3- topshiriq. Matnni uning asosiy mazmunini saqlagan holda qisqartiring. Matnni qisqartishda qanday usullarni qo‘llaganingizni sharhlang.
Har qanday qilmishning aksi, qaytarma oqibati mavjud: shunday ekan, faqat o‘z prinsipimni himoya qilaman deb, bir kun borib ko‘pchilikni dog’da qoldirmaylik tag‘in?! Axir mavjud nazariyalar qolipiga tushmaydigan faktlar, fan uchun qimmatli emasmi? Chunki shu noma’lum faktlarni ishlab chiqish bilan yaqin oralarda fanning yangi yo‘nalishlariga yo‘l ochib berish mumkinku? Fan tarixida bunday misollar to‘lib-toshib yotibdi. Faktni tan olmaslik, aslida hazm qilinmagan nazariyaning oqibati-ku!.. Men nasihatgo‘ylik qilishni o‘ylamagandim, ammo o‘rni kelib qoldi. Koinot azaldan insonni zulmat bilan o‘ragan. Fan esa – odamzot qo‘lidagi mangu mash’ala! Zero, fan – cheksizlikni o‘rganar ekan, ayni paytda, o‘zining ham had-chegarasi yo‘q. Inson bilimi tugamaydi, u abadiy yaratiladi, abadiy harakatda… Modomiki shunday ekan, men ochgan kashfiyot uslubiga boshqa bir uslub qarama-qarshi chiqib qolsa, nima uchun endi men unga, albatta, tosh otishim kerak? Nima uchun?! Yo‘q, aqlimiz bo‘lsa, istiqbolimizga chinakam qayg‘ursak, orzuni bo‘g‘maylik. Orzu har qanday faktdan ham qudratli! Orzu bamisoli hayot ko‘ksidagi mildirab turgan buloq, gurkirab o‘suvchi nihol…
4- topshiriq.
Kompyuter lingvistikasi
“Kompyuter lingvistikasi” fani tabiiy tillarning matematik modellarini qurish, lingvistik muammolarni hal qiluvchi kompyuter dasturlarini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan. “Kompyuter lingvistikasi” fani oldida turgan asosiy masalalar esa umumiy tilshunoslikning formal va aksiomatik modellarni qurish va konkret tillarning matematik modellarini ishlab chiqishga xizmat qiladi. Bu modellar asosida matnlarni tahrirlash, kompyuter tarjimasi, kompyuter lug‘atlari, ona tili va chet tillarga o‘rgatish hamda bilimlarni baholash bo‘yicha kompyuter dasturlarini yaratish mumkin bo‘ladi.
Til qoidalarining matematik modeli matematik mantiqning formal va aksiomatik nazariyalari asosida quriladi. Shuning uchun bu fan matematik mantiq asoslarini bayon qilish bilan boshlanadi. Bu yerda mulohazalarni hisob-kitob qilishning usullari hamda ularning formal va aksiomatik nazariyalari bayon qilinadi. Keyin o‘zbek tilining formal va aksiomatik modellari beriladi hamda lingvistik masalalarning matematik algoritmlari va kompyuter dasturlari keltiriladi.
Matn yuzasidan topshiriqlar: 1. Matnni o‘qing. Reja asosida matn mazmunini qisqartirib so‘zlab bering. 2. Matn ma’lumotlarini asosiy va ikkinchi darajali qismlarga bo‘ling.