Lui Gonsales de Klavixoning «Samarqandga Amir Temur saroyiga sayohat kundaliklari» (14031406) asarida XV asr boshidagi Movarunnahrning ichki ahvoli, uning obod shahar va qishloqlari, xususan Shahrisabz va poytaxt shahar Samarqand haqida, Amir Temur saroyidagi udumlar, Sohibqironning xotinlari va ularning jamiyatda tutgan o’rni haqida muhim ma’lumotlar keltiriladi.
Masalan, Kesh (Shahrisabz) haqida Klavixoning «Kundaliklar»ida quyidagilarni o’qiymiz: «Ertasi kuni, 1404 yilning 28 avgust payshanba kuni, tushlik paytida Kesh deb atalmish katta bir shahar oldiga kelib to’xtadik. Shahar har bir tarafini soy va ariqlar kesib o’tgan tekislik yerda joylashgan ekan. Shaharning tevaragi obod qishloqlar va bog’lar bilan o’ralgan edi. Uning tevarak-atrofi ham tekis bo’lib, ko’pgina obod qishloqlar, daryolar, o’tloqlar bor. Yozda bu yer juda chiroyli. Sug’oriladigan yerlarida bug’doy, uzum, paxta, qovun-tarvuz yetishtiriladi, katta mevali daraxtlar usadi. Shaxar paxsa devor va chuqur xandaq bilan o’ralgan, darvozalari qarshisida osma ko’priklar o’matilgan. Temurbekning asli Keshdan. Otasi ham shu yerda tug’ilgan. Katta imoratlar va masjidlar ko’p. Imoratlardan biri, Temurbek hali qurib bitirmagan juda katta saroy, uning ichida katta bir maqbara joylashgan. Unda Temurbekning otasi dafn etilgan. Yana bitta maqbara ham bo’lib, uni Temurbek o’zi uchun qurdirgan. Lekin, u hali bitkazilmagan. Aytishlaricha, u bundan bir oy oldin Keshda bo’lganida uni ko’rib yoqtirmagan, chunki eshiklari past qilib qurilgan ekan. Temurbek uni qaytadan qurishni buyurgan. Hozir qurilishda ustalar ishlab turibdi. Bundan tashqari, mazkur maqbara ichida hozir uning Jahongir ismli to’ng’ich o’g’li yotibdi. Masjid bilan maqbaraning devor va shiplari oltin, lojuvard va koshinlar bilan qoplangan, sahni katta va unga daraxtlar ekilib, hovuzlar qurilgan. U yerga Temurbekning amri bilan har kuni, otasi va o’g’lining ruhini yo’qlab yigirmata pishirilgan qo’y go’shti yuborilib turiladi. Elchilarni ushbu masjidga olib bordilar va ularning oldiga dasturxon yozib, ko’p go’sht va mevalar tortib ziyofat qiladilar. Ziyofatdan keyin ularni katta bir qasrga olib borib joylashtiradilar. Ertasiga, jum’a kuni, elchilarni Temurbekning amr-farmoni bilan qurilayotgan katta bir saroyga olib bordilar. Aytishlaricha, unda yigirma yildan beri ustalar va ishchilar tinim bilmay ishlab turibdilar. Saroyga kirish yo’li uzun, darvozalar baland. Kirishda, darvozalarining o’ng va so’l tarafida pishiq g’ishtdan qurilgan va har xil naqshin koshinlar va naqsh bilan bezatilgan peshtoq bor. Peshtoq ostidagi supalarda Temurbek saroyda bo’lgan paytlarda soqchilar o’tirgan. Darvozaning ketidan darvoza keladi va ulardan o’tib saroyning sahniga o’tiladi. Ustiga oq marmar yotqizilgan va atrofi bezatilgan ayvonlar bilan o’ralgan katta hovliga kiriladi. Hovli o’rtasida katta hovuz bor. Hovlining sahni eniga uch yuz qadam keladi. Saroyning eng katta xonasiga shu hovli orqali kiriladi. Unga katta yo’lak va oltin suvi berilgan, lojuvard va koshin bilan qoplangan, katta san’at bilan ishlangan ulkan va baland eshik orqali kiriladi. Eshik tepasida, uning o’rtasida, quyosh fonida turgan sher tasviri tushirilgan. Bu Samarqand podshosining gerbidir. Shu eshik orqali to’rtburchak, oltin, lojuvard va boshqa rangdagi koshinlar bilan qoplangan qabulxonaga kiriladi...».
Klavixoning bu hikoyasida Amir Temur Shahrisabzda qurdirgan mahobatli va go’zal Oqsaroy kishining ko’z oldida namoyon bo’ladi. Lekin, Klavixo bo’lgan paytda, saroy qurilishi hali oxiriga yetkazilmagan edi. Shuning uchun uning asl mohiyatini, ne maqsadda qurdirilganligini birdan anglash qiyin bo’ladi. Jumboqni taxminan 90 yil o’tib Zahiriddin Muhammad Bobur yechib bergan. Uning so’zlariga Qaraganda hazrat sohibqiron Keshni boshda poytaxt qilmoqchi bo’lgani uchun oqsaroyni ham podshohning ahlu oilasi bilan turar joyi hamda davlat muassasalari joylashgan rasmiy qarorgoh sifatida qurdirgan.