juda katta oʻljani qoʻlga kiritadi. Xalifalik voqealarining bunday tarzda keskinlashib ketishidan choʻchib, qanday boʻlmasin Fargʻona hukumdorining boshlagan harbiy harakatlarini bostirish payida boʻladi. Unga qarshi jazo boʻlinmalarini yuboradi. Shunday qilib, 723-yili Fargʻona vodiysiga Muslim ibn Said boshchiligidagi saralangan arab qoʻshinlarining yurishi boshlanadi.
IX asrda yashab oʻtgan tarixchi Balazuriyning “Kitob futux al- buldon” (“Mamlakatlarning zarb etilishi haqidagi kitob”) asarida keltirilgan maʼlumotlariga koʻra, Muslim ibn Said Fargʻona poytaxtiga hujum qilib, daraxtlarni kesib, shaharni buza boshlagan . Bunday harbiy yurishlar xalifalar al-Mansur, al-Mahdiy, Horun ar-Rashid va al- Maʼmun davrlarida ham davom etgan. Bundan koʻrinadiki, Fargʻona vodiysi bir necha oʻn yil mobaynida arablar bilan mahalliy hukmdorlar oʻrtasida urush davom etgan va bu holat xalq ogʻzaki ijodida ham tarixiy qissalarda ham jumladan “Safed Bulon qissasi”da oʻz ifodasini topgan. (10-rasm) Qissada Fargʻonani Mugʻiston yoxud mugʻlar oʻlkasi deya atashda oʻziga xos sabablari bor. Shu oʻrinda Mugʻ soʻzining maʼnosi nima va mugʻlar oʻzi kim degan savolga qisqacha izoh berib oʻtsak. Yunon tarixchisi Herodotning (miloddan. av. VI asr) keltirgann maʼlumotlariga koʻra, shimoliy-gʻarbiy Eronning togʻliklarida oʻrnashgan midiyaliklar oltita qabilaga boʻlinib, ulardan biri Magʻ deb atalgan.
Olima Meri Boysning fikricha, ushbu Magʻ qabilasi kohinlardan iborat boʻlgan. Bundan koʻrinadiki, qadimgi eron tilida magʻ, yaʼni mugʻ soʻzi kohin maʼnosini anglatgan. Oʻrta Osiyo xalqlarida zardoʻshtiylik, yaʼni notashparastlik diniga eʼtiqod qilgan aholi qadimda mugʻlar deb atalgan.
Keyinchalik qadimgi zardoʻshtiylikka oid yodgorliklar va islomdan oldingi davrga mansub tarixiy obidalar aholi orasida Mugʻtepa, Mugʻxona, Mugʻ qalʼa yoxud Mugʻiston deb yuritilgan. Shu sababdan Ibrat oʻzining “Fargʻona tarixi” asarida: “Turkiston mamlakatlarida bino boʻlgan eski xarobalar bor, ani “mugʻniy” imorati deb ayturlar. “Mugʻ” deb otashparast Afrosiyobdan qolgan imoratlar boʻlsa kerak” degan fikrni keltirib oʻtadi.
Dostları ilə paylaş: |