Hujayra moslashuv jarayonining hujayralararo mexanizmlari. To‘qima va a’zolarda hujayralar yakka va tarqoq bo‘lmay, balki metabolitlar, fiziologik faol moddalar, ionlar almashinuvi orqali o‘zaro ta’sirda turadi. O‘z navbatida esa a’zolar va tuqimalar hujayralarining o‘zaro ta’siri limfa va qon aylanishi, endokrin, nerv va immun sistemalari orqali amalga oshib turadi. Masalan, qonda kislorod miqdorining kamayishi reflektor ravishda xemoretseptorlar orqali nafas markazi ishini tezlashtiradi, bu esa o‘pka ventilyasiyasini kuchaytirib, kislorod tanqisligiga barham beradi.
Gipoglikemiya holatida qonda glyukoza miqdorini oshiruvchi adrenalin, glyukokortikoid, somototrop gormonlarni ko‘p ishlab chiqarilishi orqali hujayralar shikastlanishini oldini olish mumkin. Himoyaning immun mexanizmlari esa antigen ta’sirida ishga tushadi. Immun-komponent sistema antitana va T-limfotsitlar yordamida endo- va ekzogen antigenlarni inaktivatsiya qiladi.
YUqorida tavsiflangan mexanizmlar pirovard natijada to‘qima va a’zolarda himoyalanish va moslashuv jarayonlarini hosil qiladi. hujayraning moslashuv xususiyati patogei omil ta’siriga uchramagan hujayralar tomonidan ham xosil hilinishi mumkin, masalan, miokard infarktida nekroz zonasi atrofidagi kardiomiotsitlar gipertrofiyalanadi.
Darajasi va ta’sir etish doirasi buyicha hujayralararo moslashuv to‘qima-a’zo, sistema va sistemalararo moslashuvga ajratiladi. To‘qima-a’zo darajasidagi moslashuvga jigar yoki buyrak hujayralari zararlanganda shikastlanmagan hujayralar funksional faolligining ortishi, sistema darajasidagi moslashuvga yurak qisqarishlari susayganda arteriolalarning qisqarib qon bosimini meyorida ushlab turishi misol bo‘ladi.
Umumiy gipoksiya holatida esa moslashuv reaksiyalariga bir necha fiziologik sistemalar jalb qilinadi. Bunda nafas olish, qon aylanish sistemalari, qon, to‘qima metabolizmi va h.k. sistemalari faollashib, kislorod tanqisligini bartaraf etadi va shu tariqa hujayralarni shikastlanishdan saqlaydi.
Odatda, moslashuv jarayonlarining hujayra va hujayralararo mexanizmlari hujayra shikastlanganida uning halok bo‘lishini oldini oladi, shuningdek, hujayraning o‘ziga xos faoliyatini tiklaydi va potogen omil ta’siri asoratlariga barham beradi. Agar patogen omil ta’siri ancha kuchli bo‘lib, himoyalanish, moslashuv reaksiyalari etarli kechmasa, hujayralarda tiklanmas o‘zgarishlar vujudga kelib, uni halok etadi.
Demak, har qanday patologik jarayon, hujayraning u yoki bu darajada shikastlanishiga bog‘liq kechadi. Ta’sir etayotgan patogen omil qancha ko‘p va har xil bo‘lmasin, hujayralar ularga bir turdagi reaksiyalar orqali javob beradi. Bu xil javoblar alteratsiyaning tipik mexanizmlariga asoslanadi. Hujayralar esa o‘z navbatida shikastlanishga qarshi himoyalanish layoqatini, ya’ni tiklash, moslash kabi ichki imkoniyatlarini ishga soladi va shu tariqa shikastlovchi omil ta’sirini cheklab, asoratlariga barham beradi. Bu mexanizimlarni bilish patologik jarayonlarni aniqlash, uning kechishini, oqibatini oldindan aytish hamda patogenetik davolash usullarini topish va oldini olish prinsiplarini ishlab chiqishda muhim rol o‘ynaydi.