Geometrik modellar o’rganilayotgan ob’yektning geometrik xususiyatlari, ya’ni nisbiy o’lchamlari, shakli va geometrik elementlari to’g’risida ma’lumot beradi. Masalan, ichki yonuv dvigateli silindri va porshenining geometrik modeli uning geometrik tuzilishi, nisbiy o’lchamlari to’g’risida ma’lumot beradi.
Fizik modellar o’rganilayotgan ob’yektning fizik xususiyatlarini namoyon qiladi. Masalan, ishqalanish, bosim, harorat, magnit maydoni, aylanma harakat va boshqa xususiyatlarni ko’rsatish uchun fizik modellardan foydalanamiz. Yuqoridagi misolni davom ettirsak, ichki yonuv dvigateli silindri va porshenining fizik modeli silindr yonuv kamerasida temperatura oshishi natijasida bosim paydo bo’lishi va porshenni harakat qilishga majbur etishini tushuntirishimiz mumkin.
Funksional modellar murakkabligi bilan ajralib turadi. Ular o’rganilayotgan ob’yektning bajaradigan funksiyasini ko’rsatish uchun mo’ljallangan bo’lib, yurgizish, ko’tarish, kesish kabi bajariladigan operatsiyalarni ko’rsatadi. Yuqorida keltirilgan misolni rivojlantirsak, ichki yonuv dvigatelidagi porshenning ilgarilanma – qaytma harakati tirsakli valga aylanma harakatni berishini va dvigatelning bajarayotgan funksiyasini ko’rsata olamiz.
Maketlarmodellarga nisbatan murakkabroq hisoblanib, bir nechta ob’yektlarni o’z ichiga olishlari mumkin. Shu jihatdan maket tarkibida bir necha modellar bo’lishi ham mumkin. Ular texnologik mashina va jihozlarning maketlari, bino va inshootlarning maketlari hamda texnologik jarayonning maketlari bo’lishi mumkin.
Texnologik mashina va jihozlarning maketlari yordamida ularning tuzilishi, ishlash prinsipi va bajaradigan texnologik jarayonlarni ko’rsatishimiz mumkin. Masalan, parmalash dastgohining maketini oladigan bo’lsak, unda dastgohning asosiy elementlari: zagotovkani mahkamlash stoli, dastgoh korpusi, parma, elektrodvigateli va reykadan tashkil topgan bo’lishi mumkin.
Bino va inshootlarning maketlari esa turli korxonalardagi binolar va inshootlarning tuzilishi, joylashishi va bajaradigan vazifasini ko’rsatish uchun mo’ljallangan. Masalan, turar joy binosining maketi, elevatorning maketi. Bunday maketlarda binoning elementlari, inshootning tuzilishi, qanday texnologik mashina va jihozlardan iboratligi, ular o’zaro qanday texnologik operatsiyalarni bajarishini ko’rsatishimiz mumkin.
Texnologik jarayonlarning maketlari esa eng murakkab maketlar bo’lib, ular to’liq korxona to’g’risida ma’lumot beruvchi bir majmuiy maketdir. Uning tarkibida turli modellar, texnologik mashina va jihozlarning, hamda bino va inshootlarning maketlari ham bo’lishi mumkin. Bunday maketlar yordamida korxonaga xom-ashyo keltirilishidan mahsulot ishlab chiqarilgungacha bajariladigan texnologik jarayonlar yoki boradigan jarayonlar immitatsiya qilinishi mumkin. Natijada talabalarda bu jarayonni o’rganishga qiziqish ortib, uni tasavvur qilish va tushunish osonlashadi. Masalan, konserva zavodining maketini oladigan bo’lsak, bu maketda korxonaning ishlab chiqarish binolari va inshootlari ketma–ket texnologik jarayon asosida joylashtirib chiqilgan bo’ladi. Bunday maketlarni hatto harakatlanuvchan qilib ham tayyorlash mumkin. Umuman olganda bu maketlar talabalarga kasb mahoratini rivojlantirishlariga, mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonida texnologik operatsiyalarni ketma-ketligini boshqarishni o’rganishga katta yordam beradi.