*Manba: O’zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va Statistika vazirligi ma’lumotlari, Toshkent, 2002
Bashorat natijalarining tahlili shuni ko’rsatadiki,2005 yilda kichik va o’rta biznes korxonalari soni 2001 yildagi xaqiqiy o’sishga solishtirilganda qariyb 30 foizga ko’payish, mahsulot ishlab chiqarish hajmi esa 69,4foizga, ishlovchilar soni bunda 26,4 foizga oshishi kutiladi. Bunday jarayonlarga jalb etiladigan investitsiyalar hajmi 36,9 mlrd. so’mga oshishi lozim bo’ladi.
Kichik va o’rta biznesni rivojlantirish istiqbollarini amalga oshirishdagi chora-tadbirlar mamlakat miqyosida bajarilishi lozim. Buning uchun birinchi navbatda kichik va o’rta biznes bilan shug’ullanuvchi tadbirkorlarga tijorat banklari, chet el sarmoyalari, maxsus fondlar, tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi tomonidan kredit resurslari berishni yanada soddalashtirish hamda lizing xizmatidan foydalanishni kengaytirish kerak. Ikkinchidan, kichik va o’rta biznes korxonlarining iqtisodiy va ishlab chiqarish faoliyatiga chetdan bo’ladigan aralashuvlarni, turli xil nazorat va tekshiruvlarni kamaytirish lozim. Kichik va o’rta biznes sub’ektlari uchun yana bir muhim manba- axborot resurslariga bo’lgan talablarini imkoni boricha to’liqroq ta’minlash kerak. Kichik va o’rta biznes sub’ektlari ichki va tashqi bozor konyunkturasi to’g’risida to’liq ma’lumotga ega emaslar. Ushbu masalani hal etish uchun hozir faoliyat ko’rsatayotgan monitoring tizimini bozorlar haqidagi ma’lumotlar bazasini tashkil etish hisobiga kengaytirish zarur.
Respublikamizda tashkil etilayotgan ko’plab kichik va o’rta biznes korxonalari etarli darajada xuquq va manfaatlarini himoyalashni tushunib olishlari uchun maaxsus huquqiy yordamlarni tashkil etish va amalga oshirish lozim. Kichik va o’rta biznes korxonalari ishlab chiqargan mahsulotlarni eksportga chiqarishga har tomonlama ko’maklashish va ularni rag’batlantirish lozim. Bu ishlarni xizmat ko’rsatish sohasida faoliyat olib borayotgan vositachi tashkilotlar va firmalar orqali amalga oshirish mumkin. Kichik va o’rta biznes korxonalari boshqaruv apparati, ishlovchilarini turli xil kasb va malaka oshirish institutlarida o’qitish zarur. Chunki, bozor munosabatlari sharoitida tadbirkorlar uchun birgina tajribaning o’zi etarli emas. Ba’zi hollarda tezkor qarorlarni qabul qilishda ilmiy asoslangan, noan’anaviy yondoshuvlar lozim bo’ladi.
Respublikamizda kichik va o’rta biznes qo’l mehnati talab qilinadigan, ayniqsa qishloq xo’jaligi, qurilish, xizmat ko’rsatish sohalarida tashkil etilishi maqsadga muvofiq bo’lar edi. Hozirgi paytda respublikamizda kichik va o’rta biznes o’zining ibtidoiy rivojlanish bosqichida turibdi. YA’ni an’anaviy turdagi kichik korxonalar o’rniga zamonaviy texnologiyalarga ega bo’lgan ishlab chiqarishlarni rivojlantirish lozim. Bunday korxonalar tarmoqda fan-texnika taraqqiyotini belgilab beruvchi korxonalar jumlasiga kiradi.
Kichik va o’rta biznesni rivojlantirishga qaratilgan ushbu chora-tadbirlar pirovard natijasida o’zining ijobiy samaralarini beradi. Ushbu samaralar quyidagi ko’rsatkichlar orqali namoyon bo’ladi: kichik va o’rta biznesning rivojlanishi bozorda raqobat muhitini keltirib chiqaradi; ichki bozorda xaridorlar ehtiyojlarini qondiruvchi tovarlar, xizmatlar paydo bo’ladi va mahalliy iste’molchilarning respublikamizda ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga bo’lgan talabi shakllana boradi; mahalliy kichik va o’rta biznes korxonalari ishlab chiqargan tovarlar iste’molchilar ehtiyojini qondiribgina qolmay, balki xorijiy mamlakatlardan import qilib olinadigan tovarlarni kamaytirishga olib keladi. Bu esa o’z navbatida tovarlarni import qilish uchun ketadigan valyuta mablag’larini tejash imkonini beradi, kichik va o’rta biznes korxonalari sonining ortishi keng ko’lamlikning samarasini keltirib chiqaradi, ya’ni korxonalar soni qanchalik ortib borsa, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar miqdori ham shunchalik ortib boradi.
Хulosa qilib yana shuni aytish lozimki, respublikamizda kichik va o’rta biznes korxonalarining rivojlanishini qo’llab-quvvatlash mamlakat iqtisodiy o’sishini ta’minlaydi. Bu esa o’z navbatida aholi turmush darajasining asosiy ko’rsatkichi bo’lgan- aholi jon boshiga to’g’ri keladigan yalpi ichki mahsulotni ko’paytirishga olib keladi va respublikamizni dunyodagi rivojlangan mamlakatlar qatoriga olib chiqadi.
Izlanish natijalaridan kelib chiqqan xulosa va takliflar ilmiy ishning yakuniy qismida batafsil ifodalangan.