Yaponiyaning tashqi siyosati. Urushdan so‘ng Tinch okean havzalarida Yaponiyaning AQSH bilan munosabatlari keskinlasha bordi. Buning sababi har ikki tomonning bu mintaqada yetakchilikka intilishi edi. Hatto Vashington konferensiyasi (1921-yil noyabr) qarorlari ham buyuk davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni to‘la bartaraf eta olmadi. Yapon monopoliyalari katta foyda miqdorini saqlab qolish uchun eksport tovarlarining narxini pasaytirdi. Ayni paytda Yaponiya monopoliyalari Sovet davlati bilan munosabatlarning yaxshilanishiga harakat qildi. Chunki Yaponiya Rossiyaning sharqiy qismiga Yaponiya iqtisodiyoti uchun katta xomashyo manbayi sifatida qarar edi. Yaponiya bunday manbani 1918—1925-yillar davomida harbiy yo‘l bilan qo‘lga kirita olmadi. Aksincha, Yaponiya uyushtirgan harbiy intervensiya mag‘lubiyatga uchradi. Endi Sovet davlati bilan manfaatli iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirishdan boshqa yo‘l yo‘q edi.
Shuning uchun 1925-yilning 20-yanvarida Sovet davlati bilan Yaponiya o‘rtasida «O‘zaro munosabatlarining asosiy tamoyillari to‘g‘risida» shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, Yaponiya Sovet Rossiyasi hududidagi so‘nggi harbiy qismlarini olib chiqib ketdi. Biroq bu Yaponiya hukmron doiralarining sovet Uzoq Sharqi hududlariga da’volaridan voz kechdi, degani emas edi. 1927-yilda faol agressiv tashqi siyosat tarafdorlari hukumati tuzildi. Yangi hukumat o‘z maqsadlarini «Tanaka memorandumi» deb atalgan hujjatda ifoda etdi.
1927-yilning 25-iyulida imperatorga yuborilgan bu hujjatda Yaponiyaning dunyoga hukmronlik qilishiga ochiqdan-ochiq da’vo qilingan edi. Chunonchi,
hujjatda quyidagilar yozilgan edi: «Xitoyni bosib olish uchun avval Manjuriya
va Mo‘g‘ulistonni bosib olishimiz zarur. Dunyoni bosib olish uchun esa avval Xitoyni bosib olishimiz lozim. Agar biz Xitoyni bosib ololsak, Osiyoning barcha kichik davlatlari, Hindiston, shuningdek, janubiy dengiz davlatlari bizdan qo‘rqadi va bizning oldimizda taslim bo‘ladi. Bizning milliy rivojlanish dasturimizga Mongoliya dalalarida Rossiya bilan qilich urushtirish kiradi... Biz AQSH ni yakson qilishimiz zarur». Yaponiya hukmron doiralari tez orada o‘z orzularini amalga oshirishga kirishdilar. 1931-yilning sentabrida Yaponiya armiyasi Xitoyning shimoli-sharqiga — Manjuriyaga hujum qildi va 1932-yilning boshlarida bosib oldi. 1932-yilda Xitoyning boshqa qismlariga bostirib kirdi. 1932-yil martida bo‘lib olingan yerlarda Manchjou-Go davlatini tuzdi. 1932-yil yozida Jexe va Xebey viloyatlarini egalladi. AQSH bu harakatlarni ma’qulladi va 147 mln dollarlik qurol-yarog‘ yetkazib berdi. Xalqaro hamjamiyat nazaridan xoli bo‘lish
maqsadida Yaponiya 1933-yilning mart oyida Millatlar Ligasidan chiqdi.
1934-yilda esa, Sharqiy Osiyoga hukmronlik da’vosi bilan chiqdi va harbiy kuchlarini cheklagan Vashington shartnomasidan voz kechishini ma’lum qildi. Yaponiya Germaniya bilan yaqinlashish yo‘lini tutdi. Chunki G‘arbni Germaniya, Sharqni Yaponiya egallashi kerak edi. 1936-yil noyabrda ikki davlat o‘rtasida «Antikomintern ahdnomasi» tuzildi. Yaponiya Sovet davlati chegaralarida turli janjallarni kuchaytirdi. 1938-yil 29-iyul — 11-avgustda Sovet davlati hududiga hujum uyushtirdi. Bu voqea Hasan ko‘li hududida (Primoreda) yuz berdi. Biroq Sovet armiyasi o‘z hududini yapon qo‘shinlaridan tozalashga muvaffaq bo‘ldi. 1938-yilning sentabrida imzolangan Myunxen shartnomasi (uning qanday shartnoma ekanligini eslang) Yaponiya hukmron doiralarining ishtahasini yanada oshirib yubordi. Shu yilning 3-noyabrida Yaponiya Sharqiy Osiyoda yangi tartib
o‘rnatish haqida deklaratsiya e’lon qildi. 1939-yilning 11-may kuni Yaponiya armiyasi Mo‘g‘uliston Xalq Respublikasiga (MXR) hujum qildi