Eng muhim islohotlardan yana biri — mamlakatimizda Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasi tashkil etildi. Mazkur qoʻmita oldiga qanday vazifalar qoʻyilgan?
Eng muhim islohotlardan yana biri — mamlakatimizda Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasi tashkil etildi. Mazkur qoʻmita oldiga qanday vazifalar qoʻyilgan? — Prezidentimizning 2017 yil 20 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati Davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra, mamlakatimizdagi barcha turdosh korxonalarni birlashtirgan Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasi tashkil qilinishi milliy mudofaa sanoat kompleksini shakllantirish yoʻlidagi birinchi va muhim qadam boʻldi. Mazkur kompleksni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari yangidan qabul qilingan Mudofaa doktrinasida ham belgilab berildi.
Mudofaa tizimini harbiy-iqtisodiy taʼminlashdagi bu muhim yangilik davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, yaqin kelajakda milliy armiyamizni qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlash shuningdek, qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish, yurtimiz iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish imkonini ham beradi.
Bir vaqtning oʻzida ushbu kompleks aholi ehtiyoji uchun zarur mahsulotlarni ham ishlab chiqishi, hozir xorijdan valyutaga sotib olinayotgan koʻplab mahsulotlarni oʻzimizda ishlab chiqarishga ham moʻljallangan.
— Har bir sohada ijtimoiy himoya alohida ahamiyatga ega masala hisoblanadi. Shunday ekan, harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoyalash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? — Uzoq harbiy qismlarda xizmat qilish, garnizonma-garnizon koʻchib yurish, xizmatning mashaqqatlariga chidash nafaqat harbiy xizmatchidan, balki uning oilasidan ham katta sabr-bardoshni talab etadi. Buning uchun harbiy xizmatchining oilasi mustahkam, ertangi kunga ishonchi yuksak boʻlishi lozim. Shuning uchun harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash masalasiga davlatimiz rahbariyati tomonidan katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2017 yilda 56 ta uy ipoteka krediti asosida, 20 tasi xizmat uylari sifatida harbiy xizmatchilarga topshirildi.
2018 yilda esa 74 ta uy ipoteka krediti asosida, 21 tasi xizmat uylari sifatida qurib bitkazilgan. Qisqacha aytganda, ikki yilda 4,5 ming nafar harbiy xizmatchi oilalarining yashash sharoitlari yaxshilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun respublika oliy taʼlim yurtlariga 5 foizlik davlat granti asosida qabul kvotasi ajratildi. Bugun harbiylarning 700 nafardan ziyod farzandlari oliy taʼlim muassasalarida shu imtiyozdan foydalanib oʻqimoqda. Yaratilayotgan bunday qoʻshimcha imkoniyat yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yana bir yorqin namunasidir.
Shuningdek, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlganlarning nomlarini abadiylashtirish maqsadida Yurtboshimiz tashabbusi bilan “Mard oʻgʻlonlar nomi barhayot” nomli kitob chop etildi. Sariosiyo janglarida halok boʻlgan 26 qahramonning oʻzlari oʻqigan maktablariga byustlari oʻrnatildi, 21 oilaga harbiy-maʼmuriy sektorlar, harbiy okruglar tomonidan kvartiralar sotib olib berildi.
Bularning barchasi, albatta, Vatan himoyachilarining xizmatga boʻlgan yondashuvini oʻzgartirishga, masʼuliyat va intizomning mustahkamlanishiga, harbiylar qalbida faxr va gʻurur ortishiga xizmat qilmoqda. Ikkinchi tomondan esa kuchli ijtimoiy himoya — ofitser va askarlar uchun fidoyilik, burchga sadoqat bilan xizmat qilish, oʻzining professional tayyorgarligini oshirib borish uchun zamin yaratmoqda.
— Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni koʻrsatmasiga binoan, 2018 yil 26 noyabr erta tongda Mudofaa vazirligi qoʻshinlari “Trevoga!” signali bilan yuqori jangovar shaylik holatiga keltirildi. Bilamizki, shu vaqtgacha Oʻzbekiston armiyasida bu kabi tekshiruv oʻtkazilmagan. Nima uchun bunday tekshiruv qilindi? Tekshiruv yakunlari boʻyicha mudofaa vaziri sifatidagi fikrlaringizni ham bilishni istardik. — Davlatimiz rahbari 2018 yilning 10 yanvarida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada yuksaltirish, milliy armiyamiz jangovar shayligini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilar ekan, muhim vazifalarni belgilab bergan edi.
Yuqori malakali harbiy kadrlarni tayyorlash, qoʻshinlarni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish, yoshlar va harbiy xizmatchilarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bilan bir qatorda qoʻshinlar istalgan daqiqada oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishga qodir boʻlishiga, jangovar tayyorgarlikning yangi tizimini ishlab chiqishga eʼtibor qaratgan edi.
Oʻtgan qisqa muddat Mudofaa vazirligi qoʻshinlari va boshqaruv organlari uchun mazkur vazifalarni bajarishning sinov davri boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev koʻrsatmasiga binoan, 2018 yil 26 noyabrda qoʻyilgan vazifalar ijrosini baholash, jangovar tayyorgarlikni tekshirish maqsadida “Trevoga!” signali bilan yuqori jangovar shaylikka keltirildi.
Mudofaa vazirligi apparatida, harbiy okruglarda, Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va harbiy havo kuchlari hamda Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlarida besh kun mobaynida qoʻqqisdan tekshiruvlar oʻtkazilib, jangovar shaylikning darajasi, komandirlar va shaxsiy tarkibning harakatlari baholandi.
Mamlakatimizda birinchi marta oʻtkazilgan ushbu tadbir jarayonida Mudofaa vazirligi markaziy apparatining boshqaruvi, qoʻshinlarni yuqori darajadagi jangovar shay holatga keltirish, boʻlinmalarning marsh uyushtirishi, ehtimoliy dushman tahdidini qaytarish harakatlari maxsus tuzilgan idoralararo ishchi komissiya tomonidan nazorat va tahlil qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi rahbarlik qilgan mashgʻulotlar 8 ta dala oʻquv maydonida oʻtkazildi.
Mudofaa vazirligining toʻsatdan tekshiruvi jarayonida mamlakatimizda birinchi marta vazirlar, harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbarlari, tegishli davlat va xoʻjalik idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Tekshiruvning natijalariga koʻra, qoʻshinlarni jangovar holatga keltirish, rejada koʻzda tutilgan oʻquv-jangovar vazifalarni bajarish boʻyicha amaliy harakatlar ijobiy baholanib, Mudofaa vazirligi mamlakat xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlash boʻyicha “Jangovar vazifalarni bajarishga shay”, degan xulosaga kelindi. Bu esa Qurolli Kuchlarning jangovar qobiliyatini oshirish, mudofaa tizimini har tomonlama takomillashtirishning yangi davri boshlanganini koʻrsatdi.
— Qarshi shahrida “Vatanparvarlar bogʻi” bunyod etilyapti. Prezidentimiz oʻtgan yil dekabr oyida Qashqadaryoga tashrifi chogʻida ana shu bogʻda amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Ushbu maskan va uning mohiyati haqida gapirib bersangiz. — Avvalambor, shuni taʼkidlash lozimki, ushbu bogʻ davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yili yanvarda Xonobod aviabazasiga amalga oshirgan tashrifi chogʻida bergan topshiriqlari asosida Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
2018 yilning 14 dekabrida Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga navbatdagi tashrifi davomida Qarshi shahrida qad rostlagan “Vatanparvarlar bogʻi”ni borib koʻrdi.
Mudofaa vazirligi tomonidan ushbu maskanga 24 ta harbiy texnika, qator eksponatlar taqdim etildi. Maxsus tayyorlangan blindajni koʻrgan kishi koʻz oʻngiga Ikkinchi jahon urushi maydonlarida mardonavor jang qilgan vatandoshlarimiz keladi.
Bogʻda oʻrnatilgan Oʻzbekiston xaritasining ulkan maketida har bir viloyatdan chiqqan buyuk siymolar, u yerdagi qadimiy obidalar, serviqor togʻlar, daryolar, bepoyon kengliklar aks ettirilgan.
Ayni paytda qurilish ishlari jadal olib borilayotgan mazkur majmua¬ni barpo etishdan maqsad yoshlarda ¬tariximiz va madaniyatimizdan gʻururlanish tuygʻusini kuchaytirish, Vatan ravnaqi yoʻlida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz nomini abadiylashtirish, armiyamiz qudrati va salohiyatiga ishonchni mustahkamlashdan iboratdir. “Vatanparvarlar bogʻi” respublikamizning boshqa hududlarida ham bunyod etilishi rejalashtirilgan.
Vatan — muqaddas, uni himoya qilish har bir yigit-qizning sharafli burchi ekanligi, bugungi ozod va mustaqil Oʻzbekistonni asrash, ushbu tinch va yorugʻ kunlarimiz uchun ajdodlarimiz qancha qon toʻkkanini yoshlarimizga eslatish, maʼnan va jismonan sogʻlom avlodni tarbiyalashda bu kabi bogʻlarning oʻrni katta boʻladi, deb oʻylayman.
—