Gidravlik ilashish muftasi (gidromufta) yetakchi va yetaklanuvchi qismlarga ega. Yetakchi qism past qovushqoq ishchi moy bilan to’ldirilgan xajmni hosil qiladigan nasosli g’ildirak 3 (12.2.,a-rasm) va qopqoq 2 dan iborat. Yetaklanuvchi qism bo’lib turbina g’ildirak 1 hisoblanadi. Nasos va turbina g’ildiraklar tashqi 5 va ichki 6 torlar orasida o’rnatilgan va o’zaro ular bilan ishchi suyuqlik uchun parraklararo kanallar hosil qilgan parraklar 4 ga ega. Gidromufta parraglarini odatda tekis radial qilib tayyorlanadi. Turbina g’ildirak nasos g’ildirakka juda yaqin joylashgan.
Dvigatel ishlayotgan holda nasos g’ildirak aylanayotgan bo’ladi. Uning parraklari parraklararo kanallardagi suyuqlikka kuch bilan ta’sir qilib, uni periferiyaga otadi. Suyuqlik nasos g’ildirakning parraklararo kanallaridan otilib chiqib, turbina g’ildirakning parraklariga uriladi va parraklariaro kanallaridan o’tib, yana nasos g’ildirakning parraklararo kanallariga tushadi. Parraklararo kanallarda katta tezlik bilan va bir vaqtning o’zida nasos (yoki turbina) g’ildirak bilan birga aylanuvchi suyuqlikning yopiq aylana oqimi hosil bo’ladi (12.2.,a-rasmda strelka bilan ko’rsatilgan). Suyuqlik nasos g’ildirak parraklaridan energiya olib, uni turbina g’ildirakka olib o’tadi va uning parraklariga kuch bilan ta’sir qilib, bu g’ildirakka burovchi momentni uzatadi. Nasos g’ildirak qanchalik tez aylansa, gidromufta shunchalik ko’p burovchi momentni uzatish mumkin. Parrakli g’ildiraklarning aylanib turgan paytida gidromuftani to’la o’zish uchun undan suyuqlikni chiqarib yuborish kerak. Buning uchun ilgarilash klapani 12, bak 11, ta’minlash nasosi 10 saqlagich klapani 9 bilan, to’ldirish klapani 7, ba’zida esa suyuqlikni sovutish uchun radiator 8 kerak bo’ladi. Bundan gidromuftaning ishga tushirish va uzish vaqti uzoq davom etadi.
12.2.-rasm. A- gidravlik, b- elektromagnit kukunli ilashish muftasi sxemalari
Turbina g’ildiragining aylanish chastotasi nasos g’ildiragining aylanish chastotasiga qaraganda ortib ketishi mumkin, masalan, pastga qarab harakatlanganda. Unda suyuqlikning aylanma harakat yo’nalishi teskarisiga o’zgaradi. Burovchi moment turbina g’ildiragidan nasos g’ildiragiga uzatiladi va shu bilan daigatel bilan tormozlashga erishiladi.
Elektromagnit kukunli ilashish muftasi 3 asosiy qismga ega: qo’zg’almas korpus 14 bilan qo’zg’atish o’rami 15 (12.2.,b-rasm), dvigatel tirsakli vali bilan ulangan yetakchi qism 13, uzatmalar qutisining yetakchi valiga burovchi momentni uzatuvchi yetaklovchi qism 16.
O’ramdan elektr toki o’tganda uning atrofida A, B va V tirqishlardan o’tuvchi yopiq magnit maydoni hosil bo’ladi (strelka bilan ko’rsatilgan). Tirqishlardan o’tuvchi magnit oqimi orqali detallarning o’zaro ta’sir juda kam, lekin uni maxsus temir kukun bilan to’ldirilsa o’zaro ta’sir ko’p marta oshadi. Bu kukun bilan ilashish muftasining yetakchi va yetaklanuvchi qismlari orasidagi A tirqish to’ldirilgan. Kukun orqali magnit oqimi o’tganda uning zarrachalari yetakchi va yetaklovchi qismlarni birlashtirib, «qattiq ilashma» hosil qilgan xolda, magnit kuch chiziqlari bo’yicha joylashadi. Elektromagnitni o’chirganda kukun yana harakatchanlikka erishadi va ilashish muftasi uziladi.
Avtomatik va yarim avtomatik ilashish muftasi ishga tushirish va ajratishni avtomatik boshqaruvini ta’minlaydi. Ishga tushirish va ajratish uchun signal yarimavtomat ilashish muftalarida haydovchi tomonidan uzatishlar sonini o’zgartirish dastagini surilganda yoki maxsus tugma bosilganda beriladi. Avtomat ilashish muftalarida signal ilashish muftasini avtomat boshqarish tizimidan keladi.
Dostları ilə paylaş: |