Mavzu: Fuqaro, fuqaroviylik va faol fuqaroviylik pozitsiyasi. Reja


Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda fuqarolik madaniyati va mas’uliyatining o‘rni



Yüklə 52,72 Kb.
səhifə5/7
tarix18.05.2022
ölçüsü52,72 Kb.
#58433
1   2   3   4   5   6   7
Mavzu Fuqaro, fuqaroviylik va faol fuqaroviylik pozitsiyasi. Re

6. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda fuqarolik madaniyati va mas’uliyatining o‘rni
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini barpo etish maqsad etib belgilangan davrda demokratik tamoyillarni shakllantirish, fuqarolar ijtimoiy –siyosiy faolligini oshirish, shaxs erkinligini amalda joriy etish, siyosiy jarayonlarni erkinlashtirish, demokratik me’yorlar asosida ko‘ppartiyaviylik tizimini takomillashtirish, jamiyat hayotida jamoat va nodavlat tashkilotlar faolligini oshirish kabi vazifalar umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida ifoda etgan holda fuqarolik madaniyati bilan tutashadi. Agar fuqarolik jamiyatini yuksak fuqarolik madaniyatini oshkor etish imkoniyati sifatida e’tirof etadigan bo‘lsak, fuqarolarning ma’naviy etukligi bunday jamiyatdagi demokratik tamoyillarni to‘liq anglash omili ekanligini tushunamiz. CHunki fuqarolik jamiyatida insonni oliy qadriyat darajada tushunish bevosita har bir fuqaroning o‘z madaniyat darajasini qanchalik anglashi va unga sodiqligi bilan xarakterlanadi.
Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish o‘zining bir qator mezonlariga ega bo‘lib, ularning asosiylaridan biri – har bir insonda mas’uliyat tuyg‘usi bilan yashash xususiyatini shakllantirishdir. Mas’uliyat odamning xar bir amali, faoliyati mahsulini to‘liq tasavvur qilgan holda uning o‘zi va o‘zgalar uchun nima naf keltirishini anglay olish qobiliyatidir. Mas’uliyatni his qilgan inson o‘z ishini doimo puxta rejalashtirib, uning oqibatlarini oldindan tasavvur qila oladi va zarur natijaga erishish uchun butun kuchi va salohiyatini safarbar etishga qodir bo‘ladi. SHaxsiy mas’uliyatni fuqarolik mas’uliyatidan farqlash lozim. Birinchisi shaxsning kundalik faoliyatidan keladigan shaxsiy manfaatni, ikkinchisi esa jamiyat manfaatlarini nazarda tutadi. Fuqarolik mas’uliyatini his etgan inson, eng avvalo, o‘zi mexnat qilayotgan jamoa yoki ta’lim olayotgan o‘quv dargohi, o‘z mahallasi va yurti ravnaqini o‘ylaydi. Mustaqil O‘zbekiston fuqarolari uchun yagona maqsad Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi uchun xizmat qilish bo‘lsa, demak har bir inson fuqarolik mas’uliyatining ma’no-mazmunini ana shu g‘oyalarni amalga oshirishda, deb bilishi darkor.
Fuqarolik mas’uliyati, O‘zbekistonda yashayotgan har bir ongli fuqaroning qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’iy nazar Respublika Konstitutsiyasida kafolatlangan xuquqlaridan foydalanish barobarida, unga javoban fuqarolik mas’uliyatini ham xis etib yashashidir. Bu shunday deganiki, har bir fuqaro mamlakat Konstitutsiyasiga, Oliy Majlis qabul qilgan barcha qonunlarga, Vazirlar Maxkamasi chiqargan qarorlarga rioya etishi va hurmat qilishi, ularni amalga oshirishi uchun mas’uliyat sezishi lozim. Binobarin, davlat o‘z fuqarosiga xuquq va kafolat berar ekan, shunga yarasha uning zimmasiga mas’uliyat ham yuklaydi7. SHuni unutmaslik kerakki, ijtimoiy taraqqiyotning demokratik rivojlanish jarayoni shaxsning o‘zini o‘zi anglashi, qadr-qimmatini qay darajada e’zozlay olishi, jamiyat uchun xizmat qilish imkoniyati va harakat me’yoriga ko‘p jixatdan bog‘liqdir. Bularning hammasi kishilarning o‘zi yashab turgan ko‘cha, maxallasidan tortib, to yaxlit mamlakatning barqarorligini saqlab qolish, xavfsizlikni ta’minlashda yuksak mas’uliyatni o‘z faoliyatida ongli ravishda amalga oshirish demakdir8. Bir xil maqomga ega bo‘lgan shaxslarda talab ham teng bo‘ladi. Ana shu jihatning o‘zi ham fuqarolik mas’uliyatini anglatuvchi dalillardan biridir. Fuqarolik mas’uliyati bilan milliy mas’uliyat orasida o‘ziga xos mushtaraklik mavjud. Sir emas har bir millatning balog‘atga etgan ongli a’zosi o‘sha o‘zi mansub millatning oldida mas’uliyati bo‘ladi. Millatning miqdoriy, iqtisodiy, madaniy, ahloqiy, ma’rifiy, manaviy taraqqiy eta borishi, er yuzidagi boshqa xalqlardan orqada qolib ketmasligi uchun birinchi shu xalqqa mansub kishilar javobgarlik tuyg‘usini tuyish lozim. Oila va jamiyatdagi har bir harakatida, bosgan har qadamida shu millatning umumiy manfaatini unutmaslik milliy mas’uliyat hissining muhim tomoni hisoblanadi. Kishilarning muayyan millat ravnaqi yo‘lidagi siyosiy ongliligi va ma’naviy etukligi darajasi milliy mas’uliyatni anglatuvchi ikkinchi muhim tomonidir. SHuni alohida qayd etish zarurki, milliy mas’uliyat bu yurtimizda yashovchi barcha millat va elatning mas’uliyatidir.
SHu o‘rinda rivojlangan davlatlar tajribasiga alohida e’tibor qaratishni maqsadga muvofiq deb bilamiz. Masalan, jahonning etakchi davlati sanalmish AQSHda fuqarolik madaniyatini yuksaltirish qanday yo‘lga qo‘yilgan? Amerikaliklarga qanday g‘oya va qadriyatlar singdirilmoqda? Bu savollarga javob topish uchun fuqarolik madaniyati qanday g‘oyaviy ustunlarga tayanishini aniqlash kifoya. AQSH fuqarolari Konstitutsiyani, amerika davlatchiligining asoschilari va demokratik tamoyillarni muqaddas deb biladilar va bu tuyg‘uni yoshlarga singdirish haqida tinimsiz qayg‘uradilar. YOshlarda erkin yashashga ishtiyoq, mustaqillikni qadrlash tuyg‘usi shakllantiriladi.
AQSH nimaning evaziga fan va texnologiyalar sohasida boshqalardan o‘zib ketdi? Bu savolning ham javobi bor: Amerikada erkin fikr va ijodiy tafakkur qadrlanadi hamda o‘zgacha fikrlaydiganlarga nisbatan bag‘rikenglik qaror toptirilgan. Lekin amerikalik fuqaroni tarbiyalashning eng asosiy jihati boshqa bir g‘oyada yashirin. U ham bo‘lsa, har bir insonni noyob iste’dod egasi deb bilish, har bir shaxsga hazrati inson sifatida murojaat qilishdir. Insonga bunday munosabat, so‘zsiz, uning salohiyatini yuzaga chiqarishga imkon beradi. Aynan shu g‘oya ta’sirida amerikaliklar orasida o‘zini «o‘rtamiyona odam» deb biladigan yoxud «men bir oddiy odam» deb gapiradigan kishilar nihoyatda kam uchraydi.
Amerika fuqarolari adolatni ham o‘ziga xos tarzda tushunadilar: shaxs nimagaki erishsa, qanday maqomni egallasa, bunga faqat o‘z aqli va iste’dodi bilangina etishadi. SHunday qilib, har bir amerikalik bolaligidanoq kimgadir va nimagadir orqa qilishga emas, balki o‘z kuchiga tayanishga o‘rgatiladi. Lekin, eng asosiysi, har bir amerikalikda kelajakka ishonch uyg‘otiladi. Xuddi ana shu «amerika orzusi» kishilarni yangi maqsadlar sari rag‘batlantiradi, yangi g‘oyalarni amalga oshirishga shavq uyg‘otadi. Xulosa yasaydigan bo‘lsak, demokratiya qoidalari va erkinlik Amerika mafkurasining poydevorini tashkil etadi. Bunday tarbiya natijasida faqat o‘z kuchiga ishonish, ruhiy ozodlik va mustaqil fikrlash kabi xislatlar amerikaliklarning qon-qoniga singib ketgan. Albatta, yuqorida keltirilgan fikrlar «AQSHda bu borada muammo yo‘q ekan» degan xulosa uchun asos bo‘lmaydi. Oxirgi paytlarda erkinlikka hadeb urg‘u beraverish oqibatida amerikaliklar erkinlikni jamiyat oldidagi majburiyatlardan ham ozodlik sifatida idrok eta boshladilar. SHu bois hozirgi kunda AQSHning ziyolilari tomonidan yangi mafkura - «liberal-natsionalizm» mafkurasini yaratish zarurligi haqidagi fikr o‘rtaga tashlanmoqda. Bu mafkura milliy va irqiy jihatdan bo‘linib ketgan ko‘p sonli ijtimoiy guruhlarni «AQSH - millatlar hamjamiyatidir» g‘oyasi atrofida birlashtirishni nazarda tutadi. E’tibor beradigan bo‘lsak, yangi mafkurada milliy omilning ustuvorligi o‘rnatilmoqda. Demak, gap AQSH da asta-sekinlik bilan yagona milliy vujudni shakllantirish, xalqning birdamligini kuchaytirishga xizmat qiluvchi mafkurani yaratish haqida borayotir.
Endi misol tariqasida SHarqqa murojaat qilaylik. SHarqning eng ilg‘or mamlakatlaridan biri - YAponiyada fuqaroni tarbiyalashning eng samarali va ta’sirchan usulidan foydalaniladi. Bunday tarbiyaning asosiy maskani sifatida maktab tanlangan. CHunki maktabda bola bilim olishdan tashqari shaxs sifatida ham shakllanadi. Kunchiqar mamlakatda fuqaro tarbiyasi «axloqiy tarbiya» tizimi doirasida amalga oshiriladi. Rasmiy hujjatlarda «axloqiy tarbiya» tizimi quyidagicha nomlanadi: «xarakterni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim», «davlat uchun maqbul axloqiy sifatlarni tarbiyalashga qaratilgan faoliyat», «fuqarolik axloqi asoslarini tarbiyalash». Aslida bu tizim millatni tarbiyalash tizimi vazifasini o‘taydi. Undan qudratli mafkuraviy ta’sir vositasi sifatida ham foydalaniladi. Ko‘pchilik olimlarning fikricha, aynan «axloqiy tarbiya» tizimi mamlakat iqtisodiy ravnaqining g‘oyaviy asosini tashkil qiladi. CHunki bu tizim ishlab chiqarishda ma’naviy salohiyatdan unumli foydalanishga yo‘naltirilgan. Ikkinchi jahon urushidan xaroba bo‘lib chiqqan mamlakatning 3040 yilda ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqib olgani ko‘pchilikning xayratini uyg‘otadi. "Kichik bir orolning bunday qisqa vaqtda hunarmandchilik ustaxonalaridan avtomatlashgan sanoatgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tganligini qanday tushuntirish mumkin?". Mazkur savolga javoban yaponlar quyidagicha javob beradilar: "Salohiyat insonlarda yashirin". YAponiya menejmentining oltin qoidasiga ko‘ra, insondan qimmatroq boylik yo‘q.
Xo‘sh, davlat yapon kishisida qanday qadriyat va sifatlarni qaror toptirishga harakat qiladi? Aslida mehnatsevarlik, intizomlilik va jamoaviylik yapon milliy xarakteriga xos xususiyatlar sanaladi. Biroq davlat bu bilan qanoatlanmay, o‘z fuqarolarida ushbu sifatlarni mustahkamlash va kuchaytirish vazifasini maorifga yuklaydi. Natijada, maktablarda guruhiy birdamlikni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratiladi. Bunda kollektivning yutug‘i ham, mag‘lubiyati ham guruhning har bitta a’zosiga bog‘liq ekanligi haqidagi g‘oya singdiriladi. Muhimi, boladan umumiy ishda o‘z rolini aniq bilish va shunga yarasha mas’uliyatni his qilish talab etiladi. Bunday tarbiya ko‘rgan fuqaro jamoa muammolarini o‘zining shaxsiy muammolari sifatida qabul qiladi. Olimlarning fikricha, aynan shunday guruhiy birdamlik (yaponchada «aydagarasyugi») tufayli mamlakat misli ko‘rilmagan iqtisodiy yutuqlarga erishdi. Mehnat yapon kishisi uchun axloqiy qadriyat sanaladi. Uning qadriyat darajasiga ko‘tarilishida "axloqiy tarbiya" tizimining roli beqiyos. Gap shundaki, yapon kishisiga maktabdayoq quyidagi g‘oyalar singdiriladi: "Faqat tirishqoqlik va mehnat bilan muvaffaqiyatga erishish mumkin", "O‘z ustingda tinimsiz ishla - shunda birovdan kam bo‘lmaysan". Bu kabi g‘oyalar ta’sirida ulg‘aygan yapon kishisi o‘zining barcha harakatlarini quyidagi mantiqqa bo‘ysundiradi: "Bor imkoniyatlaringni ishga sol!".
SHunday qilib, davlat o‘z fuqarolarida tirishqoqlik va hafsala, qunt va g‘ayratni maqsadli ravishda qaror toptiradi. Intizomdan jamiyat manfaatlarida foydalanish borasida esa yaponlarning ayniqsa boshqalarga o‘rnak bo‘la oladi. "Axloqiy tarbiya" natijasida YAponiyada fuqarolar mehnat intizomining buzilishini shunchaki salbiy illat deb hisoblamay, balki uni Vatanga xiyonat deb qabul qiladilar. YAponiyada fuqaro tarbiyasi zamon ehtiyojlari va jamiyat manfaatlariga moslashtirib boriladi. Aynan shu tufayli yapon fuqarolari jamiyat taraqqiyotini harakatlantiruvchi qudratli kuch sanaladilar. Ko‘rinib turibdiki, millat kelajagini o‘ylaydigan hech bir davlat fuqaro tarbiyasi masalasini e’tiborsiz qoldira olmaydi. Ana shu ma’noda jamiyatimiz yoshlarni moddiy-ma’naviy va boshqa ehtiyojlarini qondirish, ayniqsa, globallashuv tufayli axloqimizga, turmush tarzimizga katta kuch bilan kirib kelayotgan buzg‘unchi g‘oyalardan, ularni saqlab qolish uchun mafkuraviy bo‘shliqqa yo‘l qo‘ymaslik, zamonaviy yoshlarni barcha hayotiy ehtiyojlarini ro‘yobga chiqarish bugungi kunning eng muhim vazifasi bo‘lishi kerak. CHunki ehtiyoj tom ma’noda erkin faoliyat hamda fuqarolik mas’uliyatini belgilovchi mezon hisoblanadi. Biz o‘z faoliyatimizga qay darajada va qay mazmunda baho bermaylik, faoliyatimiz motivlari muayyan ehtiyojlar tufayli shakllanadi. Ehtiyojlar va manfaatlar uyg‘unli hisobga olinmagan joyda mas’uliyatsizlik, befarqlik va xatto jinoyatlar sodir bo‘ladi.


  1. Yüklə 52,72 Kb.

    Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin