Oilada bolani estetik tarbiyalash
Oilada estetik tarbiya inson tarbiyasining asosiy tarkibiy qismlaridan biridir. Barkamol inson tarbiyasini estetik tarbiyasiz olib borib bo‘lmaydi. Estetika so‘zi yunoncha “Estezikos”dan olingan bo‘lib “sezish”, “his qilish” qobiliyati ma’nosini anglatadi. Estetika termini birinchi bo‘lib adabiyotchi nemis olimi A.G.Baumgarten (1714-1962) tomonidan kiritilgan. Uni estetika fanining asoschisi deb bo‘lmaydi, chunki estetika nazariyasi qadim zamonlardan falsafa fani doirasida o‘rganilgan. Bizda esa estetika so‘zning o‘rniga nafosat, go‘zallik, did, chiroy(li) singari iboralar bilan foydalanilgan.
Nafosat go‘zallikni his qilish, idrok qilish hamdir. «Go‘zallik – qadim turkiy so‘z bo‘lib, «go‘z» (ko‘z) va «ol» dan tuzilgandir, ya’ni ko‘zi maftun etuvchi ma’nosini bildiradi. Tilimizda yana shu ma’noga yaqin chiroyli so‘zi ham bor. CHiroyli narsani ko‘z bilan ko‘riladi. Go‘zallik esa ham ko‘z bilan ko‘riladi, ham dil bilan his etiladi, ong bilan idrok qilinadi. Bola o‘z hissiyot va fikrlarini mustaqil ijod etish – rasm solish, ashula aytish, raqs tushishga imkon berish kerak»1.
Prezidentimiz «Toki yurtimiz go‘zal, fayzli, erkin va adolatli yurt bo‘lsin. Toki bizdan elga foydali yodgorliklar qolsin, bog‘-rog‘lar qolsin, qalbni poklaydigan ibratli so‘zlar qolsin. Toki, bizdan olis ajdodlarga ozod va obod Vatan qolsin». Haqiqatdan ham ana shu fikrlarning zamirida yosh avlodni go‘zallik ruhida tarbiyalash maqsadi nazarda tutilgan. Kelajak avlodning bunday Vatanga bo‘lgan estetik tuyg‘usini tarbiyalash eng muhim pedagogik vazifadir.
Prezidentimiz I.A.Karimov «Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo‘li» asarida: «O‘z ishini aql bilan, tushunib bajaradigan kishida mehnatdan faxrlanish, hayotdan zavqlanish tuyg‘usi kuchli bo‘ladi. Ana shunday odamlarni tarbiyalashimiz, mamlakatimizning har bir fuqarosi ana shunday tuyg‘u bilan yashashiga erishishimiz kerak», - deb istiqbolli reja qo‘ygan edi. Ana shu maqsadga erishishning to‘g‘ri yo‘li bolalarni o‘z mehnatlaridan faxrlanish, hayotning barcha jabhalaridan zavqlanish tuyg‘usini tarbiyalashni yoshlik chog‘laridanoq o‘rgatishimiz, odatlantirishimiz darkor bo‘ladi.
Yoshlarni ayniqsa bolalarni estetik, axloqiy tarbiyalashda oshkoralikni pesh qilib bo‘lmag‘ur materiallarni aks ettirish sodir bo‘layotganligi haqida Islom Karimovning bildirgan fikri nihoyatda to‘g‘ri. «San’atda oshkoralikni pesh qilib, televizor, kino ekranlarda, matbuot vositalarida bo‘lmag‘ur lavhalarni aks etirish, be’maniylik va hayosizlikni, ba’zan esa hatto axloqiy buzuqlikni targ‘ib qilishlar ko‘rinib qoladi», -deb bildirgan fikridan yuqorida ta’kidlangan joylarda mehnat qilayotgan malakali mutaxassislar tegishli xulosa chiqarsalar bolalar tarbiyasidagi nuqsonlar bartaraf bo‘lgan bo‘lar edi. Bizningcha, ularning o‘zlari o‘zbek xalq tarixi, madaniyati qolaversa, xalq tarbiyashunosligi masalalarini asosli o‘rgansalar to‘g‘ri bo‘lardi.
Insonning estetik ongini, madaniyatni, didini, muomala, munosabatlarini, xulq-atvorini umuman butun hayotini go‘zallik haqidagi bilimlarsiz, ko‘nikma va odatlarsiz tasavvvur etish qiyin. Albatta bunday go‘zallik sifatlari bevosita oila tarbiyasi ta’sirida ham amalga oshiriladi. Bu vazifani amalga oshirish uchun avvalo oilada mutaxassislar, ota-onalar estetik tarbiyaning mohiyati, mazmunini, shakllarini, metodlarini, maqsad va vazifalarini ilmiy jihatdan bilishlari hamda ularni oila sharoitida qo‘llay olishlari kerak. Buning uchun avvalo bakalavr mutaxassislar, ota-onalar insonni estetik tarbiyalash haqida sharq-g‘arb mutafakkirlari, mashhur pedagoglarning ta’limotlarini va ko‘plab pedagogik manbalarda ilgari surilgan pedagogik g‘oyalardan xabardor bo‘lishi hamda oila shart- sharoitini hisobga olib qo‘llash maqsadga muvofiq.
Mashhur sharq allomasi Abul Qosim Mahmud az-Zamaxshariy “Nozik iboralar” asarida inson go‘zalligi haqida ilgari surgan fikrlari bag‘oyat qimmatli. “Hech kimsaning go‘zal hay’at suvrati (yuz- ko‘ziyu, tashqi qiyofasi) unga izzat-ikromu obro‘-e’tibor olib kelmas, aksincha ko‘p nochor, kamsuqum ko‘rinishli-yu, eski kiyimdagi kimsalar o‘z fazilatlari bilan ulardan (ko‘rkam ko‘rinishlardan) ustun kelur”1 va yana “Go‘zal sifat va husni xulq siyratlari bezanmagan kishini hech qanday chiroyli kiyimlar ko‘rkam qilolmas, gunoh va xatolardan saqlanmagan kimsaning qalbi sira aybdan firog‘ bo‘lmas”1.
Haqiqatan ham insonning go‘zal bo‘lishida uning tashqi ko‘rinishi obro‘-e’tiborini oshirmaydi. Aksincha insonning go‘zal sifatlari, xulq-atvori, muomalasi, ishi, turmush tarzi go‘zallik bilan amalda ta’minlansagina haqiqiy komil bo‘la oladi.
«San’at ilmiy – degan edi «Sharq Aristoteli» deb nom bilan mashhur bo‘lgan buyuk olim Abu Nasr Forobiy,-o‘z muvozanatini yo‘qotgan (odamlar) xulqini tartibga keltiradi, mukammallikka etmagan xulqni mukammal qiladi va muvozanatda bo‘lgan (odamlar) xulqning muvozanatini saqlab turadi. Ilm tananing salomatligi uchun ham foydalidir. Chunki tana kasal bo‘lsa, ruh ham so‘nadi, tana to‘siqqa uchrasa, ruh ham to‘siqqa uchraydi. Shuning uchun ovozlarning ta’siri bilan ruhni sog‘aytirish yordmida tana sog‘aytiriladi»2.
Komil insonni tarbiyalashda ichki va tashqi go‘zallikning bir bo‘lishi amaliy ahamiyat kasb etadi. Bu haqda sharqning buyuk allomasi Abu Rayhon Beruniy «O‘tgan avlodlar obidalari» asarida:
«Insonning ichki va tashqi go‘zalligi bir bo‘lgandagina u ideal kamolotga erishadi: «ozodalik va orastalik oliyjanoblikning o‘zagidir», -deb ta’riflagan. Haqiqatdan ham insonning komilligi uning ichki va tashqi go‘zallikning uyg‘unligi bilan ta’minlanadi. Bu g‘oyani bolalar faoliyatiga yoshligidanoq singdirish ularni komillikka tayyorlashning asosi hisoblanadi.
«Agar inson chiroylini aql va farosat bilan ko‘ra olsa va uni sevsa, bu insoniylikning yuqori darajasidir. Bu insonning buyuk ideali hisoblanadi. Ana shunday odamni mard va dono, estetik didi yuksak deb haqli ravishda aytish mumkin», degan Ibn Sino «Risolai ishq» asarida.
Ibn Sino yoqimli va yoqimsiz ovozlarning inson hayoti uchun qanchalik zarurligiga, insondagi til, nutq masalalariga ham to‘xtaladi: Allohning insonga in’om etgan baxtlaridan yana biri inson nutqidir. Inson o‘zining ana shu nuqtadagi tovush ohanglari orqali o‘z hissiyotlarini izhor etadi» deb ta’kidlaydi. So‘ngra Ibn Sino ovozlar o‘zgarishi orqali uning mazmuni ham o‘zgarishiga e’tibor beradi: Masalan, kishilar yalanganda boshqa ovoz chiqarib gapiradilar, do‘q- po‘pisa qilganda boshqacha, shoshib gapirganda nutq boshqacha ohangda bo‘ladi» deb uqtiradi.
Ibn Sino fikricha, inson qalbi o‘z tabiati bilan bir-biriga monand bo‘lgan tovush va ritmlarni yoqtiradi. Chunki, tovush inson va hayvonlar hayotida eng zarur narsalardan biri, tovush insonning ham, hayvonni ham hayajonlantiradi, biror qo‘rqinchli hodisa ro‘y berganda bir-birini chaqirish borasida katta rol’ o‘ynaydi. Uning fikricha:
«Inson qalbi har bir yangi va ko‘ngildagidek nag‘madan orom oladi. Keyinchalik xudi shu yoqimli nag‘ma g‘oyib bo‘lsa, qalb hayajonga tushadi. Xudi shu oldingi nag‘maga o‘xshash ikkinchi nag‘maning paydo bo‘lishi bilan qalbidagi hayajon yo‘qola boshlaydi».
Insonning go‘zalligi xususida mashhur tatar olimi Faxr-ul Banot Subg‘atulloh qizi “Odam suvrati go‘zalligi bilan emas, xulqi yaxshiligi bilan go‘zal bo‘la olur”1 va yana “Go‘zallarning eng go‘zali sodda, tabiiy go‘zallikdir”1 -deb bildirgan fikri insonning tashqi qiyofasi emas, balki uning xulq-atvori go‘zal bo‘lishligini alohida ta’kidlagan. Ya’ni odamning aft-basharasi, qiyofasi turlicha bo‘lishi mumkin, uning xulqi, xatti-harakatlari go‘zal bo‘lishi kerak.
Charls Darvin san’atning zaruriyati hamda uning kishi ongi va axloqiga ko‘rsatadigan ta’siri haqida juda yaxshi fikrni bildirgan:
«Agar menga qaytadan umr ko‘rish nasib bo‘lganda edi, men har kuni oz-ozdan she’riy asarlar o‘qib berishni va ozroq muzika tinglashni o‘zimga qonun qilib qo‘ygan bo‘lur edim. Bu didlardan mahrum bo‘lish, baxtdan mahrum bo‘lish demakdir, xatto u aqlga va ayniqsa, kishi harakterining axloqiy tomoniga yomon ta’sir ko‘rsatadi, chunki u fe’l-atvorimizning emotsional tomonini bo‘shashtiradi».
Haqiqatdan ham insonning komil inson darajasida shakllanishida badiiy adabiyot, musiqa asosiy ta’sir ko‘rsatuvchi vosita hisoblanadi. Bolalarda she’r va musiqa tanglash ko‘nikmalarini tarkib toptirish eng asosiy vazifa bo‘lmog‘i lozim. Hozirgi paytda milliy musiqaning insonlar ta’siini ko‘proq kichik yoshdagi bolalikdan boshlash katta samara beradi deb o‘ylaymiz.
Mashhur rus yozuvchisi A. P. Chexov insonning har tomonlama go‘zal bo‘lishi haqidagi quyidagi: «Insonda hamma narsa: chehra ham, kiyim ham, qalb ham, tafakkur ham… go‘zal bo‘lishi kerak. Ba’zan men shu qadar yaxshi kiyingan go‘zal chehralarni uchratamanki, hayratdan gangib qolaman, lekin ularning qalbi va tafakkuri-chi, yo rabbi! Ba’zan ana shunday go‘zallik bilan qora ko‘ngil niqoblangan bo‘ladiki, bu ko‘ngilni mutloqo oqartirib bo‘lmaydi», va yana “mehnatsiz go‘zallik yaratilmaydi” -deb bildirgan fikri qimmatlidir. Mazkur pedagogik g‘oyadan hozirgi bolalarni tarbiyalashda foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi deb o‘ylaymiz.
Suxomlinskiy V.A. ta’kidlaganidek, “Bolalar go‘zallik, o‘yin, ertak, musiqa, rasm, xayol, ijodiyot olamida yashashlari kerak”1, va yana “Bolalik va o‘smirlik yillarida inson o‘zida insoniy go‘zalliklarni ko‘rishi, his etishi, anglashi, go‘zallikdan o‘zidagi insoniylikdan zavqlanish tuyg‘usini boshdan kechirishi juda muhim. Go‘zallikdan - insoniylikka - tarbiya qonuniyati ana shunday”1, -deb bildirgan fikrlarini oilada amalga oshirish juda ham foydali.
Haqiqatan ham oilada bolaning go‘zallik bilan bog‘liq bilimlari , ko‘nikmalari aynan bolalik, o‘smirlik va o‘spirinlik davrlarida asosan tarbiyalanadi, shakllanadi. Shuning uchun ham ota-onalar bu davrlarda bolaning estetik tarbiyalanishiga e’tiborli bo‘lishlari darkor. Ba’zan katta yoshdagi insonlar xulq-atvorida estetik ko‘nikmalar ya’ni didida nuqsonlar ko‘zga tashlanadi. Yuqoridagi fikrlar oilada bola estetik tarbiyasini yaxshilashga va takomillashtirishga qaratilgan. Ota- onalar ulardan kerakli xulosa chiqarishlari zarur.
Oilada estetik tarbiyaning maqsadi bakalavrlar, ota-onalarga ayniqsa tarbiyalanayotgan bolaga inson hayoti go‘zallik qoidalarsiz, talablarsiz mukammal bo‘lmasligi haqidagi bilimlarni tushuntirish, anglatishdir
Oilada estetik tarbiyaning vazifasi esa bolada o‘z hayoti uchun kerak bo‘ladigan go‘zallik bilimlariga asoslanib, turmushda qo‘llash bilan bog‘liq ko‘nikma va odatlarni tarkib topdirish orqali komil insonni shakllantirishga zamin yaratishdan iborat.
Bolani go‘zallikni sevish, uni to‘g‘ri idrok qilish, anglashga o‘rgatish shaxsiy va ijtimoiy hayotda qo‘llashga odatlantirish oilada estetik tarbiyaning bosh vazifasidir. Bu mas’uliyat ota-onalarga yuklatiladi. Insonni oilada yetuk qilib tarbiyalash uchun avvalo unga bola hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan go‘zallikni uning ongida, fikrlashida nazariy jihatdan shakllantirish kerak. Inson ijtimoiy hayotda barcha go‘zalliklarni qancha ko‘p tushunsa, anglasa, u shuncha darajada go‘zallikka intiladi va o‘zining hayotini go‘zallik asosida quradi. Bunday inson o‘zida tarkib topdiradigan ko‘nikmalarni, odatlarni go‘zallik qoidalari, qonuniyatlari asosida yuksak estetik didni shakllantiradi. U boshqa estetik jihatdan mukammal bo‘lmagan insonlardan tubdan farq qiladi. Ba’zan estetik jihatdan shakllanmagan insonlar shaxsiy gigiyena ko‘nikmalarini tozalik, poklik, chiroylilik umumiy talablariga amal qilishmaydi. Natijada kiyinish, xulq-atvor, muomala va munosabatlarda go‘zallikka zid bo‘lgan ko‘nikma, odatlarni o‘zlashtiradi. Buning asosiy sababi oilada ota-onalarning o‘z bolalarini estetik jihatdan o‘z vaqtida to‘g‘ri tarbiyalanmaganligida deb izohlash mumkin. Oqibatda ba’zi oilalarda bola hayotida go‘zallik tarbiyasida ko‘zga tashlanarli nuqsonlar paydo bo‘ladi. Bu esa insonni estetik didsiz, farosatsiz bo‘lishga olib keladi. Shuning uchun hozir oilada bolalarning estetik tarbiyasini to‘g‘ri tashkil qilish va takomillashtirish hayotning eng asosiy pedagogik talablaridan va vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Ayniqsa kiyinish, musiqa tinglash, muomala qilish, mehnat, turmush tarzi va milliy xulq-atvor ko‘nikma, odatlarini tarbiyalashga erishish oilada bola estetik tarbiyaning asosiy yo‘nalishlarini tashkil etadi. Bakalavr mutaxassislar, ota-onalarning o‘zlari tabiiy go‘zallik bilan sohta go‘zallikning farqiga borishi hamda ularga o‘z munosabatlarini bildira olishlari lozim. Shuningdek, ularning bolalar tarbiyasida estetik namunasi, tajribasi va mahorati yuqori bo‘lmog‘i darkor.
Oilada bolaga kiyinish estetikasini targ‘ibot qilish va uni amalga oshirish ota-onalar oldidagi eng asosiy vazifa sanaladi. Albatta buning uchun ota-onalarning pedagogik madaniyatini va talabchanligini ta’minlash juda muhim.
Ovro‘pacha kiyinishning ommalashib ketishi hozirgi vaqtda oddiy hol bo‘lib qolmoqda. Masalan, ba’zi qizlarning behayolarcha badanini ko‘z-ko‘z qiladigan tanasiga yopishgan yubka, kofta, shim kiyinishlari, yigitlarning ko‘ylaklarini shimdan chiqarib, tugmalarini yechib yurishlari, millatga xos bo‘lmagan kiyinish kabi xulq- atvoridagi milliy estetikaga mos bo‘lmagan ko‘nikma, odatlarning tarkib topishi go‘zallik qoidalarini bilmaslikning oqibatidir. Muhimi oilada ota-onalar o‘z farzandlarining milliy go‘zal kiyinishlariga erishishlari juda muhim. Aks holda uni betaraf qilish ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi. Kiyinishda har bir o‘g‘il, qizlar jinsiga, yoshiga, fasllarga mos kiyimlar kiyishi go‘zallik tarbiyasida amaliy ahamiyatga ega. Buning uchun ota-onalar o‘z bolalarida haqiqiy go‘zallik bilan sohta go‘zallikning farqiga borishga bolaligidanoq o‘rgatishi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Masalan, bolaning ohangni tinglash, uni qalbdan his qilish, o‘tkazish yoki ashulaning ma’nosini tushunish va anglashi bilan bog‘liq ko‘nikmalarni tarkib topdirish musiqa va ashulaga bo‘lgan ongli munosabatini tarbiyalaydi hamda unda milliy go‘zallik madaniyatini shakllantirishga zamin yaratadi. Ammo ba’zi ota-onalarning bu borada loqaydligini hyech narsa bilan oqlash mumkin emas.
Ota-onalar bolalarni go‘zallik asosida tarbiyalashda turli manbalaridan: musiqa, adabiyot, kino, teatr, video lavhalar, oynai jahon, radio, muzey, tarixiy yodgorlik, haykaltaroshlik, zardo‘zlik, gilamdo‘zlik kabi estetik vositalardan maqsadli foydalanishi uning samaradorligini ta’minlaydi. Oilada bolalarda dastlabki estetik tasavvurlarini tarkib topdirishda bolalarning ota-onalar hamda o‘qituvchilar bilan tarixiy madaniy yodgorliklarga, san’at ko‘rgazmalariga, yozuvchilarning uylariga, muzeylarga, tabiat bag‘riga va kino-teatrlarga birgalikda bori va sayohat qilishlari bevosita kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, ota-onalar bilan qavmu- qarindoshlarga mehmonga borishi, bolalar bilan oynai jahon ko‘rsatuvlarini birga tomosha qilishi ularning fikr-mulohazalari, ma’lumotlari va xulosalarining to‘g‘ri shakllanishiga yordam beradi.
Ota-onalar oilada bolani estetik tarbiyalash metodikasini bilishlari kerak. Buning uchun avvalo oilada estetik tarbiyalashning shakllari, metodlari va vositalarini bilishlari kerak. Bizningcha ota- onalar oilada asosan bolaning estetik tarbiyasi yuzasidan quyidagi tuzilish va yo‘nalishda tarbiyaviy faoliyatlarini tashkil qilishi maqsadga muvofiq. Bular: estetik his-tuyg‘u, estetik idrok, estetik tasavvur, estetik tushuncha, bilim, ma’lumot, ko‘nikma, malaka, odat, ong, fikr, madaniyat va hokazolarni bosqichma-bosqich amalga oshirsalar bola estetik tarbiyasi to‘g‘ri shakllanadi. Albatta estetik tarbiyaning mazkur tuzilishi bola rivojlanishining turli davrlarida o‘ziga xos tarzda kechadi.
Shunday qilib, oilada bolalarni estetik tarbiyalash barkamol inson tarbiyasining tarkibi va poydevori bo‘lmog‘i lozim. Hamda O‘zbekistonni ma’naviy, madaniy va ijtimoiy rivojlantirishning zaruriy sharti bo‘lmog‘i kerak.
http://fayllar.org
Dostları ilə paylaş: |