Kichik guruhlar muammosi ijtimoiy psixologiyada eng yaxshi ishlangan va ko‘plab ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilgan ob’ektlardandir. Bu muammoni tadqiq etishda olimlar o‘z oldiga shunday masalani qo‘yganlar, ya’ni, individ yakka holda yaxshi ishlaydimn yoki guruhda yaxshiroq samara beradimi, boshqa odamlarning yonida bo‘lishi uning faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi. Shuni ta’kidlash lozimki, bunday sharoitlarda individlarning o‘zaro hamkorligi emas, balki ularning bir vaqtda bir erda birga bo‘lganligi faktining ta’siri o‘rganildi.
KICHIK GURUHLARGA XOS QONUNIYATLAR
Birinchidan,kichik guruhlarning hajmi, uni tashkil etuvchi shaxslar soni xususida shunday fikrga kelindiki, kichik guruh ''diada" ikki kishidan tortib, to maktab sharoitida 30-40 kishigacha deb qabul qilindi. Ikki kishilik guruh deyilganda, avvalo oila - yangi shakllangan oila ko‘proq nazarda tutiladi. Lekin samarali o‘zaro ta’sir nazarda tutilganda 7-2 kishi ko‘zlanadi. Bunday guruh turli ijtimoiy psixologik tadqiqotlar uchun ham, sotsial psixologik treninglar o‘tkazish uchun ham qulay hisoblanadi.
Ikkinchidan, guruhning o‘lchami qanchalik katta bo‘lsa, uning alohida olingan shaxslar uchun qadrsizlanib borish xavfi kuchayadi. Ya’ni, shaxsning ko‘pchilikdan iborat guruhdan o‘zini tortish va uning normalarini buzishga moyilliga ortib boradi.
Uchinchidan, guruhning hajmi kichiklashib borgan sari shaxslararo o‘zaro munosabatlar taranglashib boradi. Chunki, shaxslarning bir-birlari oldida mas’uliyatlarining oshishi va yaqindan bilishlari ularning o‘rtasidagi aloqalarda doimo aniqlik bo‘lishini talab qiladi. Munosabatlardagi har qanday disbalanslar, ya’ni nomutanosibliklar ochiq holdagi ziddiyatlarni keltirib chiqaradi.