II BOB. HARAKATLI O’YINLARDAN FOYDALANISh ASOSIDA BOLALARNING JISMONIY HAMDA PSIXIK TAYYoRGARLIGINI MAQSADLI RIVOJLANTIRISh TEXNOLOGIYaSI
2.1. Tana a’zolarining faoliyatini tarbiyalash yo’llari
Kichik yoshdagi bolalarni sog’lom, serharakatchanlik qilib tarbiyalash asosan pedagogika, psixologiya, anatomiya, fiziologiya fanlaridagi ta’limotlarga suyangan holda jismoniy tarbiya ta’limi asosida vujudga keladi.
Odatda maktabgacha yoshdagi bolalar tarbiyasi mazmuni quyidagi yo’nalishlarda amalga oshiriladi:
1. Maktabgacha tarbiya bolalar muassasasi.
2. Oila.
3. Bolalarning mustaqil va erkin faoliyati (o’yinlar).
Maktabgacha yoshdagi bolalar jismoniy tarbiyasini yo’lga qo’yish, ularning mazmuni va mashq-o’yinlarning ijtimoiy-tarbiyaviy mohiyati to’g’risida, shuningdek, oilada jismoniy tarbiyani tashkil qilish masalalari bo’yicha A.Q. Atoevning ilmiy-tadqiqot ishlari va ilmiy-ommabop risolalari muhim ahamiyatga egadir. Bu muammolarga bag’ishlangan dissertatsiya ishlari (H.A. Meliev, Jizzax, X.B. Tulenova, Toshkent va boshq.), o’quv-uslubiy qo’llanmalar maqsadli ravishda amalda qo’llanil-moqda.
Bolalar bog’chalarida jismoniy tarbiya tadbirlari maxsus ishlab chiqilgan “jismoniy tarbiya” dasturi asosida olib borilib, bolalarning yoshi va salomatlik darajalariga qarab o’yin-mashqlar tashkil etiladi.
Oila sharoitida bolalarni tarbiyalash va jismoniy tarbiya vositalaridan foydalanish ikki holatda olib boriladi:
1. Bog’chadan keyingi bo’sh payt va dam olish kunlari.
2. Bog’chaga qatnamaydigan bolalarni uy sharoitida shug’ul-lantirish.
Bolalarning mustaqil va erkin mashq-o’yinlar bilan shug’ullanishlari ham ikki yo’nalishda bo’ladi, ya’ni:
- bog’chada tarbiyachilar va oilada ota-onalar nazoratida bolalarning erkin o’ynab, mashq qilishlari;
- uy sharoitida bolalarning mustaqil o’ynashi va ko’cha, o’yin maydonlarida yurib mustaqil harakat qilishi.
Bolalar jismoniy tarbiyasi to’g’risida fikr yuritish va ularni amalga oshirishda birinchi navbatda sog’liqni shakllan-tirish, jismoniy tarbiya texnologiyalarini qo’llash yo’llarini oydinlashtirish lozim bo’ladi.
Anatomiya, fiziologiya fanlarida ta’kidlanishicha, bolalarning tana a’zolari (organizm) tez o’suvchan va rivojlanish darajalari kuchli bo’ladi. ammo mushak, suyak va asab tizimida egiluvchanlik, cho’ziluvchanlik jarayonlari juda bo’sh (mo’rt) hamda mustahkam bo’lmaydi. Shu sababdan ham 1-6 yoshdagi bolalarning harakat malakalarini shakllantirish va barqarorlikka olib kelishda turli xil jismoniy mashqlar, tabiiy harakatlar va o’yinlardan maqsadli foydalanishga to’g’ri keladi. Albatta bolalarning yoshi (1-2, 3-4, 5-6) va salomatligi, eng muhimi esa harakatchanligiga qarab mashq-o’yinlar qo’llanilishi shart. Bunday mashq va o’yinlar majmui “jismoniy tarbiya” dasturida aniq berilgan.
Bolalar tarbiya muassasalarida jismoniy tarbiya jarayon-larini tashkil qilish uchun birinchi navbatda o’yin maydonlari, sport zallari, kichik hajmdagi suv havzalari (o’tirib va turib cho’milish) bo’lishi shart. Xilma-xil o’yinchoqlar, qiya, tekis va tik narvonlar, uzun xarilar (brevno) bolalarning osilib chiqish, oshish va tushishlari uchun eng qiziq va murakkab jihoz hisoblanadi, muvozanat saqlashni tarbiyalaydi.
Arg’amchi (skakalka) yoki kalta ip-arqonlarda sakrash, to’pni ushlash, otish, to’p orqasidan yugurish kabi o’yinlar (1-3 yosh) va estafetalar (4-6 yosh) bolalarning hushyorligi, tez harakat qilishi va boshqa sifatlarini tarbiyalaydi.
Bolalarni o’z erkida o’ynashi (quvlashish, to’p tepish, bekinmachoq va h.k.) ko’proq harakatchanlikni rivojlantirish bilan birgalikda, ularning zavqini oshiradi va shaxs (tezligini bilish, ustun kelish va h.k.) erkinligini shakllantiradi.
Umuman olganda harakatli o’yinlar umumrivojlantirishni tarbiyalaydi va turmushdagi mehnat, o’zaro hamkorlik, bir-biriga mehribon, yordam berish his-tuyg’ular paydo bo’ladi.
Bolalarning salomatligini yaxshilash, harakatchanligini oshirish va atrof-muhit bilan tanishish, issiq-sovuq kunlarda (ob-havo) yurishga o’rgatishda sayr-sayohatlar muhim vazifalarni bajaradi.
Shu sababdan shaharlar, tuman markazlari, qo’rg’onlardagi (posyolka) tarbiya muassasalarida o’zlari yashaydigan joylardagi diqqatga sazovor madaniyat, sport, savdo markazlari hamda keng xiyobonlar, ochiq maydonlar, istirohat bog’larida sayr-tomosha-larni tez-tez o’tkazib turish maqsadga muvofiqdir. Bunda bolalarning fikr doiralari kengayadi, yashayotgan joyning ko’rkam-ligi, obodligini ko’rib zavqi oshadi. Shu asosda o’pkada havo almashishi, yurak-qon tomirlarining holati yangilanadi. Bu esa ichki a’zolarning yaxshi ishlashi, ovqatni hazm qilish, ishtahaning oshishiga yordam beradi. Suyak, mushaklarning mustahkamlanishi va tanadagi bo’g’inlarning egiluvchanligi hamda tiklanib mahkam tutishini ta’minlashda bevosita xizmat qiladi. Bu yoshdagi (1-6) bolalarni jismoniy tarbiyalashda tarbiyachi-uslubiyatchining (metodist) nazariy bilimlari, amaliy tajribalari muhim o’rinda turadi.
Ma’lumki, yuqorida qayd etilgan amaliy tarbiyaviy vosi-talar va faoliyatlarni amalga oshirishda barcha tarbiya muassasa-lari yagona talab va tartibda olib borishi ko’zda tutiladi, lekin barcha joyda ham dastur asosida ishlar yaxshi yo’lga qo’yilmaydi. Buning u yoki bu sabablari bo’ladi. Ya’ni shart-sharoitlarning (maydon, zal, jihozlar, uskunalar va h.k.) etarli darajada ta’minlanmaganligi ko’p joylarda, ayniqsa qishloq sharoitla-rida ko’proq uchraydi.
E’tirof etmoq lozimki, deyarli barcha tuman markazlari, ba’zi yirik qo’rg’onlarda pedagogik kollejlar faoliyat ko’rsatib, bog’chalar uchun tarbiyachilar (bog’cha opalar) tayyorlanib, ular ish bilan ta’minlanmoqda, ammo ularning jismoniy tarbiya sohasidagi bilim saviyalari, ayniqsa amaliy malakalari juda past darajada. Buning ham sabablari ko’p desa bo’ladi. Ya’ni kollejlarda jismoniy tarbiya darslari, ayniqsa bolalar jismoniy tarbiyasi uslubiyati (metodikasi) fanlariga soatlar miqdori kam berilgan. O’quv amaliyoti (praktika) jarayonlarida bo’lajak tarbiyachilar jismoniy tarbiya mashg’ulotlarini kam o’tkazadi. Qolaversa, kollejlardagi jismoniy tarbiya o’qituv-chilari bu muammo va yo’nalishlarga kamroq e’tibor berib, asosan o’quvchi-talaba qizlarning “jismoniy tarbiya” dasturidagi turlar bo’yicha o’zlashtirishni talab qilish bilan chegaralanadilar. Bu esa bo’lajak tarbiyachilarning kasb-hunar yo’nalishidagi nazariy bilimlarni chuqur o’zlashtirishi va amaliy malakalarning etarli darajada bo’lmasliklariga olib kelmoqda.
Maktabgacha bolalar tarbiya muassasalarida ta’lim-tarbiya-ning boshqa sohalari (nutq o’stirish, chizmachilik, musiqa va h.k.) bo’yicha mashq-o’yinlar mazmunida, asosan harakatli o’yin-mashqlar jarayonida bolalarga tozalik (gigienik omillar) haqida doimiy tushuncha berish, eslatib turish, talab qilish kabi pedagogik texnologiyalarni qo’llash, bolalarda sezgirlik, onglilik, musta-qillik, tarbiyachi va ota-onalarga itoat etish kabi fazilatlarni tarbiyalaydi va ular bolalarda tobora mukammallashib boradi.
Bu yo’lda sog’lomlashtirish (valeologiya), o’z harakatlarini (tezlik, epchillik, chaqqonlik va h.k.) sezish, bilish va ongli ravishda ularni tezlashtirish kabi his-tuyg’ularga ega qilishda tarbiyachining kuzatuvchanligi, faoliyatlarni to’g’ri baholashi va rag’batlantirishi (maqtashi, namuna qilib ko’rsatish) bolalarda har bir sohaga intilish ishtiyoqlarini oshiradi. Bu esa katta guruhlardagi (4-6 yosh) bolalarning sog’liqni saqlash, shikastlan-maslik, ehtiyotkor va tadbir bilan o’zini idora qilishga o’rgatadi.
Hayotda uchraydigan turli yumushlar, mehnat turlari, kasbga havas qilish, oila, mahalla, Vatan tushunchalarini tushunish, bu yo’lda yordam berish kabi tushuncha va ko’nikmalarni egallashga safarbar qilish lozim bo’ladi.
Ma’lumki, shaxsni shakllantirish va uning biron sohaga qiziqishi va uni tarbiyalashda shaxsiy xususiyatlar (individ) muhim o’rinda turadi. Imkoniyatlari yaxshi bo’lgan tarbiya muassasalarida kasbiy yo’nalishlarga (rasm chizish, raqs, qo’shiq, bichish va h.k.) qaratilgan dars-mashg’ulotlar, o’yinlar tashkil etilmoqda. Ilg’or tajribaga ega bo’lgan bolalar bog’chalari tuman, shahar, viloyat va respublika tanlov-ko’rik bayramlari, anjuman-lari, madaniy tadbirlarda ishtirok etmoqda.
Bu yo’lda “kichkintoy polvonjonlar” musobaqalari e’ti-borga loyiqdir. Shu sababdan sport zallari, o’yin maydonlari talab darajasida bo’lgan bog’chalarda iqtidorli (qobiliyatli) bolalarni o’zbek kurashi, sharqona yakka kurashlar, futbol, qiz bolalarni badiiy gimnastika va boshqa sport turlari bo’yicha tayyorgarlik mashg’ulotlarining olib borilishi olqishlarga sazovordir.
Bu faoliyatlarda BO’SM maktablari murabbiylari, maktab jismoniy tarbiya o’qituvchilari va ba’zi-bir iqtidorli, tajri-bali sportchilarning bog’chalardagi ko’maklari ham e’tiborlidir.
Istiqlol davrida sportga bo’lgan e’tiborning kuchayishi, bolalar sportini rivojlantirish yo’lidagi ibratli ta’birlar kichik yoshdagi bolalarning sport turlariga bo’lgan qiziqishi va munosabatlarini tobora kengaytirmoqda. Shu sababdan bolalar bog’chalarida faqat ayollargina emas, balki mutaxassis sportchi erkaklarning ham ishlashiga yo’l ochish lozim bo’ladi. Sport mashg’ulotlari uchun imkoniyati va shart-sharoitlari bo’lgan bog’chalarda tajribali murabbiylarni jalb etish yo’li bilan iqtidorli o’g’il va qiz bolalarni sport turlari bilan shug’ul-lanishga imkoniyat yaratish zarur.
Mazkur tadbir va faoliyatlarni oilalarda tashkil qilish, aholi istiqomat joylarida bolalarning (bog’chadan so’ng yoki bog’chaga bormaydigan) ota-onalar (oila a’zolari ishtiroki) bilan birgalikda o’ynashlari, musobaqalar tashkil etishga sharoitlar yaratish zarurdir.
Mutaxassis olimlar ta’kidlaganidek, bolalarning faol harakatlari asosan biologik, psixologik va ijtimoiy xususiyat-lar bilan bog’liq bo’lib, ulardagi salomatlik va jismoniy tayyor-garlik darajalarida – “men o’zim bajara olaman, qila olaman”, ruhiy holatlari – “men xohlayman, istayman” va ma’naviy jihat-dan esa “bajarishim kerak, shart” degan ishonch tuyg’ulari bo’lishi kerak. Bularni esa faqat ta’lim-tarbiya jarayonlarida umumrah-barlik va yakka tartibda tarbiyalash ko’zda tutilishi lozim.
Bolalar bog’chalaridagi jismoniy tarbiya mashg’ulotlarida umumpedagogik usullar va jismoniy tarbiya ta’limi talab-laridan samarali foydalanishga alohida e’tibor beriladi. Ya’ni jismoniy sifatlarni shakllantirish hamda rivojlantirishda quyidagi usullar amalga oshiriladi:
- mashq va o’yinlarni ko’rsatish, namoyish qilish;
- so’zlab tushuntirish, hikoya qilish;
- mashq qildirish, ya’ni bolalarning o’zlari bajarishlari, vazifalar asosida takrorlashlar;
- bolalarning so’zlar bilan ifoda etishlari.
Jismoniy tarbiya pedagogikaning tarkibiy qismi sifatida bolalarga o’yin mashqlarni o’rgatishda ularning turlarini tan-lash, engil va osonlikdan qiyin – murakkabroq bo’lgan mashqlarni berish, izchillik va ketma-ketlik asosida tarbiyalash tamoyillari asosiy o’rinda turadi.
Bog’cha boalalarining salomatligini yaxshilash, harakatchan-lik sifatlarini o’stirish va iqtidorli – sog’lom bolalarga murakkab o’yin-mashqlarni (kurash, futbol, engil atletika qism-lari elementlari, narvonlarda osilish, chiqish va h.k.) o’rgatish yo’lida tarbiyachilarning ijodiy-amaliy mahoratlari muhim ahamiyatga egadir.
Bu sohada tibbiy xodimlar, oila a’zolari, homiylik qiluvchi tashkilotlar (shaxslar) va xalq ta’limi mutasaddi-larining o’zaro hamkorligi va amaliy yordamlarini maqsad yo’lida olib borish yaxshi samaralarga erishishga sabab bo’ladi.
Umuman aytganda maktab yoshigacha bo’lgan bolalarni jismoniy tarbiyalashda muvofiqlashtirilgan ilmiy-nazariy va amaliy kengashlar (muassasalararo) va markazlar (viloyatlar va respublika miqyosida) o’z faoliyatlarini hozirgi davr fan yutuqlari, ilmiy asoslangan ilg’or tajribalar asosida maktab tarbiyasi bilan bog’lab, ta’limdagi uzviy va uzluksiz tamoyil-larni tobora boyitib borishlari lozimdir.
Ta’kidlash joizki, O’zbekistonning buyuk kelajagini ta’minlash ko’p jihatdan ta’lim-tarbiya tizimlaridagi o’qitish, tarbiya berish, yosh avlodni ma’naviy va jismoniy jihatdan barkamol qilib etishtirishga bog’liq bo’ladi.
Maktabgacha bolalar tarbiya muassasalari ilk bosqich sifatida kelajak avlodning har tomonlama barkamol bo’lishiga asos bo’ladi. Ya’ni sog’lom, aqlli, odobli va kasb tanlash, udda-buronlik kabi fazilatlar shakllanib, ular yanagi bosqichlarda takomillashadi.
Bunday ijtimoiy-pedagogik jarayonlarni yaxshi yo’lga qo’yish, zarur shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash masalalari qanchalik tez va ko’p bo’lsa, ta’lim-tarbiya ishlari maqsadli amalga oshirilishi muqarrardir. Ayniqsa, bu murakkab faoliyatlarni tashkil qilish qo’rg’onlar, qishloq sharoitlarida birmuncha og’ir kechishi tabiiydir. Shu sababdan qishloq va suv xo’jaligi, yo’l va binolar qurish, savdo-tijorat kabi fermer xo’jaliklari, shaxsiy homiylarning yordam hamda ko’maklariga tayanishni olg’a surish maqsadga muvofiq bo’ladi.
E’tirof etish lozimki, bolalarning sog’lom tug’ilishi va bog’chaga qatnash davrigacha (2-3 yoshgacha) sog’lom o’sishi ota-ona salomatligi, oiladagi barqaror turmush madaniyatiga bevosita bog’liqdir.
“Sog’lom ona – sog’lom bola” deb aytilishi bejiz emas. Chunki, bola tug’ilgan kungacha ona qornida oziqlanadi. Onaning dam olish, ovqatlanish, ruhiy holati va harakat faoliyatlari ilmiy asoslangan fanlardagi ko’rsatma, tavsiyalar darajasida bo’lishi lozim. Ya’ni ona har tomonlama sog’lom bo’lishi shart.
“Sog’lom ota – sog’lom farzand” deb ham yuritilsa, yanada muhim ahamiyatli bo’lishi aniq. Buni ta’kidlashdan maqsad shuki, olimlarning (tibbiyot, psixologiya va h.k.) isbotlashicha uzoq muddat davomida uzluksiz spirt ichimliklari, zararli giyohlarni iste’mol qilishlari, shuningdek, nos, tamaki chekishga mukkasidan tushgan otalardan (ba’zan ayollarda ham bo’ladi) bo’lgan farzandlar aqliy jihatdan sust, jismonan ojiz va hatto majruh-mayib bo’lib tug’iladi. Bunday salbiy jihatlar yurtimizning shahar va qishloq hududlarida kam emas.
Tug’ma dardli (yurak, buyrak va h.k. a’zolar) va mayib-majruhlarning (oyoqlar, qo’llarning ishlamasligi, ko’zi ojiz, quloqlarning xastaligi va h.k.) hammasini ham davolab bo’lmas-ligini ko’pchilik yaxshi biladi. Shu sababdan oilada farzand ko’rish uchun yosh oilalar o’zlarini zararli ichimlik, chekishlardan saqlashlari lozim.
Farzadlari ko’p va sog’lom bo’lgan ota-onalar ham yuqorida ta’kidlangan dalillarga amal qilishi lozim. Chunki, keksayganda ko’rgan farzandlari ularning aybi bilan hayot lazzatlaridan mahrum bo’lmasliklari kerak.
Hayotda shunday voqealar ham yuz beradiki, sog’lom tug’ilgan bola ko’p o’tmay (1-2 oy) yoki keyinchalik (6-7 yoshgacha) turli dardlarga duchor bo’lib, ularni davolash qiyin kechishi, dardlardan uzoq vaqtlargacha asoratlar saqlanib qoladi. Bunda eng avvalo onaning aybi bo’lishi mumkin. Ya’ni keraksiz ozuqalarni iste’mol qilishi yoki kerakli ozuqalarni etarli darajada iste’mol qilmasligi oqibatida ona sutidagi moddalar kamayishi, o’zgarishi sodir bo’ladi. Bu esa emiziqli bolalarga zarar bo’lib, kasallikka chalinishi, jismonan zaif, kuchsiz bo’lib o’sishiga olib keladi.
Bola ovqatlanish holatiga etganda ular uchun eng zarur ozuqalarni o’z vaqtida berib borish uning sog’lom o’sishiga ijobiy ta’sir qilishini ta’minlash lozim.
Qishloq sharoitlarida aksariyat ko’pchilik onalar (buvilar) yosh bolalarga (1-3) ham o’zlari eydigan (og’ir, hazm qilish qiyin) ovqatlarni berib, ularni tarbiyalashadi. Buning ijobiy va salbiy tomonlari ham bo’ladi. faqat non-sut, go’sht, xamirli ovqatlarni iste’mol qilgan ko’pchilik bolalarning ichki a’zolari bunga o’rganib, baquvvat, sog’lom o’sishlari kutilmoqda. Albatta ular yozda ho’l mevalarni (uzum, qovun, tarvuz, olma, o’rik va h.k.) ko’p iste’mol qilishadi. Tana a’zolari sog’lom bo’lib, yugurib yurishlar, osilib chiqishlar va turli faol harakatlarni yaxshi bajara oladilar. Shu sabadan ular ko’pincha erkin va mustaqil ravishda o’ynashni yoqtiradilar. Ota-onalar esa bundan mamnun bo’lib, ularning aqliy tarbiyasiga kam e’tibor berishadi. Ya’ni, chizish, o’qishga tayyorlash, milliy qo’shiq va she’rlarni o’rganib aytish kabi jihatlar deyarli chetda qolib ketadi. Bu esa kichik yoshdagi bolalarning (4-6) aqliy taraqqiyotiga salbiy ta’sir etib, ular hatto maktabda o’qigan paytlarida ham kitoblarni o’qish, darslarini tayyorlash, uy vazifalarini bajarish, mustaqil fikrlash kabi eng zarur fazilatlardan orqada qolib ketadi.
Bundan xulosa shuki, uyqu, ovqatlanish tartibi (turlari va vaqti), me’yorlarni qishloq bolalariga o’rgatishda oila o’zlari namuna bo’lishlari, ayniqsa bolalarning sog’lom, aqlli bo’lib o’sishlaridagi asosiy sabablarni chuqur o’zlashtirishlari lozim bo’ladi.
Bolalarning hovli, ko’cha, keng maydon va o’yinlarga moslashtirilgan joylardagi erkin yurishlari, o’yinlari, boshqa bolalar bilan munosabatlarini ota-onalar nazoratdan chetda qoldirmasliklari zarur.
Har bir narsaning, ayniqsa bolalarning erkin va mustaqil o’ynab yurishlarida ham chegara, me’yor, tarbiyaviy jarayonlar ota-ona diqqatida bo’lishi kerak. Shundagina bolalar sog’lom o’sishi bilan aqli raso, yaxshi narsalarga qiziqish, ota-onaga yordam, kattalarga hurmat kabi xususiyatlar va insoniy fazilatlar shakllanadi.
Agar o’g’il va qizlar bog’chaga qatnasa, u erda o’rganayotgan o’yinlari, qo’shiq, she’r, raqs, rasm chizish va boshqa faoliyatlarni uy sharoitida takrorlash va malaka hamda tushunchalarni chuqur-lashtirish, kengaytirish yo’llariga amal qilish zarur bo’ladi.
Bolalar tug’ilgan kundan boshlab ularning salomatligi va o’sish, rivojlanish holatlarini asosan bolalar shifokorlari tomonidan kuzatilib, doimiy nazoratda tutishi qonun va qarorlarda belgilangan. Ammo bu faoliyat hamma joyda va muntazam olib borilmayotganligi amalda ma’lum. Chunki, shifokorlarning kamligi, ba’zi ota-onalarning bee’tiborligi bunga sabab hisoblanadi.
Bolaning salomatligi va jismonan rivojlanish holatla-rini oilada ham tekshirib, aniq xulosalar olishi, bolani to’g’ri tarbiyalashga da’vat etadi. Shu sababdan quyidagi holatlarni bilish va ularni amalda bajarish faqat shifokor vazifasigina bo’lib qolmasdan, har bir oilaning ham burchi bo’lmog’i kerak, ya’ni:
1. Gavdaning uzunligi (bo’yi).
2. Tananing og’irlik vazni.
3. Ko’krak qafasining kengligi.
4. Bosh aylanasi.
5. Bolaning yoshi.
Mazkur holatlarning o’sish va rivojlanishini dastlabki paytlarda (20-30 kunlik) va keyingi davrlarda (har 1-2 oyda to 1 yoshgacha) o’lchab, yozib borish va olingan natijalarni bir-biriga solishtirilgan holda tahlil qilish hamda xulosalar asosida keyingi tarbiyaviy jarayonlarni davom ettirish lozim.
Bolaning o’sish va rivojlanish darajalarini tekshirish va holatlarni tarbiyalashda badandagi terilarning holati, mushaklarning bo’rtishi, rivojlanishi, yotgan, o’tirgan va oyoqlarga tik turgan holdagi harakatlariga jiddiy e’tibor berishga to’g’ri keladi. Bunda bo’g’inlarning tutilishi (kifoz – egilib qolish), oyoq suyaklarining shakli, oyoq osti holati, barcha mushaklarning kuch-harakatlariga ham nazar solish talab etiladi.
Bunda 1-jadval natijalariga taqqoslash va shu darajalarni oshirish yo’llari bo’yicha tadbir-choralar ko’rish lozim bo’ladi.
Dostları ilə paylaş: |