2. Fuqaroviy ong va uning namoyon bo‘lish omillari
Endi bevosita fuqaroviy ongning mazmun mohiyatiga e’tibor qaratish o‘rinlidir.
Fuqarolik ongi demokratik qadriyatlar, ideallar, huquq va erkinliklar nuqtai
nazaridan shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni anglashdan iborat.
Albatta har bir davlat va jamiyatda demokratik qadriyatlar o‘ziga xos tamoyillir va
me’yorlar asosida qabul qilinadi. Fuqarolik ongi jamiyat taraqqiyotining shunday
bosqichidagi ruhiy holatini anglatadiki, bu davrda demokratik me’yorlar va qadriyatlar
hayotning asosiga aylanadi.
Fuqarolik ongi iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, ma’naviy sohalarda me’yoriy,
shakllantiruvchi, yo‘naltiruvchi, muloqotga etaklovchi singari rang barang
vazifalarni bajaradi. Bu vazifalar ta’sirlashgan holda o‘zaro kesishadilar va bir-birini
to‘ldiradi. Ularning ko‘pchiligi davlat va uning institutlariga xosdir. Ammo davlat
organlari qonunlar, me’yoriy hujjatlar, qoida va talablardan iborat huquqiy doirada faoliyat
yuritsa, fuqarolik ongi erkin shakllanadi. Fuqaroviy ong me’yorlari ijtimoiy-siyosiy
jarayonlar natijasida shakllanadi, uni muvofiqlashtiradigan yoki uni amalga oshiradigan
maxsus tuzilmalar bo‘lmaydi. Fuqarolik ongining vazifalari alohida individ emas, balki
butun jamiyat faoliyati bilan bog‘liq.
Fuqarolik ongi jamiyat hayotida turli shakllarida namoyon bo‘ladi. Kishilar shaxsiy va
ijtimoiy qadriyatlar borasida o‘z qarashlari, tasavvurlari, qadriyatlari, intilishlari,
me’yorlarini turli ko‘rinishlarida namoyon etishadi. Jamiyat, guruhlar, shaxsning ijtimoiy
manfaatlari namoyon bo‘ladigan fuqaroviy manfaatlar tizim holiga keladi. Aynan tizim
holida bo‘lganligi tufayli fuqaroviy manfaatlar har bir shaxsning qadriyatlarini hayotga
tatbiq etadi, uning jamiyatga, davlatga, boshqa fuqarolarga nisbatan munosabatini
shakllantiradi. Fuqaroning mas’uliyati, maqsadlari, vazifalarini belgilashga, ijtimoiy
ahamiyatga ega bo‘lgan xususiyatlarini shakllantirishga ko‘maklashadi. Aynan ana shu
tarzda shakllangan fuqaroviy ong fuqarolik jamiyatining shakllanishiga xizmat qiluvchi
qadriyatlar, me’yorlar, g‘oya hamda tasavvurlarni shakllantirish, jamiyatni komillik va
erkinlikka etaklashga xizmat qiladi.
Fuqarolik jamiyati bir necha avlod almashinuvini talab etadigan jarayon bo‘lgani
singari fuqaroviy ong ham tarixiy davr mobaynida shakllanadi. Har bir mamlakatdagi
fuqaroviy ong shu mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy tizimning tabiatiga mos ravishda
shakllanadi. SHu mamlakatga xos bo‘lgan ijtimoiy tizim, aloqalar va munosabatlarni aks
ettiradi.
Fuqarolik ongi tabiiy va tadrijiy taraqqiyot mahsuli bo‘lib, uni sun’iy jihatdan
tezlashtirish mumkin emas. U ijtimoiy, iqtisodiy hamda siyosiy omillar negizida tadrijiy
tarzda shakllanadi. Har bir avlod mavjud demokratik qadriyatlarni o‘zlashtiradi va
yangilarini yaratadi. Bu jarayonda fuqarolik ongini belgilab beruvchi me’yorlar va
qadriyatlarni saqlash hamda uzluksiz takomillashtirish eng muhim faoliyat hisoblanadi.
Tadrijiy taraqqiyot natijasida demokratik tasavvurlar mustahkamlanib, asta sekinlik
bilan fuqarolik tajribasi to‘planib boradi.
Fuqarolik ongi bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Fuqarolik ongi ijtimoiy
tizimning o‘zgarishi bilan yangilanadigan qadriyatlarga moslashib boradi. Boshqa tarafdan
fuqarolik ongi ijtimoiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaruvchi faol omil hisoblanadi. U
fuqarolarni faol harakatga boshlovchi tasavvurlar bilan bog‘liq bo‘lganligi tufayli, jamiyat
o‘zligining yangilanishiga, ijtimoiy taraqqiyotni tezlashtiruvchi omilga aylanishi mumkin.
Fuqarolik ongi ijtimoiy taraqqiyotning ruhiy negizini yaratgan holda jamiyatning
mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Fuqarolik ongi yangi g‘oyalarni qabul qilish darajasida ochiq xarakterga ega. YAngi
g‘oyalar shu tizimga mos ekanligi o‘z isbotini topgan taqdirda asta sekin jamiyatning
mohiyatiga singib boradi.
Madaniy yangilanishlar uzluskiz tarzda ijtimoiy ongga ta’sir ko‘rsatish darajasida ko‘p
ro‘y bergan taqdirda jamiyatda voqelikni his etish uchun yangicha usullar vujudga keladi
va bu o‘z navbatida fuqaroviy ongning o‘zgarishiga olib keladi.
Mamlakatda siyosatni tubdan o‘zgartirish hatto mulkka nisbatan munosabatni ham
butunlay o‘zgartirish mumkin, ammo kishilarning asosiy qarashlari va qadriyatlarini tezlik
bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Fuqarolik ongi umumiy tamoyillargagina asoslanmasdan, mohiyati jihatidan o‘zgarib
boradi. Albatta jamiyatda barqaror bo‘lgan, har qanday siyosiy tizimga xos bo‘lgan tarixiiy
tajriba, an’analar singari o‘zgarmas xususiyatga ega qadriyatlar mavjud bo‘lib, ular
fuqaroviy ongda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tezkor o‘zgarishlarni tiyib turadi. YAngi
tarixiy tajriba esa aynan ana shunday qadriyatlar negizida vujudga keladi va fuqarolar
ongiga singib boradi.
Tushuncha sifatida “fuqarolik ongi” haqida gap ketganda avvalo fuqaroning davlat
bilan siyosiy-huquqiy munosabatlari nazarda tutilib, kishining biror-bir davlatga
mansubligi va shu davlatning qonunlariga bo‘ysunishi tushuniladi. Kishining huquqiy
maqomida ifodalangan fuqarolik davlat bilan fuqaro o‘rtasida amal qiladigan bir qator
huquq va burchlar bilan mustahkamlangan.
Turli ijtimoiy sub’ektlarning o‘zaro ta’sirlashuvi ro‘y beradigan va manfaatlari amal
qiladigan jamiyat munosabatlariga fuqaroviy ong kirib boradi va ularni aks ettiradi.
SHuningdek, u kishilararo munosabatlarga ta’sir ko‘rsatgan holda ularga aniqlik, mazmun
va shakl bag‘ishlaydi. Kishilarning ijtimoiy hayot hamda davlatga nisbatan, shaxs bilan
davlat o‘rtasida haqiqiy va me’yoriy munosabatlar to‘g‘risidagi tasavvurlari fuqaroviy
ongda mujassamlashgan.
Ijtimoiy-siyosiy, diniy, axloqiy, huquqiy, iqtisodiy va boshqa me’yorlar, talablar,
tamoyillir, qoidalar umumiy fuqaroviy dunyoqarash shaklida fuqaroviy ongning tarkibiy
elementlari sifatida namoyon bo‘ladi.
Demokratik jamiyatning barqarorligi demokratik qadriyatlar bilan boyishni taqozo
etadi. Bu jarayon jamiyatdagi fuqarolarning ijtimoiy erkin sharoitda yashashga qanchalik
tayyor ekanliklari, ya’ni shaxslarning fuqaroviy etukligi va faolligiga bog‘liq. O‘z
navbatida fuqaroviy etuklik va fuqaroviy mus’uliyat jamiyat a’zolarining fuqaroviy ongi
darajasi bilan belgilanadi. Aynan fuqaroviy ong jamiyatning ma’naviy, intellektual hamda
ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini shakllantiradi.
Fuqaroviy ong jamiyatni birlashtirishga xizmat qiladi, umumiy manfaatlar yo‘lida
fuqarolar o‘rtasida kelishuv bo‘lishiga xizmat qiladi. Jamiyatda ro‘y beradigan turli
ijtimoiy-madaniy omillar ta’sirida fuqaroviy ong o‘zgarib boradi va fuqaroviylik
to‘g‘risidagi g‘oyalar taraqqiyotida o‘z aksini topadi.
Davlat va jamiyat, davlat va shaxs o‘rtasidagi munosabatlarning tabiati haqidagi
bilimlarning kengayishi “fuqaroviylik” tushunchasini qayta qayta tafakkur qilishni taqozo
etadi. Ijtimoiy jarayonlar natijasida sayqallangan fuqaroviy madaniyat va fuqaroviy ong
kishilarni iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, axloqiy jihatdan shakllantiradi.
Dostları ilə paylaş: |