II bob. Konfliktogenlar haqida umumiy tushuncha. 2.1 Pedagogik konfliktologiya fanini o‘rganishda «konflikt», «ijtimoiy konflikt», «pedagogik konflikt» tushunchalari pedagogik konfliktologiya fanini to‘ldirib boradi va uning kelib chiqish mohiyatini ochib beradi. Pedagogik konfliktologiya fanini o‘rganishda «konflikt», «ijtimoiy konflikt», «pedagogik konflikt» tushunchalari fanning asosiy ildizlari bo‘lib hizmat qiladi. Shu o‘rinda “konflikt”, “ijtimoiy konflikt”, “pedagogik konflikt” tushunchalariga alohida to‘xtalsak.
“Konflikt nima” yoki aniqroq aytiladigan bo‘lsa, konflikt qanday o‘zini namoyon etadi, - degan savolga ko‘pchilik, konflikt bu – odamlarning urishishi, janjallashishi, kuch ishlatib, bir-biri bilan to‘qnashishi, so‘z aytishish, birovlarni ayblash, so‘kinish, g‘azablanish, jahl bilan gaplashish, kesatish, birovlarni urib-turtish, do‘q qilish, qo‘rqitishga urinish, u qilaman, bu qilaman deb, ularga tahdid qilish, piching bilan gapirish, to‘g‘ri so‘zlar mazmunini buzib talqin qilish, birovlarning orqasidan gapirish, qasd qilish, birovlarga jismoniy zo‘ravonlik o‘tkazish, zo‘rlash, shantaj, birovlarni oyog‘idan chalish, kamsitish, odamlar ustidan kulish, guruh-guruh bo‘lib, birovlarni yakkalab qo‘yish, dilsiyohlik, hafagarchilik, nafrat va qasos, birovlarni mensimaslik, kibrli munosabat bildirish, o‘zini boshqalardan ustun qo‘yish, kek saqlash, nafsoniyatga tegadigan amallar va so‘zlar ishlatish, birovning har bir so‘zi va amalidan yomonlik qidirish va boshqa shunga o‘xshash vaziyatlarni ta’kidlab aytishadi. Mana shu insonlararo munosabatlarda uchrab turadigan barcha salbiy holatlar aslida konfliktlarning turli ko‘rinishlari, odamlar o‘rtasidagi ziddiyatlarning turli namoyon bo‘lish holatlariga kiradi.
Konflikt vaziyatlarning kelib chiqishida biz bilishimiz zarur bo‘lgan narsa shuki, konfliktlarning kelib chiqishida “konfliktogen”lar juda muhim rol o‘ynaydi. Konfliktogen – konfliktga imkon beruvchi, konflikt uchun sharoit yaratuvchi sifatida tarjima qilinadi.
Konfliktga olib kelishi mumkin bo‘lgan so‘zlar, amallar, yoki harakatsizlik konfliktogen deb ataladi. Bu ta’rifda muhim bo‘lgan so‘zlardan biri “mumkin bo‘lgan”dir. Chunki u - konfliktogenlarning havfini, ularning ichki tahdidini to‘g‘ri belgilab beradi. Konfliktga olib kelishi aniq bo‘lmagan, ya’ni konfliktga olib kelishi “mumkin bo‘lgan” narsalar ziddiyatga nisbatan uyg‘oqligizgiz va sezgirligingiz, ogohligingizni tinchlantirib, sizni aldab qo‘yishi mumkin. Tanishingizga nisbatan har doim salom-alikni quyuq qilsangiz-u, bir marta o‘z ishlaringiz bilan o‘ylanib, unga har doimdagidek e’tibor qaratmasdan, oddiy “Salom?” deb o‘tib ketsangiz, u sizdan qattiq hafa bo‘lib qolishi mumkin. “O‘zini katta tutyapti, behurmatlik qildi, nima men uning arpasini xom o‘rdim-mi?! Salom bermasa o‘ziga?! Ja, katta ishga o‘tdim deb, dimog‘i ko‘tarilib ketibdi-mi?....” Orada noqulay ahvol kuzatiladi. Keyingi gal u siz bilan sovuq, rasmiy muomala qiladi. Endi siz o‘ylanasiz. “Nima bo‘ldi bunga?! Nimaga o‘zini bunday tutyapti?! Xuddi men bilan urishib qolganday.. Uni hafa qilmovdim, shekilli...”
Konfliktogenlarning ayyorligi shundaki, biz o‘zimizning so‘zlarimiz va amallarimizga emas, balki bizga aytilgan boshqa odamlarning so‘zlari va amallariga ko‘proq e’tiborliroqmiz. Boshqa odamlarning so‘zlaridagi intonatsiya, mimika va ma’no bizga uning bizga nisbatan munosabati haqidagi axborot, ya’ni ma’lum informatsiyani bildiradi va beradi. Ammo o‘zimiz birovlarga so‘z aytganimizda, har doim ham, so‘zlar ma’nosi nimani anglatmoqda, bizning mimikamiz, ovozimiz, qo‘l harakatlarimiz, intonatsiyamiz yana qanday qo‘shimcha axborotni birovlarga uzatayotganligiga e’tibor bilan qaramaymiz. Ko‘pchilik hollarda bu narsa intuitiv tarzda kechadi.
Demak, biz boshqalardan kelayotgan informatsiyani diqqat bilan filtrlaymiz, o‘zimiz jo‘natayotgan informatsiyani esa – filtrlamasdan, to‘g‘ri jo‘natamiz. Shu nuqtai nazardan, hammamiz o‘zgalardan kelayotgan axborotga emotsional yondoshamiz, o‘zimizdan ketayotgan informatsiyani esa ko‘proq shundayligicha, ya’ni boricha jo‘natamiz. Ba’zan xotin-qizlar haqida “Ayollar o‘zi aytgan gaplarga diqqat qilmaydi, ammo o‘zi haqida boshqalar aytgan so‘zlarni diqqat bilan eshitadi”, deyiladi. Ammo aslida biz hammamiz shunday qilamiz. Bu holat, o‘z manfaatlarini muhofaza qilishga qaratilgan intuitiv himoyaning natijasi hisoblanadi. Ammo birovlarning manfaatlarini ham muhofaza qilish, yoki hurmatlash lozimligi hayolimizga ham kelmaydi. Demak, konflikt vaziyat - biz jo‘natayotgan va qabul qilayotgan axborotlar orasidagi xissiy-emotsional hamda psixologik muvozanat buzilganda yuzaga keladi. Ana shunday hayotda uchrab turadigan konfliktogen vaziyatlar chuqur ziddiyatlarning kelib chiqishini ta’minlashi mumkin.
Konfliktogenlar ko‘payib, ular majmuaga aylanganda, konflikt tug‘iladi. Konfliktogenlar eskalatsiyasi qonuniy ravishda konfliktga olib keladi. Bizga kelayotgan axborotlar konfliktogenlar bilan to‘lgan bo‘lsa, biz unga tabiiy ravishda o‘zimizdagi konfliktogenlar bilan javob beramiz.
Faraz qiling, oila. Qaynona va kelin. Kelin yangi tushgan. Hali oilaning tartiblarini yaxshi o‘zlashtirmagan hamda ovqat pishirishni bilmaydi. Bu borada qaynona erinmay hammaga axborot berib o‘tadi. Kelinining uddaburo emasligidan muntazam noliydi. Kelin o‘zicha eziladi, yaxshi kelin bo‘lishga astoydil harakat qiladi, ammo unda tajriba yo‘q. Kelin qaynonaga o‘zining ahvoli haqida gapirishdan qo‘rqadi. “Ular meni tushunmaydi, o‘zim aybdorman”, deb o‘ylaydi. Asta-sekin turli qochirim gaplardan zerikkan kuyov ham kelinni ovqat pishira olmaslikda ayblay boshlaydi. Aslida kelin ovqat pishirishni bilmasa ham, yaxshi inson bo‘lishi mumkinligi hech kimning aqliga kelmaydi. Kelin – ovqat pishirishi shart! Vassalom. Mazkur axborot, ya’ni kelinning qo‘li shirin emasligi atrofdagilar ongiga singib boradi. Kelin esa ovqat pishirishni astoydil o‘rgana boshlaydi. Shu bois, kelin ancha yaxshi ovqat pishira boshlaganini ular sezishmaydi. Kelin esa yangi oiladagi yaqin qarindoshlardan o‘ziga nisbatan yaxshi muomala kutadi. Biroq, uning asta yaxshi pazanda bo‘lib qolganini xech kim kelinga aytmaydi va bildirmaydi. Uning peshonasiga umrbod “ovqat pishirishni bilmagan kelin” muhri bosilib bo‘lingan va uni o‘chirishning ilojisi yo‘q.
Kelinning ko‘nglida qaynonaning muntazam ayblari asosida konfliktogenlar haddan ziyod ortadi, ular yig‘ila boshlaydi. Izza bo‘lgan kelin qalbi har qanday axborotlarni passiv va salbiy tarzda qabul qilishga qo‘nikib boradi. Qaynona kunlarning birida, yana bir marta, qaynotasi, qarindoshlar va kelinning o‘zi oldida, uning ayblari haqida gap boshlaganda, qaynona konfliktogenlari kelin konfliktogenlari bilan to‘qnashib, kelin qalbida emotsional portlash yuz beradi. Mazkur emotsional portlash hammani dovdiratib qo‘yadi. Kim aybdor, kim haqligiga o‘rgangan odamlar darrov o‘zini oqlashga o‘tishadi. Bir tomonda kuyov - o‘z xotini va o‘z onasi o‘rtasida kimning yonini olishni bilmaydi. Qaynota, kelindan ko‘ra, o‘z xotiniga ko‘proq ishonadi. Har holda kelinning qo‘li shirin emasligi ayon. Natijada, oila hayotiga “planli ravishda kiritilayotgan, tarbiyalanayotgan va o‘stirilayotgan” janjal - konfliktogenlarning haddan ziyod ortishi oqibatida kutilmagan holda kirib keladi. Aslida mazkur holatda oilaviy janjalni “kutilmagan” deyish noo‘rin, chunki adolatsizlik adolat o‘rnatilishini talab etadi. Haddan ziyod yerga urilgan inson o‘z haqqi va huquqlari uchun kurasha boshlaydi.
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasini umumlashtirgan narsa shundaki, insonlararo konfliktogenlarning to‘qnashuvi konfliktga olib kelishidir. Agar siz hayotingizda ro‘y bergan biror konfliktni mana shunday tarzda tahlil qilsangiz umumiy ssenariy o‘xshash bo‘lganligiga iqror bo‘lasiz.
Yuqoridagi oilaviy mujaroning xususiyati shundaki, unda na qaynona, na kelin, na boshqalar mana shu holat juda qattiq ziddiyatga olib kelishini tushunmaganlar, yoki bilmaganlar. Qaynona “Kelinni tarbiyalayapman” deb o‘ylagan, kelin “Men rosa harakat qilyapman” deb o‘ylagan. Ularning ikkalasi ham, biz oilamizda ataylab janjal ko‘taramiz deb harakat qilmagan. Yuqoridagi vaziyatda qaynonaning ham, yoki kelinning ham o‘z oilasida konflikt chiqqanidan xursand bo‘lgan deb ham bo‘lmaydi. Ular buni istamagan edi, ammo janjal bo‘ldi. Mazkur vaziyatning davom etishi oilaviy janjal bilan tugashi tabiiy edi.
Konfliktogenlar tahdidiga uchragan odam, odatda, o‘zining psixologik va emotsional holatini himoya qilishga o‘tadi. Shu bois, u konfliktogenga nisbatan o‘zidagi emotsional tahdid bilan munosabat bildiradi. Mazkur emotsional tahdid ko‘pchilik hollarda ovoz, mimika, intonatsiyadagi agressiya bilan ifoda qilinadi. Agressiyaga doim o‘ziga yarasha agressiya bilan javob qaytariladi. Ammo o‘ziga qaratilgan agressiyani bosib ketish uchun javobiy agressiya yanada kuchliroq bo‘ladi. Chunki odam “buni adabini berib qo‘ymasam, shunday bo‘laveradi”, deb o‘ylaydi. Natijada har ikki tomonda konfliktogenlar miqdori keskin orta boradi. Inson emotsional va psixologik holati unga qarata yo‘naltirilgan haqorat, piching, kesatiq, so‘kish, nafsoniyatga tegish, zo‘ravonlik, o‘z fikrini o‘tkazishga intilish, taziyq kabilarga, doimiy ro‘y beradigan adolatsizlikka bundan o‘zgacha munosabat bildira olmaydi.
Insonlar orasidagi turli munosabatlarni tartibga solish uchun har bir millatda etik va estetik qadriyatlar shakllantiriladi. Shu bois, odamlar milliy axloqiy qadriyatlar va normalar asosida tarbiya qilinadi.
Bizga eng kichik paytimizdanoq birovni bekordan bekorga hafa qilmaslik, uning nafsoniyatiga tegmaslik, so‘kmaslikni o‘rgatishadi. Ammo hamma ham ana shu normalarga rioya qilmaydi. Eng qiyin bo‘lgan narsalardan biri, o‘zingni juda qattiq hafa qilgan odamni kechirish hisoblanadi. Ayb qilgan odamni kechirish lozimligi hamma dinlarda uqtiriladi. Xristian dinida “sening bir yuzingga urgan odamga, ikkinchi yuzingi tut”, deb aytiladi. Islom dinida muqaddas bayramlarda dushmanlar bir-birlarining gunohlaridan o‘tishi lozimligi tayinlanadi. Ammo real hayotda birovning aybidan kechgan odamlar juda kam topiladi. Shu bois, o‘zbek xalqi “kechirimli bo‘lish mardning ishi” deydi. O‘zini muhofaza qilish insondagi tabiiy va eng kuchli instinktlardan hisoblanadi. Shu sababli odamlar zarracha bo‘lsa ham o‘ziga zarar bo‘lmaslikka urinadi.
2.2 Konfliktogenlar eskalatsiyasi yuzaga kelmasligi uchun:
konfliktogenlarning o‘zingiz va atrofdagilar yuragida yig‘ilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
konfliktogenlar vujudga kela boshlaganda esa, ulardan o‘z fikri va ongini ozod qilish yo‘llarini qidirish;
o‘zimizda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan konfliktogenlar boshqalar ko‘nglida ham yuzaga kelishi mumkinligini nazarga olishimiz darkor.
Mana shu natijalarga erishishda konfliktogenlarsiz muomala yuritish qoidalari qo‘l keladi:
Konfliktogenlardan foydalanmang, ularni o‘z vaqtida, ildiz otib ketmasidan yo‘qotishga harakat qiling
Konfliktogen bilan to‘qnashganda unga o‘zingizdagi konfliktogen bilan javob qaytarmang
Konfliktogen bilan munosabat bildirayotgan odamga, shuningdek umuman har qanday suhbatdoshingizga empatik (birovning xis-tuyg‘ularini anglash asosida) munosabat bildiring. Empatik munosabat o‘rnatish uchun suhbatdoshingizga xush keladigan mavzularni tanlang, unga komplimentlar ko‘rsating, kulib gaplashing, uning so‘zlarini diqqat bilan eshiting v.h.
Imkon qadar ko‘proq ijobiy xis-tuyg‘ular ulashing. Konfliktogenlar maxsus garmonlar natijasi hisoblanadi. Agar o‘zingizning kayfiyatingizni yaxshilik sari yo‘naltirsangiz, konfliktogenlarni yengishga imkon tug‘iladi. Konfliktogenlar insonni kurash, ziddiyat va nizoga yo‘naltiradi. Bu esa organizmda adrenalinning ko‘payishiga olib keladi. Adrenalin konfliktgen bilan qo‘shilib, g‘azab, jahl, agressiyaning kuchayishiga sabab bo‘ladi. Odamning qattiq g‘azablanishi noradrenalinni keltirib chiqaradi. Uning inson salomatligiga bo‘lgan juda katta salbiy ta’siri mavjud. Ammo chiroyli suhbat inson organizmida endorfin, ya’ni “baxt garmonlarini” yuzaga keltiradi. Shundan foydalanishga harakat qiling.