2.2. Pedagogik tajribani rejalashtirish va uning mazmuni
Maktabgacha yoshdagi bolalarning jismoniy tarbiyasi ustidagi tajribalarni rejalashtirish belgilangan reja asosida amalga oshirildi. Besh hafta davomida maktabgacha yoshdagi bolalar shu maqsadda maxsus tabaqalashtirilgan harakatli o’yinlarni izchillik bilan bajardilar, ular beshta jismoniy sifatdan bittasining psixik jarayonlar ko’rsatkichlarining bittasi yoki bir nechtasi bilan kuchliroq rivojlantirilishiga qarab uyg’unlashtirilgan edi. Masalan, kuch va diqqat, kuch va tasavvur. Kuch imkoniyatlaridan tashqari, psixik jarayonlar bilan uyg’unlikda, yosh va jinsni hisobga olgan holda tezkorlik, chaqqonlik, chidamlilik va egiluvchanlikning takomillashishidagi o’sishlar ham o’rganildi. Besh hafta mobaynida bolalar besh xil psixik sifatning birini kuchliroq rivojlantirishga qaratilgan harakatli o’yinlarni kamida 12 marta bajardilar.
Statistik ishlov berish natijasida 3-6 yoshli bolalar tomonidan nazorat mashqlarining bajarilish ko’rsatkichlarini testlash nazariyasi talablariga muvofiq, ularning jismoniy tayyorgarligini baholash uchun qizlar va o’g’il bolalardan iborat to’rtta yosh guruhlarining har biri uchun 14 ta test tanlab olindi.
Xar bir yosh - jins guruhida testlar mazmuni alohida xususiyatlarga ega edi. Masalan, 3 yoshli qizchalarning chidamliligini tavsiflash uchun quyidagi testlardan foydalanildi: 60 va 120 m ga yugurish; 4 yoshlilar uchun 70 va 120 m ga yugurish; 5 yoshlilar uchun 90 va 120 m ga yugurish; 6 yoshlilar uchun birinchi to’xtashgacha va 120 m ga yugurish. Demak, barcha yosh guruhlari uchun faqat bitta test takrorlangan – 120 m ga yugurish. U yoki bu testlarning qo’llanilishi to’g’risida quyida batafsilroq ma’lumot beriladi.
Mazkur bobda 204-sonli bolalar ta’lim muassasasida o’tkazilgan pedagogik tajriba materiallari keltirilgan. Nazorat guruhi Chilonzor tumanidagi 204-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchi tengdosh bolalardan iborat edi.
Besh xil jismoniy sifatlardan birini psixik jarayonlar bilan birga maqsadli rivojlantirish besh hafta davomida olib borildi (61 ta o’quv darsi, 244 xil harakatli o’yin).
Pedagogik tajribani rejalashtirish quyidagicha amalga oshirildi. Tajribani boshlashdan avval hamma bolalar jismoniy sifatlari va psixik jarayonlari rivojlanish darajasining dastlabki holatini aniqlash maqsadida nazorat sinovidan o’tkazildi. Keyin 25 o’quv kuni davomida tajriba guruhi bolalari 2-ilovada keltirilgan sxema bo’yicha beshta jismoniy sifatdan birini ko’proq rivojlantirish bo’yicha tabaqalashtirilgan harakatli o’yinlarni bajardilar. 25 kunlik tajriba davri tugaganidan keyin bolalar yana nazorat mashqlarini amalga oshirishga o’tdilar, bundan maqsad –dastlabki ko’rsatkichlarga nisbatan pedagogik tajribaning natijalariga baho berish. Navbatdagi jismoniy sifat xuddi shu uslubda keyingi 25 kun mobaynida tadqiq etildi. Shu tariqa jami 5 xil jismoniy sifatni tekshirish 75 o’quv kuni davomida amalga oshirildi.
Nazorat va tajriba guruhidagi 3-6 yoshli bolalar holatining dastlabki ko’rsatkichlarida aniq tafovutlar kuzatilmadi. Shuning uchun pedagogik tajriba natijalarini bundan keyin tahlil qilishda biz faqat yakuniy natijalarni taqqoslaymiz.
Dostları ilə paylaş: |