Mavzu: kirish. Mikrobiologiya fani va uning vazifasi


Odam immun tanqislik virusi



Yüklə 0,66 Mb.
səhifə48/89
tarix29.04.2023
ölçüsü0,66 Mb.
#104627
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   89
MIKROBIOLOGIYA ma\'ruzalar

Odam immun tanqislik virusi
Bu virus retroiirus guruhiga mansub bo’lib, odamlarda orttirilgan immun tanqislik sindromini (OITS) qo’zg’atadi. OITS ni birinchi marta 1981 yili AQSh da besoqolbozdan topilgan. Bir yildan so’ng bu kasallik Yevropa va dunyoning boshqa mamlakatlarida ham qayd qilingan. Hozir OITS deyarli barcha davlatlarda tarqalganligi uchun buni XX asrning vabosi ham deb ataladi. Virusni birinchi bo’lib OITS bilan kasallangan bemorlardan 1983 yili bir-biridan mustaqil ravishda Fransiyada L.Montanye va AQSh da R.Gallolar ajratib oladilar va LAV (lymphadenopathy associated virus) limfadenonatiya qo’zg’atuvchi virus yoki HTLV-III deb atadilar.)
1986 yili Xalqaro Taksonomiya Komitetining qaroriga ko’ra unga HIV (human immundefciency virus) deb nom berildi.
Bu qo’zg’atuvchining kashf qilinishiga qadar R.Gallo hamkasblari bilan birgalikda T-limfosit kulturasidan odamlardagi T-limfotrop retroviruslarni ajratib oladi. Ularning biri HTIV-I (inglizcha human T-lymphotropic virus type I) bo’lib, odamlarda xavfli T-leykozni qo’zg’atadi. Ikkinchisi HTIV-II T-hujayra leykozi va limfoma qo’zg’atuvchisi hisoblanadi. Ajratib olingan OIV yoki HTIV-III oldingi HTIV-I va HTIV-II lardan ayrim xususiyatlari bilan farq qiladi. Masalan, OIV faqat T-xelper va effektorlarda, ya’ni T4 limfositlarda yaxshi ko’payadi, ammo T-supressor va killerda, ya’ni T5 limfositlarda ko’paymaydi.
Shunday qilib, uchta limfotrop virus topildi, shulardan bittasi OITS ni qo’zg’atuvchi ekanligi isbotlandi va odam immun tanqisligining virusi OIV deb nom oldi.
Morfologiyasi. OIV haqiqiy retrovirus bo’lib, murakkab tuzilishga va kimyoviy tarkibga ega. Virionlar sferik shaklda bo’lib, diametri 100-120 nm, ular tuzilishiga ko’ra boshqa lentiviruslarga yaqin. Virionning tashqi qobig’i ikki qavatli lipid qavatdan tashkil topgan bo’lib, glikoprotein tabiatli "tikanlari" mavjud. Har bir tikani ikkita subbirliqdan (gP41 va gP120) tashkil topgan, gP41 lipid qavat ichiga kiradi, ikkiichisi (gP120) esa tashqariga qaragai. Lipid kavat xo’jayin hujayrasining tashqi membranasidai hosil bo’lgan. Ikkala oqsil (gP41 va gP120) bir-biri bilan nokovalent bog’langan bo’lib, OIV ning tashqi qobig’idagi oqsilning (gP160) bo’lishidan hosil bo’ladi. Tashqi qobig’ining ostida silindr yoki konus shaklda virionning mag’zi joylashgan, u plS va r24 oqsillardan tashkil topgan. Virion mag’zida RNK, qayta transkriptaza va ichki oqsillar (p7 va p9) bor.
Boshqa retroviruslardan farqli o’laroq, OIV murakkab genomga ega, chunki unda boshqaruvchi genlar mavjud. OIV genomi 9213 ta nukleotiddan iborat 9 ta gendan tashkil topgan. Uchta tuzuvchi gag, pol va env genlari virusning tuzilma komponentlarini belgilaydi: gag - gen virion mag’zidagi va kapsididagi ichki oqsillarni (p17, p24, p15); env-gen tashqi qobiqdagi tipga xos oqsillarni (gP41, gP120); pol-gen qayta-transkriptaza, endonukleaza va virus maxsus proteazalarni nazorat qiladi.
OIV boshqa retroviruslardan tuzuvchi genlar nazorat sistemasining murakkabligi bilan farq qiladi. Shulardan tat va rev genlar e’tiborga loyiq. Tat gen mahsuloti ham tuzuvchi, ham boshqaruvchi genlar transkripsiyasi tezligini o’n barobarga oshiradi. Rev gen ham transkripsiyani nazorat qiladi. Lekin u nazorat qiluvchi yoki tuzilma genlarni boshqaradi. Bunda nazorat oqsillari o’rniga tuzilma oqsillari sintez qilinadi va virusning reproduksiya tezligi oshadi. Shunday qilib, rev-gen ishtirokida latent infeksiyaning faol klinik shakliga o’tishini belgilaydi. Nef-gen OIV reproduksiyasini to’xtashini va uning latent holatiga o’tishini ta’minlaydi. Vif-reH hujayradan ajralib chiqib, boshqa hujayraga kirish tezligini oshiruvchi kichik bir oqsilni nazorat qiladi.
Ko’paytirish. OIV ni undirish uchun T-limfositlar (T-xelperlar) kulturasi qo’llaniladi. Bu hujayralarni sirtqi qon va limfa tugunlaridan ajratib olib, iiterleykin-2 (IL-2) bilan rag’batlantiriladi, ikkilamchi hujayralar T-hujayrali leykoz bilan kasallangan bemorlardan olinadi. Limfositlarning boshqa subpopulyasiyalarida OIV ko’paymaydi.
OIV ning gpl20 glikoproteini T-xelperlarning SD4 deb belgilangan reseptorlari bilan birikishi natijasida adsorbsiya amalga oshadi. Virus limfositlarga reseptorli endositoz yo’li bilan kiradi. Viriondan ikki ipli RNK va qayta-transkriptaza chiqqanidan so’ng, qayta transkripsiyaning murakkab mexanizmi ishga tushadi. Natijada, RNK matrisada qayta transkriptaza yordamida DNK molekulasi hosil bo’ladi. So’ngra bu ferment ishtirokida T-xelperlar xromasomasiga virus DNK si o’ralashadi va u yerda virus provirus holatida uzoq muddat saqlanib qolishi mumkin.
OIV reproduksiyasi faqat provirus DNK sini T-xelperlar genomidagi hujayra DNK siga bog’liq RNK-polimeraza yordamida transkripsiya qilgandagina amalga oshadi. Shunday qilib, OIV RNK si boshqa RNK tutuvchi viruslarga o’xshash mustaqil ravishda replikasiya qila olmaydi. Virus zarrachalarining komponentlari to’liq yig’ilib bo’lganidan so’ng yangi hosil bo’lgan viruslar hujayra membranasida vujudga kelgan "teshikdan" tashqariga chiqadi, natijada hujayraning osmotik bosimi o’zgarib, hujayra nobud bo’ladi. Binobarin, viruslar barcha zararlangan limfositlarda ham hosil bo’lavermaydi, bu jarayon faqat vaqti-vaqti bilan amalga oshadi.
Antigenlari. Virion o’zagidagi oqsillar va qobiq glikoproteinlari (gpI 60) antigenlik xususiyatiga ega. Qobiq glikoproteiilari juda ham yuqori darajada antigen o’zgaruvchanlik xususiyatiga ega. Bu env va gag genlaridagi nukleoproteidlarning almashinuv tezligi bilan belgilanadi. Juda ham ko’p ajratib olingan OIV larni irsiy tekshiruvdan o’tkazilganda, nukleotid ketma-ketligi butunlay o’xshash virus gopilmagai. Turli geografik hududlarda yashovchi bemorlardan ajratib olingan OIV shtammlarida katta farq borligi aniqlangan. Bemor va virus tashib yuruvchi shaxslar organizmidagi OIV larning antigenlik xususiyati tez o’zgaradi. Bu holat virusni antitelolar va hujayraviy immunitet ta’siridan "yashirinib" qolish imkonini beradi. Bu esa o’z navbatida infeksiyaning surunkali holatga o’tishiga sabab bo’ladi. Hozirgi vaqtda OIV ning irsiy jihatdan o’zgaruvchan 1, 2, 3 tiplari ma’lum. Bular bir-biridan antigenlik, patogenlik va boshqa xususiyatlari bilan farq qiladi. Shu bilan birga virus yuqqan odam organizmida irsiy tuzilishi bir-biri bilan juda ham o’xshash virusning bir necha shtammlari bo’lishi mumkin.
Chidamliligi. OIV tashqi muhitning fizik-kimyoviy omillariga o’ta ta’sirchan. 560C da 30 daqiqa qizdirilganda OIV ning yuqish darajasi keskin kamayadi, yuqori haroratda virus o’z faoliyatini tezda yo’qotadi. Virus aseton, efir, etanol, 0,3% H2O2, eritmasi, 0,5% fenol, 0,2% natriy gidroxlorid va boshka dezinfeksiyalovchi moddalarga ham o’ta ta’sirchan. OIV quritishga va UB nurlarga nisbatan chidamli. Virusning yuqumliligi uy haroratida 4-6 kun saqlanib qoladi.
Hayvonlarga nisbatan patogenligi. Olingan ma’lumotlardan shuni taxmin qilish mumkinki, OITS ni maymunlardagi limfotrop virus keltirib chiqargan. Bu virus Afrikadagi yashil maymunlarda parazitlik qiladi. M.Essenso va F.Kankilar 1985 yili maymun immuntanqislik virusini (MIV) ajratib oldilar. MIV odatdagi xo’jayiniga patogen emas, ammo maymunlarning boshqa turlarida kasallik qo’zg’atadi.
Amerikalik olim R.Galloning fikricha Afrikadagi yashil maymunlardan immun tanqislikni keltirib chiqaruvchi retroviruslar ajratib olinishi OIV ning kelib chiqishini aniqlashda muhim axamiyatga ega bo’ldi, chunki maymunlardan ajratib olingan retroviruslar genomidagi nukleotidning ketma-ketligi OIV, ayniqsa OIV-2 ning nukleotidiga juda ham o’xshash ekanligi isbotlandi. 1989 yili Ganada yashovchi "sog’lom" ayoldan OIV-2 ning yangi varianti ajratib olindi, uning genomidagi bir necha nukleotidning ketma-ketligi OIV-2 va MIV nukleotidlariga o’xshash bo’lib chiqdi. Bundan tashqari, odamlar qonida Afrikadagi maymun viruslarining ko’pchiligiga qarshi OIV lar bilan birikuvchi antitelolar topildi. Tekshirishlar natijasida olingan ma’lumotlarga asoslanib, hozir odamlar va maymunlardagi immuntanqislik viruslari bitta virusdan kelib chiqqan, evolyusiya jarayonida mutasiya va rekombinasiya natijasida yoki odam yo maymunlarning ma’lum bir turlariga moslashgan deb taxmin qilinadi.
Kasallikning odamlardagi patogenezi va klinikasi. Infeksiya manbai bemor va virus tashib yuruvchilar hisoblanadi. Asosan xavfli guruhga kiruvchilar (besoqolbozlar, giyohvandlar, fohishalar va boshqalar) kasallanadi. Infeksiya orgaiizmga jinsiy aloqa, parenteral yo’l (nosteril igna, shpris va boshqa tibbiy asboblarni qo’llash), shuningdek, onadan bolaga yo’ldosh orqali o’tadi.
Odamlardagi immuntanqislik virusi (OITV)ni organizmning barcha
biologik suyuqliklari (qon, sperma, ko’z yoshi, so’lak, ko’krak suti, ter va
boshqalar)da aniqlash mumkin.
OIV odam organizmiga kirgach, dastlab SD4-reseptorlar bo’lgan hujayralarni jarohatlaydi. Bular T-xelper va makrofaglar bo’lib, virus ularga adsorbsiya qilinadi. Makrofaglarga faqat virus zarrachalari ta’sir etib qolmay, balki virus-antitelo birikmalari ham birishi mumkin, ular hujayraning G’s-reseptorlariga adsorbsiya qilinadi. Shu bilan bir qatorda virus SD4-reseptorlar tutmaydigan hujayralarni ham shikastlaydi. Jumladan, neyronlar, trombositlar va boshqalar gp41 glikoproteini yordamida birikib oladi.
Viruslarning ta’sir mexanizmi, asosan, T-xelperlarda ko’payib, ularni nobud qilishga qaratilgan. Natijada T-xelperlar soni keskin kamayib, T-xelper bilan T-supressorlar nisbati (Tx/Ts) o’zgaradi, ya’ni bu ko’rsatkich normada 1,9-2,4 o’rniga 0,2-0,5 gacha pasayib ketadi. T-xelperlar darajasining pasayishi T-killerlar faoliyatining susayishiga olib keladi, o’z navbatida ular virus kirgan hujayralarga faol ta’sir ko’rsata olmaydi. T-sunressorlar faoliyatining buzilishi esa autoimmun jarayonlarning rivojlanishiga olib keladi. Makrofaglarning OIV bilan zararlanishi natijasida, ularning IL-1 hosil qilishi kamayadi, xemotoksini susayadi va h.k. Ammo bunda makrofaglar nobud bo’lmaydi, virusning odam organizmidagi asosiy manbaiga aylanib qoladi, ular orqali virus turli a’zolarga, masalan, miya,' buyrak va boshqalarga tarqaladi, limfa tugunlaridagi T- xelperlarni shikastlaydi.
OITS ning barcha klinik belgilari T-hujayraviy immunitetning tanqisligi tufayli iamoyon bo’ladi. Yashirin davrdan so’ng (3 haftdan 5-7 yilgacha) bo’yin, chov, bilak bo’g’imlari, qo’ltiq osti limfa bezlari kattalashadi; bemorning tinkasi qurib juda ozib ketadi, isitmalaydi va turli kasallik alomatlari namoyon bo’ladi. Og’ir zotiljam, o’sma (Kaposhi saramasi), surunkali diareya, shartli-patogen bakteriya, zamburug’lar, protozoa, gelment va viruslar qo’zg’atuvchi kasalliklar rivojlanadi. Ayrim bemorlarning markaziy nerv sistemasi zararlanadi, ya’ii miya abssessi, ensefalit, meningit, anemiya, tarqoq skleroz va boshqalar quzatiladi. Bemor OITS ni o’zidan emas, balki u tufayli rivojlangan endogen va ekzogen etiologiyali kasalliklardan nobud bo’ladi. OITS keng tarqalgan kasallik bo’lib, deyarli hamma davlatlarda uchraydi. Hozir JSST axborotiga ko’ra 30 mln. dan ortiq odamga virus yuqqan degan taxmin bor va bu ko’rsatkich yil sayin oshib bormokda. Markaziy Osiyo davlatlarida ham bemor va virus tashib yuruvchilar ro’yxatga olingan. Laboratoriya tashxisi. Laboratoriya tashxisida asosiy yo’nalish, OIV va uning markerlarini, immun sistemasidagi o’zgarishlarii aniqlash hisoblanadi. Tekshirish uchun bemordan qon, sperma, ko’krak suti, orqa miya suyuqligi, letal hollarda murdaning limfoid a’zolari olinadi. Virusni elektron mikroskop yordamida ko’rish mumkin.
Serologik usullardan IFR, IFA, RIA, immunobolting kabi reaksiyalar bemor va tashib yuruvchilar qonidagi virusga qarshi antitelolarni aniqlash imkonini beradi.
Bundan tashqari, klinik immunologik testlar ham keng qo’llaniladi. Ular yordamida T-limfositlar va ularning subpopulyasiyalari miqdori, T-xelperlarning T-sunressorlarga nisbati tekshiriladi.
Davolash va profilaktikasi. Bemorni davolash uchun OITS virusiga, o’sma va yuqumli kasalliklarga qarshi preparatlar, immunomodulinlar qo’llaniladi. Virusga qarshi, asosan, azidotimidin, dideoksinozin, interferon ishlatiladi. Bu dorilar qayta transkriptaza fermenti faoliyatini to’sadi. Bunda bemorning holati vaqtinchalik yaxshilanadi, ammo u to’liq sog’ayib ketmaydi, chunki virusning ma’lum bir miqdori organizm hujayralarida saqlanib qoladi.
OIV tarqalishining oldini olishda bir marta qo’llaniladigan tibbiy asboblardan foydalanish joriy qilingan. O’zbekiston Respublikasining qarori va SSV ko’rsatmalariga asosan OITS bo’yicha xavfli guruhga kiruvchilar, epidemiologik ko’rsatkichlari bo’lgan bemorlar, chet elga boradigan O’zbekiston fuqarolari va chet eldan O’zbekistonga uzoq muddatga keladigan chet el fuqarolari (diplomatlardan tashqari), OITS bilan og’rigan bemorning oila a’zolari, bu bemorlarni davolovchi tibbiyot xodimlari, Xalqaro aviareyslarda yuruvchilar, temir yo’l va avtoulov xodimlari laboratoriya tekshiruvidan o’tib turishlari lozim.
OIV ga qarshi maxsus profilaktika ishlab chiqilmagan. Hozir tarkibida virusning yuzaki glikoproteinlarini tutuvchi rekombinant vaksinalar sinovdan o’tkazilmokda. OITS virusining o’zgaruvchanligi va bu virusning sof undirmasini olish qiyinligi samarali vaksina tayyorlash imkonini murakkablashtirmoqda.

Yüklə 0,66 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   89




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin