Mavzu: Farg’ona viloyati ziyoratgohlarining tarixi ( arxeologik va etnografik malumotalr asosida) Mundarija: Kirish 2-7



Yüklə 0,81 Mb.
səhifə9/15
tarix08.06.2023
ölçüsü0,81 Mb.
#126806
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   15
ILHOMJON DIPLOM ISHI

SULTON BAYOZ BASTOM ZIYORATGOHI
Bastom buva (Bistom buva, Bastom bobo) ziyoratgohi Buvayda tumanining Bastombuva qishlogʻida joylashgan. Oʻrta asrlar meʼmoriy yodgorliklaridan biri boʻlgan Bastom buva ziyoratgohi Qoʻqon xonligi tarixiga doir yozma manbalarda Sulton Boyazid (Boyaz) Bastomiy nomi bilan tilga olinadi. Masalan, Qoʻqon tarixnavisligi maktabining eng mashhur namoyandasi boʻlmish xonzoda Muhammadhakimxon ibn Maʼsumxon Maxdumi Aʼzamiy qalamiga mansub boʻlgan “Muntaxab at-tavorix” (“Saylangan tarixlar kitobi”) nomli asarida bu haqda jumladan shunday deyiladi: “...Sheralixon u yerdan kata dabdaba va shon shavkat bilan Sayhun daryosidan kechib oʻtdi va Sulton Boyazid Bastomiy nomini olgan mavzega kirib keldi. U yerdan esa necha hashamat va tajammul bilan poytaxt Xoʻqandga yuzlandi”. Qoʻqon xonligi tarixiga doir arxiv hujjatlarida ziyoratgoh Sulton Boyaz Bistomiy, Sulton Bayoz Bistom nomlari ostida qayd etilgan. Mazkur hujjatlarda Sulton Boyaz Bistomiy mozorida oʻtkazilgan marosimlar bilan bogʻliq maʼlumotlar saqlanib qolgan. (11-rasm) 1939-yilda mazkur ziyoratgohni koʻzdan kechirgan akademik Yahyo Gʻulomov u haqda shunday yozadi: “ Urganji temir yoʻl bekatining janubiy tomonida afsonaviy shay Boyazid Bastomiy nomi bilan bogʻliq XIX asrga oid ikki gumbazli maqbara joylashgan. Faronaliklar bu maqbarani oddiy qilib Bastom buva deb ataydilar. Har yili avgust oʻrtalarida Fargʻoning turli tumanlaridan kelib qumga tushadilar. Bu hudud suvsiz
choʻldan iborat boʻlib, qum barxanlari koʻchib yuradi. Shunday barxanlardan biri Bastom buva maqbarasini ham qurshab olgan”. Yahyo Gʻulomovning Bastom buvaga turli joylardan kelgan aholini davo istab qumga tushishlari haqidagi maʼlumotlarini koʻzdan kechirar ekanmiz, bu yerdagi qaynoq buloqning shifobaxshligini ham qayd etgan holda Nizomiddin Mahmudovning xotiralarini keltirib oʻtamiz: “Tumanning Namangan viloyati bilan chegaradosh yerida Boʻstonbuva degan ziyoratgoh bor. Men bolalik paytlarimda avgust oyining oxirlarida bu ziyoratgohda oʻtadigan xalq sayillarida qatnashganimni ilk bor xotira sifatida eslayman. Paxta terimi oldidan hafta – oʻn kun dehqonlar, dardiga shifo tilar, bosh, oyogʻi ogʻriganlar bu yerdagi issiq qumga tushar, biz kabi bolakaylar esa turli shirinlik va oʻyinchoqlar sotib olib, oʻzimizni xursand qilardik...”
Yana bir rivoyatga koʻra Bastom buva Ahmad Yassaviyning avlodlaridan boʻlib, amir Temurning pirlaridan boʻlgan ekan. Taʼkid joizki, Fargʻona vodiysida Sohibqiron Amir Temur bilan bogʻliq rivoyatlar hozirga kunga qadar saqlanib qolgan. Bu rivoyatlar aksariyat hollarda, Xoʻja Muʼoz ibn Jabal, Sohibi Hidoya, Hazrati Ayyub, Safed Bulon, Amir Xizr Valiy, Imom ota, Koʻkmozor singari muqaddas ziyoratgohlar bilan bogʻliqdir. Biz mazkur ziyoratgohlar tarixini oʻrganish maqsadida uyushtirilgan ilmiy safarlarimiz chogʻida xalq orasida saqlanib qolgan baʼzi bir rivoyatlarni yozib olishga muyassar boʻldik. Oʻylaymizki, tadqiqot chogʻida tushirgan yozuvlarimiz mushtariylarni ham diqqat – eʼtiboridan chetda qolmaydi.

Rivoyatlarga koʻra, Amir Temur oʻzining oʻn toʻrt yilga choʻzilgan moʻgʻullarga qarshi yurishi chogʻida ketayotib, Margʻilonda toʻxtab oʻtgan ekan. Uning lashkarboshilari olis safar oldidan shu yerda otlarni taqalash lozimligini Amir Temurga maʼlum qilishgach, Margʻilondagi barcha taqachi ustalarni otlarni taqalash uchun huzuriga chorlabdi. Biroq oʻsha vaqtlarda hozirgi Koʻkmozor oʻrnida yashovchi otlarga taqa yasovchi Mullo Oxun Mirzo Amir Temurning huzuriga kelmabdi. Amir Temur oʻsha temirchiga odam yuborib kelmaganligining boisini surishtiribdi. Mulla Oxun otlarini taqalash bilan mashgʻul boʻlib bora olmaganligini aytibdi. Ne koʻz bilan koʻrishsinki, ulkan koʻp sonli qoʻshinidagi barcha otlarning tuyoqlarida oltindan ishlangan taqa bor emish. Mullo Oxun Mirzo usta valiy zotlardan boʻlganligi uchun bu ishni bir kechaning oʻzidayoq birov bilmas tarzda uddalab qoʻygan ekan. Amir Temur ustaning ishlaridan hayratga tushibdi va uning ishidan gʻoyat minnatdor boʻlib safarida davom etibdi. Harbiy yurishdan qayta turib, Amir Temur ustani koʻrish niyatida Margʻilonga kelibdi. Ammo bu vaqtda usta olamdan oʻtgan ekan. Amir Temur ustaga boʻlgan hurmat ehtiromini ado etib, unga atab ziyoratgoh qurdiribdi. Keyinchalik ziyoratgoh Koʻkmozor nomi bilan xalq orasida mashhur boʻlibdi. Yana bir rivoyatga koʻra, taqachi usta Amir Temurga karomatini oshkor qilib qoʻyganidan hijolat chekib bir changalning oldida gʻoyib boʻlgan ekan. Yana bir rivoyatga koʻra, Amir Temur taqalarni qoʻlida ushlab koʻrsa, sinib ketavergach, mulozimlaridan biri Margʻilonda avliyo temirchi borligini, u yasagan taqalar hech qachon sinmasligini aytibdi. Shundan soʻng Amir Temur oʻsha temirchiga otlarini taqalashini buyurgan ekan. A. K. Pisarchikning yozishicha, mozorni aslida Koʻkmozor deb atalishiga uning koshinlarini koʻmgʻkoʻk boʻlganligi sabab boʻlgan. Yana bir taxmin mozor koʻk yoʻtalga shifo boʻlganligi uchun shu nom bilan atalgan ekan.


Fargʻona shahrining Yormozor mavzesida Amir Xizr Valiy Poshshoyim mozori joylashgan. Maʼlumotlarga koʻra, bu yerga Amir Temurning kuyovi Abduvali Xizr Podshoh dafn etilgan. Naql qilishlaricha, Amir Xizr Valiy Poshsho pirim aslida ajam yurtidan boʻlib – avlod ajdodlari sayyidlar – paygʻambarzodalardan ekan. Padari-buzrukvorlari bir yurtga podshohlik ham qilgan ekanlar. Amir Temur Sohibqiron oʻsha yurtga qilgan yurishi chogʻida poytaxtni qamal qilib, qamaldagilarni taslim boʻlishga chaqiradi. Shaharni zabt etgach, Xizr Valiy Poshshopirimning otagʻonalarini Turon zaminga olib kelishadi. Shunda Amir Valiy jar yoqasidagi daraxtdan kamon yasab, duoibad qilingan ikki oʻqni Amir Temurga qarata otadi. Birinchi oʻqni sohibqironning pirlari qoʻllari bilan ushlab oladilar. Ikkinchi oʻq yetib kelmagach, Amir Koʻragonning pirlari sayyidzodagʻposhshozodalarni koʻchirib kelish tayziq ostida boʻlgani xato ishligini aytib, ular bilan munosabatni yaxshilashga chorlaydi. Imongʻeʼtiqodli boʻlgan Sohibqiron bu avloddan uzr soʻrab, Amir Xizr Valiyga oʻz qizlarini bergan ekan. Biz Amir Xizr Valiy ziyoratgohi haqida soʻz yuritishimizning oʻziga xos sabablari bor. Avvalo bu mozor chindan ham temuriylar davriga taaluqli boʻlib, vaqfnomalardan birida keltirilishcha, hijriy 824(1418) yili Amir Xizr Valiy mozori


oldidagi masjid va madrasa taʼmir etilgan. Vaqfnomada “Amir Xizr Valiyning qabri Foxirai Margʻilonda joylashgan”, deya taʼkidlanadi. Chunki, oʻsha davrlarda Margʻilon shahri deyilganda katta hudud tushunilgan. Garchand Amir Xizr Valiy ziyoratgohi hozirgi vaqtda Fargʻona shahrining Yormozor mavzesida joylashgan boʻlsa-da, avvalgi vaqtlarda bu joylar ham Margʻilon tarkibiga kirgan edi. Bu muqaddas zaminda yashab oʻtgan ulugʻ avliyo zotlar toʻgʻrisida soʻz yuritganimizda, biz ular toʻgʻrisida koʻplab afsona va rivoyatlarga duch kelamiz. Afsuski, bu afsonalarni xususan Sohibqiron Amir Temurni Fargʻonaga kelganligini baʼzi birovlar quruq uydirma gaplardek qabul qiladilar va boshqalarni ham bu afsonalarga ishonmaslikka undaydilar. Ammo, aytganlaridek, afsona har qanday dalildan ham tarixiyroqdir.

Biz soʻz yuritmoqchi boʻlgan avliyolarning hayoti ham shunday afsonalarga boy boʻlib, qadimiy bitiklarimizda aytilganidek “Bul hikoyat agarchi afsona tusida ersagʻda, ul haqiqatdan yiroq emasdur”. Taʼkid joizki, buyuk sohibqiron, mashhur sarkarda Amir Temur hayoti va faoliyati toʻgʻrisida koʻpdan-koʻp qoʻlyozma manbalar, necha oʻnlab kitoblar bizgacha yetib keldi. Bulardan boshqa zamon ulamolari va fuzalolari asarlarida ham Sohibqiron toʻgʻrisida muhim dalillar yozib qoldirildi. Shulardan biri Alisher Navoiyning 901 hijriy (1495–96) yilda yozgan “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat” (ulugʻlik xushboʻyliklarini taratuvchi sevgi shabbodalari) asaridir. Navoiy ushbu asarida Turk mashoyixlari hayoti va faoliyatidagi buyuk ulugʻvorliklariga alohida eʼtibor qaratgandir. Asarning turk mashoyixlari qismida Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns” asaridan farqliroq Abdulloh Muborak, Abu Mansur Moturidiy, Ahmad Yassaviy, Ahmad Yugnakiy, Pahlavon Mahmud, Ubaydulloh Lutfiy, Muhammad Tabog’dagoniy, Xoja Boyazid va boshqa yuzdan ortiq Turk mashoyixlari oʻrin olgandir. Asarning bir necha joyida Sohibqiron shaxsiyatiga oid maʼlumotlar ham bayon etilgan. Asardagi avliyolar tavsilotining 617 raqam tartib ostida Navoiy yozadi: “ Xoja Boyazid”(Boyazid – nurli, porloq degan maʼnoga ega) aylayhirrahma. Otaning yaqin avlodidandur. Temurbek aning suhbatigʻa kelibtur. Va kelurda koʻnglida kechibturki, bu erning maʼno olamidin xabari boʻlsa, bizga issiq halvo tortqoy. Ul muridlargʻa halvoni hud buyurgʻon ekandur. Bek bila salomlashib, koʻrishgondin soʻngra debdurki, “avval salom, oʻrtasi taʼom, oxiri kalom”. Filhol halvoni tortturubdur. Bekka bu hol zohir boʻlgʻach, murid boʻlub, langar yasab koʻp avqof qilibdur”.


Hazrat Alisher Navoiyni Xoja Boyazidga bergan taʼrifini navoiyshunos olim Hamidxon Islomiy quyidagicha izohlaydi: “Ushbu lavhada Amir Temur Xoja Boyazid suhbatiga ataylab kelganligi bayon etilgan. Sohibqironning Xoja Boyazid huzuriga kelishining oʻzi, avliyoning oʻz zamonasida mashhur va maʼlum boʻlganidan darak berar edi. Amir Temur koʻnglidan kechgan fikrni yoki shartli sinovni Xoja Boyazidning gʻoyibiy olam sirrul-asrori ruhiyati orqali bilishi, yaʼni Temur koʻnglidagi shartni gʻoyibiy idrok etishi, ul zotning botiniy ilmlardan, maʼno olamidan yuksak kamolotga erishgan Avliyo ekanidan dalolat edi. Demak Temurbek ham maʼno olamining sirrul-asrori, botiniy ilmlardan boxabar, gʻoyib ilmiga ishongan va karomat dunyosiga intiluvchi zukko kishi ekani maʼlum boʻladi. Shu bois Xoja Boyazid ziyoratiga yoʻl tortib, ezgu niyat bilan ul zoti sharif suhbatiga keladi. Suhbat oʻz davrida bilimlar sinovi, mushkul masalalar yechimi, sirrul-asrorning zohiridagi koʻrinishlari toʻgʻrisida boʻlar edi. Ushbu sabablarga koʻra hamonki, yoʻlda Sohibqiron Xoja Boyazid ruhiyati bilan gʻoyibona muloqot qiladi. Bunda Shayxning kamoloti qay darajada ekanini bilmak uchun ruhan, koʻnglida avliyo ruhiyatiga taʼsir etadi (sinov sharti sifatida,oʻz odamlari bilan borganda, ularning oldiga issiq halvo qoʻyadimi?). Bu juda qaltis va nozik “Holat” edi. Amir Temur, Shayx huzuriga borganda xuddi oʻylaganidek, Xoja Boyazid Amir Temur va uning safdoshlariga issiq halvo torttiradi. Albatta, Hirot yoki Samarqanddan Fargʻona vodiysiga kelgan Sohibqironning oʻzi muhofizatchi qoʻshini – yasovul, qoʻriqchi, bahodir, sardor va kengashchilar safdoshlari nazarga olinsa, kam deganda 200 yoki 300 kishi demakdir. Bularning barchasiga halvo torttirishning oʻzi ayni hayotda zohiriy karomat edi. Ana shundan keyin “maʼno olami” gʻoyib ruhiyati karomatidan koʻngli amin topgan Amir Temur ishonch va qoyilligi bilan Xoja Boyazidga murid boʻlgan ekan. 19
Bundan koʻrinib turibdiki, Sohibqiron tasavvuf sulukiga kirishni niyat qilgan va bu maʼno olamining sirrul-asrorlari taʼlimoti yoʻlida Xoja Boyazidni oʻz piri – murshidi, deb bilgan va tan olgan edilar. Shuning uchun Xoja Boyazidga koʻp “avqof”, yaʼni mablagʻlar ajratib, vaqf mulklar tayin etgan. Ayni chogʻda bu mablagʻlar tolibi ilmlarni oʻqitish, madrasa, maktablar qurish, ular uchun madaniygʻmaʼnaviy sharoitlar yaratish, doimiy vaqflar uchun yer, mol-mulklar ajratish, taʼmin etish kabi hayotiy, maʼrifiy, maʼnaviy yuksalishni taʼminlashda Xoja Boyazid uchun katta imkoniyatlar yaratib bergan edi. Endi “Langar” masalasi esa, bu buyuk karvonsaroylarni oʻz ichiga olgan holda, aholini pulsiz, toʻlovsiz ovqat bilan taʼminlashni yoʻlga qoʻyganidan dalolat beradi. Shu bilan birga Sohibqiron oʻz piri – murshidiga cheksiz saxiylik alomatlarini koʻrsatgani maʼlum etilgan. Yana Xoja Boyazidga kelsak, hazrati Alisher Navoiy ul zotni “otaning yaqin avlodidur” – deb yozadi. “Ota kim edi?” degan savol oʻzgʻoʻzidan tugʻiladi. Alisher Navoiy bu toʻgʻrida oʻzi “Nasoyim”ning 614- avliyo tartibida quyidagicha bayon qiladi: “Ismoil Ota alayhirrahma. Zohiran Xoja Ahmad Yassaviy quddisa sirruhining Ibrohim Ota otligʻ inisining oʻgʻlidur. Va Xojaning” muridi asʼhob koʻp boʻlubtur. Va karomat va maqomot va xavoriqi odoti benihoyat. Va yoshi yuzga yaqin, avlodi oʻn yetti yo oʻn sakkiz. Va olamdin oʻtardi avlodi orasi Isoq otani oʻz qoyim maqomi qilib olamdin oʻtubtur”. Demak Xoja Boyazid “Turkiston ahlining qiblai duosi” Sulton ul-orifin Ahmad Yassaviyning jiyani, Ismoil otaning avlodi boʻlib chiqadi. Ismoil Otani esa Xoja Ahmad Yassaviyning oʻzi maʼno olamining sirrul-asroridan tarbiyalagan, valiylik nazarlari jilosi ul zotga ham oʻtgan boʻlib chiqadi. Bu bilan tasavvuf taʼlimoti maqomida yetuk boʻlib, benihoyat karomatlar koʻrsatishga ega, buyuk avliyo martabasiga yetgan, sirfarzand egasi maʼlum etilgan. Demak, Ahmad Yassaviydan tarbiyat topgan, sohibkaromat avliyo Ismoil otaning avlodi boʻlmish Xoja Boyazidni Amir Temur oʻziga piri – murshid tutgan ekan. Alisher Navoiy yozib qoldirgan matnidan, yaʼni amir Temur hazratlarining Xoja Boyazidni pir tutganlari, ul zotning karomatlaridan bahra olganlari haqidagi xabarlardan bir muhimmasalaning mohiyati maʼlum ayon boʻladi.

Sohibqiron Amir Temur Alisher Navoiy taʼbiri bilan aytganda “Turkiston ahlining qibla duosi” Ahmad Yassaviyga buyuk ixlos bilan qarashlari bejiz boʻlmagan ekan. Gap shundaki, Xoja Boyazid “Nasoyim”da tilga olingan “Otaning avlodi edi” oʻz oʻrnida bu zot Ismoil Ota boʻlib, u kishi Xoja Ahmad Yassaviyning jiyanlari hamda sulukda muridlari boʻlmish Ibrohim ota oʻgʻlidir. Ana oʻsha shajaraning boshida turgan ulugʻ zot Xoja Ahmad Yassaviyga atab hashamatli, ulkan maqbara bunyod etishdek savobli hamda himmatli qaror Amir Temur bobomizda ushbu sabablar zamirda yuzaga kelganini koʻrsatadi. Qabr toshini Hindistondan keltirishning boisi, u kam boʻladigan yashil marmar edi. Ushbu buyuk obida inshooti abadiyatga daxldor sanʼat bilan qurilgan ekan, u bugungi kunda ham butun ziyoratgohlarning eng mщtabari sifatida qad koʻtarib turibdi. Yana bir muhim masala shundaki, Sohibqiron Amir Temur tasavvuf ahliga shunchaki ixlosmand boʻlib qolmay, balki ulkan davlat arbobi va himmat sohibi sifatida homiy ham edi. Qolaversa, oʻzlarida Yaratgandan yuqtirilgan baʼzi nozik alomatu-karomatlari bor edi... Xoja Boyazid qabri Fargʻona viloyati Buvayda tumanining Mozor qishlogʻida qad koʻtarib turibdi. Kelgusida bu muborak joy Fargʻona vodiysi xalqining oliy ziyoratgohiga aylanib ketishiga shubha yoʻqdur”.


Shu aytish kerakki, Bastom Buva maqbarasini koʻzdan kechirgan har bir ziyoratchi nahotki mana shunday katta qumlik maydonida hashamatli koʻhna ziyoratgoh qad koʻtargan boʻlsa degan savolni berishi muqarrar. Darhaqiqat qanday qilib nafaqat Bastom buva balki Bibi Ubayda, Poshsho pirim ziyoratgohlari qumliklarda barpo qilingan? Chunonchi, Buvayda tumanidagi qum maydonlarini birinchi bor koʻrgan kishi albatta bu joylar azaldan qumlik boʻlib kelgan degan fikrga borishi shubhasiz.


Ammo oʻsha biz qumlik deb oʻylagan joylarda qachonlardir insonlar umr kechirganliklari toʻgʻrisida oʻnlab misollarni keltirish mumkin. (Qoʻqon shamoli natijasida qum barxanlari vodiyning gʻarbidan sharq tomoniga qarab koʻchib, siljib borgan, bu jarayon hozirgi kunlarda ham davom etayotganligini taʼkidlash joiz. Qumqishloq”, “Qumbosti” kabi qishloqlarning borligi ham shundan kelib chiqadi.)20


Yüklə 0,81 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   15




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin