Daudov va Muhammad Yusuf elchiligi to’g’risida manbalar. Vasiliy Aleksandrovich Daudov asli fors (eronlik) bo’lib, 1653 yili Qozonda xristianlikni qabul qilgan, Rossiya davlatining xizmatiga kirgan, ham stolnik va voyevoda lavozimida xizmat qilgan. Muhammad Yusuf esa asli musulmon (tatar). U ham ruslarning xizmatida bo’lgan. Avvalo shuni alohida aytib o’tish kerakki, har ikkala elchi - V.A.Daudov va M.Yu.Qosimov Buxorogacha birga borishgan bo’lsalarda, elchilar mahkamasidan alohida-alohida topshiriq olganga o’xshaydilar, chunki V.A.Daudov va M.Yu.Qosimovga berilgan yo’riqnoma (nakaz) bizgacha yetib kelmagan. U 1800 yilgacha Rossiya tashqi ishlar mahkamasining arxivida saqlanar edi. 1806 yili o’tkazilgan tekshirish paytida u turgan joyidan topilmagan. Shu sababdan V.A.Daudov va M.Yu.Qosimov qanday vazifalarni ado etganliklarini aniq bilmaymiz.
Buni V.A.Daudovning elchilik mahkamasidan olgan yo’riqnomasi (nakaz)dan taxminan bilib olish mumkin. Ular quyidagilar: 1. Buxoro va Xiva xonliklarining Moskva hukumati bilan diplomatik aloqalarini rivojlantirishga xohishi bormi-yo’qmi, shuni aniqdash; 2. Xonliklarda yashab turgan rus asirlarini ozod qilish; 3. Ikki davlat, Rossiya, Xiva va Buxoro xonliklari o’rtasidagi savdo va elchilik karvonlarining xavfsizligini ta’minlash uchun Kaspiy dengizining kun chiqish tarafida, dengiz sohilidagi Saratosh tepaligida kemalar to’xtaydigan bandargoh qurishga Xiva xonining roziligini olish; 4. Amudaryoning boshi va o’zani, daryo sohilida istiqomat qilib turgan xalqlar, ularning mashg’uloti va turmush tarzi haqida ma’lumot to’plash; 5. Buxorodan Hindistonga olib boradigan yo’llar, Hindiston hukumatining Rossiya bilan savdo va diplomatok aloqalarini o’rnatishga xohishi bor-yo’qligini M.Yu.Qosimovga berilgan topshiriqdan aniqlanadi.
Elchilik Buxoro va Xivada, yo’lga ketgan vaqtni qo’shib olganda, Buxoroda 1675 yilning 15 mayidan - 1676 yil 2 oktyabrigacha bo’lgan. Elchilik Buxoroga 1676 yil 20 yanvar kuni kelib tushgandan keyin M.Yu.Qosimov o’z vazifasini ado etish uchun Hindistonga jo’nab ketdi. Garchi, V.A.Daudov va M.Yu.Qosimov elchiligining hisoboti («Stateyniy spisok») 1800 yildan keyin yo’qolgan bo’lsada, tadqiqotchilar N.Selifontov, V.V.Bartold va A.B.Pankov asarlaridan ma’lum bo’lishicha, Buxoro va Xiva xonlari Rossiya bilan savdo- diplomatok munosabatlarini rivojlantirishga tarafdor ekanliklarini bildirganlar va shunga harakat qilganlar. Tez orada Kaspiy dengizi sohilida Qarag’an bandargohining qurib ishga tushirilishi va Buxoro xoni o’z xo’jaligida xizmat qilib turgan rus asirlaridan 38 tasini ozod qilganligi ham yuqorida bildirilgan fikrga dalil bo’la oladi. Xiva xoni Anushaxon bir tarafdan turkmanlar bilan qalmoqlar va qozoqlarning tez-tez Xiva hududlariga qilib turgan talonchilik yurishlari, boshqa tarafdan Buxoro va Xiva o’rtasidagi ziddiyatlar natijasida Rossiyaning iqtisodiy va harbiy yordamiga muhtoj edi.
V.A.Daudovga Buxorodan qaytishida Xivada Anushaxon otalig’i mana bu gaplarni aytgan: «Anushaxon Vasiliyga Xiva xoni yaqinda podshoh oliy hazratlari ulug’ knyaz Aleksey Mixaylovich do’stlik va hamkorlik munosabatlarini davom etishi va har ikki tomondan savdo karvonlari bordi-keldi qilib turishi (zarurligi) xaqida maktub oldilar. (Uz navbatida) Xiva xoni xam podshoh oliy hazratlari ulug’ knyaz bilan shunday aloqalarni avvalgidan ham ziyoda bo’lishini istaydilar».
M.Yu.Qosimov elchiligiga kelsak, unga Buxorodan Hindistonga olib boradigan yo’llar va Hindiston podshosi Avrangzeb (1658-1707)ning Rossiya bilan diplomatok aloqalarni o’matishga mayli bormi-yo’qmi ekanligini aniqlab kelish topshirilgan edi. Shuning uchun ham, u Buxoroga kelganidan ko’p vaqt o’tmay, Hindistonga jo’nab ketdi. M.Yu.Qosimov faqat Kobulgacha bordi. «Shoh (Avrangzeb) ulug’ podshoh bilan do’stona aloqalar o’matishni istamagani» uchun orqaga qaytishga majbur bo’ldi va 1677 yili Moskvaga qaytib keldi.