2.2. Kadrlar tayyorlash milliy dasturining kamchiligi va islohotlar.
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash jarayonida asosiy e'tibor mutaxassislarning kasb bilimlari va ko‘nikmalarini yangilash hamda chuqurlashtirishga qaratiladi. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ana shu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi ta'lim muassasalarida amalga oshiriladi. Bu muassasa tinglovchilari o‘qish natijalariga ko‘ra davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi guvohnoma yoki sertifikatga ega bo‘ladilar.
Maktabdan tashqari ta'lim maktabdan tashqari davlat va nodavlat ta'lim muassasalarida davlat organlari, jamoat tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport va boshqa yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yilib, bolalar hamda o‘smirlarning ta'limga bo‘lgan, yakka tartibdagi, ortib boruvchi talab-ehtiyojlarini qondirish, ularning bo‘sh vaqti va dam olishini tashkil etish maqsadida olib boriladi.
Fan yuqori malakali mutaxassisni tayyorlovchi va ulardan foydalanuvchi, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi bo‘lib, «kadrlar tayyorlash milliy tizimida tabiat va jamiyat taraqqiyoti qonuniyatlari to‘g‘risidagi yangi fundamental va amaliy bilimlardan foydalanishni, yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tarkibini shakllantirishni, ulardan ta'lim tizimida unumli foydalanishni, shuningdek, kadrlar tayyorlash jarayonining ilmiy tadqiqotlar infrastrukturasini yaratish, ta'limning axborot tarmoqlarida foydalanish uchun bilimning turli sohalari bo‘yicha axborot bazasini shakllantirishni hamda ilmiy tadqiqotlar darajasiga yangicha qarashlar zamirida yosh olimlarning, ilmiy-pedagogik xodimlarning ijtimoiy mavqyei va obro‘sini oshirishni va shu kabilarni qamrab oladi».
Kadrlar tayyorlash milliy modelining tarkibiy qismlaridan biri sifatida fan, yana shuningdek, «ta'lim mazmunini tubdan yangilashda: ta'lim standartlari, ta'lim dasturlari, o‘quv darsliklari va qo‘llanmalar tayyorlashda, ilmiy-metodik ta'minotni amalga oshirishda bevosita va bilvosita ishtirok etadi».
5. Ishlab chiqarish – kadrlarga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojni shuningdek, ularning tayyorgalik sifati va saviyasiga nisbatan qo‘yiladigan talablarni belgilovchi asosiy buyurtmachi, kadrlar tayyorlash tizimini moliyaviy va moddiy-texnika jihatdan ta'minlash jarayonining qatnashchisichisi.
«Ishlab chiqarishning talab-ehtiyojlari kadrlar tayyorlash tizimining yo‘nalishi, darajasi va miqyoslarini shakllantiradi, kasb tayyorgarligining maqsadi, vazifalari va mazmunini belgilaydi, malaka talablarini ilgari suradi, ta'limning zamonaviy texnologiyalari va shakllarini tanlashni taqozo etadi. Ishlab chiqarish pirovard natijada kadrlarning sifati va raqobatbardoshligiga baho beradi».
Ishlab chiqarish muassis, homiy va boshqa sifatlarda alohida mutaxassislarni tayyorlashni, guruhlarni va o‘quv yurtlarini moliyalash jarayonida ishtirok etib, mutaxassislarning kasbiy rivojlanishi va shaxsiy faolligini rag‘batlantiradi, ularni moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda bevosita ishtirok etadi».
Avvallari ishlab chiqarish tayyor kadrlar kuchi va salohiyatidan foydalanuvchi iste'molchi sifatidagina faoliyat olib borgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu faoliyatning mazmuni tubdan o‘zgardi. Endilikda ishlab chiqarish kadrlarni tayyorlash sifati va saviyasiga nisbatan o‘z talablarini qo‘ya oladi. Shu bilan birga sifatli hamda yuksak saviyali mutaxassisni tayyorlab yetishtirish yo‘lida uzluksiz ta'lim hamda fan tarmoqlarining moliyaviy, moddiy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Shu asosida kadrlar tayyorlash tizimining faol ishtirokchisiga aylandi.
Milliy model Konsepsiyasining mazmuni o‘zbek xalqining milliy turmush tarzi va ma'naviy-axloqiy an'analari bilan hamnafasdir. Zero, xalq orasida qadimdan «ma'rifatli inson» tushunchasi qo‘llanilib kelingan bo‘lib, u o‘zida keng ma'noni ifoda etadi. Bilim olishga intilish, ma'rifatli bo‘lish o‘zbek xalqi, millatining ruhiyatida ustuvor o‘rin tutuvchi omil sanaladi. Ma'rifatlilik – faqatgina bilim va malakaga ega bo‘lish emas, ayni vaqtda chuqur ma'naviy axloq hamdir. Bilimli, komil inson qiyofasida ana shunday xislatlarga ega shaxslar namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun ham kadrlar tayyorlash milliy modelining butun mohiyati o‘zbek xalqining milliy tarixi va hayot tarzi bilan bog‘lanib ketgan.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasida o‘ziga xos, takrorlanmas, tarixiy an'analarga asoslangan hamda bugungi kun talablariga to‘la javob bera oladigan kadrlar tayyorlash milliy modeli yaratildi.
Pedagoglik kasbi, uning paydo bo‘lishi va ravnaq topishi. Pedagoglik kasbining shakllanishi kishilik taraqqiyoti tarixi bilan uzviy bog‘lik. Terib-termachlab kun kechirgan ibtidoiy davr kishilari bolalarni o‘zlari bilan ergashtirib yurib, ularga ov qilish, turli daraxt mevalarini terish, o‘simliklarning ildizi kovlab olish, suv manbalarini izlab topish kabi harakatlarni amalga oshirishni o‘rgatganlar. Bunday harakatlar qabila (urug‘)ning tajribali kishilari yoki keksalar tomonidan amalga oshirilgan. Oddiy kundalik ehtiyojlarni qondirish yo‘lida olib borilayotgan xatti-harakatlar asosida yoshlarga mavjud tajribalar asosida ma'lumotlarni berib, ularda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirganlar. Turli tovushlarni chiqarish yordamida atrofdagilarni yaqinlashayotgan xavfdan ogoh qilishni bolalar kattalarning namunalari asosida o‘zlashtirganlar. Nutq va yozuv paydo bo‘lgunga qadar bu kabi harakatlar imo-ishoralar asosida amalga oshirilgan. Kishilik tarixida tub inqilobni sodir etgan nutq va yozuvning paydo bo‘lishi, shuningdek, urug‘ jamoasi tomonidan bajariladigan mehnat faoliyatining turli sohalarga ajralishi yoshlarga nisbatan munosabatning ilg‘or (progressiv) xarakter kasb etishiga imkon berdi.
Turli tabiiy ofatlar ta'siridan himoyalanish, kishilar hayotiga xavf solayotgan kasalliklarni davolash, hayot kechirish uchun yetarli oziq-ovqatlarni jamlab olishga bo‘lgan tabiiy ehtiyoj yoshlarga hayotiy tajribalarni ma'lum mehnat faoliyati yo‘nalishida yetarlicha bilimga ega bo‘lgan kishilar tomonidan berilishi maqsadga muvofiq ekanligini ko‘rsatdi. Natijada bolalarga hayot tajribalarini o‘rgatuvchi kishilar guruhi shakllandi hamda bolalarga ma'lum yo‘nalishlar bo‘yicha bilimlarni berish maxsus ajratilgan joylarda tashkil etila boshlandi. Dastlabki maktablar qadimgi Sharqda (Vavilon, Misr, Hindistonda) paydo bo‘lib, ularda bolalarga ma'muriy-xo‘jalik boshqaruvi asoslari o‘rgatilgan.
Antik davrda maktablar Sparta, Afina va Rim tarbiya tizimining muhim tarkibiy qismi sifatida faoliyat olib borganlar.
qadimgi Yunonistonda bunday joylar akademiya deb nomlangan. «Akademiya» so‘zi afsonaviy qahramon Akadema nomidan kelib chiqqan. Eramizdan avvalgi IV asrda Afina yaqinidagi Akadema nomi bilan nomlanuvchi joyda Platon o‘z shogirdlariga ma'ruzalar o‘qigan bo‘lib, keyinchalik ta'lim tashkil etiluvchi maskan ham shunday nom bilan atala boshlagan. qadimgi Rim va Yunonistonda bolalarga bilim berish faylasuflar zimmasiga yuklatilgan.
Jamiyatning tabaqalanishi natijasida, qudorlik tuzumida bolalarni ta'lim maskanlariga olib borish va olib kelish vazifasini qullar bajarishgan va ular «pedagog» deb nomlanganlar. Ushbu tushunchaning ma'nosi «bola yetaklovchi» demakdir.
Tarixiy taraqqiyotning keyingi bosqichlarida bolalarga tizimli bilimlarni berish bilan doimiy shug‘ullanuvchi kishilar aynan shu nom bilan atala boshlaganlar.
Feodalizm davrida aksariyat maktablar masjid (musulmon mamlakatlarida) yoki ibodatxonalar (Hindiston) qoshida tashkil etilgan. Bunday maktablarda yoshlarga diniy bilimlar bilan birga dunyoviy bilimlar ham o‘rgatilgan.
O‘rta asrlar davrida, Sharqda akademiya ko‘rinishidagi ta'lim muassasalari ham faoliyat yuritgan bo‘lib, ular «Donishmandlar uyi» (IX asr, Bag‘dod), «Ma'mun akademiyasi» (XI ar boshlari, Xorazm), observatoriyalar qoshidagi jamiyatlar (XV asr, Samarqand) tarzida nomlangan. Akademiyalarga turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha kuchli bilimga ega bo‘lgan qomusiy olimlar jalb etilgan bo‘lib, ular tomonidan matematika, geodeziya, mineralogiya, meditsina, astronomiya kabi yo‘nalishlarda keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borilgan.
O‘rta asrlar hamda kapital ishlab chiqarishiga asoslangan jamiyatlarda akademiya (Sharqda madrasa)lar ko‘rinishidagi maktablarda ma'naviy-axloqiy jihatdan yetuk, turli sohalar bo‘yicha mukammal bilimga ega pedagoglarning faoliyat yuritishlariga alohida ahamiyat qaratilgan. Chunonchi, Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek tomonidan barpo etilgan madrasalarda o‘z davrining taniqli olimlari – Ali qushchi, Taftazoniy, qozizoda Rumiy, Mavlono Muhammad, g‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Muiniddin Koshiy hamda Mansur Koshiylar talabalarga ta'lim berganlar.
XIX asr oxiri hamda XX asr boshlarida yuzaga kelgan jadidizm harakatining asoschilari, taniqli ma'rifatparvarlar – Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniy, Abduqodir Shakuriy, Ismatulla Raxmatullaev, Abdurauf Fitrat, Isohxon Ibrat va boshqalar aholi orasida nafaqat murabbiy, balki ma'naviy yetuk inson sifatida ham nom qozondilar.
Sharq mutafakkirlari va g‘arb pedagoglari jamiyatda pedagoglik kasbining tutgan o‘rni haqida. Jamiyat tomonidan o‘qituvchi shaxsiga qo‘yilayotgan talablar o‘z davrida Sharq mutafakirlari hamda g‘arb ma'rifatparvarlarining asarlarida o‘z aksini topgan.
Muhammad al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy hamda Abu Rayhon Beruniylar o‘qituvchining ma'naviy-axloqiy jihatdan yetuk bo‘lishlariga alohida ahamiyat qaratadilar. Ularning fikrlaricha, yaxshi o‘qituvchi boshqalardan bir jihati bilan farq qiladi, ya'ni, u o‘zi ega bo‘lgan bilimlarni yoshlarga beminnat o‘rgatadi, har bir ishda ularga namuna bo‘la oladi.
Abu Ali ibn Sino o‘z asarlarida o‘qituvchi bolalarga ta'lim berishdek mas'uliyatli burchni bajarishi zarurligini uqtirar ekan, ularga faoliyatda muvafaqiyatga erishish garovi bo‘lgan quyidagi tavsiyalarni beradi:
bolalar bilan muomalada bosiq, jiddiy bo‘lish;
berilayotgan bilimning talabalar tomonidan o‘zlashtirilishiga e'tiborni qaratish;
ta'limda turli shakl va metodlardan foydalanish;
talabaning xotirasi, bilimlarni egallash qobiliyati, shaxsiy xususiyatlarini bilishi;
fanga qiziqtira olishi;
berilayotgan bilimlarning eng muhimini ajratib bera olishi;
bilimlarni talabalarga tushunarli, uning yoshi, aqliy darajasiga mos ravishda berish;
har bir so‘zning boalar hissiyotini uyg‘otish darajasida bo‘lishiga erishish.
Alisher Navoiy o‘z davrining ayrim maktabdorlari ega bo‘lgan sifatlar, xususan, qattiqqo‘llik, ta'magirlik va johilliklarni qoralar ekan, o‘qituvchining ma'naviy qiyofasiga nisbatan jiddiy talablarni qo‘yadi. Xususan, «mudarris kerakki, g‘arazi mansab bo‘lmasa va bilmas ilmni aytishga urinmasa, manmanlik uchun dars berishga havas ko‘rgazmasa va olg‘irlik uchun gap-so‘z va qavqo yurgizmasa, nodonlikdan sallasi katta va pechi uzun bo‘lmasa, gerdayish uchun madrasa ayvoni boshi unga o‘rin bo‘lmasa. ... Yaramasliklardan qo‘rqsa va nopoklikdan qochsa, nainki, o‘zini olim bilib, necha nodonga turli xil fisq ishlarni mumkin, balki halol qilsa, qilmas ishlarni qilmoq uchun sodir bo‘lsa va qilar ishlarni qilmaslik unga qoida va odat bo‘lib qolsa. Bu mudarris emasdir, yomon odatni tarqatuvchidir».
Ayni o‘rinda o‘qituvchi mehnatining mashaqqatli ekanligini ta'kidlab o‘tadi: «Uning ishi odam qo‘lidan kelmas, odam emas, balki dev ham qila bilmas. Bir kuchli kishi bir yosh bolani saqlashga ojizlik qilardi, u esa bir to‘da bolaga ilm va adab o‘rgatadi, ko‘rkim bunga nima yetsin.
Shunisi ham borki, u to‘dada fahm-farosati ozlar bo‘ladi, unday kishiga yuzlarcha mashaqqat kelsa qanday bo‘ladi. Har qanday bo‘lsa ham, yosh bolalarga uning haqqi ko‘pdir. Agar shogird podshohlikka erishsa ham unga (muallimga) qulluq qilsa arziydi.
Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila».
Mashhur pedagog Abdulla Avloniy ham o‘z asarlarida o‘qituvchi shaxsi va uning faoliyati borasidagi qarashlarni ifodalashga alohida o‘rin beradi. Allomaning qayd etishicha, bolaning sog‘lom bo‘lib o‘sishida ota-onalar o‘ziga xos rol o‘ynasalar, uning fikriy jihatdan taraqqiy etishida o‘qituvchining o‘rni beqiyos ekanligini ta'kidlaydi. Xususan, bolalarning aqliy qobiliyatlarini shakllantirish muallimlarning «diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklangan muqaddas bir vazifa» ekanligini ta'kidlab, «fikrning quvvati, ziynati, kengligi, muallimning tarbiyasiga bog‘likdur», - deydi.
Yan Amos Komenskiy o‘z davrida o‘qituvchining bola dunyoqarashini rivojlantirishdagi roliga katta baho berib, o‘qituvchilik «er yuzidagi har qanday kasbdan ko‘ra yuqoriroq turadigan juda faxrli kasb» ekanligini ta'kidlaydi. Muallifning fikricha, pedagog o‘z burchlarini chuqur anglay olishi hamda o‘z qadr-qimmatini to‘la baholay bilishi zarur. Ya.A.Komenskiy o‘qituvchi obrazini tasvirlar ekan, uning shaxsida quyidagi fazilatlarning namoyon bo‘lishi maqsadga muvofiqligiga urg‘u beradi: vijdonli, ishchan, sabotli, axloqli, o‘z ishini sevuvchi, o‘quvchilarga otalaridek muomala qiluvchi, ularda bilimga havas uyg‘otuvchi, o‘quvchilarni o‘z ortida ergashtiruvchi va diniy e'tiqod.
K.D.Ushinskiy o‘qituvchi ma'naviyati va kasbiy faoliyatiga yuqori baho beradi hamda ularning kasbiy malakalarini doimiy ravishda takomilashtirib borish maqsadga muvofiq ekanligi to‘g‘risidagi fikrni ilgari suradi. Mazkur g‘oyaning ijtimoiy ahamiyatini tasdiqlovchi tizim – o‘qituvchilarni tayyorlovchi tizimni ilk bor asoslaydi.
O‘qituvchining asosiy vazifalari va uning shaxsiga qo‘yiladigan talablar. «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» g‘oyalarini amaliyotga tadbiq etish Respublika ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlar muvaffaqiyatini ta'minlash, ta'lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchi, tarbiyachi, ishlab chiqarish ustalarining ma'naviy qiyofasi hamda kasbiy mahoratlariga ham bog‘likdir.
Shaxsni tarbiyalash ishi nihoyatda murakkab faoliyat jarayoni bo‘lib, juda qadimdan ushbu faoliyatga jamiyatning yetuk kishilari jalb etilgandir. Mazkur holat yosh avlod tarbiyasi, uning tashkil etilishi mazmuni nafaqat shaxs kamoloti, balki jamiyat taraqqiyotini ham belgilashda muhim ahamiyatga ega ekanligini anglatadi.
O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchi kadrlarning ma'naviy qiyofasi, aqliy salohiyati hamda kasbiy mahoratiga nisbatan jiddiy talablar qo‘ymoqda. Chunonchi, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov quyidagilarni qayd etadi: «Tarbiyachi – ustoz bo‘lish uchun, boshqalarning aql-idrokini o‘stirish, ma'rifat ziyosidan bahramand qilish, haqiqiy vatanparvar, haqiqiy fuqaro etib yetishtirish uchun, eng avvalo, tarbiyachining ana shunday yuksak talablarga javob berishi, ana shunday buyuk fazilatlarga ega bo‘lishi kerak».
Yuqorida qayd etilgan fikrlardan bugungi kun o‘qituvchisi shaxsiga nisbatan qo‘yilayotgan talablar mazmuni anglaniladi. Zamonaviy o‘qituvchi qanday bo‘lishi zarur?
O‘qituvchi (pedagog) pedagogik, psixologik va mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus ma'lumot, kasbiy tayyorgarlik, yuksak axloqiy fazilatlarga ega hamda ta'lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatuvchi shaxs sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasining «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunining 5-moddasi 3-bandiga muvofiq ta'lim muassasalarida sudlangan shaxslarning pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bizning nazarimizda, zamonaviy o‘qituvchi-bakalavr qiyofasida quyidagi fazilatlar namoyon bo‘la olishi kerak (so‘z yuritilayotgan sifatlar mohiyatan o‘qituvchi-bakalavr tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifa, burch va mas'uliyatlarini ifodalaydi):
O‘qituvchi jamiyat ijtimoiy hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, olib borilayotgan ijtimoiy islohotlar mohiyatini chuqur anglab yetishi hamda bu borada o‘quvchilarga to‘g‘ri, asosli ma'lumotlarni bera olishi lozim.
Zamonaviy o‘qituvchining ilm-fan, texnika va texnologiya yangiliklari va yutuqlaridan xabardor bo‘lishi talab etiladi.
O‘qituvchi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha chuqur, puxta bilimga ega bo‘lishi, o‘z ustida tinimsiz izlanishi lozim.
O‘qituvchi pedagogika va psixologiya fanlari asoslarini puxta bilish, ta'lim-tarbiya jarayonida o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda faoliyat tashkil etishi kerak.
O‘qituvchi ta'lim-tarbiya jarayonida eng samarali shakl, metod va vositalardan unumli foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘lmog‘i lozim.
O‘qituvchi ijodkor, tashabbuskor va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lishi shart.
O‘qituvchi yuksak darajadagi pedagogik mahorat, chunonchi, kommunikativlik layoqati, pedagogik texnika (nutq, yuz, qo‘l-oyoq va gavda harakatlari, mimika, pantomimika, jest) qoidalari chuqur o‘zlashtirib olishga erishishlari lozim.
O‘qituvchi nutq madaniyatiga ega bo‘lishi zarur, uning nutqi quyidagi xususiyatlarni o‘zida aks ettira olishi kerak:
a) nutqning to‘g‘riligi;
b) nutqning aniqligi;
v) nutqning ifodaviyligi;
g) nutqning sofligi (uning turli sheva so‘zlaridan holi bo‘lib, faqat abadiy tilda ifoda etilishi); jargon (muayyan kasb yoki soha mutaxassisliklariga xos so‘zlar); varvarizm (muayyan millat tilida bayon etilayotgan nutqda o‘zga millatlarga xos so‘zlarni noo‘rin qo‘llanilishi); vulgarizm (haqorat qilish, so‘kishda qo‘llaniladigan so‘zlar) hamda konselyarizm (o‘rni bo‘lmagan vaziyatlarda rasmiy so‘zlardan foydalanish) so‘zlardan holi bo‘lishi, o‘qituvchining nutqi sodda, ravon va tushunarli bo‘lishi kerak;
d) nutqning ravonligi;
j) nutqning boyligi (hikmatli so‘zlar, ibora va maqollar, matallar hamda ko‘chirma gaplardan o‘rinli va samarali foydalana olish).
O‘qituvchi kiyinish madaniyati (sodda, ozoda, bejirim kiyinishi), ta'lim-tarbiya jarayonida o‘quvchining diqqatini tez jalb etuvchi turli xil bezaklar (oltin, kumush taqinchoqlar)dan foydalanmasligi, fasl, yosh, gavda tuzilishi, yuz qiyofasi, hatto, soch rangi va turmagiga muvofiq ravishda kiyinishni o‘zlashtirishga erishishi lozim.
O‘qituvchi shaxsiy hayotda pok, atrofdagilarga o‘rnak bo‘la olishi lozim.
O‘qituvchi pedagogik muloqot jarayonining faol ishtirokchisi sifatida o‘zida bir qator sifatlarning tarkib topishiga erishishi zarur. Chunonchi, u eng avvalo, mulohazali, bosiq, vaziyatni to‘g‘ri baholay oladigan, mavjud ziddiyatlarni barataraf etishning uddasidan chiqa olishi zarur. O‘quvchi, ota-onalar hamda hamkasblari bilan mulohot jarayonida fikrini aniq va to‘la bayon etilishiga ahamiyat qaratishi maqsadga muvofiq. Ular bilan munosabat jarayonida so‘zni salbiy holatlar haqidagi dalillarni keltirishdan emas, aksincha, o‘quvchi (yoki hamkasbi, ota-onalar)ning muvaffaqiyatlarini e'tirof etishi, ularning yanada boyishiga ishonch bildirishi u bilan tillasha olishiga imkon beradi. Muloqot jarayonida o‘qituvchining so‘zlaridan suhbatdoshiga nisbatan xayrihohlik, samimiylik, do‘stona munosabat sezilib turishi, shuningdek, imkon qadar ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lishi zarur.
O‘qituvchi shaxsining mazkur talablarga muvofiq keluvchi qiyofasi uning o‘quvchilar, hamkasblar hamda ota-onalar o‘rtasida obro‘-e'tibor qozonishini ta'minlaydi.
Pedagogik mahoratni egallash yo‘llari. O‘qituvchi barkamol avlodni tarbiyalash jarayonida ishtirok etar ekan, nafaqat ma'naviy-axloqiy madaniyati bilan atrofdagilarga o‘rnak bo‘lishi, shu bilan birga, pedagogik mahoratini namoyon eta olishi, yetuk pedagog sifatida malakali kadrlarni tayyorlash ishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shishi zarur.
Pedagogik mahorat – yuksak pedagogik tafakkur, ta'lim-tarbiya jarayoniga ongli, ijodiy yondashuv, metodik bilimlarni samarali qo‘llay olish qobiliyati bo‘lib, u doimiy ravishda pedagogik bilimlarni oshirib borish, yangiliklardan xabardor bo‘lish, ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish asosida tarkib topadi. Yosh, shuningdek, ta'lim muassasasida bir necha yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarning pedagogik mahoratga ega bo‘lishlari o‘zini kasbiy jihatdan takomillashtirish yo‘lida bir qator shartlarga amal qilishi hisobiga ta'minlanadi. Ular quyidagilardan iborat:
Mustaqil o‘qib-o‘rganish (pedagogika fanida ro‘y berayotgan yangiliklar haqida ma'lumotlarni beruvchi yangi adabiyotlar, Internet materiallari, vaqtli matbuot sahifalarida chop etilayotgan ma'lumotlar, shuningdek, ilg‘or texnologiyalar bilan tanishib borish, ularda ilgari surilayotgan g‘oyalarni umumlashtirish, xulosalash asosida mustaqil loyihalarni tayyorlash).
Hamkasb tajribali o‘qituvchilar faoliyatini o‘rganish (ta'lim muassasasidan chetga chiqmagan holda tashkil etilib, vaqt, shuningdek, iqtisodiy nuqtai nazardan samarali sanaladi. Tajribali o‘qituvchilar faoliyatini o‘rganish ular tomonidan tashkil etilayotgan mashg‘ulotlarni kuzatish, tahlil qilish asosida amalga oshiriladi. Bu borada olingan taassurotlarni umumlashtirish asosida xulosa chiqarish maqsadga muvofiqdir).
Pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurs (institut)larida kasbiy malakalarini oshirish.
Doimiy ravishda ilmiy anjumanlar (nazariy va amaliy konferensiya hamda seminarlar, pedagogik o‘qish hamda treninglar)da faol ishtirok etish.
Respublika hamda rivojlangan xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta'lim muassasalarida ularning ish tajribalarini o‘rganish (stajirovka).
Ayni vaqtda, respublikada, «Ustoz» jamg‘armasining homiyligida ta'lim muassasalarining o‘qituvchilar rivojlangan xorijiy mamlakatlarda bo‘lib, ularning ta'lim tizimi va ish tajribalarni o‘rganmoqdalar.
Pedagogik mahoratni egallashda, guruhli va ommaviy tadbirlarda ishtirok etish ijobiy natijalar beradi. Binobarin, bunday muhitda o‘zaro fikr almashish, shaxsiy mulohazalarni boshqalar tomonidan bildirilayotgan qarashlar bilan taqqoslab, ularning to‘g‘riligi, haqqoniyligiga ishonch hosil qilish, mavjud bilimlarni yanada boyitish, xato yoki kamchiliklarni aniqlash hamda ularni barataraf etish yo‘llarini topish imkoniyati mavjud.
Pedagogik mahoratga ega bo‘lish ta'lim-tarbiya samaradorligini ta'minlash garovi bo‘libgina qolmay, ayni vaqtda o‘qituvchining jamoadagi obro‘-e'tiborini ham oshiradi, o‘quvchilarga unga nisbatan hurmat yuzaga keladi.
Kasbiy mahoratni oshirish yo‘lida amaliy harakatlarni tashkil etish pedagogik faoliyatda yo‘l qo‘yilgan yoki qo‘yilayotgan xatolardan holi bo‘lish, o‘quvchilar, hamkasblar hamda ota-onalar bilan munosabatda muvaffaqiyatlarga erishish imkoniyatini yaratadi.
O‘z davrlarida Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Yan Amos Komenskiy, Lev Tolstoy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniy va boshqalar o‘z asarlarida o‘qituvchilik kasbi, uning mashaqqatlari, shuningdek, o‘qituvchi shaxsida aks etishi zarur bo‘lgan sifatlar xususidagi qarashlarni yoritish orqali o‘zlari ham pedagogik madaniyatga ega ekanliklarini namoyon etganlar. Binobarin, pedagogik jarayonning mohiyatini anglamagan, bolaga nisbatan chuqur hurmatda bo‘lmagan shaxs ta'lim-tarbiya samaradorligi va inson kamolotini ta'minlovchi fikrga ega bo‘lmaydi. Ularning pedagogik madaniyatlari negizini bolani tushuna olish, unga insbatan insonparvar munosabatda bo‘lish, vaziyatni to‘g‘ri baholash, yuzaga kelish ehtimoli bo‘lgan ziddiyatlarni o‘z vaqtida bartaraf etish, pedagogik faoliyatning haqligi, jamiyat taraqqiyoti hamda pedagogik jarayonda o‘quvchilar ongiga singdirilayotgan ezgu g‘oyalarning hayot mavjudligini ta'minlashda qudratli omil (vosita) ekanligiga ishonch kabilar tashkil etadi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida malakali (mahoratli) o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tajribalarini ommalashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Mahoratli o‘qituvchilarni aniqlash maqsadida turli ko‘rik, tanlovlar tashkil etilmoqda. Xususan, «Yil o‘qituvchisi» Respublika ko‘rik-tanlovi ta'lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarga pedagogik mahoratlarini individaul ravishda namoyish etish imkoniyatini berayotgan bo‘lsa, «Yil maktabi» Respublika ko‘rik-tanlovi o‘qituvchilarga jamoa asosida ta'lim muassasasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarni ommaga ko‘rsata olishlari uchun sharoit yaratmoqda.
Shuningdek, respublika miqyosida, pedagogik faoliyatda ulkan yutuqlarni qo‘lga kirita olgan o‘qituvchilar ta'lim sohasida nufuzli sanaluvchi davlat mukofoti – O‘zbekiston Respublikasi Xalq o‘qituvchisi ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lmoqdalar.
Xulosa.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» O‘zbekiston respublikasida, ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohalar mazmunini o‘zida aks ettirgan muhim yuridik hujjat bo‘lib, istiqbol uchun yo‘llanmadir.
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da, alohida ta'kidlangan milliy model O‘zbekiston Respublikasining milliy-hududiy xususiyatlarini inobatga olish hamda ilg‘or fan, texnika va texnologiya yutuqlari asosida tayyorlangan kadr (mutaxassis) – komil inson va yetuk mutaxassis qiyofasini o‘zida to‘laqonli aks ettiruvchi namunadir.
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» g‘oyalarining amaliyotga tadbiq etilishi O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy hayoti uchun muhim sanalgan bir qator holatlarning qaror topishiga olib keladi.
O‘zbekiston Respublikasining «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonuni hamda «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» g‘oyalarini amalga oshirish jarayonida o‘qituvchi kadrlar muhim rol o‘ynaydilar. Komil inson va yetuk malakali mutaxassis maxsus tashkil etilgan pedagogik faoliyat jarayonida tarbiyalanar ekan, ushbu jarayonda o‘qituvchilarning o‘rni beqiyosdir. Shu bois ularning shaxsida bir qator ijobiy ma'naviy-axloqiy sifatlar namoyon bo‘la olishi maqsadga muvofiqdir. Iloxotlarni xayotga tadbik etishni boskichma-boskich amalga oshirish kuzda tutilgan.
Birinchi bosqich :/1997-2001/-mavjud kadrlar tayyorlash tizimining jobiy saloxiyatini saklab kolgan xolda ushbu tizimni islox kilish va rivojlantirish uchun xukukiy-me'yoriy, ilmiy-uslubiy moliyaviy-moddiy sharoitlar yaratish, unda pedagogik kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishni zamonaviy talablarga keltirish,ta'lim oluvchilarga kuyiladigan davlat ta'lim standartlarini yaratish va uni joriy kilish, ukuv-uslubiy majmualar, moddiy baza, ta'lim xizmat soxasida rakobatni vujudga keltirish, ta'lim muassasalari faoliyatini baxolash, reting tizimini tashkil etish,xalkaro alokalarni rivojlantirish, 6-7 yoshli bolalar bilan shugullanish va ularda maktabda ukishlari uchun asos yaratish.
Ikkinchi bosqich /2001-2005 yillar/-Milliy dasturni tula ruyobga chikarish, mexnat bozorini rivojlantirish, real iktisodiy-ijtimoiy sharoitni xisobga olgan xolda unga anikliklar kiritish, majburiy umumiy urta maxsus kasb-xunar ta'limiga utishni, xamda ukuvchilarning kobiliyatlariga asoslangan xolda tabakalashtirilgan ta'limni tulik joriy etish, ta'lim muassalarini malakali kadrlar bilan ta'minlash va uni rakobatga asoslangan xolda amalga oshirish, sifatli uslubiy va boshka adabiyotlar bilan ta'minlash.
Uchinchi bosqich:/ 2005 va keyingi yillar/-tuplangan tajribalarni taxlil kilish va umumlashtirish asosida mamlakatni ijtimoiy-iktisodiy shart-sharoitlarni e'tiborga olgan xolda kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirish, ta'lim muassalarini resurs,kadrlar, moddiy-texnik baza, ilgor pedagogik texnologiya bilan ta'minlash, milliy oliy ta'lim muassalarini karor toptirish, kasb-xunar ta'limi muassalarini mustakil faoliyat yuritish va uzini uzi boshkarish shakllarini mustaxkamlash, ta'lim jarayonini axborot tizimiga ulash va uni dunyo axborot tizimiga ulanadigan kompyuter axborot tarmogi bilan tulik kamrab olishdan iborat.
Dasturda kadrlar tayyorlashning milliy modeli batafsil, yoritilib unda shaxs, davlat va jamiyat, uzluksiz ta'lim, uni tashkil etish va rivojlantirish tamoyillari, xamda islox kilish yunalishlari bilan bir katorda uzluksiz ta'lim tizimi va uni turlari bayon kilingan.
Dostları ilə paylaş: |