2. Sug’urta faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishning ob’ektiv zarurligi va shakllari.
O’zbekiston Respublikasida iqtisodiy islohotlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarilmoqda. Bu jarayonda sug’urta faoliyati ham rivojlanib, ravnaq topmoqda. Sug’urta instituti bozor infratuzilmasining tarkibiy qismi sifatida uning rivojlanishida muhim o’rin tutadi. Shu nuqtai nazardan, sug’urta faoliyatida risklar transferi ham o’z navbatida, bozor infratuzilmasining rivojlanganlik darajasiga bog’liqdir.
Shu o’rinda, «infratuzilma» tushunchasi iqtisodiy ilmiy lug’atlarda turlicha: masalan, «asosiy ishlab chiqarish sohalari va aholiga xizmat ko’rsatuvchi iqtisodiy tarmoqlar yig’indisi» yoki «ma’lum tarmoqqa xizmat ko’rsatuvchi ishlab chiqaruvchi va noishlab chiqaruvchi tarmoqlar majmuasi» kabi ma’nolarda qo’llanilishini qayd etish mumkin. Xususan, sug’urta bozori infratuzilmasining mazmun-mohiyatini ochib berishda, iqtisodiyot sub’ektining samarali faoliyat yuritishi uchun kafolatli shart-sharoit yaratuvchi faoliyat turlari majmuasi nazarda tutiladi. Ma’lumki, sug’urta mahsuloti sotilishining o’ziga xos jihatlari mavjud va bu jarayon:
sug’urta riski haqida axborot to’plash va uni aniqlashtirish;
sug’urta shartnomasini imzolash va uning amal qilishini ta’minlash kabi bosqichlarni o’z ichiga oladi.
Sug’urta faoliyatida risklar transferining mazkur bosqichlari o’ziga xos bilimni talab etadi. Ayni vaqtda ob’ektiv va sub’ektiv sabablarga ko’ra, ma’lum qisqa davr oralig’ida talab etilayotgan mutaxassis kompaniyaning shtatlar birligiga kiritilishi iqtisodiy jihatdan samarasiz hisoblanishi ham mumkin. Shuning uchun kompaniya o’z faoliyatida, odatda boshqa soha mutaxassislari xizmatidan foydalanadi. Demak, ta’kidlash mumkinki, sug’urta bozori infratuzilmasi uning professional ishtirokchilari va boshqa soha mutaxassislari o’rtasidagi o’zaro munosabatlar sifatida sug’urta faoliyatida risklar transferining samaradorligini ta’minlovchi omil sanaladi.
Sug’urta bozori infratuzilmasining o’ziga xosligidan kelib chiqib, shuni qayd etish mumkinki, uning tarkibiga sug’urta vositachilari, sug’urtachilar uyushmasi, avariya komissari, syurveyer, aktuariy, sug’urta auditori, maxsus ixtisoslashgan maslahatchilar hamda baholovchi firmalar kabi sub’ektlar kiradi (1-chizma). Shu o’rinda, London sug’urta bozori infratuzilmasi tarkibiga sug’urta anderrayterlari ham kiritilganligini qayd etish mumkin.
O’zbekiston sug’urta bozorida o’ziga xos o’ringa egadir. Masalan, aktuariy sug’urta xizmatlari narxini aniqlashda qatnashuvchi sub’ekt sanaladi. Bunda, u katta sonlar va ehtimollik qonunlari, shuningdek, statistik ma’lumotlardan foydalanadi. Rivojlangan mamlakatlarda sug’urta tashkilotlari aktuariy faoliyatisiz sug’urta xizmatlariga iqtisodiy asoslangan narxlarning belgilanishini ta’minlay olmaydi. Aktuariy sug’urta faoliyatini strategik rejalashtirish, sug’urta sohalari, klass(tur)lari, shuningdek, kompaniya bo’yicha sug’urta portfeli tarkibi va sifatining tahlili kabi jarayonlarda ishtirok etadi. Ayrim davlatlarda sug’urta tashkilotining hisoboti uning vakolatli shaxslaridan tashqari aktuariy tomonidan ham tasdiqlanishi talab etiladi.
Sug’urta bozori infratuzilmasining yana bir asosiy sub’ekti bu avariya komissaridir. U sug’urta hodisasi yuz berganidan so’ng shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatda ishtirok etadi. Ta’kidlash mumkinki, avariya komissari sug’urta tashkiloti bilan tuzgan shartnomasi asosida faoliyat yuritadi. U sug’urta tashkilotining vakili sifatida sug’urta hodisasi oqibatida zarar ko’rgan mulkni ko’rikdan o’tkazadi, uning ko’lami va sabablarini aniqlaydi hamda avariya sertifikatini tuzadi. Ba’zi mamlakatlarda sug’urta tashkiloti tomonidan avariya komissariga ma’lum limit doirasida yo’qolgan mulkni qidirish xarajatlarini amalga oshirish huquqi ham berilishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |