II.BOB: Buyavda ziyoratgohlari.
2.1. Bibi Ubayda ziyoratgohi.
Bibi Ubayda ziyoratgohi oʻzining tarixiyligi va ijtimoiy salmogʻi jihatdan eʼtiborga loyiqdir. Ziyoratgoh Buvayda qishlogʻidan 8 km sharqda, Markaziy Fargʻona choʻlining gʻarbiy poyonida joylashgan. Qishloq “Bibi Ubayda” (“Hazrat Bibi”) nomi bilan yuritiladi. Bu yerdagi qabristonga vodiyda musulmonlikni birinchilardan boʻlib qabul qilgan, birinchilardan boʻlib haj ziyoratiga musharraf boʻlgan, (Fargʻona vodiysiga islom dinini yoygan arab sarkardasi Said ibn Usmonning zavjasi) Bibi Ubayda (r.a.) dafn etilgan. Bu joy keyinroq kata qabriston va ziyoratgohga aylanib ketgan. Shoʻro davrida diniy sarqit sifatida toptalib, xarobaga aylantirilgan bu ziyoratgoh mustaqillik sharofati bilan maʼnaviy qadriyat sifatida eʼzozlana boshlandi. Uning asl nufuzi qayta tiklandi. Qoʻqon xonligi davrida bu joy xalqimizning maʼnaviyat maskanlaridan biri, ayollarimizning tabarruk ziyoratgoh edi. Shuni eʼtiborga olish kerakki, bu joy hozirgi vaqtga qadar respublikamizda yagona ayollar ziyoratgohi boʻlib kelmoqda. Bu ziyoratgohga faqat xotin-qizlar kelishi udumga aylanib ketgan. Ayni kunlarda ham bu yerga respublikamizning turli goʻshalaridan xotin-qizlar guruh-guruh boʻlib kelishmoqda. Xoʻsh, bu ziyoratgohning ohanrabosi nima? Bibi Ubayda aslida kim boʻlgan (respublikamizda yagona tuman ayol kishi bilan ataladi. U ham
boʻlsa 1926-yili tashkil etilgan Buvayda tumanidir. Buvayda soʻzi “Bibi Ubayda” soʻzining shevalanish shakli)”.
“BUVAYDA” SOʻZINING MAʼNOSI HAQIDA Yuqorida keltirilgan maqolaning soʻngi jumlasiga eʼtibor bergudek boʻlsak, Buvayda nomi Bibi Ubaydaning shevalanish shakli boʻlib chiqadi. Ayrim adabiyotlarda boʻlsa, uni Bibi Huvaydo nomi bilan yuritadilar. Masalan, toponomist olim Suyun Qorayev Buvayda Shoh Jamolning singlisi Bibi Huvaydo nomi bilan bogʻliq ekanligini taʼkidlaydi. Baʼzida hatto Bibi Obida sifatida ham talqin etadilar. Ammo Qoʻqon xonligi arxiviga doir hujjatlarda ziyoratgoh va joy nomi ham aynan hazrati Bibi Ubayda nomi bilan qayd etilgan.11
Masalan, XIX asrda yashab oʻtgan Ziyovuddin Maxdum (Mahzuniy)ning “Fargʻona xonlari tarixi” nomli asarida ham Bibi Ubayda qishlogʻi nomi bilan tilga olinadi : “Maktubni oʻqiganidan soʻng Qozoqiya eli, Toshkent lashkarining jami 100 ming lashkari tugʻ, bayroqlar koʻtarib Qoʻqonga yoʻl tortdi. Yurub oʻtirib Bibi Ubayda degan qishloqqa kelishdi”. Filologiya fanlari doktori, professor Ergash Umarov ham “Buvayda soʻzining tarixi” nomli maqolasida ham shunday fikr
bildiradi: “Yozma manbalarda xalqimiz tarixiga oid juda koʻp maʼlumotlar saqlanib qolgan. Ularni oʻrganish turli xil talqin taxminlarga barham beradi. Buni Fargʻona viloyatidagi Buvayda joy nomida ham koʻrish mumkin. Buvayda soʻz adabiyotlarda hozircha turli talqin qilinadi. Biz “Sadoyi Fargʻona” gazetasining 1914-yilgi sonlarini varaqlar ekanmiz, bu soʻz tarixiga oid qiziq maʼlumotga duch keldik. Gazetaning 1914-yil 16-aprel sonida “Idoradan javoblar” rukni ostida tahririyat hayʼati gazeta chiqa boshlaganligi munosabati bilan tabrik yuborgan shaxslarga tashakkur bildirar ekan, Bibi Ubaydadan Mirsayev janoblariga ham minnatdorchilik bildiradi. Koʻrinib turibdiki, tuman nomi qadimda Bibi Ubayda boʻlgan. Keyinchalik talaffuzdagi tejash qonuniga muvofiq qisqarib, Buvayda
holiga kelib qolgan”. Shu oʻrinda Ubayda nomiga izoh bersak. Filologiya fanlari doktori, professor E.A.Begmatovning yozishicha, Ubayda ismi qul, qul qizcha, yoki boʻysunmovchi, oʻjar sarkash maʼnolarini anglatadi. Shunday ekan, afsonaviy malika Bibi Ubayda nomining bu qadar mashhur boʻlib, asrlar davomida xalqning eʼtiborini qozonishiga nima sabab boʻlgan? Maʼlumki, afsona va rivoyatlarda sof tarix aks etmaydi, balki real tarixiy voqealarning aks-sadolari, ularning gʻoyasi, tarixiy shaxslar, obrazlar, joy va voqealarning nomlari orqali oʻz ifodasini topadi Binobarin, oʻzbek xalq ogʻzaki ijodining tadqiqotchisi K.Imomov taʼkidlaganidek, “Rivoyat hayotiy voqealarni badiiy uydirmalar vositasida hikoya qiluvchi folklorning realistik xarakteriga xos boʻlgan alohida turidir” Garchand Bibi Ubayda nomi bilan bogʻliq rivoyatlar tarixiy haqiqatga bir muncha toʻgʻri kelmasa-da, biroq ularni xalq ogʻzaki ijodining badiiy namunasi sifatida naqadar muhim ekanligini unutmasligimiz zarur. Zero, adabiyotshunos olim Saidbek Hasan “Islomiy madaniyat, tarix va adabiyot oʻzbek xalqi tarixining butun bir maʼnaviy-axloqiy anʼanalarini belgilaydi, Bu madaniyat sarchashmandlaridan bahramand boʻlmay turib moziy adabiyotimiz tabiatini anglash mumkin emas” deya taʼkidlab oʻtgan edi . Binobarin, xalq madaniyati tarixini har tomonlama oʻrganish va aslicha tushunish uchun uning barcha jihatlarini, jumladan, nafaqat yozma manbalar balki,
ogʻzaki rivoyatlar, afsonalar, estaliklar va marosimlarni ham tushunib yetish muhim hisoblanadi. Chunki yozma manbalar qanchalik muhim va qimmatli boʻlmasin ular inson hayotining barcha tomonlarini oʻzida toʻliq aks ettira olmaydi. Ushbu oʻrinda ayniqsa, asrlar davomida yashab kelayotgan va hozirgi kunda ham jamiyat hayotida hamda har bir kishining shaxsiy hayotida muhim rol oʻynab keluvchi muqaddas joylar bilan bogʻliq kultlar, turli xalq eʼtiqodlari va ogʻzaki anʼanalari asosiy oʻrin tutadi. Shuningdek, mozorlar hamda ziyorat bilan bogʻliq xalq tasavvuri va amaliyotlarini komleks tarzda oʻrganish oʻz navbatida yozma manbalarni izohlash, diniy qarashlar, davolash usullari, ijtimoiy tashkilotlar, avlodlar va jinslarning oʻzaro aloqalari, etnoslararo aloqalar va shu kabilar boʻyicha yangi materiallarni olish imkonini beradi.
Qolaversa, ziyoratgohlarni tadqiq etish xalqning ijtimoiy tarixi va uning rivojlanish dinamikasini oʻrganishda juda qoʻl keluvchi shahar va qishloqlarning tarixiy topografiyasini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.Taʼkidlab oʻtish joizki, aholi orasida Podshoh Pirim (Poshsho pirim), Shoh Fazl, Safed Bulon, Bibi Buvayda, Bistom buva, Soʻfi aazizlar, Bandikushod ota singari mozorlar bir oilaga mansub boʻlgan zotlarning mozorlari hisoblangan. Shu sababdan ziyoratchilar agar Bibi Ubayda va Poshsho Pirim mozorini ziyorat qilsalar, albatta Safed Bulondagi Shoh Fazl mozorini ziyoratiga ham borishni niyat qiladilar. Garchand oradagi masofa yuz chaqirimdan ziyod boʻlsada, ona va farzandining mozorlarini har birini ziyorat qilish aholi uchun odatiy holga aylangan. Biz quyida aynan shu mozorlar va ularda dafn etilgan shaxslarning hayoti toʻgʻrisida maʼlumot berishga harakat qildik. Zero, ularning hayotlari rivoyatlarda bir-biri bilan chambarchas bogʻliq ekanligi naql qilinadi. Shu sababdan biz dastlab Safed Bulon1 ziyoratgohidan soʻz ochishni niyat qildik. Binobarin rivoyatlarga koʻra, Bibi Ubayda bilan bogʻliq voqealar silsilasining muqadimasi aynan shu yerdan boshlanadi.
Dostları ilə paylaş: |