4.Tezkorlik sifati va uni rivojlantirish usuliyati
Tezkorlik deganda, individ harakatlarining tezlik xarakteristikasi, asosan harakat reaktsiyasining vaqtini belgilovchi funktsional xususiyatlarning kompleksi tushuniladi. Tezlikni namoyon bo`lishining uchta asosiy shakli bor:
1. YAkka harakat tezligi (kichik tashqi qarshilikni engish bilan);
2. harakatlar chastotasi;
3. harakatlar reaktsiyasi tezligi (yashirin latent davri).
Tezkorlikning eng sodda shakllarining namoyon bo`lishi bir-biriga aloqador emas. Ayniqsa bu reaktsiya vaqtiga bog’liq bo`lib, ko`p hollarda harakat tezligi ko`rsatkiChlari bilan korelyatsiya qilinmaydi. Tezlikning namoyon qilinishini qayd etilgan uchta shaklining umumlashmasidan (qo`shilmasidan) aniqlash mumkin.
Masalan, 100 m ga yugurish natijasi startdan chiqish reaktsiyasi vaqtiga, alohida harakatlarning bajarilishi tezligi (depsinish, sonni tez tiklab olish qadamlar sur`ati) va boshqalarga bog’liq. Amalda yaxlit harakatlar (yugurish, suzish) ning tezligi to`la harakat aktining tezligiga bog’liq. Biroq murakkab koordinatsion harakatlardagi tezlik faqat tezkorlik darajasiga emas, balki boshqa sabablarga, masalan, yugurishda qadam uzunliligiga, u o`z navbatida, oyoqning uzunliligiga va depsinish kuchiga ham bog’liqdir. Shuning uchun yaxlit harakat tezligi individning tezkorligini qisman ifodalaydi xolos. Aslida tezkorlikning eng sodda shakllarining namoyon bo`layotganligini tahlil qila olamiz xolos.
Ko`pincha maksimal tezlik bilan bajarilayotgan harakatlarda ikki xil fazasi farqlanmoqda:
a) tezlikni oshirib borish (tezlanish, olish) fazasi;
b) tezlikning nisbatan stabillashuvi fazasi (startdagi tezlanish).
Tezlikni oshirib borish qobiliyati bilan masofani katta tezlikda o`tish qobiliyati – tezkorlik namoyon qilishda biri ikkinchisiga bog’liq emas. Juda yuqori darajada startdan chiqish tezligiga ega bo`lib masofada tez yugura olmasligi yoki uning aksicha ham bo`lishi mumkin. Signallarga tezlik yaxshi bo`lgani holda, harakat chastotasi oz bo`lishi ham kuzatiladi.
Psixolofizikaviy mexanizmlar tezlik reaktsiyasining xarakterini turlicha namoyon bo`lishiga sababchi bo`ladi. Tezlik namoyon bo`lishining bunday xarakterini qisqa masofaga yugurishda aniq ko`rishimiz mumkin. Startni (vaqt xarakteristikasiga ko`ra) tez olish mumkin, lekin tezlikni masofada uzoq ushlab tura olmasligiga guvoh bo`lishimiz mumkin.
Yugurish tezligi harakatni ko`rsatilgan xarakteristikasi bilan nisbiy bog’liq xolos. Tezlikning namoyon bo`lishida yuguruvchi qadamining uzunligi, uning oyog’i uzunligiga, o`z navbatida, yuguruvchi oyoq muskullarining erga tiranish kuchiga bog’liqdir. Shuning uchun harakat reaktsiyasining vaqt davomida namoyon bo`lishiga qarab o`quvchining sprintda o`zini qanday namoyon qilishini bashorat qilishimiz g’oyatda mushkul.
Tezkorlik sifatini bir mashqdan ikkinchi mashqga “ko`chirish” qoidada kuzatilmagan. Uning ko`chishi mashqlarni bir-biriga koordinatsiya nuqtai nazaridan yaqin o`xshashaligi bo`lsagina namoyon bo`lgan, qolaversa individning mashqlanganligi (shug’ullanganligi) qancha yuqori bo`lsa, bu ko`chish shunchalik past darajada bo`ladi (N.G. Ozolin, 1949; V.M. Zatsiorskiy, 1961). SHunga ko`ra, tezkorlik sifati xaqida gapirganda, bu sifatni, tarbiyalash xaqida gapirmay, inson harakatidagi aniq tezkorlik xususiyatlarini rivojlantirish xaqida gapirish lozim.
Yakka harakat tezkorligini harakat aktini biomexaniq bo`laklarga (qismlarga) ajratib Chegaralangan holda tavsiflashimiz mumkin. (masalan, depsinish tezligini aniqlash kerak bo`lib qolsa, yugurishda sonni tez ko`tarib chiqa olish orqali aniqlanadi). Ayrim sport mashqlari turlarida (masalan: uloqtirishlarda)harakat tezligi muskullar kuchining namoyon bo`lishi bilan umumiylashib (qo`shilib) ketadi va bu bilan tezkorlikni kompleksli xususiyatini – keskin harakat (rezkostp)ni vujudga keltiradi. Shuning uchun tezkorlik - kuch talab qiladigan sport turlarida harakat tezligini rivojlantirish, ayniqsa, tashqi qarshiligi yuqori bo`lgan mashqlar muskul kuchini rivojlantiruvchi vosita sifatida rol o`ynaydi.
Sof, tez bajariladigan mashqlar evaziga tezkorlikni rivojlantirish juda qiyin bo`lib, kuch talab qiladigan mashqlar orqaligina muskul qo`zg’alishi tezligining oshishi amaliyotda isbotlangan. Kuch imkoniyatlarini oshirish vazifasi esa juda soda hal qilinadi. Kuchni rivojlantirish tez harakatlar sharoitida o`tishi lozim. Buning uchun dinamik zo`riqish uslubidan foydalanadilar: maksimal kuch bilan zo`riqish harakatni to`la amplitudada, eng yuqori tezlikda, shug’ullanuvChi uchun me`yoridan oz vazminlikda yuk bilan yuzaga keltiriladi.
Tsiklik harakatlar harakat chastotasini ifodalaydi. Qo`llarni maksimal harakati chastotasi oyoqlarnikidan yuqori, oyoq qo`l bo`g’inlarining harakati chastotasi tananing boshqa a`zolari va boshqa bo`laklaridan yuqori darajada bo`lishi mumkin.
Harakat chastotasini o`lchash qoida sifatida vaqtning qisqa intervali orqali olib boriladi. Sprint yuguruvchining 100 metrga yugurishdagi harakat chastotasi bir sekundda bajaradigan qadamlari sonini sanash orqali aniqlanadi.
Harakat chastotasi va shu bilan birga, tsikli harakatlar tezligini rivojlantirish maksimal tezlikda bajariladigan mashqlarni bajarish orqali amalga oshiriladi.
Harakat chastotasi va harakat tezligini rivojlantirish uchun takrorlash, takroriy - oshirib borish va o`zgaruvchan mashq qilish metodlaridan foydalaniladi. Bunday metodlarni qo`llashda yugurish masofasi shunday tanlanadiki, uning oxirida va yuguruvchining takroriy urinishlarida ham tezkorlik pasaymasligi kerak.
Maksimal intensivlikda bajariladigan ish anaerob sharoitda o`tadi, shuning uchun dam olish intervali urinishlar orasida kislorodga muhtojlikni qondira oladigan darajada belgilanishi (o`rnatilishi) lozim. Ularning oralig’ini engil yugurish, osoyishta yurish va boshqalar bilan to`ldirish tavsiya etiladi.
Emotsionallik va qo`zg’alishning yuqori darajasi tezkorlik imkoniyatlarini namoyon bo`lishi uchun sharoit yaratadi. Bunda o`yin va musobaqa metodlari (bu metodlardan jismoniy tarbiya metodlari mavzusida tanishamiz) maqsadga muvofiqdir.
Agarda ishni tez bajarish charchash ko`zga tashlana boshlaganda bajarilsa, maksimal tezkorlik emas, tezkorlik chidamliligi rivojlanadi.
Shug’ullanuvchining yoshi va ularning individual xususiyatlari tezlikni rivojlantirish imkoniyatlarini chegaralaydi. Qizlarda qulay yosh 11-12, o`g’il bolalarda esa 12-13 yosh hisoblanadi. Mashqlarni standart ravishda takrorlayverish yoshlikdanoq “tezlikning to`sig’ini” vujudga keltiradi. KiChik maktab yoshidagilar harakatli o`yinlar, o`rta va katta maktab yoshida sport o`yinlari, tezkorlik bilan bajaradigan standart yugurishlardan foydalanish foydaliroqdir.
Harakat tezligi reaktsiyasini sekundlar va Milli sekundlar bilan o`lchanadi. Tezlikni rivojlantirish uchun vosita qilib, odatda, maxsus mashqlar tanlanmaydi. Oddiy harakat reaktsiyasi tezlik talab qiladigan turli harakatlarni bajarish davomida rivojlanaveradi. Bunda harakat reaktsiyasini “ko`chish”i (tezlikning ko`chishi) kuzatilmaydi, ya`ni tezlik reatsiyasini rivojlantirish bilan harakat tezligini rivojlantirish qiyin. Harakat reaktsiyasini rivojlantirishda turli-tuman harakatli, sport o`yinlarini vosita sifatida qimmati yuqori, ammo basketbol ularning chida etakchisidir.
Uni tarbiyalashning asosiy metodi - paydo bo`lgan, bo`ladigan signallarga imkoni boricha tez reaktsiya qila olish.
Analitik yondoshish metodi, ya`ni engillashtirilgan sharoitda va tezlikda harakatlarni alohida ajratib olib tezlikni rivojlantirish ham yaxshi natijalar beradi.
Maktabdagi jismoniy madaniyat darslarida reaktsiya qilish vaqtini oldindan shartlashilgan turli-tuman signallarga reaktsiya qilishni talab qiluvchi (masalan, to`xtalishlar bilan bajariladigan erkin yugurishlar yoki o`qituvchi signali, buyrug’i bilan yugurish yo`nalishini o`zgartirish) mashqlarni yordamida rivojlantiriladi. Sport o`yinlari reaktsiya qila olish va uni tarbiyalaydigan eng yaxshi vositadir.
Dostları ilə paylaş: |