X U L O S A
Biz Kurs ishini yozish jarayonida quyidagi xulosalarga keldik:
1. Zamonasining malikul-kalomi – so’z mulkining sultoni faxriy unvoniga
munosib ko’rilgan, Firdavsiy, Nizomiy, Anvariy, Sa’diy, Xoja Hofiz singari buyuk fors-tojik adabiyoti darg’alari qatoridan faxrli o’rin egallagan Mavlono Lutfiy o’zbek mumtoz adabiyotining taniqli namoyandalaridan biridir.
2. Shoirning hayoti va faoliyati haqida Alisher Navoiyning «Majolisunnafois», «Muhokamatul-lug’atayn», «Holoti Pahlavon Muhammad», «Xutbai davovin», «Badoye’ ul-bidoya» devoni debochasi va boshqa asarlarida, Davlatshoh Samarqandiyning «Tazkiratush-shuaro», Xondamirning «Habibus-siyar», «Makorimul- axloq», Abdulla Kobuliyning «Tazkirat -ut tavorix», Shamsuddin Somiyning «Qomusul-a’lom», Vosihning «Majmuai manzum va mansur», Shayx Ahmad Taroziyning «Fununul- balog’a» singari qator manbalarda ma’lumotlar uchraydi. Shunday bo’lishiga qaramay, Lutfiyning tarjimai holi va adabiy merosi haqida to’liq tasavvur hosil qilish qiyin. Jumladan, Lutfiy shoirning taxallusi bo’lib, uning nomi, ota-onasi, tug’ilgan yil va joyi, safarlari hamda shunga o’xshash qator masalalar haligacha lutfiyshunoslikda o’z yechimini qat’iy topganicha yo’q.
3. Mavlono Lutfiyning zamondoshlaridan bo’lgan ulug’ o’zbek shoiri
Alisher Navoiy «Majolis un-nafois» tazkirasida shoirning to’qson to’qqiz yil umr ko’rgani, hayotining so’ngida forsiyda «Oftob» radifli g’azal yozgani va zamon shoirlari unga tatabbu’ qilganliklari, yigitligida zohiriy ulum tahsilidan so’ng Mavlono Shahobiddin Xiyoboniy qoshida tasavvuf tariqatidan tahsil olgani hamda Hirot chekkasidagi Dehikanor degan joyda dafn etilganligi haqida qimmatli ma’lumotlarni keltiradi
4. Lutfiy sohibdevon shoir sifatida turkiy tildagi she’rlarini jamlab, devon
tartib bergan. Shoir devonlarining 33 qo’lyozma nusxalari bizgacha yetib kelgan
bo’lib, ular Toshkent, Dushanba, Istanbul, Tehron, London, Parij, Sankt-Peterburg kutubxonalari va qo’lyozma fondlarida saqlanadi. Olim E. Ahmadxo’jaevning aniklashi bo’yicha, Lutfiy qalamiga mansub mavjud she’rlarning umumiy miqdori 2774 bayt yoki 5548 misradan ortiq. Ularning katta qismi (2086 bayti) g’azal janrida yozilgan. Mavlono Lutfiy devonining hoziigacha ma’lum nusxalarida 372 g’azal, 3 qasida, 115 to’rtlik, 60 fard va ruboiy, tuyuq, qit’a kabi janr namunalari uchraydi.
5. Yaqin vaqtlargacha Lutfiyning tavallud topgan va vafot etgan joyi
Hirotning Dehi Kanor mavzei deb ko’rsatib kelingan. Shayx Ahmad Taroziyning Mirzo Ulug’bekka bag’ishlab yozilgan «Funun ul-balog’a» asari topilgach, undagi «ma’dan ul-latoyif Lutfiyi Shoshiy» jumlalariga asoslanib, Lutfiyning ona vatani Toshkent bo’lgan, degan fikr ham ilgari surildi.
6. Uzoq yillar Lutfiyga nisbat berib kelingan «Gul va Navro’z»dostoni XX
asrning 90-yillarida Haydar Xorazmiyga taalluqli asar ekanligi e’tirof etildi.Shuni ta’kidlash kerakki, Navоiy uni «Majоlis un-nafois» tazkirasida yodga оlmagan.Shayx Ahmad Taroziyning «Funun ul-balog’a», Faxriy Hirоtiyning «Majоlis unnafois» tazkirasining fоrs tiliga qilingan tarjimasi, Bоburning «Aruz risоlasi» asarlarida «Gul va Navro’z» Mavlоnо Haydar Xоrazmiy asari, deb ko’rsatilgan.
7. Lutfiy she’rlari Alisher Navoiygacha yaratilgan o’zbek mumtoz
adabiyotining g’oyaviy va badiiy jihatdan, o’ziga xos uslubi nuqtai nazaridan eng yuksak namunalari sanaladi, Shoir, ayniqsa, g’azalnavislikda shuhrat qozonadi. Turkiy adabiyotda vujudga kelgan tuyuq janri taraqqiyotiga munosib hissa qo’shdi.
8. Lutfiy lirikasi mavzu jihatidan nihoyatda rang-barangdir. Sevgimuhabbatni ulug’lash – shoir g’azaliyotining asosiy mavzuidir. Shoir mana shu umrboqiy mavzu atrofida hayot go’zalligidan zavqlanish, tabiatning fusunkor manzaralaridan bahramand bo’lish, odamiylik, yuksak insoniy fazilatlar: mehrmuhabbat, vafo va sadoqat kabilar haqida keng mushohada yuritadi, Olam va odam xususidagi teran mulohazalarini badiiylashtiradi. Lutfiy mumtoz adabiyot an’analari, xalq og’zaki ijodining bebaho durdonalaridan bahramand bo’lib g’azaldagi markaziy obraz-ma’shuqani ohori to’kilmagan baytlarda tavsif etadi.
She’r qahramonining turli holat va kayfiyati, ruhiy kechinmalarini hayotiy misollar asosida yorqin tasvirlaydi. Shuningdek, g’azallarida davrning ijtimoiy-siyosiy masalalari haqida ham fikr yuritadi.
9. Shoir she’rlarida tazod, tashbeh, husni ta’lil,mubolag’a, lutf,talmeh,
irsoli masal kabi o’nlab badiiy san’atlardan san’atkorona tarzda
foydalanadi.Xususan, shoir xalq maqollari, hikmatli so’zlarini g’azalning janriy xususiyati, mazmun va tasvir tabiatidan kelib chiqqan holda yo aynan yoki qisman o’zgartirilgan shaklda mohirlik bilan qo’llaydi. Shoirning mahorati shundaki, u boshdan oyoq irsoli masal san’ati asosida yaratilgan g’azallar mavjud. «Ayoqingga tushar har lahza gesu” misrasi bilan boshlanuvchi g’azal fikrimizga misol bo’la oladi.
10. Lutfiy she’riyati, ayniqsa, g’azallari keyingi asrlarda yashab ijod etgan
shoirlar uchun ilhom manbai bo’lib qoldi. Alisher Navoiy ijodkor g’azallaridan adabiy ta’sirlanib, ularga muxammas va musaddaslar bog’ladi. Ulug’ ozarbayjon shoiri Fuzuliy (XVI asr) va o’zbek shoirlaridan Munis, Ogahiy, Nodira, Uvaysiy, Furqat kabi ijodkorlar Lutfiy adabiy merosidan bahramand bo’lishdi.
F O Y D A L A N I L G A N A D A B I Y OT L A R R O’ Y X A T I
Dostları ilə paylaş: |